O‘zbekiston: Sud jurnalist sha’ni obro‘sizlantirilmadi, deb topdi

Jurnalist Anora Sodiqova sud hukmidan noroziligini aytmoqda

Surat manbasi, Ilyos Safarov

Surat tagso‘zi, Jurnalist Anora Sodiqova sud hukmidan noroziligini aytmoqda
O'qilish vaqti: 4 daq

Toshkent shahrining Shayxontohur tuman sudida jurnalist Anora Sodiqovaning Mufasa taxallusi bilan faoliyat yuritadigan bloger Mirsaid Haydarov ustidan yozgan shikoyati bo‘yicha mahkama tugadi.

Sudya Dilnoza Shamatova jurnalistning arizasi bo‘yicha keltirilgan da’volarning aksarini qanoatlantirmagani aytilmoqda.

Anora Sodiqovaning Bi-bi-si O‘zbek Xizmatiga bildirishicha, sud u o‘z arizasida haqorat sifatida qayd etgan so‘zlardan faqat bittasi bo‘yicha xususiy ajrim kiritish uchun prokuraturaga yuborgan.

Hakam da’vogar tomonga mahkama hukmi 5 kunning ichida berilishini aytgan. Shu bois Bi-bi-si hukm tafsilotlarini keltirolmaydi.

Jabrlanuvchi tomon xususiy lingvist ekspertdan keltirgan xulosa hamda davlatga qarashli O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi "Hadicha Sulaymonova" nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi bergan xulosada obro‘sizlantirish borligini aytgan.

"Ikkalasida ham fuqaro Mirsaid Haydarov postlarida Anora Sodiqovaga nisbatan obro‘sizlantirish, kamsitish, sha’n-qadr qimmatini obro‘sizlantirish mavjud degan xulosa kelgan. Xullas, ikkita – xususiy va davlat ekspertining xulosasiga qaramasdan sudya qabul qilmadi" - deydi Anora Sodiqova.

Uning urg‘ulashicha, sudya arizani qanoatlantirmasligiga sabab qilib, ekspertiza xulosasi to‘liq ochib, asoslab berilmaganini keltirgan.

Jurnalist sud hukmidan qoniqmaganini va hukmni qo‘lga olgach, apellyatsiyaga berishini aytdi.

26 fevral: O‘zbekiston: Jurnalist sha’ni, qadr-qimmati sudi boshlandi

Jurnalist Anora Sodiqova ishida inson huquqlari himoyachisi Abdurahmon Tashanov jurnalistlarga intervyu berayotgan payt

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Toshkent shahrining Shayxontohur tuman sudida jurnalist Anora Sodiqovaning Mufasa taxallusi bilan faoliyat yuritadigan bloger Mirsaid Haydarov ustidan yozgan shikoyati bo‘yicha mahkama boshlandi.

Sudga da’vo arizasida jurnalist Anora Sodiqova Mirsaid HaydarovFeysbukdagi sahifasida o‘zining sha’ni, qadr-qimmatini kamsitgani va tuhmat qilganini yozgan.

Sud O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 100-bandi (Sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish) bo‘yicha sud tergovini boshlashga qaror berdi.

Aloqador mavzular:
Iqtibos

Surat manbasi, .

Surat tagso‘zi, Iqtibos

Jurnalistlarning xabar qilishlaricha, 26 fevral kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayhontohur tuman sudi binosida ko‘p sondagi muxbirlar sud jarayonini yoritish maqsadida to‘planganlar.

Sud jarayoniga sudya Dilnoza Shomatova raislik qilmoqda.

Jarayonni yoritishga to‘plangan jurnalistlarning xabar qilishlaricha, sudya "Gazeta.uz", Kun.uz, Daryo.uz, Vatandosh TV, Uzdiplomat.uz, Paradigma.uz veb- nashrlarining muxbirlari, boshqa jamoatchilik faollarini sud zaliga kiritmaslikka qaror qilgan.

Sud zaliga faqat da’vogar Anora Sodiqova, uning advokatlari, javobgar Mirsaid Haydarov va uning advokatlari kirishlariga ruxsat berilishi ma’lum qilingan.

Anora Sodiqova

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat tagso‘zi, "Bunday trollar jamoasining har bir harakati ochiqlik, so‘z erkinligiga bo‘lgan jiddiy tahdid, deb o‘ylayman", dedi Anora Sodiqova.

