Okean tubidagi hodisa boshqa dunyolarni anglashda yordam berishi mumkin

okean

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Agar kislorod Yerdagi ummon tubida hosil bo‘la olsa, u holda, bu boshqa sayyoralarda ham imkonli, demoqda olimlar.
O'qilish vaqti: 4 daq

Yaqinda dengiz tubidagi metall bo‘laklari kislorod hosil qilishini aniqlagan olimlar, bu g‘alati hodisani o‘rganish uchun okeanlar qa’rini o‘rganish rejalarini e’lon qildilar.

Tadqiqotchilar aytishicha, ularning missiyasi "boshqa sayyoralarda hayot mavjudligi ehtimoliga qanday qarashimizni o‘zgartirishi mumkin".

Dastlabki kashfiyot dengizshunoslarni hayratga soldi. Ilgari kislorodni faqat o‘simliklar quyosh nuri ta’sirida ishlab chiqarishi mumkin deb hisoblangan edi – bu fotosintez deb ataladigan jarayon.

Agar hayotning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan kislorod qorong‘ilikda metall bo‘laklari tomonidan ishlab chiqarilsa, tadqiqotchilar bu jarayon boshqa sayyoralarda ham sodir bo‘lishi va hayot rivojlanishi mumkin bo‘lgan kislorodga boy muhitni yaratishi mumkin deb hisoblashmoqda.

Yetakchi tadqiqotchi professor Endryu Svitmen shunday izoh berdi: "NASA mutaxassislari bilan muloqot qilyapmiz. Ular qorong‘ilikda ham kislorod hosil bo‘lishi quyosh nuri tushmaydigan boshqa sayyoralarda hayot qanday saqlanib qolishi mumkinligi haqidagi tushunchamizni o‘zgartirishi mumkin deb o‘ylashmoqda."

Aloqador mavzular:

Qorong‘i, bahsli kashfiyot

Dastlabki kashfiyot global ilmiy bahsni keltirib chiqardi – ba’zi olimlar va dengiz tubidagi qimmatbaho metallarni qazib olishni rejalashtirgan kompaniyalar topilmalarni tanqid qildi.

Agar kislorod bunday chuqurliklarda, to‘liq qorong‘ilikda ishlab chiqarilsa, bu dengiz tubida qanday hayot mavjud bo‘lishi va rivojlanishi mumkinligi hamda qazib olish ishlari dengiz hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida savollarni keltirib chiqaradi.

ummon

Surat manbasi, Andrew Sweetman/SAMS

Surat tagso‘zi, Ummon tubida yastanib yotgan keng maydonlarda qimmatbaho metallar saqlovchi tugunlar mavjud.

Bu shuni anglatadiki, dengiz tubini qazib olish kompaniyalari va atrof-muhitni muhofaza qilish tashkilotlari bu yangi tadqiqotni diqqat bilan kuzatib borishmoqda. Atrof-muhitni muhofaza qilish tashkilotlarining ba’zilari topilmalar dengiz tubidagi qazishmalarni to‘xtatish kerakligini ko‘rsatadi deb da’vo qilishgan.

Rejaga ko‘ra, 10 km dan ortiq bo‘lgan dengiz tubida masofadan boshqariladigan suvosti uskunalaridan foydalaniladi.

Professor Svitmen tushuntirganidek: "Bizda okean qa’rigacha yetib boradigan asboblar bor. Metaldan kislorod chiqish jarayoni boshqa joylarda ham sodir bo‘lishiga ishonchimiz komil, shu bois biz uning sabablarini aniqlamoqchimiz."

Ushbu tajribalarning ba’zilari NASA olimlari bilan hamkorlikda o‘tkaziladi va xuddi shu jarayon boshqa sayyoralar va yo‘ldoshlardagi okeanlar ostida mikroskopik hayot rivojlanishiga imkon beradimi-yo‘qmi, shuni tushunishga qaratilgan.

Professor Svitmen aytganidek: "Agar kislorod bo‘lsa, undan foydalanib yashaydigan mikroorganizmlar ham bo‘lishi mumkin."

