“Destur” – zoʻravonlikdan korrupsiyagacha: qozoqlarning ilk “ujas” kinosi rekord pul toʻpladi va keskin munozaraga sabab boʻlmoqda

Сурат манбаси, BBC Uzbek
Siyosiy avtoritarizm, ayollarga qarshi zoʻravonlik, korrupsiya, dinning jamiyatdagi oʻrni va jin chiqarish seanslari - bu mavzular bilan Markaziy Osiyoda muvaffaqiyatli kino ishlash imkonsiz koʻrinadi, ammo qozoqlar buni uddasidan chiqdi.
28-dekabr kuni norasman "Qozogʻistonning ilk qoʻrqinchli filmi" nomini olgan "Destur" (Anʼana) kinokartinasi namoyishi boshlangan.
"Destur" qozoq kinosanoatiga Hollivud uslubi va nafasini olib kirgani ila eʼtiborni tortgan boʻlsa, jamiyatdagi eng dolzarb muammolarni koʻtargani ortidan hozirgacha davom etayotgan keskin bahslar bilan qozogʻistonliklarni ikkiga boʻlib yuborgan.
Horror (qoʻrqinchli) janri Markaziy Osiyoning anʼanaviy ruhdagi jamiyatlari tomonidan u qadar xushlanmasligiga qaramay, "Destur" prokatning ilk haftasidayoq rekord summa — $2,2 million yigʻishga muvaffaq boʻlgan.
Bunga qadar Qozogʻistonda faqat komediya janridagi filmlargina bunday koʻp sonli tomoshabinni kinoteatrlarga yigʻa olgan, xolos.
"Destur"ga, hatto, ayni dekabr soʻnggida Qozogʻiston kinoteatrlarida prokatga chiqqan "Akvamen"dan koʻra koʻp tomoshabin kelgan.
Qozoqlarni "ujas" koʻrishga nima majbur qildi va "Destur" syujetining oʻzbek jamiyatiga ham bogʻliq jihatlari bormi?
Zoʻrlash, yozuv kuch va korrupsiya
"Destur" namoyishi, hozircha, faqat kinoteatrlarda davom etmoqda, shu sabab film syujetini batafsil ochiqlashdan tiyilib, uning mazmuniga qisqa nazar tashlaymiz.
Film Qozogʻistonda, asosan, klipmeyker oʻlaroq tanilgan Quanish Beysekov tomonidan suratga olingan.
Rejissyorning ikkinchi kartinasi boʻlmish "Destur" oʻzida ijtimoiy drama va horror janri unsurlarini jo etgan.
Yana ham aniqroq aytganda, "Destur"da Markaziy Osiyoda keng shuhrat topgan komediya va "koʻcha" hayoti janridan farqli tarzda ayollarga qarshi zoʻravonlik, anʼanaviy jamiyat qusurlari, korrupsiya, qonunsizlik va kosa tagida nimkosa qabilida joriy davlat tuzilmasi kabi mavzularga eʼtibor qaratilgan.
Film voqealari toʻqima Bolashaq (Kelajak) nomli qishloqda boʻlib oʻtadi.
Oddiy ishchi oilasidan boʻlgan goʻzal Diana "Soʻnggi qoʻngʻiroq"dan uyga qaytishda hamqishlogʻi Boʻlatning zoʻravonligiga uchraydi - yigit qizni dugonalari koʻz oldida zoʻrlaydi.
Qishloqdagi eng boy odam - fermer Nursultonning oʻgʻli boʻlmish Boʻlat bu qilmishi ortidan ogʻir vaziyatga tushib qoladi - qizning ota-onasi politsiyaga arz qiladi.
Ammo gʻazab otiga mingan ota-ona, chuqur tushkunlikka tushgan Dianining adolatni qaror toptirish istagi ha, deganda amalga oshavermaydi - oʻrtaga mahalliy akim (hokim) aralashadi.
Zoʻravonni jazoga torttirish oʻrniga akim qizning oilasini qishloq nomiga isnod keltirmaslikka unday boshlaydi, murosa qilishga chaqiradi.
Alal-oqibat, bosimlar ostida va vaʼdalar taʼsirida ota-ona Dianani u eng nafratlanadigan kimsa - qizni hammaning koʻz oʻngida zoʻrlagan Boʻlatga turmushga berishga rozi boʻladi, Dianaga esa bu rozilik sababini odamlar oldida uyatga qolmaslik bilan xaspoʻshlaydi.
Butun qishloq zoʻravon va uning qurboni toʻyini koʻrishga yigʻiladi, Dianadan boshqa hamma oʻynaydi-kuladi, ota-ona Boʻlatning otasidan qalin sifatida 20 million tenge (taxminan $45 ming) qabul qilib oladi.
Ayni shu nuqtadan filmning eng dahshatli qismi boshlanadi - oʻz ohini nafaqat yaqinlari, balki butun insoniyat eshitmagan Diana oʻch olish istagida oʻzga dunyodagi yovuz kuchlar bilan ahd-u paymon bogʻlaydi.
