Qarindoshlar nikohi: yangi dalillar bolalar kasalliklari haqida nimalarga ishora qiladi?

uzuk
Qarindoshlar nikohi: yangi dalillar bolalar kasalliklari haqida nimalarga ishora qiladi?
    • Author, Lyuk Mints
    • Author, Syu Mitchell
  • O'qilish vaqti: 10 daq

Bredforddagi serqatnov, ayvonli uyda uch opa-singil qizg‘in suhbatlashmoqda. Ularning uyida muhim kun: pardozchi divanda o‘tirib, ularning sochlarini turmaklab, pardoz qilmoqda. Xona o‘yin-kulgi va qahqaha bilan to‘lgan. Bu Jeyn Ostin romanlaridagi sahnani eslatadi: o‘ttizga yaqinlashib qolgan uch ayol, har biri o‘ziga xos shaxsiyati bilan ajralib turadi va bir-biriga turli voqealarni hikoya qiladi.

Ostinning aksar romanlaridagi singari, suhbat tez-tez nikoh mavzusiga borib taqaladi.

Opa-singillar dam olish kunlari bo‘ladigan oilaviy to‘yga tayyorgarlik ko‘rishmoqda – bu yerda kelin va kuyov amakivachcha. Ko‘pchilik uchun bu g‘alati tuyulishi mumkin, lekin ularning oilasida va Bredfordning ayrim hududlarida bu odatiy hol.

Uch opa-singilning eng kattasi bo‘lgan 29 yoshli Oysha ham 2017 yilda amakivachchasiga turmushga chiqqan. Uning turmush o‘rtog‘i bilan ikki farzandi bor va baxtli ekanligini aytadi. O‘sha paytda amakivachchasiga turmushga chiqish unga tabiiy tuyulgan. Ularning onasi, pokistonlik muhojir, uchala qizi ham shunday qiladi deb o‘ylagan.

Ammo uchala farzandning eng kichigi, 26 yoshli Salina "sevgi" deb ataladigan oila qurib, oiladan tashqaridan juft tanlab, an’anani buzganini aytadi. Salinaning aytishicha, u ochiqko‘ngil va intiluvchan; amakivachchasi uni qiziqtirmagan. Keyin 27 yoshli Malika bor, u uchovining o‘rtanchasi. U hali turmush qurmagan va allaqachon qarindoshga turmushga chiqmaslikka qaror qilgan.

"Men onamga opa-singillarimni muhokama qilmasligimni, lekin o‘zim bunday qilmasligimni aytdim," deydi Malika bizga. Uning aytishicha, olgan ta’limi unga yangi imkoniyatlar yaratgan. "Ilgari, hatto ta’lim olgan bo‘lsangiz ham, uni davom ettirishingiz haqida o‘ylamasdingiz. O‘rniga erga tegishni o‘ylagan bo‘lardingiz. Hozir fikrlash tarzi butunlay boshqa."

Tashvishli yangi dalillar

Buyuk Britaniya va butun Yevropada yaqin qarindoshlar nikohlari, ayniqsa shifokorlar tomonidan, kuchli nazorat ostiga olinmoqda. Ular yaqin qarindoshlar nikohidan tug‘ilgan farzandlar turli sog‘liq muammolariga duch kelish ehtimoli yuqori ekanligidan ogohlantirishmoqda.

Endi bunga Bredforddan olingan yangi, ehtimol tashvishli ma’lumotlarni qo‘shish mumkin.

Shahar universiteti tadqiqotchilarining "Bredfordda tug‘ilganlar" tadqiqoti 18-yildirki davom etmoqda. Bu eng yirik tibbiy tadqiqotlardan biri: 2007-2010 yillar orasida tadqiqotchilar shaharda 13 000 dan ortiq chaqaloqni kuzatuvga olishdi va ularni bolalikdan o‘smirlik davrigacha, endi esa erta yetuklik davrigacha diqqat bilan kuzatib kelishmoqda. Tadqiqotdagi har oltinchi bolaning ota-onasi asosan Bredfordning Pokiston jamoasidan bo‘lgan amakivachchalardir. Bu esa amakivachcha nikohlarning sog‘liqqa ta’sirini o‘rganishda dunyodagi eng qimmatli tadqiqotlardan biri hisoblanadi.

