Isroil allaqachon yadro quroliga ega bo‘lganiga ishoniladi - Nega Eronga ruxsat berilmaydi?

Isroil

Surat manbasi, EPA

    • Author, Raffi Berg
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Isroil o‘zining yadroviy qurollariga ega ekaniga ishoniladi. Unda nega Eronga ham yadro quroli yaratishga ruxsat berilmaydi?

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu Eron yadroviy qurol yaratishga yaqin qolganini anchadan beri da’vo qilib keladi.

Biroq u allaqachon hammaga ma’lum bo‘lgan sir — ya’ni Isroil 1960 yillardan beri yadroviy qurollarga ega ekani haqida ochiq tan olib gapirmaydi.

Qurollarni nazorat qilish va tarqatmaslik markazi (Center for Arms Control and Non-Proliferation) ma’lumotlarida, Isroilning yadroviy arsenali taxminan 90 ta yadroviy kallakdan iborat deb baholaydi.

Bundan tashqari, Isroil yadroviy qurollarni tarqatmaslik bo‘yicha xalqaro kelishuv — "Yadroviy qurollarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma"ga (NPT) imzo chekmagan.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, mamlakatning yadroviy dasturi Negev cho‘lida joylashgan Dimona shahridagi yadroviy inshoot atrofida jamlangan.

Isroil rasman bu borada mavhum siyosat yuritadi va hech qachon yadroviy qurolga egaligini na tasdiqlaydi, na inkor etadi.

Negev sahrosidagi Yadroviy tadqiqot markazi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Negev sahrosidagi Yadroviy tadqiqot markazi

11 iyun. Nega Eron o‘z yadroviy quroliga ega bo‘lishiga ruxsat berilmaydi?

Oq kaska kiygan ishchi velosipedda Bushehr AESi reaktori binosi oldidan o‘tib ketayapti. Bu AES Eron jaanubidagi Bushehr shahri chetida joylashgan. Foto 2010 yil oktyabrida tasvirga olingan.

Surat manbasi, AP

AQSh va Eron rasmiylari O‘mon poytaxti Muskatda yuzma-yuz bo‘lmagan muzokaralar o‘tkazishdi, bundan ko‘zlangan maqsad, Eronning bahsli yadroviy dasturi bo‘yicha yangi kelishuvga erishish edi.

Bundan oldin Eron bilan dunyoning qudratli davlatlari o‘rtasida yadroviy bitim imzolangan, biroq 2018 yili Donald Tramp AQSh bu bitimdan chiqib ketishini e’lon qilgan, Eronga qarshi iqtisodiy sanksiyalar joriy etish bilan rasmiy Tehronni g‘azablantirgan edi.

Yana hokimiyatga kelganidan keyin Prezident Tramp Eron bilan yangi yadroviy shartnoma bo‘yicha muzokara boshlagan, agar bu muloqotlar muvaffaqiyatli yakunlanmasa, Eronga qarshi harbiy amallar qo‘llanishi mumkin deb ogohlantirgan.

Aloqador mavzular

Nega Eron o‘z yadroviy quroliga ega bo‘lishiga ruxsat berilmaydi?

Eron o‘z yadroviy dasturi tinch maqsadlarda ekanligini ta’kidlab keladi.

U yadro qurolini ishlab chiqishga urinmayotganini ta’kidlaydi, ammo ko‘plab mamlakatlar va global yadroviy nazorat tashkiloti – Xalqaro Atom energiyasi agentligi (XAEA) bunga ishonmayapti.

Eronning niyatlari haqidagi shubhalar 2002 yili amlakatda maxfiy yadro ob’ektlari borligi aniqlanganda paydo bo‘lgan.

Bu Eron va deyarli barcha boshqa davlatlar imzolagan Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (NPT) deb ataluvchi bitimni buzishni anglatadi.

NPT mamlakatlarga tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va energetika kabi harbiy bo‘lmagan maqsadlarda yadro texnologiyalaridan foydalanishga ruxsat beradi, ammo yadro qurolini ishlab chiqishga yo‘l qo‘ymaydi.

Turli ranglardagi xarita Erondagi turli yadroviy inshootlar joylashgan joyini ko‘rsatadi. Bu joylarda uran konlari, tadqiqot markazlari, uranni boyitish va qayta ishlash zavodlari, shuningdek AESlari aks etgan.

