Oʻzbekistondagi eng yirik muzlik tezlikda eriyotgani aniqlandi – qolganlarida vaziyat qanday?

Сурат манбаси, Nigmi.uz
Oʻrganish ishlari boshlanganidan oʻtgan bir yil ichida mamlakatdagi eng katta muzlik 20 metrga qisqargani aniqlangan.
Avgust oyi boshida Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan Paxtakor muzligiga navbatdagi ekspeditsiya uyushtirilgan.
Germaniya bilan hamkorlikda tashkil etilgan iqlim loyihalari doirasida oʻtkazilgan ikkinchi ekspeditsiya natijasida respublikadagi eng yirik muzlik tili 20 metrga chekingani, ablatsiya qismi yuzasi 3 metrga erigani aniqlangan.
Bu haqda Oʻzbekiston Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti xabar bergan.
Muhim muzlik
Oʻzbekistonning sharqiy qismi - Qirgʻiziston va Qozogʻiston chegaralariga yaqin yetib borish oʻta mushkul hududda joylashgan Paxtakor muzligini oʻrganish ishlari ilk bor oʻtgan yil iyulida yoʻlga qoʻyilgan.
Germaniyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan birinchi ekspeditsiyada muzlik massasini aniqlash ishlari oʻtkazilgan va erish surʼatini kuzatib borish maqsadida ablatsiya zonasi [muzlikning muz tezroq erib ketadigan - boshlangʻich qismi]da oʻlchov qoziqlari qoldirilgan.

Сурат манбаси, CAWA-Project
Oradan bir yil oʻtib, muzlik tezlikda erib borayotgani aniqlangan.
Paxtakor Toshkent viloyatidagi Pskom daryosini toʻyintiruvchi eng yirik muzliklardan biri hisoblanadi.
Sobiq Ittifoq davrida ham ushbu muzlik massasini aniqlash ishlari olib borilgan, ammo keyinroq tadqiqot ishlari nomaʼlum sabablarga koʻra toʻxtatilgan.
Paxtakor muzligiga oid ilmiy raqamlar soʻnggi bor 1968-yilda eʼlon qilingan.
Bu maʼlumotda oʻsha vaqtda muzlikning uzunligi 3,6 kilometrni, maydoni 2,8 kvadrat kilometrni tashkil etgani aytiladi - hozirgi oʻlchovlar boʻyicha aniq maʼlumotlar mavjud emas.
Germaniya tomonidan tashkil etilgan Yashil Markaziy Osiyo tashabbusi loyihasi maʼlumotlariga koʻra, Pskom daryosi havzasida 140 ga yaqin katta-kichik muzlik boʻlib, ularning umumiy maydoni 128 kvadrat kilometrdan ziyodroqni tashkil etadi.
Boshqa muzliklarda vaziyat qanday?
Sovet Ittifoqi qulaganidan soʻng Qozogʻistondan boshqa Markaziy Osiyo davlatlarida abadiy muzliklarni oʻrganish ishlari deyarli oʻtkazilmagan.
Oʻzbekistonda muzliklar u qadar koʻp boʻlmasada, ular ekotizimda muhim rol oʻynaydi - suv kam yillarda muzliklar umumiy oqimning 25 foizgacha qismini berishi aytiladi.
May oyida bergan intervyusida Oʻzbekiston Geologiya va geofizika institutidagi Glyatsial geologiya markazi rahbari Maksim Petrov mamlakatdagi muzliklar turlicha surʼatda erib borayotgani haqida gapirgan.
"Erish darajasi qariyb Markaziy Osiyodagi oʻrtacha surʼatga mos. Ammo sharqiy qismdagi togʻlarimizda erish surʼati yuqori emas va muzliklar faqatgina 20 foizga qadar erigan. Surxondaryodagi muzliklar esa 40 foizga erib ketgan. Eng falokatli vaziyat Qashqadaryoda - 70 foizgacha", degan Petrov may oyida Cabar.Asia oʻtkazgan davra suhbatida.
Shuningdek, mutaxassis Oʻzbekistonda muzliklar bilan gʻalati holat kuzatilayotgani - ularning soni ortayotgani haqida gapirgan.
"Katta muzliklar maydalanib, boʻlaklarga ajralmoqda. Goʻyo, muzliklar soni ortayotgandek tuyilmoqda, ammo ularning maydoni kichrayib bormoqda".
Shunga qaramay, turli olimlar muzliklar maydoni qisqarib borishi Markaziy Osiyodagi suv muvozanatiga hali jiddiy taʼsir qilmayotgani, kuzatilayotgan suv taqchilligi, asosan, aholi va sanoat oʻsishi natijasida yuzaga kelayotganini taʼkidlaydi.
Ammo 2015-yilda nemis tadqiqotchilari mintaqadagi suv siklini tutib turishda muhim rol oʻynovchi Tyan-Shan togʻlaridagi muzliklar shiddat bilan erib borayotgani, 2050-yilga borib, umumiy muz massasining yarmi erib bitishidan ogohlantirgan edi.
"Bugun Tyan-Shan butun Germaniyaning yillik suv isteʼmoliga roppa-rosa ikki barobar keladigan miqdordagi muzlarini yoʻqotib bormoqda", deyiladi 2015-yildagi ushbu tadqiqotda.
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002














