Kelib chiqishimiz haqida yanglishganmizmi? Million yillik bosh chanog‘idagi tilsim

- Author, Pallab Gosh
- O'qilish vaqti: 4 daq
Tadqiqotchilarning yangi xulosalariga ko‘ra, Xitoyda topilgan million yillik odam bosh suyagi Homo sapiens biz o‘ylagandan kamida yarim million yil oldinroq paydo bo‘la boshlaganini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, ular yana ta’kidlashicha, Homo sapiens boshqa qardosh turlar, jumladan, neandertallar bilan ishonib kelganimizdan ancha ko‘proq vaqt birga yashagan.
Olimlar fikricha, ularning tahlili inson evolyutsiyasi haqidagi tushunchamizni "butkul o‘zgartiradi", agar to‘g‘ri chiqsa, bu tariximizning muhim ilk bobini qayta yozishga olib kelishi mumkin.
Biroq inson qachon paydo bo‘lgani borasidagi soha mutaxassislari yangi tadqiqot xulosalari ehtimolga yaqin, ammo aniq emas, deb hisoblamoqda.
Nufuzli ilmiy jurnal "Science"da e’lon qilingan bu kashfiyotni Xitoy universiteti va Buyuk Britaniyaning Tabiiy tarix muzeyi olimlaridan iborat tadqiqot guruhi qildi.
"Dastlab, natijani olganimizda, bunga ishonish qiyin edi. Qanday qilib bu shunchalik uzoq o‘tmishga borib taqalishi mumkin?" deydi tadqiqotga hamrahbarlik qilgan Fudan universiteti professori Shijan Ni.
"Ammo biz barcha modellarni sinab ko‘rdik, barcha metodlardan foydalanib, qayta-qayta tekshirdik va natijaga to‘la ishonch hosil qildik."

Surat manbasi, FUDAN UNIVERSITY
Olimlar Yunxian 2 deb nomlangan bosh suyagini topganlarida, u bizning qadimgi ajdodimiz, birinchi yirik miyali odam – Homo erectus'ga tegishli deb taxmin qilishgan. Buning sababi, u taxminan million yil oldingi davrga tegishli bo‘lib, rivojlangan odamlar paydo bo‘lishidan ancha avvalgi davr hisoblangan.
Homo erectus keyinchalik evolyutsiyaga uchrab, 600 ming yil oldin neandertallarga va bizning turimiz – Homo sapiens'ga ajrala boshlagan.
Ammo tadqiqotda qatnashmagan, boshqa mustaqil ekspertlar ko‘rib chiqqan Yunxian 2 ning yangi tahlili bu Homo erectus emasligini ko‘rsatmoqda.
Hozirda u Homo longi'ning dastlabki ko‘rinishi, neandertallar va Homo sapiens bilan bir darajadagi qardosh tur deb hisoblanmoqda.
Genetik dalillar ko‘rsatishicha, ular yonma-yon mavjud bo‘lgan. Shu bois, agar Yunxian 2 million yil oldin yashagan bo‘lsa, olimlar fikricha, neandertal va o‘z turimizning dastlabki vakillari ham yashagan bo‘lishi mumkin.
Ushbu hayratlanarli tahlil yirik miyali odamlar evolyutsiyasi vaqtini kamida yarim million yilga keskin o‘zgartirib yubordi, deydi tadqiqot hammuallifi, Tabiiy tarixi muzeyi professori Kris Stringer.
Uning ta’kidlashicha, sayyoramizning qaeridadir Homo sapiens'ning million yillik qoldiqlari bo‘lishi mumkin – biz ularni hali topganimiz yo‘q.
Ibtidoiy odamning qaysi turga mansubligini aniqlashning ikkita usuli mavjud – bosh suyagining shakli va uning genetik ma’lumotlarini tahlil qilish. Yunxian 2 misolida ikkala usul ham qo‘llangan va ularning har biridan bir xil xulosa chiqqan.
Biroq boshqa tadqiqotchilar, jumladan, Kembrij universiteti evolyutsion genetigi doktor Eylvin Skalli, ikkala usulda ham sezilarli noaniqliklar borligini ta’kidlamoqda.
"Vaqtni taxmin qilishda, ayniqsa, ehtiyotkor bo‘lish kerak, chunki bu genetik yoki qazilma dalillar bo‘lishidan qat’i nazar, juda mushkul vazifa," deydi u.
"Hatto genetik ma’lumotlarning eng katta hajmi bilan ham bu populyatsiyalarning 100 000 yil mobaynida yoki undan ham ko‘proq vaqt davomida birga yashashi mumkin bo‘lgan davrni aniq belgilash juda qiyin."

