Yangilandi. Rossiya: Putinning yaqin ittifoqchisi Markaziy Osiyoda, mintaqaga tahdid kuchaydimi? Podkast

Surat manbasi, rasmiy
Shoygu Markaziy Osiyoda, mintaqaga tahdid kuchaydimi?
Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibining Qozog‘istonga safari xuddi ana shunday savollarni paydo qildi.
Yangilik Rossiyaning yetakchi axborot agentliklarida Shoyguning poytaxt Ostonada xavfsizlikka tahdidlarni muhokama qiladi, degan sarlavhalar ostida bo‘y ko‘rsatdi.
Bu Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibining joriy yil hisobidan xorijga ilk tashrifi ekani bilan ham alohida e’tibor topdi.
Boshqa tomondan, Shoygu nega uch oycha vaqtning o‘zida ikkinchi bor Qozog‘istonga yana safar qilayotganiga oid qiziqishlarga ham sabab bo‘ldi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
Nima bo‘ldi?
Tomonlar,.. xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlar, Markaziy Osiyo mintaqasi, shuningdek, Suriya va Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qiladilar...
Qozog‘iston dunyoning Rossiya bilan quruqlikda eng uzun chegaraga ega mamlakati bo‘ladi, Rossiyaga chegaradosh yagona mintaqa davlati.
Kremlning so‘nggi yillarda kuchayib borayotgan imperialistik ambitsiyalari fonida, ta’bir joiz, Putin va Rossiyaning boshqa nomdor siyosatchilari nishoniga aylangan yana bir postsovet mamlakati.
Ular tomonidan yeri, davlatchiligi qayta-qayta oshkora savol ostiga olingan, bu Qozog‘istonning Ukrainadan keyin Rossiyaning navbatdagi nishoniga aylanajagiga oid qo‘rquvlarni paydo qilishgacha borgan.
Rasmiy Ostonaning Ukraina, uning bo‘lginchi va ishg‘ol ostidagi hududlari mustaqilligi va anneksiyasi yuzasidan Rossiya mavqeiga zid chiqishlari esa, orada ikki tomon o‘rtasida dahanaki janglarga ham zamin yaratgan.
Qolgan mintaqa davlatlari bilan solishtirganda, so‘nggi yillarda Rossiya bilan munosabatlari qanchalik taranglashgani bobida chetda ham e’tiborga tushgan mamlakat.
Mavjud vaziyat G‘arb qolib, Xitoy va dunyoning eng yirik turkiy tilli davlati bo‘lgan Turkiyaning ham Qozog‘iston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llovchi ustma-ust bayonotlar bilan chiqishiga ham olib kelgan.
Ayni o‘rinda kecha, 11 fevral kuni amaliy tashrif bilan poytaxt Ostonaga yetib kelgani aytilgan Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibining kun tartibi ham qanchalik keng qamrovli ekani bilan o‘ziga e’tibor topgan.
Sergey Shoyguning qozog‘istonlik hamkasbi bilan uchrashish barobarida shaxsan Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqaevning ham qabulida bo‘lishi aytilgan.
Kun tartibi

Surat manbasi, ZUMA/TASS
Rossiya tarafining rasmiy xabarida tomonlarning xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik qarshisidagi bugungi tahdid va muammolar, Markaziy Osiyo mintaqasi, Suriya va Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilish rejasida ekanliklari bildirilgan.
Bundan tashqari, poytaxt Ostonadagi uchrashuvlar chog‘ida turli sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalasiga e’tibor qaratilishi ta’kidlanarkan, ularning aynan qaysi sohalarni ko‘zda tutishi ochiqlanmagan.
Qozog‘iston dunyoning birinchilardan bo‘lib Afg‘oniston Tolibon harakatini o‘zining "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatidan chiqargan va Suriyada barqaror tinchlikni qaror toptirishga vositachilik qilib, "Ostona jarayoni" nomi ostida uzoq bosqichli tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilgan sanoqli davlatlaridan biri bo‘ladi.
Ammo o‘tgan yil dekabrida Suriyada "Hay’at Tahrir ash-Shom" boshchiligidagi isyonchi kuchlar ittifoqi tomonidan uzoq yillik Asad rejimining ag‘darilishi bu tinchlik muzokaralari istiqbolini yo‘qqa chiqargan.
Yaqin ittifoqchisi Rossiyaning bu galgi harbiy aralashuvi ish bermagan, prezident Asad o‘z oilasi bilan Moskvaga qochgan, boshpana topgan, voqealarning bu kabi kutilmagan rivoji manzarasida Rossiyaning Suriyadagi harbiy hozirligi savol ostida qolgan, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy mavqeiga yana bir bor jiddiy zarba yetgan.