So‘nggi bir necha oyda e’lon qilingan va BBC Radio 4'ning "Bredfordda tug‘ilganlar" eshittirishining navbatdagi qismida tahlil qilingan ma’lumotlarda, tadqiqotchilar yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi ota-onalik ilgari o‘ylanganidan ko‘ra kengroq oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aniqladilar.

Qarindosh ota-onalar bolaning sog‘lig‘i uchun xavfni oshirishi mumkin bo‘lgan eng aniq yo‘l – bu kista fibrozi yoki o‘roqsimon hujayrali anemiya kabi retsessiv kasallikdir. Gregor Mendelning klassik genetika nazariyasiga ko‘ra, agar ota-onaning ikkalasi ham retsessiv genga ega bo‘lsa, ularning farzandi bu holatni meros qilib olish ehtimoli to‘rtdan birni tashkil etadi. Ota-onalar amakivachcha bo‘lsa, ikkalasi ham tashuvchi bo‘lish ehtimoli yuqori. Birinchi amakivachchalar farzandida retsessiv kasallik rivojlanish ehtimoli 6%, umumiy aholi orasida esa 3% ni tashkil qiladi.

Ammo Bredford tadqiqoti ancha keng qamrovli bo‘lib, yangi ma’lumotlar beradi. Tadqiqotchilar bolaga ma’lum bir retsessiv kasallik tashxisi qo‘yilgan-qo‘yilmaganinigina kuzatayotgani yo‘q. Buning o‘rniga ular o‘nlab ko‘rsatkichlarni o‘rganib, bolalarning nutqi va til rivojlanishidan tortib, shifokorga qanchalik ko‘p borishlari, maktabdagi natijalarigacha kuzatib borishgan. Keyin ular qashshoqlik va ota-ona ta’limi omilini istisno qilish uchun matematik modeldan foydalanishgan. Shunday qilib, ular "qon-qarindoshlik", ya’ni qarindosh ota-onalar masalasiga e’tibor qaratishgan.

Ular qashshoqlik kabi omillar hisobga olinganidan keyin ham Bredforddagi birinchi amakivachchalarning farzandida nutq va til muammosi tashxisi qo‘yilish ehtimoli 11 foizni, ota-onalari qarindosh bo‘lmagan bolalarda esa 7 foizni tashkil etishini aniqladilar.

Shuningdek, birinchi amakivachchalarning farzandi "yaxshi rivojlanish bosqichiga" (Angliyadagi barcha besh yoshli bolalarga beriladigan hukumat bahosi) erishish ehtimoli 54 foiz, ota-onalari qarindosh bo‘lmagan bolalarniki esa 64 foizni tashkil etishini aniqladilar.

Ularning sog‘lig‘i yomonlashgani haqida oilaviy shifokorga tashriflar soni orqali ham qo‘shimcha ma’lumot olinadi. Birinchi amakivachchalarning farzandlari ota-onalari qarindosh bo‘lmagan bolalarga qaraganda birlamchi tibbiy yordamga uchdan bir qismga ko‘proq – yiliga o‘rtacha uch emas, to‘rt marta murojaat qilishadi.

Shunisi e’tiborliki, hatto ushbu guruhda allaqachon tashxis qo‘yilgan retsessiv kasallikka chalingan bolalarni hisobga olganingizda ham, raqamlar qarindoshlik hatto retsessiv kasali aniqlanmagan bolalarga ham ta’sir qilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Bredford universitetining faxriy professori va tadqiqot muallifi Nil Smollning aytishicha, garchi retsessiv kasallikka chalingan bolalarning barchasi shifokorga o‘rtacha ko‘rsatkichdan ko‘proq borgan bo‘lsa ham, "bu qarindoshlar bolalarida tibbiy xizmatdan ortiqcha foydalanishning bunchalik keng tarqalishini to‘liq tushuntira olmaydi."

