Buyuk Britaniya maxsus kuchlarining sobiq a’zolari hamkasblarining "harbiy jinoyatlari" haqida gapira boshladi

Video tagso‘zi, 2006 yil Iroqda olingan bu videoda SAS a’zolari 6 oyning ichida qancha odam ushlangani va o‘ldirilgani ro‘yxatini keltirgan (video ingliz tilida).
    • Author, Hanna O'Greydi, Joel Ganter va Rori Tinman
    • Role, BBC Panorama
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Buyuk Britaniya maxsus kuchlarining sobiq a’zolari ko‘p yillik sukunatni buzib, BBC Panorama'ga Iroq va Afg‘onistonda hamkasblari qilgan harbiy jinoyatlar haqida guvohlik berdi.

Birinchi marta jamoatchilik oldida o‘z ko‘rsatmalarini bergan faxriylar SAS (Special Air Service, Britaniyaning Maxsus kuchlari) a’zolari uyqudagi qurolsiz odamlarni o‘ldirganini va kishanlangan mahbuslarni, jumladan, bolalarni qatl etganini aytib berdi.

"Ular yosh bolaning qo‘lini kishanlab, otib tashlashdi," deb eslaydi Afg‘onistonda SASda xizmat qilgan bir faxriy. "U bola edi, jang qilishga ancha yosh edi."

Faxriyning aytishicha, mahbuslarni o‘ldirish "odatiy holga aylangandi". "Ular kimnidir tintuv qilar, qo‘lini kishanlar, keyin otib tashlashardi", so‘ng odamlarni ushlab turish uchun ishlatiladigan plastik kishanlarni kesib tashlab, jasad yoniga "qurol qo‘yishardi", deydi u.

Yangi ko‘rsatmalar o‘n yildan ortiq davom etgan urush jinoyatlari haqidagi da’volardir. Bu hozirda Buyuk Britaniyada sudьya boshchiligidagi jamoatchilik tekshiruvi ko‘rib chiqayotgan uch yildan ancha uzoq vaqtni qamrab oladi.

Qirollik dengiz flotining sara maxsus kuchlari polki – SBS, shuningdek, birinchi marta eng jiddiy ayblovlarga – qurolsiz va yaradorlarni qatl etishga aloqador deb topildi.

SBSda xizmat qilgan faxriyning aytishicha, ba’zi askarlar "olomoncha mentalitetli" bo‘lib, ularning operatsiyalardagi xatti-harakatlarini "vahshiyona" bo‘lgan.

"Men eng sokin yigitlarning o‘zgarganini, jiddiy psixopatik xarakter namoyon qilganini ko‘rdim, – dedi u. – Ular qonundan tashqari edi. O‘zlarini daxlsiz his qilishardi."

Britaniya qo‘shinlarini "Tolibon" jangarilaridan va portlatuvchilardan himoya qilish uchun Afg‘onistonga maxsus kuchlar yuborilgan edi. Bu urush Buyuk Britaniya qurolli kuchlari uchun halokatli bo‘ldi – 457 kishi halok bo‘ldi va yana minglab askarlar yaralandi.

Bi-bi-si yangi guvoh ko‘rsatmalari haqida so‘raganda, Mudofaa vazirligi urush jinoyatlari bo‘yicha davom etayotgan jamoatchilik tekshiruvini "to‘liq qo‘llab-quvvatlashini" va tegishli ma’lumotlarga ega bo‘lgan barcha faxriylarni murojaat qilishga chaqirganini aytdi. Vazirlik tergovga dahldor "da’volarga izoh berish maqsadga muvofiq emasligini" ta’kidladi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Polkdagi "ruhiy kasal qotillar"

Guvohlar ko‘rsatmalari SAS, SBS va bir nechta qo‘llab-quvvatlovchi polklarni o‘z ichiga olgan Buyuk Britaniya maxsus kuchlarining (UKSF) sobiq a’zolari tomonidan sodir etilgan qotilliklar haqida eng batafsil jamoatchilik hisobotini beradi.

Buyuk Britaniya maxsus kuchlari bilan xizmat qilgan yoki ular bilan birga ishlagan 30 dan ortiq odamning ko‘rsatmalari BBC Panorama'ning SAS tomonidan sodir etilgan qotilliklar haqidagi ko‘p yillik hisobotlarga qo‘shimcha bo‘ladi.

Panorama, shuningdek, Britaniya maxsus kuchlari Afg‘onistonda tinch aholini o‘ldirayotgani haqida o‘sha paytdagi Bosh vazir Devid Kemeronga bir necha bor xabar berilganini ham fosh etishi mumkin.

