O‘zbekiston: "Jumaga borgan o‘g‘lim shtraf oldi" – Bolalarning Ramazonda masjidga kirishiga cheklov qo‘yilgani ortidan bahs kuchaymoqda

video

Surat manbasi, Screenshot/Social media

Surat tagso‘zi, Ijtimoiy tarmoqda ichki ishlar xodimi masjidda ibodat qilayotgan ikki yosh bolani chiqarib yuborayotgani tasvirlangan video paydo bo‘lgan
O'qilish vaqti: 4 daq

O‘zbekistonda bolalarni Ramazon vaqtida masjidga kirishiga to‘sqinlik qilish ortayotgani aytilgan xabarlar ko‘paygan. Tarmoq foydalanuvchilari o‘qituvchilar va xavfsizlik xodimlari bolalarning masjidga kirishini cheklayotgani haqida yozgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda diniy erkinlik bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirlar kuchaygan bir paytda, Musulmonlar idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazarov odamlarga murojaat bilan chiqqan.

Muftiy Ramazon namozlari paytida ota-onalarni farzandlarini uyda qoldirishga chaqirgan.

Bu chaqiriq ijtimoiy tarmoqlarda namoz paytida bolalarning masjidda o‘ynab yurgani tasvirlangan videolar tarqalganidan keyin yangragan.

Xoliqnazarov masjidga kelgan bolalar o‘yinqaroqlik qilayotganini tilga olgan, ibodat paytida diqqatni jamlash lozimligini ta’kidlagan.

"Yosh bolalarimizni uylarda ushlaylik, azizlar. Kattalar… hammamiz kelib, bir oyni bir xushro‘ bilan, huzur bilan, bir yig‘lab, maza qilib, ibodatimizni o‘tkazaylik. Mana shu ibodatga xalaqit qiladigan biror narsani qilmaslik kerak", degan Xoliqnazarov tarmoqda tarqalgan videomurojaatda.

"Hokim masjidga kelib buyruq beribdi"

Muftiy Xoliqnazarovning murojaati tarqalgandan so‘ng tarmoqda ichki ishlar xodimlari bolalarni masjidlarga qo‘ymayotgani, bu ishga ta’lim xodimlari ham jalb etilgani haqida xabarlar ko‘paygan.

"Qo‘qon shahrida Shayhul islom, G‘ishtli masjid, Hadya hoji (Shaldiramoq), Ahmadxon hoji (Dang‘ara), Shayxon kabi masjidlarda bolalar qo‘yilmayapti. Bugundan Toshloq masjidi ham qo‘shildi. Hech qanaqasiga qo‘ymayapti. Organ xodimini aytishicha shaxsan hokimni o‘zi masjidga kelib, buyruq beribdi. Diniy qo‘mitadan ham buyruq kelibdi.

Militsiya xodimi musulmon ekanligini, majbur bo‘layotganini, juma kunlari bolalarga indamayotganini, bugun majbur ekanligini aytdi", xabar qilgan tarmoq faoli Jamshid Bobobekov.

Keyinroq ijtimoiy tarmoqda ichki ishlar xodimi masjidda ibodat qilayotgan ikki yosh bolani chiqarib yuborayotgani tasvirlangan video paydo bo‘lgan.

masjid

Surat manbasi, Screenshot/Social media

Surat tagso‘zi, Tarmoqda tarqalgan boshqa bir video ta’lim sohasi xodimlari masjid oldida yig‘ilgan bolalarning ism-sharifini birma-bir yozib olayotgani ko‘ringan. Xabar qilinishicha, holat Koson shahrida ro‘y bergan.

Videoning aynan qachon va qaerda tasvirga olinganini mustaqil aniqlash imkonsiz, ammo ko‘plab foydalanuvchilar bu holat Farg‘ona shahridagi masjidlardan birida bo‘lgani haqida yozgan.

Yana bir tarqalgan videoda Koson tumanida ham ichki ishlar organlari xodimlari bolalarni taroveh namoziga kirishiga ruxsat bermagani aytiladi.

Bunday xabarlar ortidan faollar o‘z xavotirini bildira boshlagan.

"Vahima qilyapsan demang, bizlar aniq sekin-asta Sharqiy Turkiston holatiga qarab ketyapmiz", yozgan Facebook foydalanuvchilaridan biri.

Zokirjon Athamov nomi ostidagi Facebook foydalanuvchisi esa voyaga yetmagan farzandi juma namoziga borgani sabab jarima qo‘llanilganini da’vo qilgan.

"O‘g‘lim 11-sinf o‘quvchisi. Juma namoziga borganiga shtraf deydi… 5 minimalka. Masjid Allohni uyi bo‘lsa, ertaga uning javobi og‘ir keladi kim shu qonunni chiqarib qo‘ygan bo‘lsa".

Tanqidlar kuchaygani kuzatilganiga qaramay, bolalarni masjidga olib kelmaslik harakatini yoqlaganlar ham bo‘lgan.