Uning aytishicha, tadqiqot "qiziqarli, chunki u davolash usullarini maqsadli yo‘naltirgan holda yanada aniqroq javob ishlab chiqish imkonini beradi."

O‘sib borayotgan xavotir

Bu, albatta, faqat bitta tadqiqot va Bredford aholisi butun Buyuk Britaniyani aks ettirmaydi.

Shunga qaramay, bu butun Yevropa qonun chiqaruvchilari e’tiborini tortgan va olimlar orasida tobora ortib borayotgan xavotirga qo‘shimcha bo‘lmoqda. Ikki Skandinaviya davlati amakivachchalar o‘rtasidagi nikohni butunlay taqiqlashga o‘tdi. Norvegiyada bu amaliyot o‘tgan yili taqiqlangan bo‘lsa, Shvetsiyada esa kelasi yildan taqiq kuchga kiradi.

Richard Holden

Surat manbasi, PA Media

Surat tagso‘zi, Richard Holden qonun loyihasi taklif qildi

Buyuk Britaniyada konservativ partiya deputati Richard Holden noqonuniy nikohlar ro‘yxatiga (ota-onalar, bolalar, aka-ukalar va bobo-buvilar bilan birga) qo‘shib, bu amaliyotni taqiqlash uchun qonun loyihasini kiritdi. Ammo leyboristlar hukumati taqiq qo‘yish "rejalari yo‘qligini" aytmoqda. Hozirgi vaqtda Buyuk Britaniya hali ham "genetik maslahat" siyosatiga amal qiladi, bunda yaqin qarindoshlarga farzand ko‘rish xavfi haqida xabardor qilinadi va homiladorlik paytida qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tishga undaydi.

Ammo bolalar salomatligi va sog‘liqni saqlash tizimidagi zo‘riqishlardan xavotirda bo‘lgan ba’zi olimlar maslahat berishga ko‘proq mablag‘ va aniq yo‘naltirilgan aralashuv bilan kuchaytirilgan yondashuv kerakdir, degan savolni ko‘tarmoqda. Ba’zilar esa Skandinaviya tajribasidan o‘rnak olib, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlashdek murakkab va bahsli qaror qabul qilish vaqti keldi, deb hisoblashmoqda.

Buyuk Britaniyadagi ko‘pchilik uchun amakivachcha bilan nikoh deyarli begona. Ammo bu har doim ham g‘ayriodatiy bo‘lmagan. Evolyutsiya nazariyasi asoschisi Charlz Darvin qarindoshi Emma Vedjvudga uylangan. Ularning o‘g‘li, Viktoriya davri olimi ser Jorj Darvin XIX asrda Britaniyadagi 20 ta aristokratik nikohdan deyarli bittasi amakivachchalar o‘rtasida bo‘lganini taxmin qilgan. Ulardan biri birinchi amakivachchasi shahzoda Albertga turmushga chiqqan qirolicha Viktoriya edi. "Bo‘ronli tepaliklar" romanida ham bunday misollar ko‘p.

Qarindoshlar o‘rtasida nikoh Janubiy Osiyo jamolarida ko‘proq uchraydi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Qarindoshlar o‘rtasida nikoh Janubiy Osiyo jamolarida ko‘proq uchraydi

XX asrga kelib, amakivachchalar o‘rtasidagi nikohlar ulushi taxminan 1% gacha kamaydi. Ammo bu ba’zi Janubiy Osiyolik ozchiliklar orasida nisbatan keng tarqalgan amaliyot bo‘lib qolmoqda. Ikki yil oldin e’lon qilingan "Bredfordda tug‘ilganlar" tadqiqoti so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, shahar ichidagi uchta Bredford tumanida pokistonlik onalarning deyarli yarmi (46 foizi) birinchi yoki ikkinchi amakivachchasiga turmushga chiqqan.

