O‘lguncha ro‘za tutadigan dindorlar kim?

Surat manbasi, Pranay Modi
- Author, Svaminatan Natarajan
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 6 daq
Bachadon bo‘yni saratoni tashxisi qo‘yilganidan uch hafta o‘tgach, 88 yoshli Sayar Devi Modi davolanishdan voz kechishga qaror qildi. Buning o‘rniga u o‘lguncha ro‘za tutmoqchi ekanini aytdi.
"Uning biopsiya natijasi 25 iyunda keldi va saratonning tarqalayotganini ko‘rsatdi. 2024 yil 13 iyul kuni u ibodat qilib, sho‘rva ichdi. Ertasi kuni bizga qo‘ng‘iroq qilib, santara qilish niyatini bildirdi," deb eslaydi nabirasi Pranay Modi.
Santara («sallekhana» deb ham ataladi) Jayn dinining ayrim vakillari bajaradigan amaliyot bo‘lib, unda ovqat va suvdan voz kechib, o‘limni qabul qilish tushuniladi.
Bu e’tiqodning asosiy talabi emas va hind ommaviy axborot vositalari hisob-kitoblariga ko‘ra, faqat ozchilik – har yili 200 dan 500 gacha kishi – shu yo‘l bilan o‘limni tanlaydi.
Ba’zilar bu amaliyotni o‘z joniga qasd qilish deb hisoblashadi va hozir Hindiston Oliy sudida santarani taqiqlash bo‘yicha ariza ko‘rib chiqilmoqda.
Jaynizm

Surat manbasi, Getty Images
Zo‘ravonlikdan voz kechish kamida 2500 yillik tarixga ega bo‘lgan jayn dini asosini tashkil etadi. Unda xudo tushunchasi yo‘q, biroq jaynlar sof, doimiy, individual va hamma narsani biladigan ruhga ishonadilar.
Deyarli barcha jaynlar vegetarianlardir va ular axloqiy qadriyatlarga hamda dunyoviy qulayliklardan voz kechishga alohida e’tibor qaratishadi.
Hindistonda besh millionga yaqin jayn bor va ular ko‘pincha yaxshi ma’lumotli hamda nisbatan badavlat yashashadi. AQShdagi Pew tadqiqot markazi ma’lumotiga ko‘ra, voyaga yetgan jaynlarning uchdan bir qismi oliy ma’lumotga ega, bu esa Hindiston aholisining umumiy ko‘rsatkichidan (9 foiz) ancha yuqori.
Jayn ustozlari ko‘pincha butun hind jamiyatida hurmat qozongan. Bosh vazir Narendra Modi ulardan duo olgan va X ijtimoiy tarmog‘ida Acharya Shri Vidyasagar Ji Maharaj vafotidan qayg‘uga tushib, uni "mamlakat uchun o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotish" deb ta’riflagan edi.
Acharya Shri Vidyasagar uch kunlik ro‘zadan so‘ng 77 yoshida vafot etgandi. Uning dafn marosimida minglab odamlar ishtirok etdi.
Ayni maqolada X tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz X havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri X post
Jaynlarning ta’kidlashicha, ro‘za tutish orqali hayotni yakunlashni evtanaziya yoki o‘z joniga qasd qilishga yordam berish bilan taqqoslash noto‘g‘ri.
"Sallekhana yoki santara yordam bilan o‘z joniga qasd qilishdan farq qiladi, chunki u shifokor yordamisiz amalga oshiriladi va o‘limga olib keladigan biror narsa qabul qilinmaydi yoki in’ektsiya qilinmaydi," deydi Kolorado-Denver universiteti professori va jaynizm bo‘yicha mutaxassis Stiven M. Vouz Bi-bi-si bilan suhbatda.
Profesor Vouz "tanani qo‘yib yuborish" yoki "tananing so‘nishiga yo‘l qo‘yish" deb ta’riflagan bu amaliyot ildizlari VI asrga borib taqaladi.
Hayotni ulug‘lash

