Moskvada yuqori martabali zobit mashinadagi bomba portlashida o‘ldi. Video

Tergov qo‘mitasi generalning portlashdan shikastlangan avtomobili videosini chop qildi.

Surat manbasi, T.ME/SLEDCOM_PRESS

Surat tagso‘zi, Tergov qo‘mitasi generalning portlashdan shikastlangan avtomobili videosini chop qildi.
    • Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Moskvada avtomobil portlashi natijasida Rossiya Bosh shtabining operatsion tayyorgarlik bo‘limi boshlig‘i general Fanil Sarvarov jiddiy jarohat oldi va halok bo‘ldi.

"22 dekabr kuni ertalab Moskvadagi Yasenevaya ko‘chasida avtomobil tagiga o‘rnatilgan portlovchi moslama ishga solingan. Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi operatsion tayyorgarlik bo‘limi boshlig‘i general-leytenant Fanil Sarvarov olgan jarohatlari natijasida vafot etdi", dedi Rossiya Tergov qo‘mitasi vakili Svetlana Petrenko.

Avvalroq, OAV va Rossiya Tergov qo‘mitasi Yasenevaya ko‘chasida sodir bo‘lgan avtomobil portlashida noma’lum shaxs jarohat olgani haqida xabar bergan edi. Telegram kanallari bu odam general Sarvarov bo‘lganini taxmin qilgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi umumiy xavfli usulda sodir etilgan qotillik va portlovchi moddalarni noqonuniy savdosi moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi.

"Tergov qotillik bo‘yicha turli nazariyalarni ko‘rib chiqmoqda. Ulardan biri jinoyat Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan uyushtirilgan degan nazariya", deyiladi qo‘mita bayonotida.

Ukraina generalning o‘limi haqida rasman izoh bermadi.

Dushanba ertalab Telegram tabloidlari Shot va Baza portlash oqibatida turar-joy binosi yonida to‘xtab turgan Kia Sorento avtomobili shikastlangani haqida xabar berishgandi.

RBK xabariga ko‘ra, 56 yoshli jabrlanuvchi mashinadan chiqolmay qolib ketgan, ammo keyinchalik qutqarilgan va og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Sarvarov haqida nimalar ma’lum?

Sarvarov 1990 yilda Qozon Oliy Tank Qo‘mondonlik Maktabini tamomlagan va keyinchalik Malinovskiy nomidagi Bronetankli Kuchlar Harbiy Akademiyasi va Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Harbiy Akademiyasida tahsil olgan.

"Kommersant" gazetasining yozishicha, akademiyani tugatgandan so‘ng, u Rossiya Qurolli Kuchlari Bosh shtabining Bosh operatsiyalar boshqarmasi va Operatsion tayyorgarlik boshqarmasida xizmatini davom ettirgan. 2016 yildan beri general boshqarma boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgandi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Gazetaning yozishicha, Sarvarov Chechenistondagi jangovar operatsiyalarda ishtirok etgan va 2015-2016-yillarda "Suriyada operatsiyalarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalarni bajargan".

2024 yil may oyida u Rossiya prezidentining farmoni bilan general-leytenant unvoniga ko‘tarilgan.

Generallarga suiqasdlar

Bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri yuqori martabali rossiyalik harbiy zobitga qarshi qilingan birinchi suiqasd emas.

2024 yil 17 dekabr kuni Moskvaning Ryazan prospektidagi turar-joy binosi yaqinida portlash sodir bo‘lishi natijasida Rossiya Qurolli Kuchlari Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari boshlig‘i Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpov halok bo‘lgandi.

General Moskalikka qarshi suiqasd sahnasi.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, General Moskalikka qarshi suiqasd sahnasi.

Oktyabr oyida Rossiya Tergov qo‘mitasi general Kirillovning o‘limiga sabab bo‘lgan terroristik hujumda ayblanayotgan to‘rt kishi: Ahmadjon Kurbonov, Robert Safaryan, Batuxan Tochiev va Ramazan Padiev ustidan tergovni yakunladi. Tergovchilarning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina razvedka xizmatlarining buyrug‘i bilan Kirillov binosining kirish qismi yonida qoldirilgan elektr skuterga qo‘lbola portlovchi moslama o‘rnatilgan.

2024 yil 24 iyul kuni Moskvaning Sinyavinskaya ko‘chasidagi binoning hovlisida Toyota Land Cruiser Prado ostidagi portlash natijasida transport vositasining egasi, Rossiya Mudofaa vazirligining GRU xodimi va uning rafiqasi jarohat oldi. Ular tirik qolishdi, ammo zobit oyoqlaridan ayrildi. Rasmiylar uning ismini oshkor qilmadi.

Portlashda gumon qilinayotgan shaxs, Volgograd viloyatida yashovchi 30 yoshli Yevgeniy Serebryakov Turkiyaga qochgan, so‘ng Rossiyaga ekstraditsiya qilinganidan keyin o‘z aybini qisman tan olgan. U bu bilan "urushni to‘xtatmoqchi" bo‘lganini da’vo qildi.

Tergovchilarning so‘zlariga ko‘ra, Serebryakov bankda tahlilchi bo‘lib ishlayotganida Ukrainadagi blogerlarga yozishni boshlagan va "Ukraina Qurolli Kuchlariga yordam berish uchun" shaxsiy ma’lumotlari bilan Rossiya harbiy xizmatchilari ro‘yxatini taqdim etgan.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri uning bir necha yuqori rutbali harbiylariga suiqasd uyushtirildi.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri uning bir necha yuqori rutbali harbiylariga suiqasd uyushtirildi.

Kommersant xabariga ko‘ra, Serebryakovga "kurator" murojaat qilgan va u Moskvadagi Tergov qo‘mitasi tergovchisini portlatish evaziga unga Ukraina fuqaroligini va pul va’da qilgan. Keyinchalik Serebryakov GRU xodimini tanlab, nishonini o‘zgartirgan, deb xabar berdi gazeta. 20 noyabr kuni sud uni 25 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

2025 yil 25 aprel kuni Moskva viloyatining Balashixa shahrida Bosh shtab operatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yaroslav Moskalik o‘ldirildi. Yuqori martabali harbiy ofitserga suiqasd uyushtirishda yana bir mashina ishlatilgan. Nesterov ko‘chasida Volkswagen Golf portlatilgan.

27 noyabr kuni 2-G‘arbiy okrug harbiy sudi Ignat Kuzinni general-leytenant Moskalikning o‘limiga sabab bo‘lgan terrorchilik hujumini sodir etganlikda aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Rossiya tergovchilarining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadan kelgan buyruqqa binoan Kuzin 2023 yil sentabridan beri generalning Balashixadagi kvartirasini kuzatib borgan va yonidagi kvartirani ijaraga olgan.

Keyin u mashina sotib olib, uni bino kirish joyi yoniga qo‘ygan, ichkarisiga esa qo‘lbola portlovchi moslama va videokuzatuv tizimini o‘rnatgan.

Rossiya prokuraturasining ma’lumotlariga ko‘ra, noma’lum shaxs Moskalik binodan chiqib ketayotganida portlovchi moslamani masofadan turib portlatgan. General shu zahotiyoq halok bo‘lgan.