"Murakkablashgan" oqibatlar

Sam Oddie
Men o‘limga olib keladigan teri kasalliklarini, o‘limga olib keladigan miya kasalliklarini, o‘limga olib keladigan mushak kasalliklarini ko‘rdim.
Professor Sem Oddi
Batafsil: BBC.COM/UZBEK

Ushbu amaliyotni taqiqlamoqchi bo‘lganlar uchun jamoat salomatligi bo‘yicha argumentlarning o‘zi yetarli. Dekabrь oyida qonun loyihasini e’lon qilgan Richard Holden tug‘ma nuqsonlar xavfi yuqoriligini ta’kidladi. Keyinchalik Talk TVda u amakivachchalardan tug‘ilgan bolalarda chaqaloqlar o‘limi darajasi yuqoriligi, retsessiv buzilishlar tufayli yurak, miya va buyraklar bilan bog‘liq muammolar ko‘proq uchrashi haqidagi ma’lumotlarga ishora qildi. U, shuningdek, bu amaliyot avloddan-avlodga o‘tib borganida, sog‘liq uchun ta’sirlar "murakkablashishi" mumkinligini tushuntirdi.

"Faros" jamg‘armasi ilmiy-tadqiqot instituti hammuassisi, tadqiqotchi Patrik Neshning amakivachchalar nikohi taqiqlanishini istashi sabablaridan biri ham shu. O‘tgan yili "Oxford Journal of Law and Religion" jurnalida nashr etilgan maqolada Nesh taqiqlash, ayniqsa, bu amaliyot keng tarqalgan jamoalarda sog‘liqni "zudlik bilan" yaxshilashga olib kelishini yozgan. U shunday dedi: "Amakivachchalar o‘rtasidagi nikohni taqiqlash jamoat sog‘lig‘ini sezilarli darajada yaxshilaydi va salomatlik uchun salbiy oqibatlarga olib kelmaydi."

Professor Sem Oddi Bradfordda 20 yildan ko‘proq ishlagan

Surat manbasi, Sam Oddie

Surat tagso‘zi, Professor Sem Oddi Bradfordda 20 yildan ko‘proq ishlagan

Bredfordda esa bu ancha murakkab manzara. Professor Sem Oddi, neonatolog-maslahatchi va Bredford o‘quv kasalxonalari tadqiqotchisi, yigirma yildan ortiq vaqt davomida shaharda ishlagan. Yillar davomida u ko‘plab og‘ir genetik kasalliklarni kuzatgan. "Men o‘limga olib keladigan teri kasalliklarini, o‘limga olib keladigan miya kasalliklarini, o‘limga olib keladigan mushak kasalliklarini ko‘rdim", deydi u. Uning aytishicha, bu holatlar boshqa joylarga qaraganda Bredfordda ko‘proq uchrayotgani "aniq bo‘lgan."

U ba’zi fojiali misollarni eslaydi: bir xil genetik kasallik tufayli birin-ketin bir nechta farzandini yo‘qotgan oilalar bor. "Bu juda achinarli va oilaning buni anglab yetishi juda qiyin," deydi u.

Umumiy ajdodlar

Ammo eng muhimi, professor Oddi fikricha, Bredforddagi genetik salomatlik uchun asosiy xavf amakivachchalar o‘rtasidagi nikoh emas, balki endogamiya deb ataladigan shunga o‘xshash holat hisoblanadi. Bunda odamlar o‘z jamoasining a’zolari bilan turmush quradi. Uning ta’kidlashicha, yaqin etnik guruhda odamlar amakivachcha bo‘lish-bo‘lmasligidan qat’i nazar, umumiy ajdodlar va genlarga ega bo‘lish ehtimoli yuqori.

