Rossiya iqtisodiga G‘arb sanksiyalari ta’sir qilmayaptimi?

Rossiya tanklari

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Deniel Tomas
    • Role, BBC
  • O'qilish vaqti: 4 daq

2022 yilda Ukrainaga noqonuniy bostirib kirganidan beri Rossiya dunyodagi eng ko‘p sanksiya qo‘yilgan davlatga aylandi. Shunga qaramay, uning iqtisodiyoti hayratlanarli darajada bardoshli bo‘lib chiqdi.

2024 yilda, agar rasmiy statistikaga ishonilsa, Rossiya iqtisodiyoti barcha G7 davlatlari – Kanada, Frantsiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va AQSh iqtisodiyotlarini ortda qoldirdi. O‘tgan yili Rossiya iqtisodiyoti 4,3 foizga o‘sdi. Bu ko‘rsatkich Buyuk Britaniyada 1,1 foiz, AQShda esa 2,8 foizni tashkil etdi.

Bunday o‘sish, asosan, Kremlning rekord darajadagi harbiy xarajatlari hisobiga yuz berdi. Neftь eksporti hajmi ham nisbatan barqaror bo‘lib qoldi: ilgari Yevropaga eksport qilingan mahsulotlar endilikda Xitoy va Hindistonga yo‘naltirildi. Bundan tashqari, egalari va harakati yashirin bo‘lgan tankerlar – "soya floti" Moskvaga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bermoqda.

Shu bilan birga, Bank of America ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya rubli bu yil 40 foizdan ortiq o‘sib, jahon bozoridagi eng yaxshi natijani ko‘rsatgan valyutaga aylandi.

Ammo 2026 yilga yaqinlashganimiz sari vaziyat o‘zgarib bormoqda.

Mamlakat ichida inflyatsiya yuqori darajada saqlanib qolmoqda, foiz stavkalari 20 foizga yetgan, kompaniyalar esa malakali ishchi topishda qiynalmoqda. Xalqaro miqyosda esa neftь narxlari Isroil va Eron o‘rtasidagi hozirgi mojaro tufayli o‘sishga moyil bo‘lsa-da, yil boshida pasayish kuzatilgan edi.

Rossiya iqtisodiyot vaziri payshanba kuni mamlakat "qizib ketgan" iqtisodiy o‘sish davridan so‘ng "turg‘unlik yoqasida" turganini tan oldi. Ba’zi kuzatuvchilar esa hatto iqtisodiyot inqiroz yoqasiga kelib qolganini taxmin qilishmoqda.

Getty Images
Umuman olganda, 2026 yil oxirigacha vaziyat nihoyatda noqulay bo‘ladi va, albatta, defoltlar hamda bankrotliklar yuz beradi. Shunga qaramay, inqiroz yengil bo‘ladi.
Yevgeniy Nadorshin
Iqtisodchi, Moskva (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Ammo bu qanchalik haqiqatga yaqin? Va urushga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

Moskvada yashovchi iqtisodchi Yevgeniy Nadorshin Bi-bi-si bilan suhbatda shunday deydi: "Umuman olganda, 2026 yil oxirigacha vaziyat nihoyatda noqulay bo‘ladi va, albatta, defoltlar hamda bankrotliklar yuz beradi." Shunga qaramay, u inqiroz "engil" bo‘lishini taxmin qiladi va inqiroz haqidagi dahshatli bashoratlarni "butkul yolg‘on" deb ataydi. "Rossiya iqtisodiyoti bundan ham og‘ir inqirozlarni boshdan kechirgan", deydi u.

Nadorshinning aytishicha, ishsizlik darajasi hozirda rekord darajada past – 2,3 foiz. Kelasi yilda esa bu ko‘rsatkich atigi 3,5 foizgacha ko‘tarilishi mumkin. Taqqoslash uchun, Buyuk Britaniyada aprel oyida ishsizlik darajasi 4,6 foizni tashkil etgan.

Putin

Surat manbasi, Getty Images

Shu bilan birga, ekspertlar Rossiyaning iqtisodiy turg‘unlik davriga kirganini ta’kidlashmoqda. 2024 yil aprel oyida yillik inflyatsiya darajasi 9,9 foizni tashkil etdi. Bu, qisman, G‘arb sanksiyalari tufayli import narxlari oshganligi va ishchi kuchi tanqisligi sabab ish haqlari ko‘tarilishi bilan bog‘liq.