"Andijon shahridagi Hazrati Bilol masjidida taroveh namoziga chiqqanlar guvohlik berishlari mumkin, birinchi kuni yosh bola masjid ichida siyib qo‘ydi. Yangi va qimmat gilamga tekkan siydik natijasida gilamning shu qismi kesib tashlandi. Bugun esa ikki kishi gilamga qusib yubordi, ulardan biri yana yosh bola edi.

Shu holatlar haqida holis fikrimni bildiradigan bo‘lsam, ba’zilar singari bir tomonlama yondashmasdan va shaxslarga qarab emas, balki masalaning mohiyatini o‘ylab ko‘rsak, yosh bolalarni taroveh namoziga olib kelmaslik ma’qulroq deb o‘ylayman. Chunki biz, kattalar ham, uzun namozda charchayapmiz, qiynalayapmiz, ba’zan betoqat bo‘lib ketayapmiz. Yosh bolalarga masjidga mehr uyg‘otmoqchi bo‘lsak, ularni qiynab tarovehga olib kelish shart emas", yozgan tarmoq faoli Dilnur Kamilov.

Shunday bir manzarada bolalar hozirda o‘qishi kerakligi, ulardan maktabdan chalg‘imasligi lozimligi ta’kidlangan izohlar ham ko‘p qoldirilgan.

"Bolalar yoshligidan har bir joyning o‘z qoidalari borligini o‘rganishi kerak. Masjid – ibodat uchun, maktab – ilm olish uchun, o‘yingoh – o‘yin uchun. Ularni har joyga mos odob va qoidalarga rioya qilishga o‘rgatish tarbiyaning muhim qismi hisoblanadi. Shu bois nima qilish kerak?

  • Bolalarga masjid odoblarini uyda o‘rgatish;
  • Ularga diniy tarbiyani yoshiga mos ravishda berish;
  • Masjidga faqat namoz odoblarini tushungan va hurmat qila oladigan yoshda olib borish;
  • Ularning tun yarmida ko‘chada yurishi turli noxush holatlarga sabab bo‘lishi ehtimoli bor", deyiladi tarmoqda keng tarqatilgan muallifi noma’lum xabarlardan birida.

Jiddiy xavotir

O‘zbekistonda diniy erkinliklar cheklanishi bilan bog‘liq xavotir faqatgina bolalarning masjidga kiritilmayotgani manzarasida oshmayotir.

Shu hafta o‘rtasida Madaniyat vazirligi san’atkorlarni bir joyga yig‘ib, ularni o‘z faoliyatida diniy targ‘ibotga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan edi.

"Yig‘ilish davomida "Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga asosan "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi tomonidan kontsert-tomosha faoliyatini amalga oshirishda san’atkorlarning majburiy talablarga rioya qilishini hamda asosiy litsenziya talablarida ijrochilarning "kontsert-tomosha sohasida u yoki bu dinni targ‘ib qilmaslik" masalalari ham muhokama qilindi", deyiladi vazirlikning rasmiy axborotida.

Bu va boshqa xabarlar manzarasida ayrim tarmoq foydalanuvchilari diniy erkinlikni cheklash bo‘yicha puxta reja mavjud, degan farazni o‘rtaga tashlagan, jiddiy xavotirda ekanini bildirgan.

majlis

Surat manbasi, Ministry of Culture

Surat tagso‘zi, 5 mart kuni Madaniyat vazirligi san’atkorlarni bir joyga yig‘ib, ularni "u yoki bu din"ni targ‘ib qilmaslikka chaqirgan.

Bolalarning masjidga kiritilmasligi ko‘p yillardan buyon O‘zbekistonda kuzatiladi va bahslarga sabab bo‘lib keladi.

2019 yilda Musulmonlar idorasining sobiq raisi Usmonxon Alimov bolalarni masjidga kiritilmasligiga oid tartib borligini rad etgan va bunday tartib bo‘lmaganini ta’kidlagandi.

2020 yil avgustida esa karantin cheklovlariga oid tarqatilgan bayonotida IIV bolalarning masjidga kelishiga qonunchilikda taqiq yo‘qligini eslatgan.

"…karantin choralari bekor qilinganidan so‘ng O‘zbekistondagi barcha masjidlarda fuqarolarning hech qanday cheklovlarsiz namozlarini jamoa bilan ado etishlari uchun zarur shart-sharoitlar ta’minlanadi. Shu o‘rinda, Ichki ishlar vazirligi masjidlarga voyaga yetmagan fuqarolar va bolalarning o‘z ota, aka-uka va yaqin qarindoshlari hamrohligida namoz o‘qish uchun erkin kelib-ketishlari mumkinligini eslatib, bunga qonunchiligimizda hech qanday taqiqlar mavjud emasligini alohida ta’kidlaydi", deyilgandi vazirlikning qariyb 5 yil avvalgi rasmiy axborotida.

Rasmiylar shu kunlarda bahslarga sabab bo‘layotgan holat yuzasidan izoh bergani hozircha ko‘zga tashlanmagan.