Qirg‘iziston taqiqi va qimmat yem: O‘zbekiston go‘sht bozorini nima qutqaradi?

O‘zbekistondagi bozor.

Surat manbasi, Jasmine Leung/SOPA Images/LightRocket via Getty Images

Surat tagso‘zi, Qirg‘iziston hukumatining qarori O‘zbekiston go‘sht bozoriga bevosita ta’sir qiladi — mamlakat yillar davomida qoramolni asosan qo‘shni davlatdan olib kelgan.
    • Author, Davron Hotam
    • Role, Qirg‘iziston
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Qirg‘iziston hukumati 9 martdan boshlab qoramol, yilqi va qo‘y-echki eksportiga qo‘yilgan taqiqni yana yarim yilga cho‘zdi. Bu qaror O‘zbekiston go‘sht bozoriga bevosita ta’sir qiladi — mamlakat yillar davomida qoramolni asosan qo‘shni davlatdan olib kelgan.

Qirg‘izistondagi mol bozori

Surat manbasi, Viktor Drachev via BBC Kyrgyz

Surat tagso‘zi, Qoramol eksportiga taqiq dastlab o‘tgan yilning avgustida, Qirg‘izistonning o‘zida go‘sht narxi keskin oshib ketgan paytda joriy etilgan edi.

Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, Qirg‘izistondan mol eksportining 98 foizi aynan O‘zbekistonga to‘g‘ri kelgan.

Qoramol eksportiga taqiq dastlab o‘tgan yilning avgustida, Qirg‘izistonning o‘zida go‘sht narxi keskin oshib ketgan paytda joriy etilgan edi.

Taqiq kuchga kirganidan so‘ng O‘zbekistonning qoramol importi 11 ming boshga tushgan.

Bir yil ichida o‘n barobardan ortiq kamayishning oqibati bozorda ham sezilib, 2026 yil yanvarida qo‘y go‘shti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27,2 foizga, suyaksiz mol go‘shti esa 25 foizga qimmatlashgan.

Markaziy bank o‘z hisobotida savdo hamkorlar tomonidan qo‘yilgan cheklovlarni narx oshishining asosiy omillaridan biri sifatida tasdiqladi.

Qirg‘izistondagi mol bozori

Surat manbasi, Viktor Drachev via BBC Kyrgyz

Surat tagso‘zi, Qirg‘izistonda taqiq kuchga kirganidan so‘ng O‘zbekistonning qoramol importi 11 ming boshga tushgan.
Qirg‘izistondagi go‘sht rastasi

Import xarajatlari ikki barobarga oshdi

Bozordagi go‘sht rastasi
Surat tagso‘zi, Narx oshishi faqat mahalliy go‘shtda emas — import mahsulotlarida ham qayd etilmoqda.

Qirg‘iziston taqiqi kuchga kirganidan so‘ng O‘zbekiston go‘sht importini keskin oshirdi.

Narx oshishi faqat mahalliy go‘shtda emas — import mahsulotlarida ham qayd etilmoqda.

Prezident Mirziyoyevning fevral oyidagi yig‘ilishda ma’lum qilishicha, yanvardagi umumiy inflyatsiyaning 45 foizi oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelgan, shundan 13 foizi aynan go‘sht narx oshishidan iborat.

Bojxona qo‘mitasining 2026 yil yanvar-fevral ma’lumotlariga ko‘ra, ikki oy ichida mamlakatga 156,9 million dollarlik go‘sht mahsulotlari olib kelindi — 2025 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 89,2 million dollar edi.

Mol go‘shti importi 17,3 ming tonnadan 25,9 ming tonnaga oshdi, xarajat esa 68,3 million dollardan 120 million dollarga chiqdi.

Qo‘y go‘shti bo‘yicha esa olib kelingan miqdor deyarli o‘zgarmagan — 3,3–3,4 ming tonna — ammo unga to‘lanayotgan narx 3,4 milliondan 8,1 million dollarga oshgan.

Muqobil manbalar yetarlimi?

Қозоқ масъули
rasmiy
Yaqin davlatlarga, xususan, O‘zbekistonga eksportimiz katta. U yerdagi narxlar bizning ichki bozorimizdagidan balandroq.
Yerbol Tasjurekov
Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Qirg‘iziston o‘rniga O‘zbekiston Qozog‘istondan ko‘proq go‘sht olmoqda, biroq u yerda ham vaziyat barqaror emas.

Qozog‘iston Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Yerbol Tasjurekov 6 mart kuni o‘tkazilgan brifingda O‘zbekistondagi narxlar balandligi sabab qozog‘istonlik ishlab chiqaruvchilar mahsulotini ko‘proq xorijga chiqarayotganini aytdi.

Bu esa Qozog‘istonning o‘z bozorida ham narx oshishiga olib kelmoqda.

"Yaqin davlatlarga, xususan, O‘zbekistonga eksportimiz katta. U yerdagi narxlar bizning ichki bozorimizdagidan balandroq", — degan u.

Go‘sht ehtiyojini qoplash chorasi sifatida O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh qoramol olib kelishni rejalashtirmoqda.

2025 yil avgustidan 2027 yil dekabrigacha havo transporti xarajatlarining 50 foizi davlat byudjetidan qoplanadi, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovi esa foizsiz kechiktiriladi.

Ammo olib kelingan mollarni mahalliy sharoitda ko‘paytirib, bozorga yetkazish prezident qaroriga ko‘ra 2029 yilgacha davom etadi.

O‘zbekistonda go‘sht nega qimmat? U qachon arzon bo‘ladi? Videoni tomosha qilish uchun ilova qilingan linkni bosing.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Asl muammo — ichki ishlab chiqaruvchida

Go‘shtni maydalash jarayoni
Surat tagso‘zi, O‘zbekistonda eng kam oylik maosh 1 271 000 so‘m — bu maoshga mahalliy mol go‘shtidan bor-yo‘g‘i 9–10 kilogramm olish mumkin.

O‘zbekistonda go‘shtning 81,3 foizini dehqon va tomorqa xo‘jaliklari yetkazib beradi.

Aynan shu xo‘jaliklarda ishlab chiqarish 2025 yilda 1,9 foizga qisqardi. Bir yil avval esa 4,1 foizga oshgan edi.

Chorvadorlarning aytishicha, yaylovlar qisqarib, yerlar fermerlarga bo‘lib berilgach, mol boqish faqat qimmat yem-xashakka bog‘lanib qolgan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, oxirgi yetti oy ichida beda 80 foizga, makkajo‘xori silosi qariyb ikki barobarga, bug‘doy 59 foizga qimmatlagan.

Bitta mol bir oyda 800 ming so‘mlik yem yeydi — bunday xarajat bilan mayda xo‘jalik uchun foyda qolmaydi.

Natija bozorda ko‘rinadi. Toshkentning Chorsu bozorida yillar davomida go‘sht xarid qilib kelgan Karim bobo: "Mahalliy go‘shtni 140 ming deyapti. Qayerdan olamiz uni? Bola-chaqaga qanday yediramiz?" — deydi.

O‘zbekistonda eng kam oylik maosh 1 271 000 so‘m — bu maoshga mahalliy mol go‘shtidan bor-yo‘g‘i 9–10 kilogramm olish mumkin.