Rossiya yirik 'geosiyosiy shantaj quroli'dan ayrildimi?

Kreml

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Voqealarning so‘nggi rivoji, boshqa tomondan, aynan Ukraina urushi fonida Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘iston misolida eng yirik Markaziy Osiyo davlatlari bilan yangi energiya – gaz ittifoqlariga kirishish, ularga gaz eksportini oshirish, hamkorlikda mintaqada birinchilari bo‘lishi kutilayotgan atom elektr stantsiyalarini qurish harakati va rejasida bo‘lgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
O'qilish vaqti: 3 daq

Postsovet makonidan ham kutilgan va ham kutilmagan xabarlar olinmoqda. Endi Rossiyaning ta’siri yanada kamayadimi?

Aloqador mavzular:

Rossiya ta’siridan qutulishmi?

Marosim

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Marosimda Estoniya, Polsha, Litva, Latviya prezidentlari va Yevropa Ittifoqi rahbari ishtirok etishgan.

Estoniya, Latviya va Litva shu dam olish kunlarida bir vaqtning o‘zida Rossiya-Belarusь energiya tizimidan uzildi.

Har uch postsovet davlati uning o‘rniga Yevropanikiga qo‘shilishga qaror qildi.

Voqealarning bu kabi rivoji Rossiya Ukrainaga ochgan urush fonida kuzatilgani bilan ham o‘ziga xos e’tibor tortdi.

Rasmiy Vilnyus buni "energetika mustaqilligi uchun kurashdagi so‘nggi qadam", deb atadi.

Litva Energetika vaziri "Rossiyani energiya tizimi ustidan nazoratni geosiyosiy shantaj quroli sifatida qo‘llashning har qanday nazariy imkoniyatidan mahrum qilganliklari"ni ta’kidladi.

Xabarlarga ko‘ra, uzilish jarayoni odatiy tartibda kechgan, biror bir muammo kuzatilmagan.

Boltiqbo‘yi davlatlarining energetika tizimlari esa, o‘z tarmoqlarining barqarorligini sinovdan o‘tkazish uchun bir kuncha ihotalangan holda qolishi, keyin Yevropa energiya tizimiga qo‘shilishi aytilgan.

Mazkur tizimga kontinental Yevropa davlatlaridan tashqari yana Turkiya, Jazoir, Marokash va Tunis ham kiradi.

Tarmoqdan shundoq uzilishlari bilan energetiklar Latviyaning Vilyaka shahrida, Rossiya chegarasidan taxminan 100 metrcha masofada yuqori kuchlanishli liniyalarni kesib tashlashgan.

Kesilgan simlarni esa, bo‘laklab, marosim ishtirokchilariga esdalik sifatida tarqatishgan.

Boltiqbo‘yi davlatlari uchun bu jarayon muhim ramziy ahamiyat kasb etgan.

Shu kunlarga qachon yetib kelajaklarini ko‘rsatib borish uchun, hatto, Litva poytaxtida vaqtni orqaga hisoblab boruvchi maxsus soat ham o‘rnatilgan.

Dam olish kunlaridagi tadbir va unda yangragan bayonotlarga hozircha rasmiy Moskvaning munosabati ko‘zga tashlanmaydi.

Энергия тизими
reuters
Biz Rossiyani energiya tizimi ustidan nazoratni geosiyosiy shantaj quroli sifatida qo‘llashning har qanday nazariy imkoniyatidan mahrum qildik.
Jigimantas Vaychyunas
Litva Energetika vaziri (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Litva, Latviya va Estoniya Yevropa Ittifoqi barobarida NATOga ham a’zo uch postsovet davlatlari bo‘lishadi.

Voqealarning so‘nggi rivoji, boshqa tomondan, aynan Ukraina urushi fonida Rossiya O‘zbekiston va Qozog‘iston misolida eng yirik Markaziy Osiyo davlatlari bilan yangi energiya – gaz ittifoqlariga kirishish, ularga gaz eksportini oshirish, hamkorlikda mintaqada birinchilari bo‘lishi kutilayotgan atom elektr stantsiyalarini qurish harakati va rejasida bo‘lgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.

