Britaniyada o'qish: Janona Seynt-Endryus Universitetida neyrofanlarni o'rganadi O'zbekiston Ta'lim Dunyo Yangiliklar

Сурат манбаси, Janona Adxamova shaxsiy arxividan
- Author, Komron Ergashev
- Role, Buyuk Britaniya
O'zbekiston hukumati oliy ta'limni dunyoning ilg'or universitetlari tartiblariga moslayapti, tobora ko'p sondagi O'zbek yoshlari jahonning eng oldi oliy o'quv muassasalari imtihonlaridan muvaffaqiyatli o'tib, nufuzli universitetlarda ta'lim olish imkoniyatini qo'lga kiritayaptilar.
Britaniya universitetlarida o'qish imkoniyatlarini izlayotganlar ham bor, shuning uchun ham biz Britaniya universitetlari va talabalari haqida maqolalar tayyorlashga qaror qildik.
- Britaniyada o'qish: Samarqandni va O'zbek futbol jamoasini 2026 yilgi Jahon chempionatida ko'rishni istaydigan Kembrij universiteti talabasi
- Britaniyada o'qish, Oksford universiteti talabasi: Xorazmiyning fanga hissasini hech kim hatlab o'tolmaydi
- Британияда ўқиш: Эронга ишқи тушган, Ўзбекистон орзусидаги Мики
- Олий таълим: Ўзбекистоннинг нега дунёда ўрни йўқ?
- Ўзбек қиз Гарвардга қандай кирди?
Seynt-Endryus Universiteti talabasi Janona Adxamova bilan suhbat

Сурат манбаси, BBC Uzbek
Savol: Siz qayerliksiz?
Janona Adxamova: Men O'zbekiston poytaxti Toshkentda tug'ilib ulg'ayganman. Millatim O'zbek.
Savol: Universitetda nima o'rganyapsiz va nega?

Сурат манбаси, Janona Adxamova shaxsiy arxividan
Janona Adxamova: Bu yil Seynt-Endryus universitetida "international year zero", o'zbek tilida "xalqaro nol kursi" psixologiya programmasida o'qiyapman. May oyida imtihonlarni topshirib, keyingi yil sabog'imni neyrofanlar maktabida davom ettiraman. Men yoshligimdan tabiiy fanlarga qiziqqanman. Maktabda yoqtirgan fanlarim kimyo va biologiya edi. Lekin kelajak professiyamni tanlash vaqti kelganida, men shifokor bo'lmoqchi emasdim. 9-10-sinflarda o'qiganimda psixologiyaga juda qiziqib qoldim, ammo universitetda faqat psixologiya men uchun kamlik qiladi deb o'yladim. Neyrofanlar psixologiya va tabiiy fanlarni oltin oralig'i bo'lgani uchun shu yo'nalishni tanladim.

Сурат манбаси, BBC O'zbek
Savol:Kelajakdagi rejalaringiz qanday?
Janona Adxamova: Hali kelajakda nima ish qilmoqchiligimni aniq bilmayman. Albatta bakalavriatdan keyin magistraturaga kirmoqchiman. O'qish paytida neyrofanlarning qaysi sohasini yoqtirib qolsam, shu sohada ishlash haqida o'ylayapman. Lekin hozircha menga ilmiy tadqiqotlar va ta'lim berish ko'proq yoqadi.
Savol: Talabalikdagi moliyaviy xarajatlaringizni qanday qoplayapsiz?
Janona Adxamova: O'qish va yotoqxona to'lovalrimni ota-onam to'lashayapti. Seynt-Endryus - yashash uchun London kabi katta shahrlarga qaraganda arzon shahar. Shuning uchun ota-onam menga berayotgan pul yetarli.

Сурат манбаси, BBC O'zbek
Savol: Talabalikni boshlagandan keyin uyni sog'inyapsizmi?
Janona Adxamova: Albatta sog'inaman. O'zbekistonning quyoshli ob-havosini va mazali taomlarini sog'inmay bo'ladimi? Oilamni va do'stlarimni ham sog'inaman. Lekin shu yerda men o'zim uchun eng yaxshi ta'limni olayotganimni bilaman. Seynt-Endryus juda kichik, ammo juda do'stona va chiroyli shahar. Va menga shu yerda yashash juda yoqadi.

Сурат манбаси, BBC O'zbek
Savol: Shotlandiya haqida taassurotlaringiz qanday?
Janona Adxamova: Bu yerga kelishimdan oldin Shotlandiya haqida ko'p narsa bilmas edim. O'zbekistonga qaraganda Shotlandiyada yomg'ir va shamol ko'p, va boshida yangi iqlim mening kayfiyatimga katta ta'sir ko'rsatgan edi. Shunga qaramasdan, Shotlandiya juda chiroyli mamlakat: zamonaviy shaharlarda qadimdan qolgan qal'a, saroy va binolar ko'p. Masalan, men o'qiyotgan bino 1863-yilda qurilgan va bu hali eng qadimgi binolardan biri emas. Men Seynt-Endryus shahrining ta'rixini his etaman va men kabi talabalar bu yerda 600 yildan ortiq vaqt davomida yashab o'qishganini ko'z oldimga keltiraman. Menimcha, tobora ko'p odamlar Shotlandiyani kelib ko'rishlari kerak.

Сурат манбаси, Janona Adxamova shaxsiy arxividan
Savol: Kelajakdan sizni eng xavotirga soladigan narsa nima?
Janona Adxamova: Ta'lim olib tugatganimdan keyin o'zimni topish va ota-onamning umidlarini ro'yobga chiqarish. Shunday yaxshi ta'limni olib, hayotda muvaffaqiyatli va baxtli inson bo'lishni istayman. O'zbekiston qizlari ko'p narsalarga erisha olishlari mumkinligini hammaga ko'rsatishni xohlayman.
https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002