Eronning yadro dasturi qanchalik rivojlangan?

AQSh 2018 yili Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi (JCPOA) deb nomlangan mavjud yadro bitimidan chiqqanidan beri, Eron o‘ziga qarshi sanksiyalar qayta joriy etilganiga javoban asosiy majburiyatlarini buzdi.

U JCPOA tomonidan taqiqlangan uranni boyitish uchun minglab zamonaviy sentrifugalar (tozalash mashinalari) o‘rnatdi.

Yadro qurollari uchun 90% tozalikkacha boyitilgan uran kerak. JCPOA bo‘yicha, Eronga faqat 3,67 foizgacha boyitilgan 300 kg gacha uran saqlashga ruxsat berilgandi – bu fuqarolik atom energiyasi va tadqiqot maqsadlari uchun yetarli, ammo yadro bombalari uchun emas.

Biroq 2025 yil mart oyiga kelib, XAEA Eronda taxminan 275 kg uran borligini va uni 60 foizgacha boyitganini ma’lum qildi. Agar Eron uranni yanada boyitsa, bu nazariy jihatdan taxminan olti-etti qurol yasash uchun yetarli bo‘ladi.

AQSh rasmiylari Eron bu uranni atigi bir hafta ichida bitta bomba uchun yetarli darajagacha materialga aylantira olishiga ishonishlarini aytishgan. Shu bilan birga, ular Eronga yadro qurolini yaratish uchun bir yildan 18 oygacha vaqt kerak bo‘lishini ta’kidlashgan. Ba’zi mutaxassislar esa "soddaroq" qurilmani olti oy yoki undan kamroq vaqt ichida yasash mumkinligini aytishmoqda.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Tramp nima uchun yadro bitimidan chiqdi?

BMT, AQSh va Yevropa Ittifoqi 2010 yildan boshlab Eronning yadro dasturi bomba ishlab chiqarish uchun ishlatilayotgani haqidagi shubhalar tufayli unga qarshi keng ko‘lamli iqtisodiy sanksiyalar joriy etdi.

Sanksiyalar Eronning xalqaro bozorlarda neft sotishini to‘xtatdi va mamlakatning 100 milliard dollar miqdoridagi xorijiy aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Buning natijasida uning iqtisodiyoti inqirozga uchradi, valyutasi qiymati rekord darajada pasaydi va inflyatsiya keskin oshdi.

2015 yilda Eron va olti mamlakat – AQSh, Xitoy, Frantsiya, Rossiya, Germaniya va Buyuk Britaniya ko‘p yillik muzokaralardan so‘ng JCPOA bitimini imzoladilar.

Ushbu bitim Eronga o‘z yadro dasturi bo‘yicha ruxsat etilgan faoliyatni cheklash bilan bir qatorda, XAEAga Eronning barcha yadro ob’ektlariga kirish va shubhali joylarni tekshirish imkonini berdi.

Buning evaziga davlatlar sanksiyalarni bekor qilishga rozi bo‘lishdi.

JCPOA 15 yilgacha amal qilishi, shundan so‘ng cheklovlar bekor qilinishi belgilangan edi.

2007 yili Eronning Isfahon uranni qayta ishlash zavodida olingan yuzini niqob bilan yopgan zavod ishchisi fotosi.

Surat manbasi, Getty Images

Tramp uni "yomon bitim" deb atadi, chunki u doimiy emas edi va boshqa masalalar qatori Eronning ballistik raketa dasturini qamrab olmagan edi. Tramp Eronni yangi va kengaytirilgan bitim bo‘yicha muzokaralarga majburlash uchun "maksimal bosim" siyosati doirasida AQSh sanksiyalarini qayta joriy etdi.

Trampning qaroriga Amerikaning mintaqadagi ittifoqchilari, ayniqsa Isroil ta’sir ko‘rsatgan edi.

Isroil Eron hamon yashirin yadro dasturini amalga oshirayotganini da’vo qiladi va Eron sanksiyalarni yengillashtirish evaziga olingan milliardlab dollarni o‘z harbiy qudratini kuchaytirish uchun ishlatishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

AQSh va Isroil hozir nimani xohlayapti?