Endogamiya faqat Buyuk Britaniyadagi pokistonlik jamoalarga xos emas. Bu Buyuk Britaniyadagi yahudiy jamoasi va butun dunyo bo‘ylab Amishlar hamda frantsuz kanadaliklar orasida ham uchraydigan muammo.

"Ko‘pincha aniq oilaviy aloqani aniqlab bo‘lmaydi, lekin gen ma’lum bir guruhda ko‘proq uchraydi va shu sababli, ota-onaning ikkalasi ham o‘sha genni olib yuradi," deydi professor Oddi. "Amakivachchalar nikohi Bredford yoki Pokiston jamoalaridagi barcha ortiqcha retsessiv kasalliklar sababi deyish juda soddalashtirilgan fikr. Endogamiya muhim omil hisoblanadi."

Ta’lim kuchi

Taqiqlash o‘rniga, u ta’lim kuchi yoki "genetik savodxonlik" omilini ta’kidlaydi. Bu biz suhbatlashgan odamlar tez-tez takrorlagan ibora. Ko‘p yillar davomida Bredfordda Pokiston jamoasidagilarni bunday nikohlarning genetik xavflari haqida xabardor qilish kampaniyasi olib borildi. Er-xotinlarga shifokorlar tomonidan maxsus maslahatlar beriladi; homiladorlik bo‘yicha mashg‘ulotlarda bo‘lajak onalarga ma’lumot uzatiladi.

Pokistonliklar o‘rtasida tushuntirish ishlari azaldan olib boriladi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Pokistonliklar o‘rtasida tushuntirish ishlari azaldan olib boriladi

Bredfordda, hech bo‘lmaganda, ba’zilar bu xabarni qabul qilmoqda. Opa-singillarning uyida biz suhbatlashgan uchala ayol ham amakivachchalar nikohi haqidagi qarashlar asta-sekin o‘zgarayotganini, bu qisman sog‘liq uchun xavf-xatarlar haqida xabardorlik oshishi bilan bog‘liqligini aytishdi. Ular shaharning qashshoq, postindustrial Manninghem hududida istiqomat qilishadi. Bu yerda o‘ziga xos qo‘shnichilik ruhi mavjud. Barcha uylarning old eshiklari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chaga ochiladi, ko‘cha esa o‘ynayotgan bolalarga to‘la. Vaqti-vaqti bilan ularning kulgi ovozlari ichkariga kirib keladi.

"Bu asta-sekin sodir bo‘ladigan jarayon – shoshilmaslik kerak," deydi sevgi asosida turmush qurishni tanlagan Salina ismli qiz. "Onam [Buyuk Britaniyaga Pokistondan] kelganida juda yosh edi. Uning ba’zi qarashlari bor edi, lekin u bizni sevgani uchun o‘zgardi. Men unga shunchaki tushuntirdim: «Oyi, amakivachchalarni uylantirish sizga qanday foyda keltiradi?»

Katta opasi Malika rozi bo‘ladi. "Bu ijtimoiy tarmoqlar va turli odamlar bilan muloqotda bo‘lish bilan ham bog‘liq, – deydi u. – Yangi aloqalaring paydo bo‘ladi... ota-onamiz nazoratidan tashqaridagi odamlar bilan munosabatlar o‘rnatiladi."

Hatto amakivachchasi bilan turmush qurgan eng katta opa Oysha ham ikki farzandi amakivachchalariga turmushga chiqishini tasavvur qilolmasligini aytdi.

U amakivachchasiga turmushga chiqqan paytda, "Boshqachasini bilmasdim. Ota-onam o‘z madaniyatlariga qattiq bog‘langan edi. Avlodlar almashishi bilan bu madaniyat biroz yo‘qolib bormoqda," deydi u.

