O‘layotgan odamning ko‘ziga nima ko‘rinadi? Dunyo Yangiliklar

Bemor erkak

Сурат манбаси, Christopher Kerr

Сурат тагсўзи, Kristofer Kerrning so'zlariga ko'ra (tasvirda karavotga egilgan holda), o'layotgan bemorlar uchun tushlar va tasavvurlar haqiqiy ko'rinadi.
    • Author, Alessandra Korrea
    • Role, BBC News, Braziliya
  • Ўқилиш вақти: 6 дақ

1999 yil aprel oyida amerikalik shifokor Kristofer Kerr karyerasini o'zgartirib yuborgan hodisaga guvoh bo'ldi.

Nima bo'ldi?

A female patient in a hospital bed

Сурат манбаси, Getty Images

Bemorlaridan biri, Meri kasalxonadagi yotog'ida o'limini kutib yotibdi, atrofida ulg'aygan to'rt nafar bolasi o'tirishibdi. U birdan o'zini g'alati tuta boshladi.

70 yoshli bu ayol o'tirib oldi va go'yo o'zi bolani ovutib tebratayotgandek qo'llarini harakatga keltirdi, uni Denni deb chaqirar, quchib o'pgandek bo'lardi.

Atrofda turgan bolalari buni tushuna olishmadi, chunki ular Denni ismli hech kimni tanimasdilar.

Biroq, ertasi kuni Merining singlisi kasalxonaga kelganda, Meri boshqa bolalaridan oldin bir o'g'li o'lik tug'ilganini, uni Denni deb ataganini aytdi.

Bu yo'qotish azobi shunchalik kuchli bo'lganki, Meri yo'qotgan bolasi haqida boshqa gapirmadi.

Sochlari to'kilgan ona kasalxonada yotgan qizini quchoqlamoqda (aktyorlar surati)

Сурат манбаси, Plan Shoot / Imazins / Getty Images

Сурат тагсўзи, "Bemor uchun yaxshi bo'lgan narsa uning yaqinlari uchun ham yaxshi", deydi Kerr

Dastlab tibbiyot shifokori sifatida ta'lim olgan Kerr kardiologiyaga ixtisoslashgan va neyrobiologiya bo'yicha PhDsi ham bor edi. Bu voqea unga shunchalik g'alati tuyuldiki, u o'z sohasini o'zgartirishga va o'layotgan odamlar boshdan kechiradigan tajribani o'rganishga o'zini bag'ishladi.

"Bemor uchun yaxshi bo'lgan narsa ularning yaqinlari uchun ham yaxshi", deydi Kerr.

"Xotirjamlik hissi"

Meri bilan bo'lgan o'sha voqeadan 25 yil o'tib, Kerr o'lim bo'sag'asida turgan odamlarning tush va tasavvurlarini o'rganish bo'yicha dunyodagi yetakchi mutaxassislardan biriga aylandi.

Uning aytishicha, bu o'limoldi tajribalari odatda o'limdan bir necha hafta oldin boshlanadi va o'lim yaqinlashganda kuchayadi.

Iqtibos

Kerr o'limi yaqinlashgan odamlar hayotidagi muhim lahzalarni eslaganiga, yillar avval vafot etgan onalari, otalari, bolalari va hatto uy hayvonlarini ko'rib, ular bilan suhbatlashganiga guvoh bo'lganman deydi.

Bemorlar uchun bu tajribalar haqiqiy, kuchli bo'ladi va odatda xotirjamlik beradi.

"Bu [munosabatlar] ko'pincha juda mazmunli va tasalli beruvchi tarzda qaytariladi, bu esa yashab o'tilgan hayotdan qoniqish beradi va o'z navbatida o'lim qo'rquvini kamaytiradi", deydi Kerr "BBC News Brasil"ga.

Kerrning ta'kidlashicha, bu bemorlar dovdiragan ahvolda bo'lmaydi va ularning jismoniy salomatligi yomonlashsa ham, hissiy va ruhiy jihatdan tetik bo'lishadi.

