Tramp 30 yillik tanaffusdan keyin, yadroviy sinovlarni qayta tiklashni buyurdi. Video

Silo ichida ko‘rilgan AQSh yadroviy raketasi

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Maks Matsa
  • O'qilish vaqti: 4 daq

AQSh prezidenti Donald Tramp 30 yillik tanaffusdan so‘ng mamlakatda yadroviy qurol sinovlarini qayta boshlashni buyurdi. U bu qarorni Rossiya va Xitoy kabi davlatlarning harbiy dasturlaridan ortda qolib ketmaslik uchun qabul qilganini ma’lum qildi.

"Boshqa davlatlarning sinov dasturlari tufayli, men Urush Departamentiga yadroviy qurollarimizni teng asosda sinovdan o‘tkazishni boshlashni topshirdim," - deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqlarda, Xitoy rahbari Si Szinpin bilan Janubiy Koreyada uchrashuv arafasida.

Trampning aytishicha, AQSh hozirda dunyodagi eng katta yadroviy arsenalga ega. Rossiya ikkinchi o‘rinda, Xitoy esa "ancha orqada". AQShda oxirgi bor yadroviy qurol 1992 yilda sinovdan o‘tkazilgan edi.

Bu bayonot Tramp Rossiyaning yadroviy dvigatelli raketa sinovini tanqid qilganidan bir necha kun o‘tib yangradi. Bu raketa cheksiz masofani bosib o‘tish xususiyatiga ega ekani aytilmoqda.

Ikki yetakchining uchrashuvidan so‘ng Air Force One samolyotida Tramp yadroviy sinov maydonchalari keyinroq belgilanishini aytdi.

"Boshqalar sinov o‘tkazayotgan bir paytda, bizning ham shunday qilishimiz o‘rinli deb o‘ylayman," dedi Tramp Vashingtonga qaytayotganida.

Qurollarni nazorat qilish bo‘yicha Assotsiatsiyaga (ACA) ko‘ra, asrimizda Shimoliy Koreyadan boshqa hech bir davlat yadroviy portlash sinovini hali o‘tkazmagan.

Trampning e’loni sinovlar qanday amalga oshirilishi haqida tafsilotlarni o‘z ichiga olmagan, biroq u "jarayon darhol boshlanadi" deb yozgan.

U chorshanba kuni kechasi e’lon qilgan postida yadroviy qurollarning "ulkan halokatli kuchi"ni tan oldi, ammo birinchi prezidentlik muddatida AQSh arsenalini yangilash va ta’mirlashdan boshqa iloji yo‘qligini aytdi.

Shuningdek, u Xitoyning yadroviy dasturi "5 yil ichida boshqalarga yetib olishini" ta’kidladi.

Trampning so‘nggi bu bayonoti AQShning uzoq yillik siyosatidan voz kechishini anglatadi. AQSh oxirgi marta 1992 yilda yadroviy qurol sinovini o‘tkazgan, undan so‘ng Sovuq urush tugaganidan keyin sobiq respublikachi prezident Katta Jorj Bush moratoriy e’lon qilgan.

Rossiya esa hafta oxirida yadroviy jangovar kallaklarni tashishga qodir ikkita yangi qurolni muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini e’lon qildi.

Bu qurollar orasida AQSh mudofaa tizimlarini yorib o‘ta oladigan raketa va Poseydon nomli suv osti droni bor. Bu dron Amerika g‘arbiy sohiliga zarba berish va radioaktiv okean to‘lqinlarini keltirib chiqarishga qodir.

Bu sinovlar yadroviy qurollarning portlatilishini o‘z ichiga olmagan.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Qaysi davlat eng ko‘p yadroviy qurolga ega?

Tramp AQShda har qanday davlatdan ko‘ra ko‘proq yadroviy qurollarga ega ekanligini aytdi.

Har bir davlat o‘zida mavjud yadroviy kallaklar sonini sir saqlaydi, biroq Amerika Fanlar Federatsiyasiga (FAS) ko‘ra, Rossiyada taxminan 5,459 yadroviy kallak bor. AQShda esa 5,177 atrofida.