Trampning Eron bilan muzokaralar haqidagi bayonoti Isroilni hayratda qoldirdi. U uzoq vaqtdan beri JCPOAdan ko‘ra "yaxshiroq" bitim tuzishini aytib kelgan bo‘lsa-da, hozirgacha Eron bitimni qayta ko‘rib chiqishni rad etib kelmoqda.

Tramp ilgari, agar Eron yangi bitim tuzishni istamasa, "bombalanishi" haqida ogohlantirgan edi.

Uning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uoltts aytishicha, Tramp Eronning yadro dasturini "to‘liq yo‘q qilishni" istaydi va "bu boyitish, qurollanish va uning strategik raketa dasturiga taalluqli."

Eron sanksiyalarni yumshatish evaziga o‘z yadro dasturini cheklash, ammo to‘liq yo‘q qilmaslik bo‘yicha kelishuvga umid qilmoqda.

"Bizning maqsadimiz teng mavqedan turib adolatli va munosib kelishuvga erishishdir," dedi Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi.

Tramp "to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar" bo‘lishini aytgan bo‘lsa-da, Araqchining ta’kidlashicha, Ummondagi muzokaralar bilvosita tarzda o‘tgan, faqatgina u va AQSh elchisi Stiv Uitkoff o‘rtasida qisqa suhbat ular ketayotganida bo‘lib o‘tgan, xolos.

Araqchi Eronning AQSh bilan muloqotga tayyor ekanligini, biroq Tramp avvalo "harbiy yo‘l" bo‘lmasligi haqida kelishib olishi zarurligini aytdi.

A composite image showing the head and shoulders of US President Donald Trump on the left and Iran's Supreme Leader Ali Khamenei on the right.

Surat manbasi, Reuters / Getty Images

Surat tagso‘zi, AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron Oliy Ruhoniy rahbari Ali Xomanaiyga mart oyida yangi kelishuv haqida maktub yo‘llagan

Trampning bayonotidan so‘ng, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu yagona maqbul kelishuv Eron o‘z yadro dasturini to‘liq yo‘q qilishga rozi bo‘lgach imzolanishini ta’kidladi. U buni shunday izohladi: "Biz kirib, ob’ektlarni portlatamiz va barcha uskunalarni Amerika nazorati va boshqaruvi ostida demontaj qilamiz."

Isroilning eng katta xavotiri shundaki, Tramp Eronni to‘liq taslim qilmaydigan, ammo diplomatik g‘alaba sifatida taqdim etishi mumkin bo‘lgan murosaga rozi bo‘lishi mumkin.

Yadro qurolini tarqatmaslik shartnomasini imzolamagan Isroil yadro qurollariga ega deb taxmin qilinadi, ammo o‘zi buni tasdiqlamaydi ham, inkor ham etmaydi. Isroilning dunyoda mavjudligi huquqini tan olmaydigan Eronning yadro qurollariga ega bo‘lishi jiddiy tahdid tug‘diradi, deb hisoblaydi u.

AQSh va Isroil Eronga hujum qila oladimi?

AQSh ham, Isroil ham Eronning yadro infratuzilmasini bombalash uchun harbiy salohiyatga ega, biroq bunday operatsiya murakkab va xavfli bo‘lib, natijasi noaniq.

Asosiy yadro ob’ektlari yer ostiga chuqur ko‘milgan bo‘lib, ularga faqat eng kuchli bunker portlatuvchi bombalar yetib borishi mumkin. AQSh bunday bombalarga ega bo‘lsa-da, Isroilda bormi, noma’lum.

Eron deyarli shubhasiz o‘zini himoya qiladi, AQShning mintaqadagi ob’ektlariga hujum qilishi va Isroilga raketalar otishi mumkin.

Bunday operatsiya uchun AQSh, ehtimol, Fors ko‘rfazidagi bazalaridan, shuningdek, aviatashuv kemalaridan foydalanishi kerak bo‘ladi.

Ammo AQShning eng yirik aviabazasi joylashgan Qatar kabi davlatlar qasos olinishidan qo‘rqib, Eronga hujum qilishda unga yordam berishga rozi bo‘lmasligi mumkin.