Biroq, ko'plab shifokorlar o'limoldi hodisalarni gallyutsinatsiyalar yoki aljirashlar sifatida rad etishadi va bir xulosaga kelishdan oldin ko'proq ilmiy izlanishlar zarurligini aytishadi.

Kristofer Kerr kulib turibdi

Сурат манбаси, Christopher Kerr

Сурат тагсўзи, Kristofer Kerr o'limga yaqin odamlarning tajribalari haqida hisobotlar tayyorladi

Natijada, Kerr 2010 yilda AQSHda o'limga yaqin bemorlar o'rtasida ko'rgan narsalari haqida rasmiy so'rov o'tkaza boshladi.

So'rovdan oldin barcha bemorlarning hushi joyidaligi tekshirildi.

Ushbu tadqiqotdan oldin, ana shunday tajribalar haqidagi ma'lumotlarning aksariyati uchinchi shaxslardan olingan bo'lar, bemor nimani ko'rayotganini boshqalar taxmin qilardi.

Natijalar bir nechta ilmiy jurnallarda, jumladan, Shvetsiya Milliy Tibbiyot kutubxonasida chop etildi.

Kerr hozircha o'limoldi tajribani tushuntirish uchun aniq javob topa olganicha yo'q. Ularning sababni ochish uning tadqiqotining asosiy yo'nalishi emasligini aytadi.

"Sabab va jarayonni tushuntira olmaganim bemorda kuzatiladigan tajribani inkor etish uchun asos bermaydi", deydi u.

Kerr hozir, Buffalodagi (Nyu-York) og'ir kasallarga qarovchi tashkilot ijrochi direktoridir.

Hamshira kasalxona yotog'ida bemorning qo'lini ushlab turibdi

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Kerrning aytishicha, munosabatlar haqidagi fikrlar juda mazmunli va tasalli beruvchi tarzda qaytib keladi

Uning "O'lim - tushdir: hayot nihoyasida umid va ma'no topish" kitobi 2020 yilda nashr etilgan va 10 ta tilga tarjima qilingan.

Kerrning aytishicha, munosabatlar haqidagi o'ylar juda mazmunli va tasalli beradigan shaklda qaytib keladi.

U "BBC News Brasil"ga o'limoldi tajribalarning ma'nosi va bu boradagi tadqiqoti haqida gapirdi.

Yillar o'tib, bu tajribalar haqida nimani bilib oldingiz?

"Menimcha, o'lim biz ko'rib turgan jismoniy yo'q bo'lib ketishdan kengroq hodisadir. O'lim sizning ko'rish, idrok etish va hayotingizni ochadigan boshqa unsurlardagi o'zgarishlarni ham qamrab oladi.

O'lim sizni fikrlashga majbur qiladi. Odamlar eng muhim narsalarga, eng katta yutuqlariga, ya'ni munosabatlariga e'tibor qaratishadi.

Qizig'i shundaki, o'tmishdagi munosabatlar ko'pincha juda mazmunli va tasalli beruvchi tarzda yodga keladi, bu esa o'tgan hayotdan rozilikni paydo qiladi va o'z navbatida o'lim qo'rquvini kamaytiradi.

O'limi yaqinlashganda odamlarda psixologik yoki psixogen stress kuchayadi deb o'ylaymiz. Ammo biz buni ko'pincha kuzatmaymiz.

Aksincha, muhabbat va ma'no chulg'agan odamlarni ko'ramiz."

Tadqiqotingizga ko'ra, o'limoldi tajribalari qanchalik tez-tez uchraydi?

"Bizning tadqiqotlarimizda, taxminan 88% odam ushbu tajribalardan kamida bittasini boshdan kechirganini tasdiqladi.

Bizning ko'rsatkichimiz odatda aytiladigandan, ehtimol 20% balandroq edi. Buning sababi tadqiqotimizda odamlar bilan har kuni suhbatlashdik.

