Global mojaro tahdidi jiddiy - Donald Tusk - Video

Surat manbasi, Reuters
Rossiyaning yangi giper tovushli ballistik raketa bilan Ukrainaning Dnepr shahriga zarbasi butun dunyoda muhokama qilinmoqda.
Polsha Bosh vaziri Donald Tusk Ukraina urushining yanada kengayish tahdidi ortib borayapti, deb aytdi.
"Urush hal qiluvchi pallaga kirayapti. Global konflikt tahdidi jiddiy va real", dedi Polsha bosh vaziri.
21 noyabr tunida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin televizion murojaat bilan chiqdi va Dneprga Rossiya yangi "Oreshnik" deb nomlangan tovush tezligidan tez uchadigan yangi ballistik raketa bilan hujum qildi, dedi.
Prezident Putin aytishicha, ushbu hujum G‘arbning Ukrainaga o‘zlari bergan uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalari bilan Rossiya ichkarisiga hujum qilishga ruxsat berganlariga javoban qilingan amaldir.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
"Shu daqiqadan boshlab, biz oldin ko‘p marta ta’kidlaganimizdek, G‘arb gijgijlagan Ukrainadagi mintaqaviy mojaro global tabiat unsurlariga ega bo‘ldi", dedi o‘z murojaatida Prezident Putin.
Keyin Rossiya prezidenti Kievga qurol berayotgan mamlakatlarni ogohlantirdi.
"Bizga qarshi o‘z qurollarini ishlatishga ruxsat bergan mamlakatlarning harbiy inshootlariga qarshi o‘z qurollarimizni qo‘llashga haqqimiz bor. Agar tajovuzkor amallar yanada kuchayadigan bo‘lsa, biz qat’iy va munosib javob qaytaramiz. Men Rossiyaga qarshi o‘z harbiy kuchlarini ishga solish rejasida yurgan mamlakatlar rahbarlarini bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rishga chaqiraman", dedi Vladimir Putin.
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy uzoq vaqtdan buyon ittifoqchilarini Ukrainaga taqdim etgan uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalari bilan Rossiya ichkarisidagi harbiy nishonlarni urishga ruxsat so‘rab kelar, ammo mojaro yanada kengayishidan xavfsiragan G‘arb bunga ko‘nmay kelayotgan edi.
Britaniya va Frantsiya o‘zlarining Storm Shadow va SCALP raketalarini Ukrainaga berishgan, biroq AQSh ruxsat bermagani uchun ular ham Rossiya ichkarisidagi nishonlarni urishga Kievga ijozat bermay kelayotgan edi.
Prezident Bayden AQShda ishlab chiqarilgan ATACMS raketalari bilan Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat bergani ortidan Ukraina Rossiyaning Bryansk va Kursk viloyatidagi harbiy ombor va qo‘mondonlikni uzoq raketalar bilan urdi.
Bryanskdagi qurol-yarog‘ ombori Ukraina chegarasidan 190 kmcha uzoqlikda bo‘lgan.
Moskva ushbu hujumlarga javoban Ukrainaning Dnepr shahridagi "Yujmash" zavodiga raketalar otdi.
"Yujmash" hali Sovet zamonida ballistik raketalar ishlab chiqarilgan yirik harbiy korxona hisoblanadi.
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy aytishicha, dunyo Rossiyaning yangi turdagi giper tovushli raketani ishga solganiga nisbatan keskin munosabat bildirmog‘i lozim.
Zelenskiy Putinni urushni "aniq va qattiq eskalatsiya" qilayotganlikda aybladi.
AQShdan keyin Ukrainaga eng ko‘p qurol-yarog‘ taqdim qilgan, biroq uzoq masofaga mo‘ljallangan Taurus raketalarini berishdan tiyilib turgan Germaniyaning kantsleri Olaf Sholts eskalatsiya kengayishi oldini olishga chaqirdi.
Shu munosabat bilan NATO-Ukraina favqulodda uchrashuvini 26 noyabr kuni o‘tkazishga qaror qilindi.
Rossiya-Ukraina urushi sulh bilan tugashiga umid qoldimi?

Surat manbasi, Getty
AQShning yana yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni "bir kunda" tugatishga va’da bergan edi. Ukraina ATACMS raketalarini Rossiya ichkarisidagi nishonlarni urishga ruxsat hamda piyodalarga qarshi minalarni olar ekan, urush jabhasidagi vaziyat yanada og‘irlashmoqda. Bunday sharoitda sulh istiqboli qanday?