Natijada, yosh qizning kelajagiga tupurib qoʻygan, inson hayoti va taqdiridan koʻra anʼanalarni afzal bilgan hamda zamonaviy feodalizm va korrupsiyaga botib ketgan qishloq ahli hayotida koʻz koʻrib, quloq eshitmagan dahshatli kunlar boshlanadi.
Munozara

Сурат манбаси, AFP
Ilk treyler eʼlon qilinishi ortidan qozogʻistonliklar "Destur" Hollivud uslubi va kayfiyatida ishlanganiga eʼtibor qaratdilar.
Kimdir film qozoq kinosanoatida yangi davrni boshlab berishini aytgan boʻlsa, boshqalar ijodkorlarni Amerika kinolaridan koʻchirmakashlikda ayblagan.
Biroq haqiqiy qaynoq bahslar film namoyishga chiqarilganidan soʻng boshlangan.
"Destur" noyabr oyida Ostonadagi restoranlardan birida 31 yashar Saltanat Nukenovaning jonsiz tanasi topilishi va uni urib oʻldirganlikda gumonlanib, ayolning turmush oʻrtogʻi, mamlakatning sobiq milliy iqtisodiyot vaziri Quandiq Bishimbayev hibsga olingani ortidan qozoq jamiyatida gender zoʻravonlik muhokamasi olovlangan bir paytda namoyish etilgan.
Filmni tomosha qilgan koʻplab qozogʻistonlik tarmoq foydalanuvchilari "Destur"dagi qoʻrqinchli sahnalardan koʻra zoʻravonlikka uchragan qizning tinglab ham oʻtirilmagani, sharmanda boʻlishdan qoʻrquv inson hayotidan ustun koʻrilgani, asli qonun himoyachisi boʻlgan mahalliy hokimiyat va politsiya vakillari jinoyatni yashirishda oʻrtakashlik qilganini koʻrishdan, eng muhimi esa, ushbu toʻqima hikoyadagi voqealar qozoq jamiyatida hamon yuz berayotganini his etishdan koʻproq dahshatga tushgani haqida yozgan.
"Destur"ni koʻrganini bildirgan mutlaq koʻpchilik ijodkorlar qozogʻistonliklar kundalik hayotida tez-tez uchrab turadigan ijtimoiy-maishiy muammolar aslida qanchalik dahshatli ekanini tasvirlab bera olganini taʼkidlagan.
Aksar fikr bildiruvchilar qozoq jamiyatiga chuqur singib ketgan eski anʼanalar zamonaviy davr yoshlarini milliyatchilikdan qanchalik bezdirayotgani borasida yozgan boʻlsa, boshqalar davlatni inson huquqlariga zid qadriyatlarni himoya qilishda ayblagan.
Shuningdek, baʼzi tomoshabinlar filmda Qozogʻistonning yaqin oʻtmishdagi siyosiy hayoti va uning bevosita merosxoʻri boʻlmish joriy hukumatga nisbatan ishoralarni topganini ham bildirgan.
Masalan, filmdagi asosiy yovuz qahramonlardan birining ismi Nursulton, uning farzandi esa Boʻlat (sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning marhum ukasining ismi ham shunday boʻlgan).
Qishloqning oldi boyi boʻlmish fermer Nursulton u yerda hammaga oʻz hukmini oʻtkaza oladigan, korrupsiya va ijtimoiy adolatsizlik yordamida har qanday muammoni oʻz foydasiga hal qila oladigan darajaga erishgan.
Boʻlat esa Nursultonning soyasida qishloqda istalgan ishini qiladigan erkatoyga aylangan.
Qishloq ham qozogʻistonliklar mamlakat kelajagi haqida kinoya fikrlar bildirishda koʻp qoʻllaydigan soʻz - Bolashaq (Kelajak) deya atalgan.
Shunga qaramay, baʼzi fikr bildiruvchilar film ijodkorlarini gender zoʻravonlik mavzusini boʻrttirib yuborish hamda milliy anʼana va mentalitetdan olaboʻji yasashda ayblab chiqdilar.
Qozogʻistonda ayollarga qarshi, ayniqsa, oiladagi zoʻravonlik doimo dolzarb mavzu boʻlib kelgan.
Markaziy Osiyoda ayollar huquqlarini taʼminlash darajasi boʻyicha yuqori oʻrinda boʻlishiga qaramay, Qozogʻiston Ichki ishlar vazirligi birgina 2022-yilning oʻzida 100 mingdan ziyod oiladagi zoʻravonlik holati toʻgʻrisida xabar kelib tushganini maʼlum qilgan.
Oʻsha yilning birinchi oʻn oyida 93 nafar ayol oiladagi zoʻravonlik oqibatida halok boʻlgan boʻlsa, tanaga oʻrta va ogʻir jarohat yetkazish boʻyicha qariyb 800 ta jinoyat ishi ochilgani xabar qilingan.
Oxirgi yillarda qozoq hukumati gender zoʻravonlikka qarshi kurash ishlarini kuchaytirgan, hayoti xavf ostidagi ayollarni himoya qila boshlagan boʻlsa-da, faollar davlat xizmatchilari, ayniqsa, politsiyani ayollarga qarshi zoʻravonlik holatlarini bosti-bosti qilishda ayblab keladi.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbekBBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bogʻlaning.