O'lish - jarayondir. Shuning uchun, dushanba kuni so'rasangiz, juma kuni eshitganingizdan boshqacha javob eshitishingiz mumkin.

Bemorlar o'limga yaqinlashganda, bu tajribalar ko'payib borishini ko'ramiz."

Odamlar bizni tark etishlari birlashish lahzasi bo'lishi mumkin.

Shifokorlar kasalxonada yotgan bemor bilan

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Odamlar bizni tark etishi birlashish lahzasi bo'lishi mumkin.

Sayohat

Asosiy mavzular qanday?

"Bemorlarning uchdan bir qismi sayohat kabi narsalar haqida gapirishadi. Ko'pincha ular sevgan va yo'qotgan odamlarini eslashadi.

O'limga yaqinlashganda, o'lib ketgan odamlarni ko'ra boshlaydi. Bu eng tasalli beruvchi tajriba bo'lishini aytishadi.

"Ularning ko'z oldiga kimlar kelishi ham qiziq edi. Ularni sevgan va qo'llab-quvvatlagan va ular uchun eng muhim bo'lgan odamlar gavdalanadi. Bu ota-onadan biri yoki tug'ishganlari bo'lishi mumkin."

Taxminan 12% odam neytral yoki noqulay tush ko'rganini aytgan. Noqulay bo'lganlari eng o'zgaruvchani yoki mazmunlisi edi.

Shunday qilib, hayotingizda qanday jarohatlar bo'lgan bo'lsa, bu tajribalar o'shalarga qaratiladi.

"Shunday holatlar borki, kimdir urushda qatnashgan va omon qolgani uchun o'lganlar oldida o'zini aybdordek his qiladi.

Ammo o'lim oldida o'sha quroldoshlarini ko'radi va xotirjamlashadi".

Keng tarqalgan xatolardan biri bu odamlarda illyuziya bo'lyapti degan qarashdir degan edingiz. Bu o'limoldi tajribalar nimasi bilan farq qiladi?

"Alahlash yoki dovdirash juda keng tarqalgan, ayniqsa hayot nihoyasida, lekin u juda boshqacha.

Odamlar o'z alahlashidan taskin topmaydi. Bunday holatda qo'rquv uyg'onadi va ko'pincha dori-darmonlar ularga yordam beriladi...

O'layotgan odamlar tajribalari haqiqiy odamlar va voqealarga asoslanadi. Ular aniq esga keladi, odamga tasalli beruvchi ta'sir qiladi.

Kasalxona to'shagida yotgan keksa kishi

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Respondentlarning qariyb 12 foizi mo'tadil yoki xavotirli tasavvurga ega ekanligini aytdi.

Tushlar

Ba'zida bemorlar tush ko'radi, ba'zan esa uyg'oq bo'ladi. Ushbu ikki turdagi tajriba o'rtasida farq bormi?

"Biz so'rovnomada odamlardan uxlayapsizmi yoki uyg'oqmisiz, deb so'radik, bu 50/50 edi.

O'lim progressiv uyqu bilan keladi, kun va tun chegarasi yo'qoladi, soatlar chalkashib ketadi."

Ba'zida o'lishi muqarrar kasalga chalingan bolalar bilan ishlaysiz. Bolalar va kattalar o'rtasidagi o'limoldi tajribasida qanday farqlar bor?

Kasalxona to'shagida uxlayotgan odam

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Ba'zi o'layotgan odamlar ma'nisiz yoki noxush tush ko'radi, deydi Kerr

"Bolalarda bu boshqacharoq bo'ladi, chunki ularda filtr yo'q.

Ular xayoliy va haqiqiy o'rtasidagi chegarani belgilamaydi.

Ularda o'lim haqidagi tushuncha ham yo'q. Shunday qilib, ular hozirda yashaydi.