O‘zining saylovoldi kampaniyasi vaqti Donald Tramp urushni qanday to‘xtatishi mumkinligi tafsilotini e’lon qilgani yo‘q,noyabr boshidagi saylovda Tramp g‘alaba qozonganidan so‘ng, turli taxminlar paydo bo‘ldi, ko‘plab tahlilchilar urushni tugatish rejasi hali ham ishlab chiqilayapti deb ishonadi.
Kiev AQShning yangi saylangan prezidenti o‘z vakolat muddati boshidayoq Ukraina va Rossiyani muzokaralar stoliga olib chiqishga harakat qilishini kutmoqda. Prezident Zelenskiy hatto ehtiyotkorlik bilan kelasi yili urushni "diplomatik yo‘l bilan" tugatish niyatida ekanini bildirdi.
Ammo bu muddat nimani anglatadi va bunday muzokaralardan qanday natijalarni kutish mumkin?
Front chizig‘idagi dinamika va jamoatchilik fikri so‘rovlari
Jang maydonidagi vaziyat tobora Rossiya foydasiga o‘zgarmoqda, chunki u butun front chizig‘i bo‘ylab oldinga siljimoqda.
Rossiya qo‘shinlari Donbassning sharqiy qismida, shuningdek, shimoli-sharqda Xarkov viloyatidagi Kupyansk shahri va janubi-sharqda yirik mintaqaviy markaz bo‘lgan Zaporojьe shahri tomon harakat qilmoqda.
Joriy yil oktyabrь oyida Rossiya Ukraina hududining qo‘shimcha 500 kvadrat kilometrini egallashga erishdi – bu 2022 yil mart oyidan beri eng katta yutuq hisoblanadi.
Prezident Zelenskiyning aytishicha, xalqaro miqyosda tan olingan Ukraina hududining 27 foizi hozirda Rossiya nazorati ostida. Bunga Qrim va mamlakatning 2014 yilda Rossiya tomonidan bosib olingan sharqiy hududlari kiradi.
Ukrainaning Sumi, Xarkov, Odessa va Kiev shaharlariga har kuni boshqariladigan bombalar va portlovchi moddalar yuklangan dronlar bilan hujumlar davom etmoqda.
Xabarlarga ko‘ra, Moskva Shimoliy Koreya askarlarini ham jalb qilgan holda Rossiyaning Kursk viloyatida qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ukraina avgust oyida kutilmagan transchegaraviy hujum natijasida ushbu mintaqaning bir qismini egallab olgan va uni potentsial tinchlik muzokaralarida dastak bo‘lishi uchun ushlab turibdi.
Rossiya ham kuch pozitsiyasidan turib muzokaralar olib borishga intilmoqda. Bi-bi-si bilan suhbatlashgan ukrainalik tahlilchilar va harbiy vakillar fikricha, agar Donald Tramp 2025 yil yanvarda lavozimga kirishishi bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar boshlansa, Kreml ungacha ko‘proq Ukraina yerini egallashga shoshilmoqda.
Prezident Putin Donetsk va Lugansk viloyatlari chegaralarigacha yetib bormoqchi yoki Zaporojьe kabi boshqa mintaqaviy markazni egallab olmoqchi, deb taxmin qilinmoqda.
Vaqt Ukraina foydasiga ishlamayapti, chunki u frontda askarlarning keskin tanqisligiga duch kelmoqda. Ko‘plab erkaklar harbiy xizmatdan qochishga urinmoqda, so‘nggi ikki yarim yil davomida jang qilganlar esa holdan toygan. Harbiy xizmatga chaqirishni kengaytirish Ukraina jamiyati uchun bahsli masalaga aylandi: ko‘pchilik jang qilishga tayyor emas, frontda bo‘lganlarning oilalari esa ularga adolatsiz munosabatda bo‘linayotganini his qilishmoqda.
Umuman olganda, Ukraina xalqi urushdan charchadi – deyarli uch yil davomida muntazam bombalashlar, elektr ta’minotidagi uzilishlar va uyqusiz tunlarni boshdan kechirdilar. Endi ular yaqinlashib kelayotgan qishdan xavotirda, ko‘pchilik bu qish eng og‘ir bo‘lishiga ishonmoqda.
So‘rovlar ko‘rsatishicha, Rossiya bilan tinchlik muzokaralari g‘oyasi odamlar orasida tobora ommalashmoqda, garchi bu jarayonda hududni yo‘qotish va uzoq muddatli istiqbolda chegaralar bo‘yicha noaniqlikni keltirib chiqarsa ham.