Qazish yoki qazimaslik

Biologik jihatdan hayratlanarli natijalar dastlab o‘tgan yili Nature Geoscience jurnalida chop etilgan. Ular Gavayi va Meksika o‘rtasidagi chuqur dengiz hududiga uyushtirilgan bir nechta ekspeditsiyalar natijasida olingan. U yerda professor Svitmen va uning hamkasblari dengiz tubiga – taxminan 5 km chuqurlikka sensorlar joylashtirishgan.

Bu hudud dengiz tubining tabiiy uchraydigan metall tugunlari bilan qoplangan ulkan qismining bir bo‘lagidir. Bu tugunlar dengiz suvida erigan metallar chig‘anoq parchalari yoki boshqa qoldiqlarga to‘planganda hosil bo‘ladi. Bu jarayon millionlab yillar davom etadi.

Jamoa o‘rnatgan sensorlar qayta-qayta kislorod darajasi oshishini ko‘rsatdi.

"Men buni e’tiborsiz qoldirgandim, – dedi o‘sha paytda professor Svitmen BBC News'ga, – chunki kislorodni faqat fotosintez orqali olish mumkin deb hisoblar edim."

Oxir-oqibat, u va uning hamkasblari bu hodisaga jiddiyroq e’tibor qaratishdi, uning sabablarini o‘rganishga harakat qilishdi. Laboratoriyada o‘tkazilgan tajribalar metall bo‘laklar dengiz suvidan kislorod hosil qilayotganini ko‘rsatdi. Ular tugunlar dengiz suvi molekulalarini vodorod va kislorodga ajratadigan (yoki elektroliz qiladigan) elektr toklarini hosil qilishini aniqladilar.

lander

Surat manbasi, SAMS

Surat tagso‘zi, Olimlar masofadan boshqariluvchi kuzativ apparatini suvga tushirmoqda.

Shundan so‘ng olimlar va dengiz tubida qazishma o‘tkazuvchi kompaniyalar e’tirozlari onlayn tarzda e’lon qilindi.

Tanqidchilardan biri, Kanadaning dengiz osti qazishmalar kompaniyasi Metals Company vakili Maykl Klark BBC News'ga bergan intervyusida tanqid "tajriba va ma’lumotlarni to‘plashda ilmiy puxtalik yetishmasligiga" qaratilganini aytdi. Asosan, u va boshqa tanqidchilar kislorod aslida ishlab chiqarilmagani, bu faqat namuna olish paytida uskuna hosil qilgan pufakchalar ekanligini ta’kidlashdi.

"Biz bu ehtimolni tekshirganmiz", – javob berdi professor Svitmen.

Bu tor doiradagi texnik bahsday tuyulishi mumkin, lekin bir nechta milliardlab dollar qiymatiga ega kon kompaniyalari allaqachon dengiz tubidan tonnalab metall qazib olish imkoniyatini o‘rganmoqda.

Ular mo‘ljallagan tabiiy konlarda akkumulyatorlar ishlab chiqarish uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan metallar bor va ko‘plab mamlakatlarda iqtisodiyot qazilma yoqilg‘ilardan, masalan, elektr transport vositalariga o‘tayotgani sababli, bu metallarga bo‘lgan talab tez sur’atda oshib bormoqda.

Ushbu resurslarni qazib olish poygasi ekologik tashkilotlar va olimlar orasida tashvish uyg‘otmoqda. 44 mamlakatdan 900 dan ortiq dengiz biologlari ekologik xavflarni ta’kidlab, konchilik faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga chaqiruvchi murojaatga imzo qo‘ydilar.

Juma kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida o‘z jamoasining so‘nggi tadqiqot missiyasi haqida so‘zlar ekan, professor Svitman shunday dedi: "Biror narsa qilishdan oldin, iloji boricha [chuqur dengiz qa’ri] ekotizimini yaxshiroq tushunib olishimiz zarur.

Menimcha, bunday qarorning to‘g‘riligini aniqlashdan oldin, uni to‘xtatib turish maqsadga muvofiq bo‘ladi."