Rossiyaning Oliy iqtisodiyot maktabi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yil oxiriga kelib mamlakatda taxminan 2,6 million ishchi yetishmagan. Bu holat asosan erkaklarning urushga safarbar qilinishi yoki undan qochib, xorijga chiqib ketishi bilan bog‘liq.

Markaziy bank inflyatsiyani jilovlash uchun foiz stavkalarini rekord darajaga ko‘tardi. Biroq bu holat kompaniyalarning sarmoya jalb etishini qiyinlashtirmoqda. Shu bilan birga, Rossiyaning neftь va gazdan tushadigan daromadi sanksiyalar va narxlar pasayishi tufayli kamaydi: rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yil may oyida bu daromad o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga tushgan.

Bu holat byudjet taqchilligini kengaytirdi, mamlakat infratuzilma hamda davlat xizmatlariga ajratiladigan mablag‘ni kamaytirishga majbur bo‘ldi.

"Ularda harbiylar uchun tegib bo‘lmaydigan ulkan xarajatlar bor, – deydi siyosatshunos va Rossiya bo‘yicha tahlilchi Andrash Tot-Sifra. – Shu sababli yo‘l, temir yo‘l va kommunal xizmatlar sohasidagi muhim investitsiya loyihalariga ajratilgan mablag‘lar boshqa tomonlarga yo‘naltirilmoqda. Xizmatlar sifati esa ko‘zga ko‘rinarli darajada yomonlashmoqda."

Rossiya G‘arb sanksiyalariga kutilganidan yaxshiroq dosh bergan bo‘lishi mumkin, ammo sanksiyalar iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda, deya ta’kidlaydi Tot-Sifra.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Rossiyalik kompaniyalar zarur texnologiyalarni import qilishda qiyinchilikka duch kelmoqda va bu ayniqsa avtomobil sanoatiga jiddiy zarar yetkazdi. Yevropa Ittifoqi Rossiya ko‘mirini import qilishni taqiqladi va 2027 yilgacha gaz importini ham butunlay to‘xtatishni ko‘zlayapti.

"Bu omillar qisqa muddatda Rossiyaning urush olib borish salohiyatiga jiddiy to‘sqinlik qilmaydi, – deydi Tot-Sifra. – Ammo ular kelgusi yillarda iqtisodiy o‘sish va diversifikatsiya imkoniyatlarini cheklashi mumkin."

Hozircha esa Kreml bu xavotirlarni inkor etmoqda. 2024 yil iyunь oyi boshida Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga Rossiya iqtisodiyotining "makroiqtisodiy barqarorligi" va "asosiy kuchi" yaqqol namoyon bo‘layotganini aytdi.

Aprel oyida esa u hukumat siyosati tufayli Rossiya iqtisodiyoti "ancha muvaffaqiyatli rivojlanayotganini" ta’kidladi.

Rossiya rubli

Surat manbasi, Getty Images

Ammo bundan keyin nima bo‘lishini oldindan aytish qiyin.

Agar Ukraina va Rossiya bu yil tinchlik kelishuviga erishsa – bu ehtimoldan xoli emas – Moskvaga nisbatan xalqaro bosim bir oz yengillashishi mumkin. AQSh prezidenti Donald Tramp munosabatlarni normallashtirish, hattoki yangi iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan.

Biroq Oksford energetika tadqiqotlari instituti olimi doktor Katya Yafimavaning fikricha, Yevropa, hatto tinchlik o‘rnatilgan taqdirda ham, o‘z yo‘lidan borishda davom etishi va Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni saqlab qolishi mumkin.

"Hatto shunday bo‘lmagan taqdirda ham, Yevropaning 2022 yilgacha bo‘lganidek Rossiya nefti va gazini katta hajmda xarid qilishi deyarli mumkin emas. Garchi gaz importining qisman tiklanishi ehtimoli bo‘lsa-da," deya qo‘shimcha qiladi u.

"Shunga qaramay, bu holat Moskva uchun murakkab iqtisodiy vaziyatni yuzaga keltiradi. Rossiya neftь eksportining asosiy yo‘nalishini Yevropadan boshqa bozorlarga o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, gaz eksportini qayta yo‘naltirish birmuncha murakkab."

Nima bo‘lishidan qat’i nazar, urush Rossiya uchun uzoq muddatli iqtisodiy xarajatlar keltirib chiqaradi. Kreml esa bu xarajatlarni qoplash yo‘llarini tobora yo‘qotib bormoqda.