U ikki farzandli bo‘lganida genetik xavflardan xabardor edi. Ikkalasida ham irsiy kasallik yo‘q.

"Biz bu ma’lumotni e’tiborga oldik, – deydi u genetik salomatlik mavzusida. – Ammo men doim, bo‘ladigan narsa bo‘ladi, deb o‘ylayman. Agar bola nogiron bo‘lib tug‘ilishi taqdirda bo‘lsa, bu amakivachchangiz bilan turmush qurganingiz yoki qurmaganingizdan qat’i nazar sodir bo‘ladi."

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Hech bo‘lmaganda Bredfordda bu amaliyot kamaymoqda. "Bredfordda tug‘ilganlar" tadqiqotida ishtirok etgan yangi onalarning chaqalog‘i otasi bilan amakivachcha bo‘lganlarning ulushi 2000 yillar oxiridagi 39 foizdan 2010 yillar oxirida 27 foizga tushgan.

"Bredfordda tug‘ilganlar" loyihasi bosh tadqiqotchisi, professor Jon Raytning fikricha, bu tasodif emas. U ta’kidlashicha, uning jamoasi Buyuk Britaniyada amakivachchalar o‘rtasidagi nikoh xavflari haqidagi dalillarni yaqindagina e’lon qilgan.

"Biz 10 yil oldin oilalar bilan suhbatlashganimizda, odamlar xavf-xatarlardan xabardor emasligi, ammo barcha ota-onalar kabi ular ham farzandlari uchun qo‘llaridan kelganini qilishni istashlari aniq edi. Ular sog‘lom farzand ko‘rishni xohlashardi," deydi u.

"Ta’lim – bu boshlang‘ich nuqta va biz "Bredfordda tug‘ilganlar» loyihasida uning qanchalik kuchli ekanligini ko‘rsatdik."

"Majburiy nikohlar"

Sog‘liq muammolaridan tashqari, ba’zi odamlar amakivachchalar nikohini taqiqlashni xohlashiga yana bir sabab bor: bu ijtimoiy hamjihatlikka ta’sir qiladi. Skandinaviyada asosan mana shu narsa bahsga sabab bo‘lmoqda. O‘tgan yili amakivachchalar o‘rtasidagi nikoh taqiqlangan Norvegiyada qonun chiqaruvchilar bu amaliyot majburiy nikoh bilan bog‘liqligini, ba’zi janubiy osiyolik muhojir ayollar qarindoshlari bilan turmush qurishga majburlanganini ta’kidlashdi.

Norvegiya gazetasi uchun bu voqeani yoritgan jurnalist Tonje Egediusning so‘zlariga ko‘ra, ular bu masalani "nomus" deb ataladigan zo‘ravonlik bilan ham bog‘lashgan.

"[Politsiyaning] ta’kidlashicha, amakivachchalar nikohi jinoyatchilarga oilalarda "nomus"ni saqlashni osonlashtiradi, – deydi u, – va oila ichida nikoh "nomus" bilan bog‘liq zo‘ravonlik va tajovuz sabablaridan biri hisoblanadi."

Norvegiya politsiyasi yuqori lavozimli xodimi Jasmina Holten o‘tgan yili NRK telekanali bilan suhbatda qarindosh nikohiga majburlangan ayollarning ba’zilari o‘zini tuzoqqa tushgandek his qilishini, qarindoshlariga moliyaviy jihatdan qaram bo‘lib qolishlarini aytdi. Bunday holatlarda ajralish ko‘pincha jamiyatdan chetlatilishga olib keladi. Amakivachcha nikohini taqiqlash bu zulm zanjirini uzishi mumkin, deydi u.

Shuningdek, Shvetsiya adliya vaziri Gunnar Stryommer o‘z mamlakatidagi amakivachcha nikohiga qo‘yilgan taqiq ayollarni "sha’n tushunchasi bilan bog‘liq zulmkor qoidalardan" ozod qilishini ta’kidladi.

