O‘zbekiston, mintaqa va dunyo: Buyog‘iga Xitoydan nima kutsa bo‘ladi?

Surat manbasi, rasmiy
Xitoy O‘zbekistonning ham ikkita eng yirik savdo-iqtisodiy hamkoridan bittasi bo‘ladi. Markaziy Osiyoga ham chegaradosh, o‘zining eng yirik - milliardlab dollarlik iqtisodiy loyihalarini aynan mintaqaga bog‘lagan. Xitoy endi superderjavaga aylanadimi?
Shunchalik muhimmi?
Kechayotgan haftada Xitoy hayotidagi eng muhim siyosiy voqea amalga oshdi.
Butunxitoy xalq vakillari kongressining yillik sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Bu eng yirik siyosiy voqea sanaladi, uch mingga yaqin xalq vakili yiliga bir marta bir joyda yig‘iladi.
Mazkur organning o‘zi esa, keng vakolatlarga ega, deb ko‘riladi.
U qonunlar qabul qilish, konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish va davlat byudjetini tasdiqlash kabi muhim siyosiy masalalar bilan shug‘ullanadi.
Bu yilgi sessiya dunyoda geosiyosiy tanglik yanada keskinlashgan, ayniqsa, bojlaru Tayvan masalasida Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar o‘ta hassos bir paytga to‘g‘ri keldi.
Yana Venesuela bo‘ladimi yoki Eron, Xitoyning an’anaviy ittifoqchilari ketma-ket AQSh nishoniga aylanayotgan vaziyatda bo‘lib o‘tdi.
Bu ikki davlat energiyaga chanqoq Xitoyning AQSh nazorati ostida bo‘lmagan eng yirik ta’minot manbalari sifatida ko‘rilishgan.
Xitoy Amerika Qo‘shma Shtatlaridan keyin dunyoning ikkinchi eng yirik harbiy va iqtisodiy qudrati sanaladi.
AQSh qudrati va ta’sirini jilovlash harakatida bo‘lgan davlat.
Jahonda o‘zining yadroviy arsenaliga ega sanoqli mamlakatlardan biri.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy a’zosidan bittasi.
O‘zining yaqin ittifoqchilaridan biri Rossiya Ukrainaga ochgan urushga ham befarq emas, o‘zining tinchlik rejasi bilan chiqqan sanoqli davlatlardan biri.
Urushga chek qo‘yish urinishlarida G‘arb orqa qilishga harakat qilib ko‘rgan mamlakat.
Markaziy Osiyoga ham chegaradosh, o‘zining eng yirik - milliardlab dollarlik iqtisodiy loyihalarini aynan mintaqaga bog‘lagan, mintaqaga o‘zini Yevropa bilan bog‘lovchi muhim yo‘lak sifatida ko‘z tikkan, eng yirik geoiqtisodiy o‘yinchi.
Dunyodagi aholisi eng yirik davlatdan bittasi, Markaziy Osiyodagi tabiiy energiya zahiralarining asosiy xaridori va iste’molchisi, ularni o‘zlashtirishga faol bosh qo‘shgan, katta pul tikayotgan davlat.
Markaziy Osiyo davlatlariga sarmoya kiritish, qarz berish va ular bilan savdo-sotiq qilishda dunyoning eng yetakchi davlatlaridan biri.
Aksariyat mintaqa davlatlarining eng yirik savdo-iqtisodiy hamkorlaridan.
Butunxitoy xalq vakillari kengashi va Xitoy xalq siyosiy maslahat kengashi Milliy qo‘mitasining "qo‘shaloq yig‘ini" esa, har yil chetda diqqat bilan kuzatiladi.
Chunki ular qudratli Xitoy siyosatidagi yangi ustivor yo‘nalishlarga dalolat qiladi.
Xitoy o‘zi barqarorlik tayanchi ekanini ko‘rsatmoqchimi?
Geosiyosiy manzara o‘zgarmoqda va Vashington boshqa narsalar bilan band ekan, Si buni Xitoyni kuchaytirish uchun imkoniyat sifatida ko‘rishi mumkin...
Lora Biker
BBC ning Xitoy bo‘yicha muxbiri
"Xitoyning dunyoning yetakchi qudratli davlati bo‘lishga intilishi ko‘p jihatdan bir muhim omil – prezident Si Szinpinning mamlakat iqtisodiyotini boshqarish qobiliyatiga bog‘liq.
Si AQShning nima qilmoqchi ekanini oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan prezidenti va Yaqin Sharqdagi urush muvozanatni izdan chiqarib yuborayotgan dunyoda iqtisodiyotni muvozanatlashtirmoqchi.
Uning Xitoy fuqarolarini ko‘proq pul xarjlashga undash siyosati sekinlashib borayotgan ichki iqtisodiyotni barqarorlashtirishga qaratilgan.
U kelajakda yutqazmaslik uchun texnologik ustunlikka intilmoqda. Ya’ni eng yangi sanoat robotlari va sun’iy intellekt namunalarini butun dunyo Xitoydan sotib olishini istaydi.
Pekin yana qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni ham kengaytirmoqda, bu esa Xitoyning o‘zini o‘zi energiya bilan ta’minlash imkoniyatini yaxshilaydi.
Xitoy boshqa davlatlar, jumladan, Erondan ko‘p neft va gazga ehtiyoj sezmaydigan bo‘ladi.
Xitoy Kommunistik partiyasi o‘zining barqarorlik tayanchi ekanligini ko‘rsatishga harakat qilmoqda hamda asosiy e’tiborini iqtisodiyot va mamlakat kelajagini mustahkamlashga qaratgan.
AQSh bilan savdo urushi sulh bilan yakunlandi va Si Szinpin Xitoy hozirda kuchli mavqe’ga ega ekaniga ishonadi.
Xitoyning savdodagi ustunligi ehtiyotkor sobiq xaridorlari, jumladan, Buyuk Britaniya va Kanadani ham yana unga qaytarmoqda.
Geosiyosiy manzara o‘zgarmoqda va Vashington boshqa narsalar bilan band ekan, Si buni Xitoyni kuchaytirish uchun imkoniyat sifatida ko‘rishi mumkin.
Ammo u ko‘p narsa mamlakatning kelgusi yillarda o‘z iqtisodiy muammolarini qanday yengishiga bog‘liq bo‘lishini ham tushunadi."
Raqobatchi global qudrat

Surat manbasi, rasmiy
Ukraina urushi fonida Markaziy Osiyo atrofida geosiyosiy tanglikning qanchalik kuchayib borayotgani chetdagi ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortgan, bugun xalqaro ahamiyatga molik voqe’likka aylangan.
Xitoy urushdan yil o‘tib, 2023 yilgi Sian sammiti chog‘ida hech kim qilmagan ishni qilgan – Markaziy Osiyoga o‘zining ulkan hamkorlik rejasi bilan chiqqan.
Mintaqa bilan hamkorlikning sakkiz yo‘nalishini taklif qilgan.
Rasmiy Pekin ochiqlagan yangi taraqqiyot rejasi Markaziy Osiyo infratuzilmasini barpo etishdan tortib, energetika, xavfsizlik, mudofaa, huquq-tartibot sohalarida hamkorlik va savdo-sotiqni yanada kuchaytirishni ham o‘z ichiga olgan.
O‘zining qanchalik keng qamrovli ekani bilan o‘ziga e’tiborni tortgan.
Rasmiy Pekin o‘shanda besh mintaqa davlati bilan rivojlanish strategiyalarini muvofiqlashtirish va ular barchasini modernizatsiya qilishda ko‘maklashishga tayyor ekanligini bayon qilgan.
Markaziy Osiyoga qariyb $4 milliard dollar beg‘araz yordam berajagini ham aytgan.
Bunaqasi esa mintaqa davlatlari tarixida ko‘rilmagani bilan hatto xalqaro miqyosda sarlavhalarga chiqqan yangilikka ham aylangan.
Xitoyning Siandagi sammitiga baho berarkan, ko‘pchilik tahlilchilar buni rasmiy Pekinning mavjud global tartibga muqobil o‘zining yangi tartibini taqdim etish, Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlarini ham o‘zining yangi global tartibi yaxshiroq ekaniga ishontirish niyati bilan izohlashgan.
O‘tgan yil esa Xitoy besh Markaziy Osiyo davlati bilan "Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida"gi shartnomani imzolagan.
Yangilik o‘shanda mintaqa qolib, G‘arbda ham e’tibor topdi, aksariyat xalqaro nashrlarda Xitoy Qozog‘istonda Markaziy Osiyo bilan "abadiy" aloqalarini mustahkamlamoqchi, degan talqinda sarlavhalarga chiqqan.
Shartnoma Xitoyning mintaqa bilan savdo, energetika va infratuzilma bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish niyatining ifodasi o‘laroq baho topgan.
Xitoyning bu kabi shartnomani faqat ikki yadroviy qudrat va mintaqaviy o‘yinchi – Rossiya va Pokiston bilan imzolagani so‘nggi yangilikning ahamiyatini yanada bo‘rttirishi aytilgandi.
Ko‘plab tahlilchilar fikricha, Xitoy endi Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyingi dunyo siyosatida muhim rol o‘ynash istagida.
Xuddi shu urush manzarasida Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilliklarini dastaklashlariga oid bayonotlar bilan ham chiqqan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Xitoy bu kabi faolligi bilan mintaqada siyosiy ta’sir va energiya resurslari uchun bo‘lgan poygada asosiy geosiyosiy raqiblari bo‘lgan Rossiya va AQShni ortda qoldirgan, peshqadam mavqe’ga chiqib olgan.
Mintaqa davlatlari rasmiy Pekin nazdida Xitoy prezidenti Si Szinpinning milliardlab dollarlik ulkan tashabbusi - "Bir belbog‘, bir yo‘l" loyihasining ham muhim ishtirokchilari sanalishadi.
Voqealarning so‘nggi rivojiga o‘z bahosini bergan ayrim mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, Xitoy bilan hamkorlik Markaziy Osiyoda yanada kuchayish harakatida bo‘lgan Rossiyaga qarshi bir muvozanat vazifasini bajara oladi.
Ularning aytishlaricha, hozir ham transport-logistika va ham o‘z kun tartiblarini shakllantirish nuqtai nazaridan Markaziy Osiyoda YevroOsiyo hududida muhim o‘yinchiga aylanish, mintaqada Rossiyaning kuchsizlanganidan foydalanib, bahamjihatlikda iqtisodiy, siyosiy va diplomatik jihatdan kuchayish imkoniyati bor.
Ammo mintaqadagi ikki yirik va qudratli hamkorlarining o‘zaro yaqinlashuvi ulardan qay birining "ko‘nglini olish" - manyovr qilish masalasida Markaziy Osiyo davlatlarini qiyin ahvolga solib qo‘yishiga oid xavotirlar ham yo‘q emas.





























