Xaloskor pashsha yo nega qolgan ovqatni pashshaga berishimiz kerak?

Surat manbasi, Energesman
- Author, MeriLou Kosta
- Role, Texnologiya bo‘yicha muxbir
- Reporting from, Vilnyus, Litva
- O'qilish vaqti: 5 daq
Aksariyat odamlar ovqat yonida uchib yurgan pashshalarni haydashga harakat qiladi, chiqindilar qutisidan qo‘ng‘izcha (lichinka) chiqishi haqidagi tasavvurdanoq ta’b xira bo‘ladi.
Biroq ba’zi shahar kengashlari aynan shu qo‘ng‘izchalar – pashsha lichinkalari va ularning chirigan ozuqaga bo‘lgan ishtahasini mamnuniyat bilan qarshi olmoqda.
Litva poytaxti Vilnyusda har yili 607 ming nafar aholi chiqaradigan 2 700 tonna ozuqa chiqindisini (qo‘shni olti shahar bilan birgalikda) qayta ishlash vazifasi rasman pashsha lichinkalariga yuklangan.
Bu vazifani bajarayotgan Energesman kompaniyasi shahardan bu xizmat uchun hech qanday to‘lov olmaydi. Kompaniya bosh direktori Algirdas Blazgisga ko‘ra, 2026 yilgacha 12 000 tonna chiqindisini qayta ishlash orqali shahar yiliga €2 mln ($2.3 mln) tejashi mumkin.
Energesman vilnyusliklarga maxsus apelsin rangli chiqindi paketlarini tarqatdi hamda inflyuenserlar orqali chiqindilarni saralashni targ‘ib qilmoqda. Chunki hozir yig‘ilayotgan 2 700 tonna – shaharda yiliga hosil bo‘ladigan taxminan 40 000 tonna maishiy chiqindining juda kam ulushi.
O‘tgan yildan boshlab ozuqa chiqindisini yig‘ish kengashlar uchun majburiy bo‘lgani sababli, shahar bu masalada samarali yechimlar izlamoqda.
Energesman esa semirgan lichinkalarni yangi daromad manbaiga aylantirishni niyat qilgan. Kompaniyaning Vilnyusdagi zavodida maxsus hududda olti millionga yaqin pashsha saqlanadi, ular har olti soatda juftlashadi. Urg‘ochi pashsha 21 kunlik hayoti davomida taxminan 500 tuxum qo‘yadi. Blazgis va uning jamoasi har oyda 3 milliondan ziyod lichinkani parvarishlaydi, ular hayotlarining dastlabki eng och kunlarida 11 tonnadan ortiq ozuqa chiqindisini yeydi.

Surat manbasi, Energesman
Aynan shu ulkan ishtaha ularni ozuqa chiqindisini qayta ishlashda rosa bop nomzodga aylantiradi. Bir tadqiqotda ular 40 sm.li pitstsani atigi ikki soatda yo‘q qilgani qayd etilgan.
Lichinkalarni katta pashshaga aylanib ulgurmasidan oldin yig‘ib olish muhim. Shunda oqsilga boy biomassa hayvon yemi yoki sanoatda ishlatiladigan moddalar – masalan, bo‘yoq, yopishqoq modda, chiroq qalpog‘i va mebel qoplamasi – ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Bundan tashqari, ular qoldirgan o‘g‘it qishloq xo‘jaligida ishlatiladi.
Energesman kompaniyasi allaqachon bo‘yoq, yopishqoq modda va mebel ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan hamkorlikda sinov yetkazib berish jarayonini boshlagan. Ammo Blazgis tan olishicha, jarayon u kutgandek oson kechmayapti – masalan, lichinkalardan tayyorlangan bo‘yoq rang jihatdan ideal chiqmadi, biroq chiroq qalpoqlari umidbaxsh.
Kompaniya universitetlar bilan hamkorlikda tadqiqotlar va bakteriya oziqlantirish uchun ham lichinka yetkazib beradi. Shuningdek, ularga mahalliy baliqchilik sanoatida ham talab bor.
Biroq Yevropa Ittifoqining sog‘liq va xavfsizlik qoidalariga ko‘ra, oshxona chiqindisi bilan oziqlangan lichinkalar inson iste’moli uchun mo‘ljallangan xasharotli mahsulotlarda ishlatilishi mumkin emas – bu go‘sht va baliq parchalari orqali ifloslanish xavfi bilan bog‘liq.
«Boshida ba’zi g‘alati g‘oyalar keldi, so‘ngra boshqalardan ham shunday fikrlar chiqadimi, deb izladik», deydi Blazgis.
«Hali hamma narsa yangi. Ko‘pchilik ish bermaydi deb o‘ylaydi, shuning uchun hali bu bilan faxrlanishmayapti. Lekin menimcha, natija yaxshi bo‘ladi».
Dunyoda lichinkalar orqali ozuqa chiqindisini qayta ishlash keng tarqalgan, biroq bu odatda xususiy tarzda amalga oshiriladi – masalan, mehmonxona yoki uy-joy mulkdori bilan lichinka parvarishlovchilar o‘rtasidagi shartnoma asosida.
Keniyada Project Mila deb nomlangan ijtimoiy loyiha Mombasada ortib borayotgan chiqindi muammosini hal qilish uchun lichinkalardan foydalanadi hamda fermerlarga frass o‘g‘itini yetkazib beradi.
Ammo bunday yutuqni rasman qabul qilgan shaharlar juda kam.
Avstraliyadagi Goterra kompaniyasi bu yildan Sidneyda ozuqa chiqindisini qayta ishlash uchun pashsha lichinkalaridan foydalanishni sinovdan o‘tkazmoqda. So‘nggi uch yilda kompaniya Qo‘shni mintaqadagi uchta shahar bilan hamkorlikda 10 tonna ozuqa chiqindisini qayta ishlab kelmoqda.

