Sobiq hokim o‘rinbosari: Pora olmasdan ishlashning iloji yo‘q, bosim katta - video

Surat manbasi, DXX
- Author, Ibrat Safo
- Role, BBC Uzbek
- O'qilish vaqti: 5 daq
Davlat Xavfsizlik Xizmati (DXX) o‘tgan hafta Chirchiq shahri hokimining o‘rinbosari 1 million dollarni pora tarzida olayotganda hibsga olinganini xabar qildi. O‘rinbosar fuqaroga 20 gektar yerni olib berish evaziga bu poradan tashqari yana 1 million dollar olishni rejalagani aytildi. Undan bir necha kun avval esa O‘zbekistondagi nashrlar Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari uyida o‘tkazilgan reydda 3 million dollar topilganini yozishdi, ammo ko‘p o‘tmay, bu xabarlardagi raqamlar olib tashlandi.
Hokim o‘rinbosarlarining pora bilan qo‘lga olinishlari va oldilariga yoyib qo‘yilgan pullarga qo‘llarini bigiz qilib suratga tushishlari shu qadar tez-tez yuz berganidan, oddiy odamlar bunga ajablanmay qo‘ygandek tuyuladi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu holat memlarga ham sabab bo‘lgan:
“O‘qi, bolam, kam bo‘lma,
Ko‘zing jiqqa nam bo‘lma,
Kim bo‘lsang, bo‘lgin, biroq,
Hokimlarga zam bo‘lma.”
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Muallifi noma’lum bu to‘rtlik oxirgi haftalarda ko‘p ulashilyapti, lekin nega hokim o‘rinbosarlari bu qadar poraxo‘rlik ayblari bilan qo‘lga tushishlari, ular olayotgan pora miqdori aftidan o‘sib borayotgani va bundan mamlakat qanchalar zarar ko‘rayotgani jiddiy tahlil etilmayapti. Hukumat “nega hokimlarimiz o‘rinbosarlari bu qadar poraxo‘r va buni qanday bartaraf etish mumkin”, deya o‘ziga hech savol qo‘yyaptimi?
Men bu korruptsiya sabablarini bilish uchun hokim o‘rinbosarlarining o‘zlaridan eshitishga ahd qildim. Bir sobiq hokim o‘rinbosari, anonim tarzda, yuzi ko‘rsatilmasligi va ovozi o‘zgartirilishi shartlari bilan ochiqcha suhbatlashishga rozi bo‘ldi.
“To‘g‘risi, bu xabarlarni eshitib men hayron qolmadim. Bunaqa bo‘lishi.. bir kunmas bir kun baribir bo‘ladi shu sohada ishlayotgan odamda. Meni hayron qoldirgan narsa – summa. Bu 1 million AQSh dollari, 3 million AQSh dollari nafaqat O‘zbekiston uchun, balki dunyoning rivojlangan davlatlarida ham katta summa hisoblanadi”, - deydi u.
“[Hokim o‘rinbosarlarining] 99 foizi oladi, deb o‘zimga ishonch bilan gapira olaman..”
Xo‘sh, bu pora qanday xizmatlar uchun olinadi? Qanday korruptsion sxemalar amal qiladi?
Bu savolimga suhbatdoshim o‘rinbosarlarga hokim tomonidan turli bayram tadbirlarini o‘tkazish bosimi tufayli “hokimiyatga sodiq” tadbirkorlardan olinadigan pulni misol keltiradi.
Ҳуқуқ-тартибот ходимларининг қўлида факт бўлган тақдирда ҳам, бориб ҳокимни ушлаб, уни қамаб қўйолмайди. Қўпол қилиб айтганда, юқоридан “добро” олиш керак.
Bu degani o‘rinbosar pulni tadbirkordan ola turib, baribir davlat tadbiriga sarflar ekan-da? Bamisoli Robin Gud?
“Davlat tadbiri uchun oladi, xo‘p, birinchi martasiga. Ikkinchi martasiga o‘zining shaxsiy manfaati uchun oladi. Yoki tadbirkor bilan yaxshi chiqishib, kelishganidan keyin unga qandaydir foyda tegadigan sxema qilib oladi. Bu narsa baribir yo‘l ochadi korruptsiyaga. Bu tizimli ish. Bu har bitta tumanda bor. Busiz iloji yo‘q. Shu holatda ishlashga majbursiz, atrof-muhit shunday”, - deydi u.
Yer savdosi
Ikkinchi misol tariqasida suhbatdoshim chamasi hokim o‘rinbosarlari eng ko‘p ayblanib qo‘lga tushadigan jinoyat – hokimlik tasarrufidagi yerni sotish jinoyatini keltiradi.
Prezident Shavkat Mirziyoevning 2019 yilgi [4427] qaroriga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yerlar elektron auktsion orqali amalga oshirilishi belgilangan. Bundan maqsad hokimlardan yerni sotish vakolatini olib qo‘yish edi. Ammo, suhbatdoshga ko‘ra, bu auktsionlar “pichoqqa ilinadigan” yerlar uchun, shunchaki – ko‘zbo‘yamachilik.
“Eng katta korruptsion sxemalar yer bilan bog‘liq. Auktsionga yer chiqarilishi hokimiyat o‘rinbosarining imzosi bilan bo‘ladi. Yer auktsionga chiqarilganda, unga qo‘yiladigan investitsiya talabi juda yuqori qilib qo‘yiladi. Misol, Qoraqalpog‘istonning Nukus yoki biron chekka tumanidagi 1 gektar yo 50-60 sotok yer uchun 20 million dollar investitsiya kiritish va 200 ish o‘rni yaratish sharti qo‘yiladi. Bu tumanda bunga qodir tadbirkor yo‘q bo‘ladi, ko‘pincha. Bu shartlarni ko‘rgan tadbirkorlar auktsionda baribir qatnashmaydi”, - deydi u potentsial xaridorlarni chetlatish uchun sun’iy ravishda yuqori qilib baholangan yer haqida.