Bu madaniy argument tobora ko‘proq e’tibor qozonmoqda. Taqiq tarafdorlari ushbu turdagi nikohlarni keng ma’noda odamlarni jamiyatning qolgan qismidan ajratib qo‘yadigan segregatsiya vositasi sifatida ko‘radi. Faros jamg‘armasidan Nesh aytishicha, amakivachcha nikohini taqiqlash Bredford kabi joylarda etnik ajralishni kamaytirishga yordam beradi.

Boshqalar esa qonunchilik yordamida odamlarni integratsiyaga majburlash mumkinligiga shubha bilan qarashadi. Ularning fikricha, hatto taqiq qo‘yilganda ham, ba’zi juftliklar noqonuniy, ro‘yxatdan o‘tmagan nikohlar orqali yashashda davom etishadi va bunday nikohdagi ayollar munosabatlar yomonlashganda, davlat himoyasidan mahrum bo‘lishlari mumkin.

Nazir Afzal yaxshi ishlangan qonunlar qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga majburlanuvchilarni himoya qilishiga ishonadi
Surat tagso‘zi, Nazir Afzal yaxshi ishlangan qonunlar qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga majburlanuvchilarni himoya qilishiga ishonadi

Angliyaning shimoli-g‘arbiy qismi bo‘yicha sobiq bosh qirollik prokurori Nazir Afzal aytishicha, "puxta o‘ylangan qonunchilik" mazkur nikohga majburlangan odamlarni "himoya qiladi". "Ammo biz madaniy xilma-xillik va shaxsiy tanlovni hurmat qilishimiz kerak," deydi u. "Amakivachcha nikohi dunyoning ko‘p qismlarida muhim madaniy amaliyot hisoblanadi va qonunchilik uning asosida yotgan ijtimoiy va oilaviy qadriyatlarga e’tiborli bo‘lishi lozim."

Keng ma’noda, uning fikricha, hukumatlar "to‘liq taqiq"ni joriy etishdan ko‘ra, amakivachcha nikohiga kirayotgan juftliklar uchun ta’lim va genetik tekshiruvni kuchaytirish haqida o‘ylashi mumkin.

"Kelishmovchilik keltirib chiqarish"

Ba’zilar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlash ayrim ozchiliklar boshqalarga nisbatan ko‘proq nishonga olinayotgani haqidagi yoqimsiz tasavvur uyg‘otadi. Nomusga asoslangan zo‘ravonlikka barham berish uchun faoliyat yurituvchi Karma Nirvana xayriya tashkiloti amakivachcha nikohini taqiqlashga urinishni "siyosiy ochko to‘plash, nafratni qo‘zg‘atish va jamoalar o‘rtasida nizo keltirib chiqarish vositasi" deb baholadi.

Richard Holdenning qonun loyihasi Jamoalar palatasida ikkinchi o‘qishni kutmoqda. Hukumat qo‘llab-quvvatlamagani sababli uning qabul qilinishi ehtimoli past, ammo loyihaning mavjudligi va Skandinaviyadagi voqealar amakivachcha nikohi keng tarqalgan jamoalardan tashqarida ham muhokama qilinishiga sabab bo‘ldi.

Albatta, amakivachchalari bilan turmush qurgan britaniyaliklar uchun hayot avvalgidek davom etmoqda.

Amakivachchasi bilan turmush qurgan Oysha o‘zining deyarli o‘n yillik munosabati haqida o‘ylab, "Qiyinchiliklar bor – birga ko‘p narsalarni boshdan kechirdik, ko‘p narsadan voz kechdik," deydi turmush o‘rtog‘i haqida. "Lekin birgalikda baxtlimiz."

"Menimcha, muhabbat asosida qurilgan nikohlarda ham muammolar bo‘ladi. Faqat ular boshqacha bo‘ladi," deb qo‘shib qo‘yadi u.