O‘zbekiston: Mustaqillik O‘zbeklar uchun nimani anglatadi? Ўзбекистон Янгиликлар

Сурат манбаси, Rasmiy
- Author, Yulduz Abdurashidova
- Role, Samarqand viloyati
- Ўқилиш вақти: 2 дақ
"Mustaqillik - bu birinchi navbatda oʻz qadrini bilish, hokimiyat legitimligining birdan-bir yuridik, maʼnaviy va moddiy manbai sifatida oʻz taqdirini oʻzi belgilash, ichki va tashqi masalalarda obyekt emas, subyekt boʻlish, yolgʻonga yoʻq deyish" - deydi taʼlim boʻyicha ekspert Komil Jalilov.
O'zbekiston bu yil mustaqilligining 33-yilligini nishonladi. Asosiy rasmiy tadbir poytaxtdagi "Yangi O'zbekiston" bog'ida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o'tkazildi. Viloyat va hududlarda ham san'atkorlar konsert dasturlarini tashkillashtirishdi.
Lotin alifbosida o'qing:

Сурат манбаси, official/courtesy/bbc
Aholining aksariyat qismi Mustaqillik bayramini odatiy kundek o'tkazadi.
Boshqa bayramlardan farqli ravishda bu kunda bayram dasturxoni tuzalmaydi, qarindoshlar bir-birini bayram sabab yo'qlashi ham juda kam kuzatiladi.
Ayrimlar esa konsert dasturlarida ishtirok etishadi, kechasi bo'ladigan mushakbozlik bayramni yanada ko'tarinki ruhda o'tkazishga yordam beradi.
O'zbekistonda odamlar bayramni qanday o'tkazishdi?

"1-sentyabr dadamning tug'ilgan kunlari, esimni taniganimdan beri bu kun men uchun mustaqillik bilan assotsiatsiya qilmagan hech qachon" - deydi jurnalist Dilbar Elamanova.
Boshqa suhbatdoshimiz Madina Mamasaidovadaning fikricha, mustaqillik bayrami shaxsiy hayotda alohida o'rin tutishi lozim, chunki bu kun Vatan tarixidagi eng muhim voqealardan biridir.
"Bayram shaxsiy va milliy g'urur tuyg'usini uyg'otadi, vatanga sodiqlikni eslatadi va jamiyat bilan birdamlik hissini kuchaytiradi" - fikr bildirdi u.
Madinaga koʻra, Mustaqillik bayrami oila va do'stlar bilan birgalikda nishonlanishi darkor. Shuning uchun u bu kunni Vatan uchun shukronalik qilish va o'tmishni eslash orqali nishonlashini aytdi.
"Ertalabdan oilam bilan uchrashib, mustaqillikning ahamiyati haqida suhbatlashdim. Bu suhbatlar orqali tariximizni eslab, kelajak uchun rejalarga to'xtalaman, har doim tantanalar va konsertlarni tomosha qilamiz" - soʻz yuritdi Madina.
Oddiy qishloq ayollaridan biri Sanobar Yaxshiboyeva ham 1-sentyabrni u qadar yirik bayram sifatida nishonlamasligini aytdi. U televizor orqali mukofotlar bilan taqdirlanganlarni, shou-ko'rsatuvlarni ko'rishini bildirdi.

"Tongim oddiy boshlandi, sigir sog'dim, choy ichdim, bozorga borib keldim, uzum bog'imizga borib mayizni quriganlarini qopladim. Shu menimcha mustaqillik sharofati bo'lsa kerak", deydi suhbatdoshim.
Madina Otaboyeva ismli suhbatdoshim esa quyidagicha javob berdi:
"Mustaqillik bayrami hayotimda juda muhim o'rin tutmaydi. Oilaviy nishonlamaymiz! Lekin mustaqillik bebaho ne'mat!", deydi u.
"Besh yildan buyon poytaxtdaman, ota-onamdan yiroqda. Karyera ortidan yolgʻiz yoʻlga chiqqandim, oʻshanda. Hadiksiz, hech qanday qoʻrquvlarsiz katta yurak bilan. Ana mustaqillikning menga bergan neʼmati", deydi E'zoza Xo'jayorova.
Ko'pchilik suhbatdoshlarimiz, farzandlarini maktabga tayyorlash bilan band ekani, ayrimlari esa yaqinining tug'ilgan kuni munosabati bilan qo'shaloq bayram qilishganini bildirdi.
Mustaqillikning ta'rifi har inson uchun turli xil. Xususan, jurnalist va bloger Abror Zohidov unga quyidagicha ta'rif berdi:
"Mustaqillik - bu bizga Alloh bergan neʼmat! Oʻzbek va bu yurtda yashovchi barcha millatlarga dunyoning qaysi nuqtasidan boʻlsa ham qaytadigan erkin Vatan".
https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002