Surat manbasi, Pranay Modi
Karma, jon, qayta tug‘ilish va najotga ishonish santaraning asosiy unsurlarini tashkil etadi.
Sayar Devi kabi ba’zi jaynlar o‘limi yaqinligini anglasa yoki tuzalmas kasallik tashxisi qo‘yilgandan so‘ng bu yo‘lni tanlaydi.
Ro‘za paytida olingan videolarda Sayar Devi oq sari kiygan va og‘zini to‘rtburchak mato bilan yopib olgan edi.
"U xotirjam, hushyor edi va oxirigacha gapirdi," deb eslaydi Pranay Modi.
Modining aytishicha, buvisining so‘nggi ro‘zasi paytida ularning Hindiston markazidagi Kabridhamdagi ota-bobolari uyi bayramona tus olgan.
"U yerda o‘lim havosi sezilmasdi. Oila a’zolari, qarindosh-urug‘lar, do‘stlar, qo‘shnilar va ko‘plab notanish odamlar kelib, uning duosini olishdi."
Hatto so‘nggi kunlarda ham Devi 48 daqiqa davom etadigan jayn ibodatini bajarish uchun kuch topa oldi.
"Ishonchim komilki, u dori-darmonlarni to‘xtatgandan so‘ng juda qattiq og‘riq his qilgan bo‘lsa-da, hech narsadan shikoyat qilmadi. U nurli va xotirjam ko‘rinardi," deydi Modi.
Devining farzandlari, nabiralari va chevaralari uning umri tugab borayotganini kuzatib turishdi.
"Uning bu tarzda o‘layotganini ko‘rish men uchun juda og‘ir bo‘ldi, – deydi Modi, – lekin u yaxshiroq joyga ketayotganini bilaman. Biz uning qarorini hurmat qildik."
So‘nggi kurash