Oktabr oyida "Razumkov markazi" tahlil markazi tomonidan e’lon qilingan so‘rovga ko‘ra, har uch ukrainalikdan biri hozir muzokaralar tarafdori, bir yil oldin esa bu ko‘rsatkich beshdan bir edi.
Oktyabr oyida o‘tkazilgan boshqa so‘rovga ko‘ra, ukrainaliklar o‘z mamlakati oxir-oqibat g‘alaba qozonishiga ilgarigidek ishonch bildirishmayapti, garchi ko‘pchilik hali ham Ukraina Rossiyani mag‘lub etishiga umid qilmoqda.
ATACMS va piyoda minalari vaziyatni o‘zgartiroladimi?
Prezident Bayden rahbarligidagi muddati tugayotgan AQSh ma’muriyatining ATACMS raketalarini Rossiya ichkarisidagi nishonlarni urishga ruxsat bergani urush dinamikasiga yangi burilish kiritdi.
Ukrainaga bundan oldinroq ATACMS raketa tizimlari taqdim etilgan va bu raketalarni Qrim va Ukrainaning sharqiy hududlaridagi nishonlarni urishga qo‘llab kelmoqda. Ham Qrim va ham Lugansk va Donetsk Ukraining xalqaro tan olingan hududlari, ular hozirgi paytda Rossiya okkupatsiyasi ostida.
Prezident Baydenning Kievga Rossiya chegarasi ichidagi hududlarni AQSh raketalari bilan urishga rusxat berganini Moskva eskalatsiya va "yog‘ga olov quyish" deb ta’rifladi.
Tahlilchilarning ishonishicha, 300 km uzoqlikdagi nishonni uroladigan ATACMS raketalari Ukraina "qo‘lini ochadi", biroq vaziyatda katta o‘zgarish yasolmaydi. Chunki Rossiya allaqachon Kievga uzoq masofaga mo‘ljallangan G‘arb raketalaridan foydalanishga ruxsat berilishiga tayyorgarlik ko‘rib bo‘lgan, muhim harbiy inshootlarini chegaradan uzoqroqqa ko‘chirgan.
Ukrainaning birinchi ATACMS hujumi Rossiya ichkarisidagi Bryansk viloyatidagi qurol-yarog‘ omboriga uyushtirildi deb ishoniladi.
AQSh Ukrainaga piyodalarga qarshi minalar berilishi qarori haqida e’lon qildi va bu minalar faqat Ukraina hududida va tinch fuqarolar yashaydigan markazlardan uzoq maydonlarga o‘rnatilishiga ruxsat berildi.
Aksilpiyoda minalarini Rossiya urush boshidanoq qo‘llab keladi. Ukraina AQShdan oladigan va bir necha haftalik "umri bor" minalardan farqli o‘laroq, Rossiya minalari zararsizlantirilmagunicha xavfli bo‘lib qolaveradi. So‘nggi ikki yarim yil ichida qariyb 300 ukrainalik tinch aholi vakillari mina portlashida halok bo‘lganlari xabar qilingan.
Ko‘plab xalqaro tashkilotlar, jumladan, Qizil Xoch uzoq vaqtdan buyon piyoda minalarini taqiqlash kampaniyasini yuritib keladi, bu minalar "uzoq davom etadigan o‘lim, jarohat va azoblar"ga sababchi bo‘lishini aytadi.
AQSh aksilpiyoda minalarini Ukrainaga berishga uzoq vaqt ikkilandi, lekin tankka qarshi minalar berganiga ancha bo‘ldi.
ATACMSlarga o‘xshab bunday qurollar ham Ukraina qo‘shinlariga o‘z hududlarini mudofaa qilishga yordam beradi, hujumga o‘tishga emas.
“Tramp rejasi”ni kutish
Donald Tramp AQSh saylovlarida g‘alaba qozonganidan so‘ng, ko‘plab kuzatuvchilar uning Rossiya va Ukraina uchun uzoq kutilgan tinchlik rejasi tafsilotlarini kutmoqda.
Uning saylovdan keyingi dastlabki bayonotlari mujmal jumlalar bilan cheklangan edi, masalan: "Biz Rossiya va Ukraina bilan juda qattiq ishlashimiz kerak. Bu to‘xtashi kerak. Rossiya va Ukraina urushni to‘xtatishi zarur."
Keyin AQSh ommaviy axborot vositalari Tramp Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashib, Rossiya prezidentini urushni kuchaytirmaslik haqida ogohlantirgani haqida xabar tarqatdi, ammo buni Kreml rad etdi.