Maxsus kuchlar operatsiyalari borasida anonimlik sharti bilan Bi-bi-siga gapirgan guvohlar aytishicha, Iroq va Afg‘onistondagi operatsiyalar chog‘ida mamlakatning eng nufuzli polklari urush qonunlarini muntazam va qasddan buzgan.

Ushbu qonunlarga ko‘ra, bunday operatsiyalarda odamlar faqat Britaniya qo‘shinlari yoki boshqalarning hayotiga bevosita tahdid solgandagina qasddan o‘ldirilishi mumkin. Ammo SAS va SBS a’zolari o‘zlarining ichki qoidalarini ishlab chiqishgan, deydi guvohlar.

"Agar nishon ilgari ro‘yxatda ikki-uch marta paydo bo‘lgan bo‘lsa, biz ularni o‘ldirish niyatida kirardik, qo‘lga olishga urinish bo‘lmasdi," deydi SASda xizmat qilgan faxriylardan biri ilgari qo‘lga olingan, so‘roq qilingan va keyin ozod etilgan odamlarga ishora qilib.

"Ba’zida biz nishonni to‘g‘ri olganimizni tekshirib, uning shaxsini tasdiqlardik, keyin otib tashlardik, – deydi u. – Eskadron ko‘pincha u yerda uchragan barcha erkaklarni o‘ldirardi."

SASda xizmat qilgan guvohlardan biri aytishicha, qotillik "odat tusiga kirishi mumkin" va sara polkning ba’zi a’zolari Afg‘onistonda "bu ishdan mast bo‘lishgan". "Ruhiy kasal qotillar juda ko‘p edi," deydi u.

Hozir BBCga taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytdagi Bosh vazir Devid Kemeron o‘sha vaqtdagi Afg‘oniston Prezidenti Hamid Karzay tomonidan tinch aholi o‘ldirilgani haqidagi ayblovlardan xabardor qilingan.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Hozir BBCga taqdim qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha paytdagi Bosh vazir Devid Kemeron o‘sha vaqtdagi Afg‘oniston Prezidenti Hamid Karzay tomonidan tinch aholi o‘ldirilgani haqidagi ayblovlardan xabardor qilingan.

"Ba’zi operatsiyalarda qo‘shin mehmonxona tipidagi binolarga kirib, u yerdagi hamma odamni o‘ldirardi, – dedi u. – Ular kirib, uxlab yotganlarning hammasini otib tashlardi. Odamlarni uyqusida o‘ldirishni oqlab bo‘lmaydi."

SBSda xizmat qilgan faxriyning Bi-bi-siga aytishicha, hududni nazorat ostiga olgandan so‘ng, hujum guruhlari har qanday odamni otib tashlardi, jasadlarni tekshirib, tirik qolganlarni o‘ldirardi. "Bu kutilgan narsa edi, yashirilmagan. Hamma bilardi," deydi u.

Xavf tug‘dirmaydigan yaradorlarni qasddan o‘ldirish xalqaro huquqning ochiq-oydin buzilishi hisoblanadi. Ammo SBS faxriysining Panorama'ga aytishicha, yaradorlar muntazam ravishda o‘ldirilgan. U bir operatsiyani tasvirlab berdi: unda feldsher o‘q yegan, ammo hali ham nafas olayotgan odamni davolayotgan edi. "Keyin uning oldiga bir sherigimiz bordi. Gumburlash eshitildi. Uning boshiga yaqin masofadan o‘q uzilgandi," dedi u.

"O‘ldirishga hojat yo‘q edi, – deya qo‘shimcha qildi u. – Bu rahm qilib o‘ldirish ham emasdi. Bu oddiy qotillik edi."

BBC
Ba’zi operatsiyalarda qo‘shin mehmonxona tipidagi binolarga kirib, u yerdagi hamma odamni o‘ldirardi. Ular kirib, uxlab yotganlarning hammasini otib tashlardi.
SBS (Qirollik dengiz flotining sara maxsus kuchlari polki) faxriysi
Batafsil: BBC.COM/UZBEK

Guvohlik ko‘rsatmalariga ko‘ra, hujum guruhlarining yangi a’zolariga SASning tajribali a’zolari "u biz bilan bazaga qaytmasin" yoki "bu mahbusni nishondan qochirma" kabi ko‘rsatmalar berib, erkak mahbuslarni o‘ldirish buyurilgan.