Surat manbasi, Getty Images
Santara doim ham xotirjam yakunlanmasligi mumkin. Professor Miki Cheyz bu mavzuda doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan va o‘nlab oxirgi ro‘zalarga guvoh bo‘lgan.
"Og‘ir saraton tashxisi qo‘yilgan bir erkak santarani qabul qildi va qattiq og‘riq azobida edi. Oilasi uning ahdidan faxrlangan, uni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, uning azoblanishini ko‘rish ular uchun ham qiyin edi," deydi Viskonsin-Medison universitetining Jayn tadqiqotlari bo‘yicha Shri Anantnath kafedrasi dotsenti, professor Cheyz.
Boshqa bir holatda, Cheyz saraton tashxisi qo‘yilgan ayol ro‘za tuta boshlaganidan so‘ng ancha xotirjam bo‘lib qolganini kuzatgan.
"Kelini menga aytishicha, ular unga dalda berish va qat’iyatini mustahkamlash o‘z zimmalarida ekanligini his qilishgan, shuning uchun unga diniy qo‘shiqlar aytib berishgan."
Professor Vouz ma’lum darajadagi kurash muqarrar ekanligiga ishonadi.
"Ochlikdan o‘layotgan odamni kuzatish hech yoqimli bo‘lmaydi va so‘nggi daqiqalar dahshatli bo‘lishi mumkin. Inson oxirida ovqat yoki suv so‘rashi mumkin, chunki tana o‘zini saqlab qolish uchun kurashadi. Bu so‘rovga javob berilmasligi mumkin, lekin bu odatda jarayonning bir qismi sifatida qabul qilinadi," deydi u.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, shu tarzda vafot etgan yalang‘och yuradigan Digambar rohiblarining yonoqlari va qovurg‘a suyaklari bo‘rtib chiqqan holda tasvirlangan suratlari ochlik va suvsizlanish holatini yaqqol ko‘rsatadi.
Ayollar santarani tanlaganlar orasida ko‘pchilikni tashkil qiladi. Professor Vouz fikricha, bu ayollarning taqvodorroq ko‘rinishi, shuningdek, erkaklardan ko‘ra uzoqroq umr ko‘rishi bilan bog‘liq.
Professor Cheyzning ta’kidlashicha, jamiyat santarani "buyuk ruhiy yutuq" deb biladi.
Teologik asos
Ro‘za tutish va o‘limni qabul qilish orqali inson keyingi tug‘ilishda yaxshiroq ruhiy hayot kechirishi uchun tana va ruhini tozalashi hamda yomon karmalarni kamaytirishi mumkin.
Shri Prakash Chand Maharaj Ji (1929 yilda tug‘ilgan) Svetambara yo‘nalishining eng keksa Jayn rohiblaridan biri – ya’ni oq libos kiygan. U 1945 yilda rohiblik hayotiga kirgan. Uning otasi va ukasi ham rohib bo‘lib, santara qilishgan.
"Men otam va ukamni ko‘rib mahzun bo‘lmadim. Butunlay befarq edim. O‘zimni yetim qolayotganimni yoki hayotimda bo‘shliq paydo bo‘lishini his qilmadim."
95 yoshli rohib Hindiston shimoliy qismidagi Gohana shahrida joylashgan ibodatxonada yashaydi. U telefon yoki noutbukdan foydalanmaydi va Bi-bi-si bilan shogirdi Ashish Jayn orqali suhbatlashdi.
"Bu hayotning mukammal yakuni va keyingi hayotning ideal boshlanishi sifatidagi go‘zal o‘lim. U mening falsafiy, ruhoniy va diniy e’tiqodlarimga asoslanadi," dedi u Bi-bi-si bilan suhbatda.
Rohibning aytishicha, santara ko‘p bosqichli bo‘lib, to‘satdan yoki impulsiv bo‘lishi mumkin emas. Oilaning ruxsati va Maharaj Ji kabi ruhoniy ustozlarning yo‘l-yo‘riqlari zarur.
Santaraning birinchi bosqichi – o‘tmishdagi barcha gunoh va nojo‘ya xatti-harakatlaringizni o‘ylab ko‘rish va tan olishdir. Shundan so‘ng tavba qilish lozim.
"Ro‘za tutish va o‘limni qabul qilish orqali inson keyingi tug‘ilishda yaxshiroq ruhiy hayot kechirishi uchun tana va ruhini tozalashi hamda yomon karmalarni kamaytirishi mumkin," deb tushuntiradi Maharaj Ji.
"Bu oxir-oqibat ruhning tug‘ilish va o‘lim aylanmasidan ozod bo‘lishi bilan yakunlanadi."
Huquqiy nizolar
2015 yilda Hindiston shimoli-g‘arbiy Rajastan shtatidagi Oliy sud bu amaliyotni taqiqlagan, biroq keyinchalik qaror Oliy sud tomonidan to‘xtatib qo‘yilgan.
Sobiq davlat xizmatchisi D. R. Mehta santara an’anasini saqlab qolmoqchi bo‘lgan da’vogarlardan biridir.
"Jaynlar buni o‘limning eng yaxshi shakli deb bilishadi. Bu o‘limni ongli, tinch va munosib qabul qilishdir. Ruhiy poklanish va abadiy xotirjamlik asosiy maqsadlardir," deydi Hindiston markaziy banki rahbari o‘rinbosari, fond bozorini tartibga soluvchi organ raisi kabi lavozimlarda ishlagan Mehta.
2016 yilda Haydarobodlik 13 yoshli qizning o‘limi bu amaliyotga qarshilikni yana kuchaytirdi. U 68 kunlik ro‘zadan so‘ng vafot etdi, ammo so‘nggi yillardagi boshqa barcha santaralarni keksa odamlar amalga oshirgan.

Surat manbasi, Getty Images
Maharaj Ji sanlexana jarayonini 2016 yilda boshlagan, bu santaradan oldingi bosqichdir. Dastlab u o‘z ovqatini o‘nta mahsulot bilan cheklagan va hozirda faqat ikkita oziq-ovqat mahsuloti, suv va dori-darmonlar bilan kun kechirmoqda. Biroq, u hali ham faol hayot kechiradi.
"U kasal yoki zaif odamga o‘xshamaydi, doim xushchaqchaq. Ko‘p gapirmaydi," deydi uning shogirdi Ashish Jayn.
Maharaj Ji o‘zining kamtarona turmush tarzi unga ruhiy yuksalishga yordam berganiga ishonadi.
"Mening ichki qalbim va ongim o‘zini juda baxtli his qilmoqda. Huzur-halovatda yashamoqdaman."