Mamlakat qonunchiligida advokatdan tashqari da’vogar yoki javobgarning vakili ishtiroki belgilab qo‘yilgan, O‘zbekiston Inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Anora Sodiqovaning vakili etib tayinlangan.

Biroq sudya da’vogar rasmiy vakili Abdurahmon Tashanovni ham sud zaliga kiritmagan, advokatlarning qonuniy talablari ortidan huquqbon Tashanov ham ichkariga qo‘yildi.

Mahkama jarayoni boshlanganidan keyin sud yopiq o‘tkazilishi xabar qilindi.

Sud boshidanoq qonunga zid boshlanganini aytdi Abdurahmon Tashanov.

"Chunki sudni hali yopiq, deb e’lon qilmasidan oldin jurnalistlar va jamoatchilik faollari sud zaliga kirishi kerak edi. Yopiq tarzda o‘tishi aytilganidan so‘ng ularni zaldan chiqarib yuborish yoki faqat tinglovchi sifatida ishtirokini ta’minlash kerak edi, ammo unday bo‘lmadi", dedi tashqarida turgan jurnalistlarga Abdurahmon Tashanov.

Tashanov aytishicha, sudni yopiq o‘tkazish talabini javobgar Mirsaid Haydarovning advokatlari ilgari surganlar, buni javobgarning shaxsiga tegishli ma’lumotlar Internetga chiqib ketishini vaj qilib ko‘rsatganlar.

Sud jarayoni boshidanoq noto‘g‘ri boshlandi, dedi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov.

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Surat tagso‘zi, Sud jarayoni boshidanoq noto‘g‘ri boshlandi, dedi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov.

"Javobgar Mirsaid Haydarovning advokati Razzoq Altiev sudga ikki masalada iltimosnoma kiritdi. Birinchisi, meni da’vogar Anora Sodiqovaning vakili sifatida sudda ishtirok etmasligim bo‘lsa, ikkinchisi, sudni yopiq tarzda o‘tkazish bo‘yicha edi.

Fuqarolik protsessual kodeksining 68-moddasi (Vakilning vakolatlarini rasmiylashtirish) 4-qismiga ko‘ra, sudda vakil sifatida qatnashishim kerak edi. Ammo javobgar tomon advokati bunga e’tiroz bildirib, „Da’vogarning shuncha advokati bor, unda vakilga xojat yo‘q", deya vakilni, ya’ni meni sud zalidan chiqarish bo‘yicha iltimosnoma kiritdi. Shuningdek, javobgarning shaxsga doir ma’lumotlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgani vaj qilinib, sudni yopiq tarzda o‘tkazilishi bo‘yicha ham iltimosnoma kiritdi.

Biz huquq uchun kurashyapmiz, so‘z erkinligi, inson qadr-qimmati uchun kurashyapmiz. Sudyaga sudlarda shaffoflik va oshkoralikni ta’minlash bo‘yicha Oliy sud plenumining qarorlarini ham keltirdik. Ammo sud javobgar tomonning iltimosnomalarini qanoatlantirdi", dedi Anora Sodiqovaning suddagi vakili Abdurahmon Tashanov.

Anora Sodiqova sud jarayonini ochiq o‘tkazishni so‘ragan, bu jarayonda biror davlat siri, iqtisodiy sir yoki oila siri ko‘rib chiqilmayotganini aytgan, bu sud ishi aynan ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan, ommalashgan ma’lumotlar asosida bo‘layotganini eslatgan.

"Sudya javobgar tomonning ikki iltimosnomasini qanoatlantirdi. Lekin bizning iltimosnomamiz inobatga olinmadi. Bitta jurnalistga nisbatan otilgan tosh, qilingan haqorat va tuhmatlar barcha ommaviy axborot vakillari, faollarga qilingan hatti-harakat, deb hisoblayman. Bunday trollar jamoasining har bir harakati ochiqlik, so‘z erkinligiga bo‘lgan jiddiy tahdid, deb o‘ylayman. Sud bu ishni adolatli ko‘rib chiqishiga umid qilaman", dedi jurnalistlarga da’vogar Anora Sodiqova.

Sud 27 fevralda davom ettirilishi xabar qilindi.