Surat manbasi, FUDAN UNIVERSITY
Uning yana qo‘shimcha qilishicha, prof. Ni va Stringerning xulosalari ehtimolga yaqin bo‘lsa-da, ular ishonchli emas va ishonch hosil qilish uchun ko‘proq dalillar kerak.
"Bu manzara biz uchun hali ham juda noaniq, shuning uchun agar ushbu tadqiqot xulosalari boshqa tahlillar, eng yaxshisi, ba’zi genetik ma’lumotlar bilan qo‘llab-quvvatlansa, menimcha, biz bunga tobora ko‘proq ishona boshlaymiz," dedi u BBC News'ga.
Afrikadagi dastlabki Homo sapiens'ning eng qadimgi ma’lum dalillari 300 ming yil oldingi davrga tegishliligini hisobga olsak, bu yangi kashfiyot to‘g‘ri chiqsa, bizning turimiz birinchi bo‘lib Osiyoda rivojlangan bo‘lib chiqadi.
Biroq, prof. Stringer aytishicha, hozirgi bosqichda bunga ishonch hosil qilish uchun yetarli dalillar yo‘q, chunki Afrika va Yevropada ham tahlilga kiritilishi kerak bo‘lgan million yillik odam qoldiqlari mavjud.
"Bizning turimiz bundan ham oldinroq paydo bo‘lganiga ishora qiluvchi ba’zi genetik dalillar bor, ular bizning naslimiz bilan qayta birlashgan bo‘lishi mumkin, ammo bu hali tasdiqlanmagan," dedi u BBC News bilan suhbatda.
Ilgarigi vaqt shkalasi shuni anglatadiki, uch turdagi odamlar sayyorada taxminan 800 ming yil davomida birga yashagan. Bu ilgari o‘ylanganidan ancha uzoqroq bo‘lib, ehtimol ular o‘sha paytda o‘zaro ta’sirda bo‘lgan va chatishgan.
Ertaroq paydo bo‘lish gipotezasi to‘g‘ri chiqsa, bu tasniflash va inson shajarasidagi o‘rnini aniqlash qiyin bo‘lgan 800 000 va 100 000 yil oldingi o‘nlab odam qoldiqlarini tushunishga yordam beradi. Buni olimlar "o‘rtadagi chalkashlik" deb ataydi.
Biroq Homo sapiens, Homo longi va neandertallarning ertaroq paydo bo‘lgani tasdiqlansa, mazkur muammo aniq hal bo‘ladi. Bu shuni anglatadiki, hozirda tasniflash qiyin bo‘lgan ayrim qazilma qoldiqlarni "katta uchlik"dan biriga yoki ularning ibtidoiy ajdodlari – Osiyo Homo erectus va heidelbergensis'ga tegishli kichik guruhlar sifatida tasniflash mumkin, deydi prof. Ni.
"Inson evolyutsiyasi daraxtga o‘xshaydi, – deydi u. – Bu daraxt bir nechta shoxlardan iborat va bir-biriga yaqin uchta asosiy shox bor. Ular o‘zaro chatishgan bo‘lishi mumkin va deyarli 1 million yil davomida birga yashagan. Bu haqiqatan ham aql bovar qilmaydigan natija."
Bosh suyagi Hubey viloyatida yana ikkitasi bilan birga qazib olingan. Ammo ular shikastlangan va majaqlangani sababli Yunxian 2 Homo erectus sifatida xato tasniflanishiga olib kelgan.
Ularni asl shakliga qaytarish uchun professor Ni jamoasi bosh suyaklarni skanerdan o‘tkazib, kompyuter modellashtirish usullari yordamida ularni asl holatiga keltirdi, so‘ng nusxalarini 3D printerda chop etdi.
Ularni asl shaklida ko‘rgan olimlar bu bosh suyaklarini alohida – odamlarning yanada rivojlangan guruhi sifatida qayta tasnifladi.