Mahbuslar taslim bo‘lgan, maxsus kuchlar tomonidan tekshirilgan va odatda qo‘llari kishanlangan shaxslar edi. Britaniya va xalqaro qonunlar askarlarni qurolsiz fuqarolarni yoki harbiy asirlarni qasddan o‘ldirishni taqiqlaydi.

SASning sobiq a’zosi Iroqdagi bir operatsiyada kimdir qatl etilganini bilib qolganini ham aytib berdi.

"U hech qanday xavf tug‘dirmayotgani, qurolsiz ekani aniq ko‘rinib turardi. Bu sharmandalik. Bunda professionallik yo‘q," deydi sobiq u. U qo‘shimcha qilishicha, bu qotillik hech qachon to‘g‘ri tekshirilmagan. SAS faxriysining so‘zlariga ko‘ra, muammo polk Afg‘onistonga o‘tishidan ancha oldin boshlangan va "yuqori qo‘mondonlar bundan xabardor bo‘lgan."

tun

Guvohlik ko‘rsatmalari, shuningdek, Bi-bi-si tomonidan 2006 yilda Iroqdagi SAS operatsiyalaridan olingan yangi video dalillar Panorama'ning avvalgi xabarlarini tasdiqlaydi: SAS eskadronlari bir-biri bilan o‘ldirish soni bo‘yicha raqobatlashgan.

Bi-bi-si manbalariga ko‘ra, SASning ba’zi a’zolari shaxsiy o‘ldirish hisoblarini yuritgan va bir xizmatchi Afg‘onistonga olti oylik xizmat safari davomida shaxsan o‘nlab odamlarni o‘ldirgan.

"U har bir operatsiyada, har kecha kimnidir o‘ldirishga urinayotganga o‘xshardi," deydi sobiq hamkasbi va qo‘shimcha qiladi: "U eskadronida mashhur edi, u haqiqatan ham psixopatga o‘xshardi."

Manbalar aytishicha, SAS ichida mashhur bo‘lgan bir voqeada, xizmatchi boshqa otmaslikni so‘ragandan so‘ng, yaralangan afg‘on erkakning tomog‘ini kesib tashlagan. "Chunki u borib, yaradorni pichoq bilan o‘ldirmoqchi edi," dedi yana bir sobiq hamkasbi. "U, bilasizmi, pichog‘ini qonga botirmoqchi edi."

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Guvohlar ko‘rsatmalariga ko‘ra, bu taxmin qilinayotgan jinoyatlar haqidagi ma’lumot faqat kichik guruhlar yoki alohida eskadronlargagina ma’lum bo‘lmagan. Buyuk Britaniya maxsus kuchlari qo‘mondonlik tuzilmasida "hamma bilardi" nima bo‘layotganini, deydi bir faxriy.

"Men shaxsiy javobgarlikni chetga surayotganim yo‘q, lekin hamma bilardi, – deydi u. – Sodir bo‘layotgan voqealarga yashirin rozilik bor edi."

Guvohlar so‘zlariga ko‘ra, qotilliklar tekshirilishidan qochish uchun SAS va SBS a’zolari halok bo‘lganlar jasadlari yoniga qurol tashlab qo‘yishardi. Maxsus kuchlar muntazam ravishda olingan fotosuratlarda ularni qurollangan qilib ko‘rsatgan.

"Ular o‘zlari bilan olib boradigan soxta granata bor edi, u portlamasdi," deydi SASning sobiq operatori. Yana bir faxriyning aytishicha, operatorlar buklama qo‘ndoqli AK-47 miltiqlarini olib yurishardi, chunki ularni ryukzakka joylashtirish va "jasad yoniga qo‘yish osonroq" edi.

Hisobotlar "uydirma" edi

Guvohlik ma’lumotlariga ko‘ra, shundan so‘ng ofitserlar hujum guruhlarining joylardagi harakatlari fosh bo‘lmasligi uchun operatsiyadan keyingi hisobotlarni soxtalashtirishga yordam berishgan.

"Harbiy politsiyaga murojaat qilishga sabab bo‘lmasligi uchun jiddiy hodisalar haqida qanday yozish kerakligini bilardik," deydi faxriylardan biri.

"Agar otish urush qoidalari buzilishidek ko‘rinsa, yuridik maslahatchi yoki shtab ofitserlaridan biri qo‘ng‘iroq qilardi. Ular sizni to‘g‘rilab, tilni aniqlashtirishga yordam berishardi. «Kimdir to‘satdan harakat qilganini eslaysizmi?» «Ha, endi esladim.» Shunga o‘xshash gaplar. Bu bizning ish uslubimizga singib ketgandi."

Hisobotlar "to‘qima edi," deydi yana bir UKSF faxriysi.

SBS bilan ishlagan razvedka xodimi o‘lganlar tasodifan otishma o‘rtasiga tushib qolgani haqidagi xabarlarni tasvirlab berdi, biroq fotosuratlarda "boshlaridan bir nechta aniq o‘q uzilgan" jasadlar ko‘rsatilgan edi.

Soxtalashtirilgan hujjatlar Qirollik harbiy politsiyasi tergovi oldini olishga yordam berishi mumkin edi, ammo Britaniya maxsus kuchlari operatsiyalari afg‘on qo‘mondonlari va afg‘on hukumati amaldorlarida chuqur tashvish uyg‘otgan.

Devid Kemeron - 2010 yil iyunidan 2013 yil noyabrigacha Bosh vazir sifatida Afg‘onistonga yetti marta borgan. Ayni shu davr hozir jamoatchilik tekshiruvida. Uchrashuvlarda qatnashgan ko‘plab odamlar aytishicha, Afg‘oniston prezidenti Hamid Karzay bu xavotirlar haqida muntazam ravishda xabardor qilib turgan.

Janob Karzay "bu masalani doimiy ravishda, qayta-qayta tilga olardi," deydi Afg‘oniston milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi doktor Rangin Dadfar Spanta Panorama'ga. Uning aytishicha, lord Kemeronda Buyuk Britaniya maxsus kuchlari operatsiyalarida tinch aholi, jumladan bolalar halok bo‘lgani haqidagi da’volar borligiga shubha qolmagan bo‘lishi kerak.

Qurolli kuchlar prokuraturasining sobiq direktori Bryus Xoulderning aytishicha, surishtiruv jarayonida u janob Kemeron nima bilishini ham o‘rganishga umid qilmoqda.
Surat tagso‘zi, Qurolli kuchlar prokuraturasining sobiq direktori Bryus Xoulderning aytishicha, surishtiruv jarayonida u janob Kemeron nima bilishini ham o‘rganishga umid qilmoqda.

Afg‘oniston prezidenti tungi reydlar, tinch aholi orasidagi qurbonlar va hibsga olishlar haqidagi shikoyatlarini shunchalik tez-tez takrorlar ediki, bu uning uchun jiddiy muammo ekanligini G‘arbning birorta ham yuqori martabali diplomati yoki harbiy rahbari e’tibordan chetda qoldirmagan bo‘lardi," deydi NATOdagi AQShning sobiq elchisi general Duglas Lyut.

General Lyutning ta’kidlashicha, "agar Britaniya kuchlariga qarshi qandaydir da’vo bo‘lsa-yu, Britaniya qo‘mondonlik zanjiri bundan bexabar qolgan bo‘lsa, bu g‘oyat noodatiy holat bo‘lardi".

Lord Kemeronning vakili Panorama dasturiga aytishicha, "lord Kemeronning xotirasiga ko‘ra", prezident Karzay ko‘targan masalalar umuman NATO kuchlari haqida bo‘lgan va "Buyuk Britaniya maxsus kuchlariga oid aniq hodisalar tilga olinmagan".

Shuningdek, matbuot kotibi "tergovning rasmiy natijalarini kutish to‘g‘ri ekanligini" aytdi va "lord Kemeronning og‘ir jinoyatlar haqidagi ayblovlarni yashirishda til biriktirgani haqidagi har qanday taxmin mutlaqo asossiz" deb qo‘shimcha qildi.

AQSh va Frantsiya kabi boshqa ko‘plab mamlakatlardan farqli o‘laroq, Buyuk Britaniyada sara maxsus kuchlar polklari ustidan parlament nazorati mavjud emas. Ularning harakatlari uchun strategik javobgarlik oxir-oqibat Bosh vazir, mudofaa vaziri va maxsus kuchlar qo‘mondoni zimmasiga tushadi.

Qurolli Kuchlarda xizmat qilayotganlarni ayblash va jinoiy javobgarlikka tortish uchun mas’ul bo‘lgan harbiy prokuraturaning sobiq direktori Bryus Xoulder Panorama dasturiga bergan intervyusida jamoatchilik tekshiruvi Lord Kemeronning o‘sha voqealardan xabardor bo‘lgani yoki yo‘qligiga aniqlik kiritishiga umid bildirdi.

"Siz bu muammo qanchalik yuqori darajalarga yetib borganini bilishingiz kerak," dedi janob Xoulder.