AQShda joylashgan Qurollarni nazorat qilish assotsiatsiyasi (ACA) ko‘ra esa bu raqamlar biroz yuqoriroqi: AQShning yadroviy zaxirasi 5,225 kallakni tashkil qiladi, Rossiyada esa taxminan 5,580 ta yadroviy kallak bor.

FAS ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy uchinchi eng yirik yadroviy kuch bo‘lib, taxminan 600 kallakka ega. Frantsiyada 290, Buyuk Britaniyada 225, Hindistonda 180, Pokistonda 170, Isroilda 90, Shimoliy Koreyada esa 50 kallak mavjud.

AQShdagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy so‘nggi besh yil ichida yadroviy arsenalini deyarli ikki baravar oshirgan va 2030 yilga kelib 1,000 dan ortiq qurolga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Trampning yadroviy sinovlar haqidagi bayonoti 2026 yil fevralida tugaydigan Yangi Strategik Qurollarni qisqartirish shartnomasi (New START) dan taxminan 100 kun oldin e’lon qilindi. Bu AQSh va Rossiya o‘rtasidagi yadroviy qurollar bo‘yicha so‘nggi amaldagi shartnomadir.

Ushbu kelishuv har bir davlatga qit’alararo uchish qobiliyatiga ega joylashtirilgan raketalarda 1,550 kallakdan ortiq bo‘lmasligini belgilaydi.

AQShda oxirgi yadroviy sinov qachon va qaerda bo‘lgan?

AQSh oxirgi marta yadroviy bombani 1992 yil 23 sentabrda sinovdan o‘tkazgan. Sinov AQShning g‘arbiy shtati Nevadadagi yer osti inshootida bo‘lgan.

Loyihaga Divider kod nomi berilgan bo‘lib, bu AQSh tomonidan o‘tkazilgan 1,054-chi yadroviy qurol sinovi bo‘lgan, deb xabar beradi dunyodagi birinchi atom bombasini yaratishda muhim rol o‘ynagan Los Alamos Milliy Laboratoriyasi.

Las-Vegasdan 105 km shimolda joylashgan Nevada sinov maydonchasi hanuzgacha AQSh hukumati tomonidan yuritiladi.

"Agar zarur deb topilsa, ushbu maydon yana yadroviy qurol sinovlari uchun ruxsat etilishi mumkin" deydi Smithsonian Instituti bilan hamkorlikda ishlaydigan Yadroviy fan va tarix milliy muzeyi.

Biroq ayrim mutaxassislar ta’kidlashicha, AQShga Nevada sinov maydonida yer osti yadroviy sinovlarini qayta boshlash uchun kamida 3 yil kerak bo‘ladi.

Qurollarni nazorat qilish assotsiatsiyasi (ACA) ijrochi direktori Daryl G Kimball " X" ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi:

"Tramp noto‘g‘ri ma’lumotga ega va voqelikdan uzilgan. AQShda 1992 yildan beri birinchi marta yadroviy portlash sinovlarini tiklash uchun hech qanday texnik, harbiy yoki siyosiy asos yo‘q."

U shuningdek qo‘shimcha qilib: "Tramp bu bilan Nevada shtatida kuchli jamoatchilik noroziligini, AQSh ittifoqchilarining qarshiligini keltirib chiqaradi va bu AQSh raqiblari tomonidan yadroviy sinovlar zanjirini boshlashi, hamda "Yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma" ni butunlay yo‘qqa chiqarishi mumkin" dedi.

Trampning e’loni ayrim muxolif demokratlar tomonidan ham salbiy qarshi olindi. Nevada vakili Dina Titus "X" da shunday yozdi:

"Men bu ishga chek qo‘yish uchun qonun loyihasini taqdim etaman."

AQSh yadroviy davrga ilk bor 1945 yil iyulda Nyu-Meksikodagi Alamogordo sahrosida o‘tkazilgan "Trinity sinovi" bilan kirib kelgan.

Shundan so‘ng, Ikkinchi jahon urushi davrida,1945 yil avgustda Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga ikkita atom bombasi tashlab, yadroviy qurollarni urushda ishlatgan dunyodagi yagona davlat bo‘lib qolgan.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue reading Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: