Tailandda uyg‘urlar, AQShda esa xitoyliklar qattiq qo‘rquvda (Video)

Surat manbasi, EPA
O‘n yildan oshiq vaqtdan beri Tailanddagi immigratsiya markazida qolayotgan 40 dan ziyod uyg‘ur erkak ularni Xitoyga majburan topshirishlari mumkinligidan bong urmoqda. Bir vaqtning o‘zida AQShda yashayotgan xitoyliklar ham ayni o‘xshash xavotirni ilgari surmoqda.
Migratsiya markazida yillardan beri saqlanayotgan bir guruh uyg‘urlar maktub orqali Tailand hukumati ularni Pekin qo‘liga topshirishga tayyorlanayotganidan ogohlantirmoqda, deb xabar bergan Associated Press.
Maktubda ular agar Xitoy qo‘liga tushsalar, qiynoq va tazyiqqa uchrashga mahkum ekanliklarini ta’kidlagan.
Xitoy hukumati Shinjonda uyg‘urlar va boshqa musulmon ozchilik vakillariga nisbatan bostirish siyosatini kuchaytirar ekan, mamlakatdan qochib chiqqan 300 dan ortiq uyg‘urlar 2014 yilda Tailand hukumati tomonidan Malayziya bilan chegara yaqinida hibsga olingan edi.
Tailand bu uyg‘urlarning yuzdan ortig‘ini 2015 yildayoq Xitoyga qaytarib, misli ko‘rilmagan xalqaro tanqidlarga uchragan edi.
Tanqidlar ortidan qo‘lga olingan uyg‘urlarning 180 ga yaqini – asosan ayollar va bolalar Turkiyaga yuborilgan.
Migratsiya hibsxonasida esa 50 chog‘li erkak qolgan va uzoq yillardan beri siyosiy boshpana so‘roviga javob kutib umr o‘tkazayotgan bu uyg‘urlar endilikda ularni Xitoyga topshirishlari qariyb muqarrar ekanligidan bong urmoqda.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Tailanddan AQShga qadar yoyilgan xavotir

Surat manbasi, AFP
Shi Jingping Xitoy hukumati boshiga kelganidan buyon mamlakat g‘arbidagi Shinjon o‘lkasida yashaydigan va o‘nlab yillar davomida milliy o‘zlik yuzasidan Pekin bilan tarang munosabatda bo‘lib kelgan uyg‘urlarga nisbatan bostirish siyosati kuchaygan.
Yuz minglab, balki milliondan ziyod uyg‘urlar maxsus markazlarda majburan saqlanayotgani aytiladi.
Xitoy hukumati bu markazlarni kasb o‘qitish maskani deb ataydi, BMT esa ushbu da’voni rad etadi – xalqaro tashkilot ular qamoqxona deydi.
G‘arbdagi ko‘plab rivojlangan mamlakatlar esa rasmiy Pekinni uyg‘urlarga qarshi madaniy genotsid o‘tkazayotganda ayblaydi.
Xitoy bu ayblovlarni qat’iyan rad etib keladi.
Tailanddagi uyg‘urlar deportatsiyadan tashvishda ekan, ayni qo‘rquvni Amerikaga qochib o‘tganiga ko‘p bo‘lmagan xitoy millati vakillarining o‘zi ham ilgari sura boshlagan.
Ular Donald Tramp yana prezidentlikka qaytayotganidan jiddiy xavotirda.
"Borsam, qamalaman"
Shi Jingping hokimiyatga kelishi ortidan nafaqat uyg‘urlarga qarshi, balki Pekin siyosatini tanqid qiluvchi har qanday fuqaroga nisbatan bosim va tazyiq mashinasi faoliyati ham kuchaygan.
Oqibatda, bu va boshqa sabablar bilan vatanini tashlab chiqqan minglab xitoyliklar xatarli yo‘llar osha AQShga qocha boshlagan.
Minglab xitoyliklar jon saqlash va biror imkoniyatga ega bo‘lish maqsadida changalzorlar, tog‘lar va ummon osha Amerikaga noqonuniy va xatarli yo‘llar orqali kirib kelgan.
"Agar meni majburan ortga qaytarishsa, bu oilam uchun haqiqiy falokat bo‘ladi. Qamoqdan qochib qutilmasligim aniq", deydi AQShda siyosiy boshpana so‘roviga javob kutib yashayotgan Huang Haymin.
42 yashar Huang Haymin Xitoy hukumatining koronavirus pandemiyasiga bog‘liq siyosati tanqidchilari yig‘inlarida qatnashishi ortidan jiddiy muammoga duch kelishini anglab, mamlakatni tark etishga qaror qilgan.