Ko'pincha ular bu tajribani juda ijodiy va rang-barang tarzda boshdan kechirishini ko'rasiz, ular shunchaki intuitiv ravishda uning ma'nosini tushunganga o'xshaydi.

Ko'pincha, agar ular biror o'lgan odamni tanimasalar, o'lgan hayvonlar haqida bilishlari mumkin va ularni xuddi shunday ravshan "ko'rishadi".

Kerrning ta'kidlashicha, bemorlar o'limga yaqinlashganda, o'lganlarni ko'rishlari kuchayadi.

Bir-birining qo'lini ushlab turgan ikki odam

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Kerrning ta'kidlashicha, bemorlar o'limga yaqinlashganda, o'lganlarni ko'rishlari kuchayadi.

Oilalar

O'limoldi tajriba bemorlarning oilalari va yaqinlariga qanday ta'sir qiladi?

"Biz bu haqda 750 ta intervyu bilan ikkita maqola chop etdik, hayratlanarli. Xulosa shuki, bemor uchun yaxshi bo'lgan narsa uning yaqinlari uchun ham yaxshi.

Biz qayg'u jarayonlarini o'rganib, juda qiziqarli tadqiqot o'tkazdik. Bunday voqealarga guvoh bo'lgan odamlarning qayg'usi ham sog'lomroq bo'ladi, chunki bu ularning vafot etgan yaqini haqidagi tasavvur va xotiralarini shakllantiradi."

Siz neyrobiologiyada PhDsiz, lekin siz o'limoldi tajribalarining sabablarini aniq ayta olmaysiz va bu mexanizmni tushunish maqsad ham emasligini aytyapsiz.

Shifokor sifatida bunga bo'lgan nuqtayi nazaringiz qanday o'zgardi?

"Oh, juda tanobimni tortib qo'yadigan tarzda.

Men guvoh bo'lgan va ko'rganlarim juda ta'sirli holatlar edi.

Bu bemor uchun nimani anglatishi shunchalik aniq ediki, men o'zimni ularning olamiga deyarli bosqinchi kabi his qildim."

Qon bosimi va yurak urish tezligini o'lchayotgan mashina

Сурат манбаси, Getty Images

Сурат тагсўзи, Kerrning so'zlariga ko'ra, biz o'limning jismoniy tomoniga e'tibor qaratamiz, shuning uchun biz uning hissiy jihatini e'tiborsiz qoldiramiz

Bu mavzudagi eng qizg'in munozaralar tibbiyotda emas, gumanitar fanlarda bo'lishini ta'kidlagansiz. Nega tibbiyot bu mavzuga ko'proq ahamiyat bermaydi? Keyingi yillarda bu o'zgardimi?

"Yo'q, menimcha, ahvol yomonlashmoqda.

Menimcha, gumanitar fanlar bizning mavjudligimiz va hayotning mazmunini so'roq ostiga qo'yadi. Gumanitar fanlarda ochiqlik bor".

Siz boshqa shifokorlar dalillarni ko'rishni istagani uchun tadqiqotni boshlaganingizni aytgansiz. Lekin sizning ijodingizga tibbiyotdan ko'ra ommaviy axborot vositalari ko'proq e'tibor qaratdi. Ushbu kontrastni qanday ko'rasiz?

"Men uchun yosh shifokorlarni bemorlar boshdan kechirayotgan hislarni qadrlashga ishontirish qiyin edi. Shunday qilib, biz dalillar to'plashga va ularni ular qadrlaydigan tilda ifodalashga harakat qildik.

Men tayoqning noto'g'ri uchini ushlab turganimni tushunmadim.

Chunki u asosiy ommaviy axborot vositalarida paydo bo'lgach, birdan butun dunyoga tarqaldi.

Demak, kasallarga g'amxo'rlik qiladigan odamlar bunga unchalik qiziqmadi, ammo parvarishlashda qatnashadigan yoki faqat o'z o'limi haqida qiziqadigan odamlar bunga e'tibor berdi. Ha, bu kontrast qiziq."

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002