Suriyadagi kutilmagan qudrat almashinuvidan avval Isroil Eron va ular tomonidan, yillarki, dastaklanishi aytiluvchi hamda Suriyadagi Asad tuzumining boshqa tirgaklaridan biri sanalgan "Hizbulloh" kabi jangari guruhlarning ham mintaqadagi mavqe’larini kuchsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan.
Eron esa, Suriya bilan birga hali sobiq Sovet Ittifoqi davridan buyon rasmiy Moskvaning Yaqin Sharqdagi ikkita asosiy va muhim ittifoqchilari sanalishgan.
Prezident Asad Suriyasidan 49 yilga ijaraga olgan Tartus dengiz va Hmeymim havo bazalari Rossiyaga Afrika qit’asiga imkon bergan, qator Afrika davlatlaridagi faoliyati uchun ham muhim va beqiyos tayanch nuqtalari vazifasini o‘tab kelgan, unga O‘r yer dengiziga imkon bergan.
Islomiy inqilob ortidan, Rossiyaning u yerda o‘z hozirligini saqlab qolish yuzasidan Suriya muvaqqat hukumati bilan olib borgan muzokaralari ko‘ngildagidek kechmagani, harbiylari u yerni tark etishayotgani yoki ishtiroklarini qisqartirishayotganiga oid xabarlar ham olingan.
Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibining Qozog‘iston poytaxtida Suriya masalasini nega va qanday qirrada muhokama etish rejasida ekani tafsilotlari hozircha ma’lum emas, bu haqda Rossiya tomonining rasmiy xabarida aytilmagan.
Ammo, boshqa tomondan, Suriya yangi rahbariyatining bir nafar Markaziy osiyoligi ilova o‘zlariga ittifoqchilik qilgan ayrim yetakchi xorijiy jangarilarga ham katta harbiy rutbalar bergani yoki maqomlarini ko‘tarib, ularni mamlakat Qurolli kuchlarida yuqori lavozimlarga tayinlagani mintaqada yangi xavotirlarni paydo qilgan.
Mintaqa davlatlari poytaxtlari Suriyadagi islomchi isyonchi kuchlar mafkurasi va islomiy inqilobining o‘zlariga ko‘chish ehtimolidan tashvishda, degan tahlil va talqinlarga ham zamin yaratgan.
"Hay’at Tahrir ash-Shom" ittifoqchilari orasida esa, o‘zbeklarniki barobarida Rossiya fuqarolaridan tashkil topgan jangari guruhlarning ham borliklari ko‘rilgan.
Turli xalqaro hisobotlarda aynan islomiy inqilob Suriyada xavfsizlik bo‘shlig‘ini paydo qilib, Yaqin Sharqda qayta kuchayishiga oid jiddiy xavotirlarni paydo qilgan IShID saflarida ham o‘z vaqtida postsovet davlatlaridan eng ko‘p jang qilgan jangarilar Rossiya va Markaziy Osiyoliklar hisobiga to‘g‘ri kelgan.
Shu soatlarda poytaxt Moskvadan olingan xabarlarga ko‘ra, Putin Suriya yangi ma’muriyati rahbari Ahmad ash-Sharaa bilan telefon orqali gaplashgan.
Rossiya prezidenti matbuot xizmatining rasman bildirishicha, o‘zaro telefon muloqoti chog‘ida "Suriyadagi mavjud vaziyat yuzasidan atroflicha fikr almashilgan, Rossiya tomoni Suriya davlatining birligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi printsipial pozitsiyasini ta’kidlagan".
Xabarlarga ko‘ra, bundan tashqari, Putin Rossiya Suriyadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, jumladan, uning aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqlagan.
"Shuningdek, u ash-Sharaaga Suriyaning yangi rahbariyati oldida turgan muammolarni hal qilishda muvaffaqiyatlar tiladi. Suhbat konstruktiv, ishchan va mazmunli o‘tdi", - deya xulosa qilgan Kreml.
Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Moskva Suriyaning yangi rahbariyati bilan barcha mavzular, jumladan Tartusdagi dengiz bazasidan foydalanish bo‘yicha kelishuvlar yuzasidan ham muloqotini davom ettirishini ta’kidlagan.
