Ilm-fan: Neandertal amakivachchalarimiz bo‘lmasa, biz odamlar omon qolmasmidik?

bosh suyak

Surat manbasi, SPL

Surat tagso‘zi, Olimlar DNK tahlili orqali qadimiy odam qanday rivojlanganini aytib bera oladi.
O'qilish vaqti: 4 daq

Yangi tadqiqotlar ko‘rsatishicha, zamonaviy odamlar Afrikadan shaxdam chiqib, dunyoni egallay olmagan. Aksincha, bir necha marta Afrikadan chiqqach qirilib ketgan.

Yangi DNK tadqiqotlari bizning muvaffaqiyatimizda neandertal amakivachchalarimiz o‘ynagan rolga ham oydinlik kiritdi.

Afrikani tark etganimizdan so‘ng neandertallarni mag‘lub etganmiz deb ishonib kelgan bo‘lsak ham, yangi tadqiqotlar ko‘rsatadiki, faqat neandertallar bilan qo‘shilgan odamlargina ko‘payishda davom etgan, boshqalari esa nobud bo‘lgan.

Darhaqiqat, neandertallardan bizga o‘tgan genlar muvaffaqiyatimiz uchun juda muhim bo‘lib, bizni ilgari duch kelmagan yangi kasalliklardan himoya qilgan bo‘lishi mumkin.

Tadqiqot 48 000 yil muqaddam Afrikani tark etgandan so‘ng Homo sapiens neandertallar bilan qisqa muddat chatishgandan so‘ng butun dunyoga tarqala boshlaganini aniqladi.

Homo sapiens bundan avvalroq ham Afrika qit’asidan ko‘chib kelgan, ammo yangi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu populyatsiyalar neandertallar bilan chatishgunga qadar omon qolmay qirilib ketavergan.

Germaniyadagi Maks Plank evolyutsion biologiya instituti professori Yohannes Krauzning BBC News'ga aytishicha, zamonaviy insonlar tarixi qayta yozilishi kerak.

"Biz zamonaviy odamlarga 60 000 yil oldin Afrikadan chiqib, sayyoradagi barcha ekotizimlarga tarqalib ketgan buyuk muvaffaqiyat tarixi sifatida qaraymiz, – deydi u. – Aslida unday emas, Homo sapiens bir necha bor yo‘q bo‘lib ketgan."

evolutsiya

Surat manbasi, DAVID GIFFORD / SCIENCE PHOTO LIBRARY

Surat tagso‘zi, Bizning turimizning evolutsion rivojlanish tarixi qaytadan yozilishi kerak, deydi olimlar.

Uzoq vaqt davomida yagona odam turi qanday paydo bo‘lganligini tushunish uchun yuz minglab yillar oldin yashagan ajdodlarimizning toshga aylangan qoldiqlari shakllarini o‘rganar, ularning anatomiyasi vaqt o‘tishi bilan qanday nozik o‘zgarganini kuzatar edik.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Qadimgi qoldiqlar kam uchraydi va ko‘pincha shikastlangan holatda bo‘ladi. Ammo ko‘p ming yillik suyaklardan genetik kodni ajratib olish va ularni o‘qiy olishimiz bizning sirli o‘tmishimizdagi pardani ko‘taradi.

Tosh qotgan qoldiqlardagi DNK odamlarning hikoyasini, ularning bir-biri bilan qanday bog‘liqligini va qanday ko‘chib yurishganini so‘zlab beradi.

Neandertallar bilan muvaffaqiyatli chatishtirganimizdan keyin ham, Yevropadagi turdoshlarimiz muammosiz qolmadi.

Neandertallar bilan chatishgan va ular bilan birga yashagan o‘sha birinchi zamonaviy odamlar 40 000 yil oldin Yevropada yo‘q bo‘lib ketgan, ammo bungacha ularning avlodlari dunyoning boshqa joylariga tarqalib ulgurgan edi.

Ularning ajdodlari oxir-oqibat Yevropaga qaytib kelishgan.

Tadqiqot shuningdek, neandertallar Afrikadan zamonaviy odamlar kelganidan so‘ng tezda yo‘q bo‘lib ketganligi haqida yangi tushuncha beradi. Nega shunday bo‘lganini hech kim bilmaydi, ammo yangi dalillar bizning turdoshlarimiz ularni yo‘q qilgan yoki biz jismonan yoki intellektual jihatdan ustun bo‘lganimiz haqidagi nazariyalarni yo‘qqa chiqaradi.

suyak

Surat manbasi, SPL

Surat tagso‘zi, Neandertal odam bosh suyagi. Bu tur - 40 ming yil burun qirilib ketgunga qadar - minglab yillar davomida biz bilan yonma-yon yashagan.

Buning o‘rniga, deydi professor Krauz, bu atrof-muhit omillari bilan bog‘liq degan fikrni qo‘llab-quvvatlaydi.

"Bu vaqtda Yevropada odamlar ham, neandertallar ham nobud bo‘lgan, – deydi u. – Agar biz muvaffaqiyatli tur sifatida ushbu mintaqada yo‘q bo‘lib ketgan bo‘lsak, unda populyatsiyasi bundan ham kichikroq bo‘lgan neandertallarning yo‘q bo‘lib ketishi ajablanarli emas."

O‘sha paytdagi iqlim nihoyatda beqaror edi. Londondagi Tabiiy tarix muzeyi professori Kris Stringer aytishicha, iqlim birgina inson hayoti davomida deyarli bugungidek issiqdan juda sovuqqacha o‘zgarishi mumkin edi.

"Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, tur sifatida umri oxiriga kelib, neandertallarning soni juda oz bo‘lgan, ular bilan birga yashagan zamonaviy odamlarga qaraganda genetik jihatdan kamroq bo‘lgan va ularni yo‘q bo‘lib ketish yoqasiga olib borish uchun ko‘p vaqt talab qilinmagan bo‘lishi mumkin", — deydi u.

Science jurnalida chop etilgan boshqa bir DNK tadqiqoti shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy odamlar neandertallarning ba’zi asosiy genetik xususiyatlarini saqlab qolgan, bu ularga evolyutsion ustunlik bergan bo‘lishi mumkin.

Ulardan biri immun tizimi bilan bog‘liq. Odamlar Afrikadan chiqqanlarida, ular hech qachon duch kelmagan yangi kasalliklarga juda moyil edi. Neandertallar bilan chatishish ularning avlodlarini himoya qildi.

"Ehtimol, neandertal DNKsini olish muvaffaqiyatning bir qismidir, chunki bu bizga Afrikadan tashqariga yaxshiroq moslashish qobiliyatini berdi, – dedi professor Stringer. –Biz Afrikada, neandertallar esa Afrikadan tashqarida rivojlangan. Neandertallar bilan chatishish bizning immunitetimizni tezda yaxshiladi."