Surat manbasi, Flybox
Buyuk Britaniya shahar kengashlari ham yiliga 6.4 million tonna ozuqa chiqindisini qayta ishlash uchun millionlab pashshalarni olib kelishi ehtimoli faqat vaqt masalasi, deydi Flybox kompaniyasi bosh direktori Larri Koch.
Uning aytishicha, Flybox – Buyuk Britaniyada hasharotli chiqindi qayta ishlash bo‘yicha eng ko‘p ob’ektga ega kompaniya bo‘lib, asosan xususiy ozuqa ishlab chiqaruvchilar va supermarketlar bilan ishlaydi.
Flybox hasharotli qayta ishlash sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarni o‘z ichiga olgan Hasharotlarni biotransformatsiya qilish assotsiatsiyasining yetakchi a’zolaridan biridir.
Janob Kochning ta’kidlashicha, Buyuk Britaniyada mahalliy kengashlar bu tashabbusga katta qiziqish bilan qaramoqda, ayniqsa, 2026 yil mart oyidan boshlab Angliyada haftalik ovqat qoldiqlarini yig‘ish majburiy bo‘lishini inobatga olsak.
Angliyadagi 317 ta mahalliy hokimiyat organidan taxminan 148 tasi hanuz ovqat chiqindilarini yig‘ish ishlarini yo‘lga qo‘ymagan, deya ma’lum qiladi Mahalliy hokimiyat qayta ishlash maslaxat qo‘mitasi.

Surat manbasi, Flybox
Shu bilan birga, DEFRA (Atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha departament) joriy etgan reglamentlar mahalliy hokimiyatlarga ovqat chiqindilarini qayta ishlashda hasharot lichinkalaridan foydalanishga ruxsat bermaydi.
Janob Kochning fikricha, agar reglamentlar ilmiy taraqqiyot bilan hamohang yangilansa, Buyuk Britaniya ikki yil ichida o‘zining ilk mahalliy hokimiyat buyurtmasiga asoslangan hasharot zavodiga ega bo‘lishi mumkin.
"Afsuski, hozirda hukumat uchun eng xavfsiz yechim – rad javob berish. Biz suhbatlashgan barcha mahalliy hokimiyatlar hasharot oqsili g‘oyasidan juda ilhomlangan va boshqa texnologiyalardan ko‘ra hasharot fermalari bilan ishlashni ma’qul ko‘rishadi", deydi u.
DEFRA Bi-bi-siga yo‘llagan javobida hayvon mahsulotlari bo‘yicha amaldagi reglamentlar hasharotlardan ovqat chiqindisini qayta ishlashda foydalanishni cheklashini tasdiqladi.
Departament vakili ta’kidlashicha: "Chiqindilarni boshqarish bo‘yicha qoidalarimiz mamlakat bioxilma-xilligi xavfsizligini ta’minlash va kasalliklar tarqalishi xavfini kamaytirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Hozirda bu qoidalarni qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmagan".
Ayni paytda ovqat chiqindisini poligonlarga yuborishga muqobil yo‘q sifatida anaerob parchalash qo‘llanmoqda – bu jarayonda chiqindilardan biogaz olinadi.
Biroq janob Kochning ta’kidlashicha, mavjud anaerob parchalash inshootlari kelajakda kutilgan ovqat chiqindilarini qayta ishlashga tayyor emas.
"Dunyo bo‘ylab har yili taxminan 1,3 milliard tonna ovqat chiqindisi yo‘q qilinadi. Uning 40 foizgacha qismi hasharot chiqindisini boshqarish usuli orqali iqtisodiy aylanmaga qaytarilishi mumkinligiga ishonamiz. Bu nafaqat chiqindini qayta ishlash xarajatlarini va metan chiqindisini kamaytiradi, balki qimmatli oqsil va organik o‘g‘it ham beradi", deydi u.