Putin boshchiligidagi Rossiyaning Asad tuzumiga dastlabki harbiy qo‘lloviga ham, boshqa tomondan, postsovet davlatlaridan bo‘lgan ana shu jangarilar ham sabab bo‘lgani aytilgan.
Boshqa tomondan, Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibining Qozog‘istonga tashrifi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashida IShIDning Afg‘onistondagi Xuroson qanoti tahdidi kuchayib borayotganiga oid xavotirlar yangragan bir kunga to‘g‘ri kelgan.
Kengashda IShID Xuroson qanotining tahdidi haqida ham Rossiya tomonining eng ko‘p so‘z yuritganlaridan biri ekani ko‘rilgan.
Ammo, yillarki, Afg‘oniston tahdidi Markaziy Osiyo mintaqasiga o‘zining geoiqtisodiy va geosiyosiy bosimini o‘tkazishda Kremlning qo‘lidagi muhim bosim va ta’sir vositalaridan biri o‘laroq ko‘rilishi ham bor gap.
Rossiya tomonining rasmiy xabaridan Qozog‘iston tarafi bilan bugungi muzokaralar chog‘ida Afg‘oniston masalasining ham nega kun tartibiga qo‘yilgani tafsilotlari noayon qolgan.
Ammo Qozog‘iston Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, savdo-sotig‘ini keskin oshirish rejasida ham bo‘lgan davlat.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
O‘zbekiston Rossiya boshchiligidagi ittifoq sari yana bir qadam tashladi – bu nimani anglatadi? Video
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
Rossiyaning ta’siri...

Surat manbasi, rasmiy
Sergey Shoyguning Qozog‘istonga tashrifi, boshqa tomondan, Ukraina urushi va xuddi shu urush bois G‘arb tomonidan kiritilayotgan ustma-ust jazo choralari manzarasida Rossiya prezidenti mamlakati iqtisodiy ahvoli istiqbolidan xavotirda ekaniga oid xabarlar bo‘y ko‘rsatayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Qozog‘iston Markaziy Osiyoning eng katta iqtisodi sanaladi, Turkmaniston bilan birga mintaqaning eng yirik tabiiy energiya zaxiralariga boy ikkita davlatidan bittasi bo‘ladi.
Qozog‘iston, bundan tashqari, G‘arb o‘zining sanksiyalarini chetlab o‘tishida Rossiyaga qo‘l kelayotganini aytuvchi va Kremlning postsovet makonidagi eng yirik geoiqtisodiy loyihasi, deb ko‘riluvchi YevroOsiyo Iqtisodiy Ittifoqiga ham kiradi, uning to‘laqonli a’zosi.
Shu kunlarda ayrim nufuzli G‘arb nashrlarida Rossiya Markaziy Osiyodagi ta’sirini yo‘qotishdan xavotirda ekani mazmunidagi tahlillar ham bo‘y ko‘rsatgan, bunga G‘arbning mintaqaga bosimi Rossiyaning sobiq Sovet davlatlarini o‘z orbitasiga yanada kuchliroq tortish harakatlariga to‘sqinlik qilayotgani aytilgan.
Aynan Markaziy Osiyo, aksariyat tahlilchilar bahosida, Shimoliy Kavkazdagi mavqei zaiflashishi va Ukraina urushi bois, kollektiv G‘arbning ihotalab qo‘yish urinishlari fonida Rossiya o‘zining diqqat-e’tiborini kuchaytirgan, ular bilan o‘zaro hamkorligini har tomonlama mustahkamlash harakatidagi mintaqa bo‘ladi.
Ukraina urushi paytida O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan o‘zining chetdagi yana bir geoiqtisodiy loyihasi sifatida ko‘riluvchi AES – atom elektr stantsiyalari qurish niyati, rejasi va harakatida.
Shoyguning Qozog‘istonga tashrifi bilan bir kunda Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbarining muovini ham O‘zbekistonga safar qilgan, Rossiya tomoni Maksim Oreshkinning prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralari chog‘ida "savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish sur’atini saqlab qolish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilishga ham alohida e’tibor qaratilgani"ni tilga olgan.
Putinning o‘tgan yilgi davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amaliy ijrosi va tasdiqlangan yo‘l xaritasiga muvofiq, eng yuqori darajadagi boshqa aloqalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilishgani aytilgan.
Rossiya Mudofaa vazirining Toshkentga yaqinda qilgan safari chog‘ida tomonlar o‘rtasida imzolangan joriy yil uchun hamkorlik rejasi va kelasi besh yilga mo‘ljallangan harbiy sohada strategik sheriklik dasturi esa, hatto O‘zbekistonning o‘zida ayrim tahlilchilar tomonidan " bu boshni kundaga qo‘yish bilan barobar", degan baholarga ham sabab bo‘lgan.
Xuddi shu manzarada O‘zbekiston Yevroosiyo ittifoqining bojxona tranziti yagona tizimiga qo‘shilish niyati borligini ham bildirgan.
Rossiya va Markaziy Osiyo

Surat manbasi, Getty Images
So‘nggi oylarda prezident Putin ilova Rossiya hukumati yuqori martabali mulozimlarining, ayniqsa, Qozog‘istonga tashriflari faollashgan.
Sergey Shoyguga qadar so‘nggi bir necha oyning ichida Rossiya prezidenti, Bosh vaziri va Tashqi ishlar vaziri ham Qozog‘istonda bo‘lib qaytgan.
Putinning Qozog‘istonga o‘tgan yil so‘nggi qilgan tashrifi chog‘ida ikki davlat prezidentlari "yangi global tartib sharoitida strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risida"gi bayonotni imzolashganliklari e’lon qilingan.
Boshqa narsalar qatorida, terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha josuslik xizmatlari orqali ma’lumotlarni ayirboshlashga ham kelishib olishgani ham aytilgan.
Qozog‘iston va O‘zbekiston mintaqaning eng yirik ikkita davlati bo‘lishadi.
Amerika Qo‘shma Shtatlarida qudratga Respublikachi prezident Donald Trampning va uning Ukraina urushiga chek qo‘yish ahdi, agar bu ish Rossiyaning shartlari ustunligi ostida bo‘lsa, postsovet makonida Kremlning mavqei va ta’siri yanada kuchayishiga oid yangi xavotirlarni ham paydo qilmay qo‘ymagan.
Har ikki mintaqa davlatlari poytaxtlari esa, o‘zlarining ko‘pqutbli tashqi siyosat mavqe’larida sobit ekanliklarini rasman va oshkora bayon etib kelishadi.
Rossiya barobarida o‘zlarining yetakchi G‘arb davlatlari bilan ham har tomonlama hamkorlik istagida ekanliklarini ta’kidlashadi.
Ammo Rossiya, yillarki, Markaziy Osiyo davlatlarining eng yirik savdo-iqtisodiy sherigi, harbiy va harbiy-texnik hamkori sanaladi, aksariyat aholisi uchun eng yirik mehnat bozori, eng yirik harbiy bazasi va katta sondagi harbiy inshootlari joylashgan mintaqa.
Ayrim yetakchi mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Ukraina urushi fonida mintaqada har tomonlama kuchayish istagida bo‘lgan Xitoy va Tramp boshqaruvi ostidagi Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi munosabatlarning yanada keskinlashishi, harbiy mojaroga aylanishi ehtimoli ham Markaziy Osiyo davlatlari uchun xatarli.
Bu kabi istiqbol mintaqaning ikki qudratli ittifoqchi bosimi ostida qolib, geosiyosiy tuzoqqa tushib qolishri ehtimolini kuchaytiradi, deyishmoqda ular.
Ayni fikrda bo‘lgan tahlilchilarga ko‘ra, shu bois ham, joriy paytda Markaziy Osiyo davlatlari uchun har ikki – ham Ukraina va ham Xitoy omili juda muhim hamda ularni diqqat bilan kuzatib borish lozim.
Sergey Shoygu ham Ukraina urushi bilan aloqadorlikda Xalqaro Jinoyat mahkamasining hibs orderi ostida bo‘lgan rossiyalik yuqori martabali harbiy amaldorlardan biri bo‘ladi.
Rossiya prezidentining eng yaqin ittifoqchilaridan biri, Putin hatto o‘zining yozgi ta’tillarini birga o‘tkazgan odam.
Putin Shoyguni o‘tgan yil may oyida Rossiya Mudofaa vaziri lavozimidan olgan, uning bu qaror sababi o‘shanda rasman ochiqlanmagan, ammo kutilmagan yangilik vazirlikdagi korruptsiya hollariga oid xabarlar manzarasida olingan.
Rossiya prezidenti keyin o‘zining ittifoqchisini mamlakat Xavfsizlik Kengashi kotibligiga tayinlagan.
Rasmiy Ostona Rim statutini ratifikatsiya qilmaganligini aytib, o‘zining Xalqaro Jinoyat Mahkamasi hibs to‘g‘risidagi orderini bajarishga mas’ul emasligini ta’kidlab keladi.












