O‘zbekiston: Mubashshir Ahmad qamoqda, u qonunga zid axborot tarqatishda ayblanmoqda

Mubashshir Ahmad

Surat manbasi, Facebook/Mubashshir Ahmad

O'qilish vaqti: 3 daq

Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunov Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingani rasman tacdiqlandi. Unga nisbatan jinoiy ish ochilgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV Turkiyada 8 may kuni qo‘lga olingandan beri xabari chiqmayotgan Alisher Tursunovning 10 may kuni O‘zbekistonga deportatsiya qilinganini ma’lum qildi.

Xabarda Alisher Tursunovning nisbatan jinoiy ish ochilgani va hozir u O‘zbekistonda qamoqqa olingani aytiladi.

Rasmiy xabardan Tursunovga ochilgan jinoiy ish uning jurnalistik faoliyatiga bevosita bog‘liqligini anglash mumkin.

"A.Tursunovning ta’sisligidagi axborot platformalari orqali ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ma’lumotlarda, tegishli ekspertiza xulosalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid axborot mavjud bo‘lganligi sababli, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244 prim 1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244 prim 3-moddasi (Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi", deyiladi IIV xabarida.

Ayni damda jinoyat ishi doirasida tegishli tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.

Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov O‘zbekistonda azon.uz saytiga asos solgandi.

Biroq Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Diniy qo‘mita tomonidan bosimlar bo‘lgandan ko‘p o‘tmay sayt va uning ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari faoliyatini to‘xtatgandi.

Shundan so‘ng Alisher Tursunov Turkiyaga ketgan va u yerda Azon Global axborot-tahliliy portaliga asos solgandi.

12 may: Advokat Mubashshir Ahmad O‘zbekistonga deportatsiya qilinganini aytdi, ammo O‘zbekiston rasman tasdiqlagani yo‘q

Mubashshir Ahmad

Surat manbasi, Facebook/Mubashshir Ahmad

Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan diniy ulamo Alisher Tursunov Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan bo‘lishi mumkin. Uning Turkiyadagi advokati aytgan bu da’volariga O‘zbekiston tomoni hozircha munosabat bildirmayapti.

Azon vaqfi kengashi raisi va Azon Global axborot-tahliliy portali asoschisi diniy ulamo Alisher Tursunov (Mubashshir Ahmad) joriy yil 8 may kuni Istanbuldagi o‘z uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgani haqida Azon Global nashri xabar berdi.

Aytilishicha, shu kunning o‘zida advokatlar ishtirokida dastlabki surishtiruv o‘tkazilgan. Advokatlarga bildirilgan oxirgi ma’lumotga ko‘ra, surishtiruvdan so‘ng Mubashshir Ahmad Istanbuldagi Deportatsiya markaziga o‘tkazilishi, ertasiga – 9 may kuni u yerdan qo‘yib yuborilishi kerak edi.

Biroq bu holat sodir bo‘lmagan va yaqinlari uning qaerdaligini bilishga qilgan harakatlari besamar ketgan.

Turkiyalik advokat Ibrohim Ergin X tarmog‘ida yozishicha, Mubashshir Ahmad O‘zbekistonga deport qilingan bo‘lishi mumkin. Uni 9 may kuniyoq shoshilinch tarzda deportatsiya qilishmoqchi bo‘lishgan, lekin jamoatchilik aralashuvi tufayli Edirnega jo‘natilgan.

"Edirnedagi Migratsiya idorasida razvedka nazorati ostida saqlangan, keyinchalik shanba kuni yana Istanbulga qaytarilgan. Bu orada u yuridik tizimdan chetlab o‘tilgan va noqonuniy tarzda O‘zbekistonga topshirilgan", – deyiladi huquq himoyachisining bayonotida.

Hozircha O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi va Istanbuldagi Bosh konsulxona holat yuzasidan munosabat bermadi.

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Kun.uz'ga bergan izohida holatga aniqlik kiritib, ma’lumot berishini bildirgan.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

BBC O‘zbek bu borada rasmiylarga qilgan murojaatiga hozircha javob ololmadi.

Mubashshir Ahmad 2023 yilning 21 dekabrida Turkiya politsiyasi tomonidan o‘zi yashab turgan uyidan jamoat xavfsizligiga tahdid gumoni bilan olib ketilgandi.

U 55 kun davomida deportatsiya markazida ushlab turilgan, unga qo‘yilgan ayblovlar isbotini topmaganidan so‘ng, 2024 yil fevral oyida qo‘yib yuborilgan.

Keyinchalik uning advokatlari 2023 yil noyabr oyida Alisher Tursunovga nisbatan Toshkent shahar Shayxontohur tuman prokurorining sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llash haqidagi iltimosnomasi JIB Shayxontohur tuman sudi tomonidan rad qilingani haqida xabar berdi.

Mubashshir Ahmad o‘z vaqtida 20 yildan ortiq O‘zbekiston Musulmonlari Idorasi tizimida ishlagani aytiladi. Avval u Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom Institutida o‘qituvchi, keyinroq o‘sha vaqtdagi muftiy Usmonxon Alimovning matbuot kotibi bo‘lgan.