Surat manbasi, Reuters
"Xitoyda bir joyga yig‘ilib, siyosat va ijtimoiy masalalarni muhokama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday harakatlar doim bostiriladi, qattiq nazoratga olinadi".
Huang 2023 yil boshidan Meksika orqali AQShga noqonuniy oqib kirgan xitoylik migrantlar to‘lqinining bir qismi.
O‘sha yilning o‘zida AQSh rasman 38 mingga yaqin xitoylik noqonuniy migrantni chegarada hisobga olgan edi. Solishtirish uchun – bu raqam 2022 yilda 3,800 taga ham bormagan.
Endilikda qochqin xitoyliklar ikkinchi bor AQShda hokimiyat tepasiga kelayotgan Trampdan qo‘rqib yashayotganliklarini aytmoqda.
20 yanvarь kuni prezidentlik lavozimiga kirishadigan Donald Tramp noqonuniy migrantlarni mamlakatdan harbiylar yordamida ommaviy deportatsiya qilish va’dasini bergan.
Aynan shu va’da uni ikkinchi bor prezidentlik poygasida g‘olib chiqishiga sabab bo‘lgan omillardan biridir.
"Amerika demokratiyasiga ishonaman"
O‘zida ham ichki siyosatni tanqid qilishi ortidan bosimga uchrab, 2019 yilda AQShga qochib kelgan Ma Ju 2023 yilda vatandoshlarining oqimi kuchayganidan so‘ng Nyu-Yorkda xususiy migrantlar boshpanasi tashkil etishga qaror qilgan.
"Xudoning bergan kuni odamlar kelayotgan, har kuni menga aloqaga chiqishayotgan edi. Endi odamlar tunab qolishi uchun uy topish kerak, deya o‘ylay boshlagandim", deydi u.
Ma Ju o‘tgan ikki yildan beri 350 dan ziyod vatandoshiga boshpana bergani haqida so‘zlaydi.
Ularning ko‘pi bu yerda bir necha kun bo‘lgan bo‘lsa, boshqalari bir yildan ortiq qolgan.
Ayni boshpanada yashayotgan 41 yashar Qurbonjon Barat Shinjonni tashlab chiqqanidan keyin avval Turkiya, so‘ng AQShga kelgan.
Ammo Qurbonjon boshqalardan farqli o‘laroq deportatsiyaga uchramasligidan chindan umid qilayotganini aytadi.
"Tramp boshpana izlab Amerikaga kelgan uyg‘ur qochqinlarni deportatsiya qilishiga ishonmayman. Chunki bu demokratik mamlakat. "Bu mamlakat ta’qibdan omon qolgan va xavfsizlikka chiqishga muvaffaq bo‘lgan jonlarni yana zolim tuzum qo‘liga topshirmasligiga ishonaman".
Qurbonjon nekbin kayfiyatda bo‘lsada, qolgan xitoyliklar Trampning immigratsiya siyosatiga jiddiy kirishishiga ishonishi haqida gapiradi.
"Shaxsiy fikrimni aytsam, bunday siyosiy qarorlar meni bezovta qiladi. Tramp noqonuniy immigrantlarga qarshi keskin choralar ko‘rishi mumkin", deydi yana bir boshpana izlovchi, 36 yashar Yang Sinxue.
Yang Sinxue mahalliy amaldorlarni internetda tanqid qilgani ortidan bosimga uchrab, Yevropa orqali Meksikaga kelgan va shu yerda oilasi bilan chegarani kesib o‘tgan.
"Xitoyda tarmoqda qoldirgan postlarimni ko‘pincha o‘chirib tashlashar, akkauntlarimni bloklab qo‘yishar edi. Pandemiya paytida esa juda ko‘p tushuntirish xatlari yozishimga to‘g‘ri keldi", eslaydi Sinxue.
O‘z vatandoshlarini hali ham boshpana bilan ta’minlayotgan Ma Ju Trampning ehtimoliy deportatsiyasidan xitoylik xanlar ham, xristianlar ham, musulmonlar ham birdek qo‘rqayotganini tilga oladi.
"Hamma tashvishda, men ham ular uchun tashvishdaman. Ular hozir jamiyatdagi eng zaif va himoyasiz qatlam ekanini yaxshi tushunaman".
Qo‘rquv va xavotir kuchli ekan, Ma Ju o‘z vatandoshlariga tashvishga tushmaslikka unda, Amerikada siyosiy qudrat sud mustaqilligiga raxna sololmasligini ta’kidlayotganini tilga oladi.












