Koreyadagi yonib ketgan uchoq halokatiga qushlar to‘dasi sababchimi?

Video tagso‘zi, Samolyot halokati aks etgan tasvirlar
O'qilish vaqti: 3 daq

Yakshanba tongida samolyotning aeroport devoriga borib urilish tasvirlari butun dunyoni larzaga soldi. Jeju Air aviakompaniyasiga tegishli samolyot o‘z bortida 181 yo‘lovchini Tailanddan olib kelayotgan edi.

Ularning atigi ikki nafarigina omon qoldi.

Janubiy Koreya zaminida yuz bergan eng yirik aviahalokatning sababi bo‘yicha ilgari surilayotgan dastlabki taxmin – bu qushlar galasi bilan to‘qnashuv va yomon ob-havo sharoiti. Ammo ayrim mutaxassislar bu taxminni savol ostiga olmoqda.

Jeju Air aviakompaniyasiga tegishli Boing 737-800 samolyoti 29 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat ertalabki 9:00 atrofida poytaxt Seuldan qariyb 300 chaqirim naridagi Muan Xalqaro Aeroportiga yaqinlashganida, boshqaruv markazidan odatdagidek qo‘nish ruxsatini olgan.

Aloqador mavzular:

Ammo Koreya mahalliy matbuoti ushbu ruxsat berilishidan 3 daqiqa o‘tib, boshqaruv markazi hududda qushlar faolligi ortgani haqida ogohlantiruv e’lon qilganini yozgan. Ikki daqiqa o‘tgach havo kemasi ekipaji qushlar bilan to‘qnashib ketganini xabar qilib, favqulodda holat signalini bergan va favqulodda qo‘nishni amalga oshirishga urinib ko‘rgan.

Tarqalgan videoda samolyot shassi chiqarolmagan holda uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, yo‘lak oxiridagi devorga urilgani va yonib ketgani ko‘rinadi.

Oqibatda, bortdagi barcha yo‘lovchilar va to‘rt nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan. Samolyotning omon qolgan yagona qismi – dum tomonda bo‘lgan faqat ikki inson qutqarib olingan xolos.

Yo‘lovchilarning askari qishki ta’tildan qaytayotgan koreyaliklar bo‘lgani aytilmoqda.

Janubiy Koreya rasmiylari qurbonlar shaxsini aniqlash yo‘liqda DNK va barmoq izlari namunalaridan foydalanmoqda.

Omon qolgan ikki insondan biri allaqachon xushiga kelib, tergovchilarga ko‘rsatma berayotgani xabar qilinmoqda. Fojia ortidan mamlakatda yetti kunlik motam e’lon qilingan. Yangi yil bayrami tadbirlari ham bekor qilinishi yoki qisqartirilishi kutilmoqda.

Uchoq dumidan faqat ikki kishi qutqarilgan

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Uchoq dumidan faqat ikki kishi qutqarilgan

Halokat sabablarini aniqlash bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda. Qora qutilar allaqachon topilgan, ammo ulardan biri sezilarli darajada zarar ko‘rgani aytiladi. Rasmiylar yozuv qurilmalaridagi ma’lumotni o‘rganishga bir oyga yaqin vaqt ketishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Qushlar bilan to‘qnashuv farazi keng tarqalar ekan, yo‘lovchilardan biri halokatdan bir necha daqiqa avval o‘z yaqiniga uchoq qanotiga qush kelib urilgani haqida xabar jo‘natishga ulgurgani ma’lum bo‘lgan.

Bir vaqtning o‘zida, ayrim aviatsiya sohasi mutaxassislari qushlarning urilishi kabi holatlar odatda bunday halokatli oqibatlarga olib kelmasligini ta’kidlamoqda.

Dastlabki farazni savol ostiga olayotgan mutaxassislar qushlar bilan to‘qnashuv tez-tez kuzatilsada, bunday to‘qnashuvdan odatda dvigatellarga zarar yetishi, zamonaviy samolyotlar shassisi esa ikkala dvigatel ishdan chiqqan taqdirda ham ochilish imkoniga ega ekani haqida gapirgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Ularning fikricha, fojiaga texnik nosozlik yoki insoniy xatolar ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Uchoq tasarrufida bo‘lgan Jeju Air aviakompaniyasi esa samolyotga o‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatilganini ta’kidlab chiqqan.

Janubiy Koreya hukumati qushlar bilan bog‘liq farazni hozircha rasman tasdiqlamagan. BBCga gapirgan aviatsiya sohasi mutaxassislaridan biri esa Janubiy Koreyadagi boshqa kompaniyalar kabi Jeju Air ham, halokatga uchragan uchoq ham a’lo darajadagi xavfsizlik tarixiga ega ekani haqida gapirdi.

Bu fojia Koreyada aviatsiya xavfsizligi protokollarini qayta ko‘rib chiqishga undagan. Vaqtincha prezident vazifasini bajarayotgan Choy Sang-mok mamlakatdagi barcha aviakompaniyalar faoliyatini favqulodda tekshirishni buyurgan.

Fojianing aniq sabablari haqidagi savol ochiq qolar ekan, halok bo‘lgan 179 insonning yaqinlari marhumlar jasadlarini tezroq oilalariga berish va moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha talablarni kuchaytirmoqda.