Postsovet makonida Rossiya bilan energetika sohasidagi har qanday hamkorlik ularga nisbatan Kreml qo‘lidagi yana bir geosiyosiy bosim yoki ta’sir vositasi sifatida ko‘riladi.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti bo‘ladimi va yoki YevroOsiyo Iqtisodiy Ittifoqi, Rossiya shamsiyasi ostidagi bu tashkilotlar ham aksariyat mintaqaviy tahlilchilar tomonidan rasmiy Moskvaning postsovet makonidagi eng yirik geosiyosiy va geoiqtisodiy loyihalari, degan baho va talqinlarga sabab bo‘lib keladi.

O‘zbekiston YevroOsiyo Iqtisodiy Ittifoqining bojxona tranziti tizimiga qo‘shilish niyatida ekaniga oid shu kunlarda olingan xabarlar ham rasmiy Toshkentning Rossiya yetakchiligidagi ittifoq sari yana bir qadam tashlagani va bu uning uchun nimani anglatajagi oid savollarga sabab bo‘lmay qolmagan.

Uzilish

BRELL elektr xalqasi

Surat manbasi, Getty Images

Boltiqbo‘yi davlatlaridan oldin BRELL xalqasidan Ukraina uzilgan.

Rasmiy Kiev o‘zining bu qarorini Rossiya tajovuzining ilk kunlarida, ammo unga bog‘liq bo‘lmagan bir tarzda, avvaldan ishlab chiqilgan rejaga muvofiq, 2022 yilning 24 fevralida amalga oshirgan.

Ukraina o‘shanda zudlik bilan Yevropaning energiya tizimiga qo‘shilgan va 2023 yilning dekabr oyida to‘liq yakunlangan.

Uch Boltiqbo‘yi davlati esa, Rossiya-Belarusь energiya tizimidan uzilishga 2009 yilda hozirlikni boshlashgan.

Ammo, ma’lum bo‘lishicha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bu jarayonni faqat tezlashtirgan.

Shu yilning 7 fevralida amaldagi BRELL shartnomasi muddati tugagan, Litva, Latviya va Estoniya esa, uni ortiq uzaytirmaslikka qaror qilishgan.

Shartnoma shartlariga muvofiq, uchovlon o‘z qarorlari haqida Rossiya va Belarusni avvaldan ogohlantirishgan.

Boltiqbo‘yi davlatlarini Rossiyaning tizimiga 21 ta yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyasi bog‘lagan.

Ular bosqichma-bosqich uzilgan va oxirgisi 8 fevral kuni o‘chirilgan.

Xabarlarga ko‘ra, BRELL elektr xalqasidan uzilib, Yevropanikiga qo‘shilish Boltiqbo‘yi davlatlari va Polshaga 1.6 milliard yevroga tushgan.

Ammo xarajatlarning katta qismini Yevropa Ittifoqi o‘z zimmasiga olgan.

Rasmiylar Yevropa energiya tizimiga o‘tish oddiy aholi cho‘ntagiga katta ta’sir ko‘rsatmasligini va’da berishmoqda.

"Yevropa energiya bozori bilan integratsiya narxlarni barqarorlashtiradi, chunki Boltiqbo‘yi davlatlari raqobatbardosh va xilma-xil elektr energiyasi manbalari, shu jumladan qayta tiklanuvchi manbalarga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi", - deb aytgan Ignitis Litva davlat energetika xoldingi rahbari Darius Maykshtenas.

Uning ta’kidlashicha, BRELLga qaytishlari ortiq imkonsiz va keraksiz, hatto uzilishlar bo‘lsa ham, Boltiqbo‘yi davlatlari Yevropa energiya tizimiga integratsiya qilishda davom etishadi.

Bizga a’zo bo‘ling: