Qozog‘iston va Qirg‘izistonda tez yuquvchi Gonkong grippi tarqaldi

- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 2 daq
Qozog‘iston va Qirg‘izistonda Gonkong grippi (A/H3N2) tarqalishi holatlari ko‘paygan. Bu haqida ikki davlatning rasmiy idoralari xabar tarqatmoqda.
O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitar-epidemiologiya qo‘mitasi ushbu kasallik holatlari haqida ma’lumot tarqatmagan.
Qozog‘istonda, xususan, Gonkong grippi va o‘tkir respirator virusli infektsiyalar tarqalishi oqibatida 12 viloyatda 652 maktab masofadan o‘qish tizimiga o‘tkazildi.
Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu kasallikning tarqalishi cho‘qqisiga chiqqani yo chiqmagani bo‘yicha ma’lumot berishga qiynalmoqda.
Vazirlikka ko‘ra, kasallikning bu yil vaqtli tarqalishiga iliq havo turtki bergan.
Qirg‘izistonda esa 17 va 23 noyabrь o‘rtasida tarqalgan gripp holatlarining qariyb 92 foizi Gonkong grippiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bemorlarning qariyb 70 foizi – 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar.
Grippning bu turi O‘zbekistonda oxirgi marta 2023 yilda qayd etilgandi.
Bu qanday kasallik?
Gonkong grippidan og‘rish holati ilk marta 1968 yil o‘rtalarida Gonkongda qayd etilgan.
Juda tez tarqaluvchi bu gripp turi o‘shanda 4 milliongacha odamning o‘limiga olib kelgan pandemiyaga sabab bo‘lgan.
Sanitar-epidemiologiya qo‘mitasiga ko‘ra, Gonkong grippi oddiy grippga xos bo‘lgan belgilar bilan yuzaga keladi:
- tanadagi og‘riqlar;
- umumiy zaiflik va uyquchanlik;
- bosh og‘rig‘i va bosh aylanishi;
- mushak og‘rig‘i;
- yuqori harorat (ko‘pincha 39 darajadan yuqori);
- ko‘ngil aynishi va diareya;
- og‘riq, ko‘z yoshi va og‘riq;
- tomoq og‘rig‘i va quruq yo‘tal.
Gonkong grippi pnevmoniya, miokardit, entsefalit va meningit kabilarni keltirib chiqarishi, shuningdek surunkali yurak kasalliklari, astma, diabet va boshqalarni kuchaytirishi mumkin.
Nima tavsiya qilinadi?
Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi quyidagilarni tavsiya qilmoqda:
- Gavjum joylardan (kontsertlar, savdo markazlari) saqlaning. Iloji bo‘lsa, jamoat transportidan foydalanishni kamaytiring.
- Tibbiy niqob taqing – u yuzga mahkam o‘rnashib, burun va og‘izni yopib, har ikki-uch soatda yoki nam bo‘lganda almashtirilishi kerak.
- Alomatlarning birinchi belgisida uyda qoling va boshqalarga yuqtirmaslik uchun bolalarni maktabga yoki bolalar bog‘chasiga yubormang.
- Bemorning ahvoli va yoshiga mos keladigan muolaja uchun darhol shifokorga murojaat qiling.
- Bolalarga nafas olish gigienasini o‘rgating va o‘zingiz ham amal qiling: yo‘talayotganda va aksirganda bir martalik salfetkalardan foydalaning, og‘iz va burningizni qo‘lingiz bilan emas, balki tirsagingiz bilan yoping.
- Tashqaridan kirgandan, jamoat transportida sayohat qilgandan, jamoat joylariga tashrif buyurgandan va hokazolardan keyin qo‘llarni dezinfektsiyalovchi vositadan foydalaning.
- Xonalarni muntazam ravishda shamollating – kuniga kamida uch-to‘rt marta va 10-15 daqiqa davomida.
- Yotoqda yoting – gripp bilan oyoqda yurish xavflidir.
- Bemorni izolyatsiya qiling - iloji bo‘lsa, ularga alohida xona ajrating.
- Idish-tovoq va sochiqlar bilan ta’minlang - ularni alohida yuving va dezinfektsiya qiling.