Surat manbasi, DXX
Unga ko‘ra, qaysidir tadbirkor bu yuqori narxlarga rozi bo‘lib, auktsionda qatnashgan taqdirda ham, jarayondan chetlatiladi.
“Telefon orqali unga aloqaga chiqiladi. Hokimiyatning “resurs”i bunga yetadi. Qatnashma, deyiladi. Sen bu joyni ololmaysan, ololsang ham, bu yerga egalik qilolmaysan, deyiladi. So‘ng, “kerakli odam” yutib oladi. Chunki hech qaysi tadbirkor hokimiyat bilan plyus-minusga borishni xohlamaydi.”
“Kerakli odam” deganda suhbatdosh hokimiyat bilan avvaldan, katta ehtimol bilan pora evaziga yoki qarindoshlik asosida til biriktirgan tomonni nazarda tutmoqda.
Sobiq hokim o‘rinbosarining aytishicha, korruptsiya bilan qo‘lga tushayotganlar yo “ahmoq”, yo “judayam ochko‘z”. Chunki, unga ko‘ra, bu kabi kelishuvlarda hokim o‘rinbosari fuqaro bilan bevosita gaplashmasligi kerak, balki uzoq yillik ishonchli tadbirkorlar, pensiya jamg‘armasi raisi yo bank rahbari orqali kelishishi kerak. Ya’ni, pora beruvchi bilan bevosita kelishish qo‘lga tushishning xavfini oshiradi.

Surat manbasi, DXX
Nega hokim qo‘lga tushmaydi?
Xalq orasida tarqalgan gumon, va ko‘p hollarda hatto ishonchga ko‘ra, hokim o‘rinbosarlari pora olayotganda shunchaki vositachi rolida bo‘lishadi va bu pora aslida hokimga mo‘ljallanadi. Xo‘sh, suhbatdoshimiz fikrida, bu gumon va ishonch asoslimi?
“Asos bor. 100 foiz. Tepa bilan kelishmasdan ish qilishning imkoniyati yo‘q. O‘zidan yuqori turgan boshlig‘iga bildirmasdan buni qilishning iloji yo‘q. Kichkina masalalarda, ming dollar, 1200 dollar olgan hokim o‘rinbosarlari misollarida balki hokim bilmas, lekin 1 million, 3 million dollarlik holatlarda, 100 foiz biladi”, - deydi u.
Lekin, unda hokim o‘rinbosarlarini qo‘lga olishdan ne naf? Huquq-tartibot organlari nega tergov usullarini ishga solib, zanjirning oxirigacha yetib borishmaydi va yakuniy manfaatdorni ushlashmaydi?
“[Tergov] hokim darajasigacha, hatto tuman hokimi darajasigacha chiqib bormaydi, chunki nafaqat viloyat darajasida, balki [prezident] administratsiya[si] darajasida unga ruxsat bo‘lishi kerak. Huquq-tartibot xodimlarining qo‘lida fakt bo‘lgan taqdirda ham, borib hokimni ushlab, uni qamab qo‘yolmaydi. Qo‘pol qilib aytganda, yuqoridan “dobro” olish kerak”, - deydi u.
Unda o‘rinbosarlarni qo‘lga olgan bilan nimaga erishiladi? Suhbatdoshga ko‘ra, bu bilan xalqning xovuri bosiladi.
“Masalan, alamzada bir fuqaro bor. U kelishadi. Summani berish vaqti kelganda, prokuraturaga yoki DXXga boradi-da, tezkor tadbir o‘tkazishni so‘rab ariza yozadi. Shunda tezkor tadbir o‘tkaziladi. O‘zi aslida hokim o‘rinbosarini qamash ham huquq-tartibot organlari uchun yengil ish emas - u kamida viloyat darajasida kelishiladi. Alamzada fuqaroning ehtiyojini qondirishga majbur ular. Chunki bu narsa orqali xalqqa bo‘layotgan bosimni chiqarvorish kerak. Hokim o‘rinbosari qanchadir aybni bo‘yniga oladi-da, qamaladi. Ish oxirigacha olib borilmaydi – qanaqa, kim orqali, nimaga olding, kimga borardi bu summaning bir qismi - u jarayonlar ochiqlanmaydi, shunday yopiladi. Hokim o‘rinbosariga yengilroq jazo beriladi, qamaladi yo qamalmay o‘z ishiga yo pastroq lavozimga ham tiklanishi mumkin”, - deydi u.
Xalqaro aksil-korruptsion Transparency International tashkilotining oxirgi yillik hisobotida O‘zbekiston korruptsiya darajasi bo‘yicha 180 davlat ichidan 121 o‘rinni oldi.
Tashkilotga ko‘ra, Prezident Mirziyoev 2016 yilda hukumat tepasiga kelganidan beri korruptsiyani qoralash bo‘yicha bir qancha qadamlarni qo‘ydi. Xususan, 2020 yilda Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligiga asos solindi va qator mulozimlar poraxo‘rlik va o‘z vakolatini suiiste’mol qilish ayblari bilan tergov qilindi.
Ammo, deydi tashkilot, O‘zbekistonda hatto eng yuqori darajali hukumat idoralarida ham korruptsiya, nepotizm va lavozimini suiiste’mol qilish holatlari yuqoriligicha qolmoqda.














