Yerning yadrosi o‘zgarmoqda – bu siz uchun nimani anglatadi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Jorjina Rannard
- Role, Ilm-fan va iqlim bo‘yicha muxbir
- O'qilish vaqti: 3 daq
Bir guruh olimlar aytishicha, so‘nggi 20 yil ichida Yerning ichki yadrosi shakli o‘zgargan bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotga rahbarlik qilgan professor Jon Videyl fikricha, ichki yadro odatda shar shaklida deb hisoblanadi, ammo uning sirti aslida ba’zi joylarda balandligi 100 metr yoki undan ko‘proq darajada deformatsiyaga uchragan bo‘lishi mumkin.
Yerning yadrosi sayyoramizning urib turgan yuragi, chunki u hayotni Quyosh radiatsiyasidan himoya qiluvchi magnit maydonini hosil qiladi.
Ichki yadro suyuq tashqi yadrodan va sayyoraning qolgan qismidan mustaqil aylanadi. Bu harakat bo‘lmaganda Yer o‘lik holatga kelib, milliardlab yillar oldin magnit maydonini yo‘qotgan bepusht Marsga o‘xshab qolar edi.
Shaklning o‘zgarishi qattiq ichki yadroning sirti o‘ta issiq suyuq metalldan iborat tashqi yadroga tegib turgan joyda sodir bo‘lishi mumkin.
Tadqiqot natijalari Nature Geoscience ilmiy jurnalida e’lon qilingan. Olimlar dastlab ichki yadro nima uchun Yer aylanishiga qaraganda sekinroq tezlikka tushib qolgani va keyin 2010 yilda yana tezlashganini aniqlashga harakat qilishgan.
Yer yadrosi qanday ishlashini tushunish sayyorani himoya qiluvchi magnit maydonini va u zaiflashishi yoki to‘xtashi mumkinligini anglash uchun muhimdir.
Sayyoramizning ichi nihoyatda sirli joy. Yadro Yer sirtidan taxminan 6400 kilometr chuqurlikda joylashgan va barcha sa’y-harakatlarga qaramay, olimlar hozirgacha unga yetib bora olmagan.
Shuning uchun, uning sirlarini ochishga urinib, ba’zi tadqiqotchilar sayyorada tarqalayotgan zilzilalar tufayli yuzaga keladigan zarba to‘lqinlarini o‘lchaydilar.
To‘lqinlarning tarqalish usuli ular qanday turdagi materialdan, shu jumladan, ichki yadrodan o‘tganini ko‘rsatadi va oyoqlarimiz ostida nima borligini tasvirlashga yordam beradi.
Yangi tahlilda 1991 yildan 2023 yilgacha bir joyda takrorlangan zilzilalarning seysmik to‘lqinlari o‘rganildi. Bu ichki yadro vaqt o‘tishi bilan qanday o‘zgarayotganini ko‘rsatishga yordam berdi.

Surat manbasi, Getty Images
Janubiy Kaliforniya universitetining yershunos olimi prof. Videyl o‘sha yillarda ichki yadro taxminan 2010 yilda sekinlashgani haqidagi nazariyani qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘proq dalillar topdi.
Ammo uning jamoasi ichki yadro shakli o‘zgarganini ko‘rsatuvchi dalillarni ham aniqladi.
Bu ichki va tashqi yadro chegarasida sodir bo‘layotganga o‘xshaydi, bu yerda ichki yadro erish nuqtasiga yaqin. Tashqi yadroning suyuqlik oqimi, shuningdek, notekis tortishish maydonidan tortilish deformatsiyaga olib kelishi mumkin.
Tadqiqotda ishtirok etmagan Avstraliya Milliy universiteti professori Xrvoe Tkalchichning aytishicha, maqola "kelgusida o‘rganilishi kerak bo‘lgan qiziqarli g‘oyani" ilgari suradi.
Uning aytishicha, bu olimlarga "zamonaviy ilm-fanga eng kam ma’lum bo‘lgan kattaliklardan biri bo‘lgan ichki yadro qovushqoqligi kabi ba’zi muhim material xususiyatlarini yanada asosli baholash imkonini berishi mumkin."
Vaqt o‘tishi bilan suyuq tashqi yadro qattiq ichki yadroga aylanib boradi, ammo u to‘liq qattiq holatga kelguncha milliardlab yillar o‘tadi.
Bu deyarli Yerdagi hayot tugashini anglatadi, ammo bu vaqtga kelib sayyora allaqachon Quyosh tomonidan yutib yuborilgan bo‘lishi mumkin.
Prof. Videylning ishi butun dunyo bo‘ylab ekspertlarning yadroda nima sodir bo‘lishini o‘rganish va muhokama qilishga qaratilgan tadqiqotlarining bir qismi hisoblanadi.
"Fanda biz odatda narsalarni tushunib olguncha o‘rganishga harakat qilamiz," deydi Prof Videyl.
"Ehtimol, bu kashfiyot bizning kundalik hayotimizga zarracha ta’sir qilmas, lekin biz Yerning markazida nima bo‘layotganini tushunishni juda xohlaymiz," deya qo‘shimcha qiladi u.
O‘zgarishlar Yer magnit maydonining o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
"So‘nggi bir necha o‘n yillikda magnit maydon turli vaqtlarda to‘satdan o‘zgardi va biz bu ichki yadro chegarasida ko‘rayotgan narsamiz bilan bog‘liqmi, yo‘qmi, bilishni xohlaymiz," deydi u.
Prof. Videyl topilmalarni yadroning tez orada aylanishni to‘xtatishi haqidagi g‘oyalarga aylantirmaslikka chaqirdi.
Shuningdek, u hali ham ko‘p noaniqliklar borligini ta’kidladi.
"Bu o‘zgarishlar mohiyatini to‘g‘ri talqin qilayotganimizga 100 foiz amin emasmiz," deb ilmiy bilim chegaralari doim o‘zgarib turishini va ko‘plab tadqiqotchilar singari o‘zi ham o‘tmishda yanglishganini aytadi olim.