Ukrainalik mutaxassislar fikricha, Trampning rejasi hali to‘liq shakllanmagan bo‘lsa-da, uning jamoasi allaqachon strategiya ishlab chiqqan bo‘lishi mumkin.
Ukrainaning tashqi siyosat tahlil markazi "Yangi Yevropa" direktori Alyona Hetmanchuk, bu mavjud g‘oyalarning aksariyati, u yoki bu tarzda, mojaroni muzlatib qo‘yishga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi.

Surat manbasi, Getty Images
"Urushda front liniyasini muzlatish. NATOga a’zolik masalasini muzlatish. Hech bo‘lmaganda moliyaviy yordamni muzlatish. Hamma narsani muzlatib qo‘yish", deb tushuntiradi Hetmanchuk.
Uning fikricha, bu yondashuv Bayden ma’muriyatining yondashuvidan unchalik farq qilmaydi. Farq shundaki, demokratlar Ukrainaga uzoq muddatli moliyaviy yordam va’da qilgan bo‘lsa-da, muzokaralarni AQSh emas, balki Ukraina boshlashi kerak deb hisoblashgan.
Ammo demokratlardan farqli o‘laroq, Tramp muzokaralarga rahbarlik qilish uchun Ukraina bo‘yicha maxsus vakil tayinlash niyatini bildirdi, Kiev buni ijobiy holat deb baholamoqda. Birinchi prezidentlik davrida Trampning shunday vakili bor edi – amerikalik tajribali diplomat Kurt Volker.
"Bizga Tramp quloq soladigan nufuzli "janob Ukraina" kerak", deydi Alyona Hetmanchuk.
Ukraina rasmiylari yangi AQSh ma’muriyati bilan tafsilotlarni muhokama qilish imkoniyatini intiqlik bilan kutmoqda, ammo jarayon oson bo‘lmasligini tushunishmoqda. Biroq AQSh ommaviy axborot vositalari ta’kidlaganidek, bu ruslar uchun ham oson bo‘lmaydi.
Tramp tomonidan milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi etib tanlangan Florida kongressi a’zosi Maykl Vals va davlat kotibi lavozimiga tavsiya etilgan Florida senatori Marko Rubio Ukraina uchun ijobiy tayinlov bo‘ladi deb baholanmoqda, chunki o‘tmishda ikkalasi ham Xitoy, Eron va Rossiyaga nisbatan qattiq yondashuvni qo‘llab-quvvatlagan.
Ularning o‘tmishdagi ovoz berishlari va bayonotlari asosida ularning ehtimoliy ta’siri haqida xulosa chiqarish uchun hali erta, deydi siyosiy tahlilchi Vladimir Fesenko.
"Ularning pozitsiyasi Tramp bilan bir qatorda o‘zgarib turdi," deb ta’kidlaydi u.
Kievdagi rasmiylar Trampning yangi jamoasi bilan aloqa o‘rnatishga intilayotgan bir paytda, prezident Zelenskiy Jo Bayden prezidentligining so‘nggi oylariga katta umid bog‘lamoqda.
Ularning ba’zilari allaqachon amalga oshdi – Prezident Bayden Ukrainaga AQSh tomonidan taqdim etilgan uzoq masofali raketalardan Rossiya hududida zarba berishga ruxsat berdi, bu esa uzoq davom etgan siyosatga o‘zgartirish kiritdi.
Xabar qilinishicha, AQSh Kievga ATACMS raketalaridan faqat Rossiyaning hozirda Ukraina egallab turgan Kursk viloyatining kichik hududini ushlab turish uchun foydalanishga ruxsat beradi. Bunday zarbalar frontdagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirishi dargumon, lekin hech bo‘lmaganda uning ba’zi qismlarida Rossiyaning oldinga siljishini sekinlashtiradi.
Ukraina va Rossiya yangi AQSh ma’muriyatining urush bo‘yicha birinchi qadamlarini kutayotgan bir paytda, bir narsa aniq – har qanday ehtimoliy tinchlik muzokaralari murakkab va uzoq davom etishi mumkin. Ikkala davlat ham, ularning rahbarlari, prezidentlar Zelenskiy va Putin ham ushbu mojaroni hal qilishdan katta manfaatdor va ularning kelajagi har qanday muzokaralardan qanchalik yaxshi natija olishiga bog‘liq.
Anjelina Korba kollaji
Telegram kanalimiz:












