Xitoy Rossiyaning Ukraina bilan urushda mag‘lub bo‘lishini istamaydi. Ammo endi nima qiladi?

Putin va Si, kollaj

Surat manbasi, BBC/Getty Images/China Military Online

    • Author, Sergey Morfinov
    • Role, BBC Ukrain xizmati uchun
  • O'qilish vaqti: 9 daq

Aftidan bu yoz Xitoy Rossiya-Ukraina urushida "betaraf tinchlikparvar" rolini o‘ynashni butunlay to‘xtatib, o‘zining haqiqiy prioritetlarini ko‘rsatishga qaror qilgan ko‘rinadi.

Xitoy rahbari Si Szinpinning 9 may kuni Moskvadagi harbiy paradga ramziy tashrifi ortidan, iyul oyida Xitoy ommaviy axborot vositalari Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Ining Pekin Rossiya mag‘lubiyatini istamasligi haqidagi so‘zlarini go‘yo «sizdirdi».

"Van I Yevropa Ittifoqi bosh diplomatiga Pekin Rossiyaning Ukrainada mag‘lub bo‘lishini istamasligini aytdi, chunki agar shunday bo‘lsa, AQSh butun e’tiborini keyin Xitoyga qaratishidan xavotirda," deb yozdi Gonkongning South China Morning Post gazetasi nomi oshkor etilmagan manbalarga tayanib.

Xitoyning nazorat qilinadigan axborot maydonida bunday sizdirish tasodifiy bo‘lishi mumkin emas.

Xitoyning pozitsiyasi rasman o‘zgarmadi – ular Pekin betaraf ekanligini va "muzokaralar, o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik" tarafdori bo‘lib qolayotganini ta’kidlashda davom etmoqda.

Biroq, Van Ining so‘zlarini ham inkor etishmadi.

Xitoy harbiylari 2021 yil Orenburg viloyatidagi harbiy mashg‘ulotlarda

Surat manbasi, China Military Online

Surat tagso‘zi, Xitoy harbiylari 2021 yil Orenburg viloyatidagi harbiy mashg‘ulotlarda

Keyinroq Si Szinpin Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov bilan uchrashuvda "keng qamrovli sheriklik va strategik hamkorlik"ni chuqurlashtirish to‘g‘risida gapirib, Vladimir Putinga "samimiy salomlarini" yo‘lladi.

Bularning barchasi Ukraina va G‘arbning Pekin va Moskva o‘rtasida harbiy hamkorlik kuchayishi haqidagi doimiy bayonotlari manzarasida sodir bo‘lmoqda.

ZFB-05 Xinxing Xitoy zirhli avtomobillarini frontda ko‘rishgan

Surat manbasi, Kadyrov_95

Surat tagso‘zi, ZFB-05 Xinxing Xitoy zirhli avtomobillarini frontda ko‘rishgan

Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga G‘arb qurollariga qarshi urushda rossiyalik tankchilar, artilleriyachilar, muhandislar va havo mudofaasi mutaxassislari tajribasini o‘rganish uchun 600 nafar xitoylik harbiy yuborilgan.

Avvalroq Xitoy Rossiya harbiy zavodlariga dastgohlar, maxsus kimyoviy moddalar, porox va detallar yetkazib berayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Aprel oyida esa Volodimir Zelenskiy hatto xitoyliklar ruslarga artilleriya berganini e’lon qildi. To‘g‘ri, qaysi turi va qancha ekani haqida batafsil ma’lumot bermadi.

Xitoy Kremlga har qanday shakldagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy yordam berayotganini rad etib keladi va uni faqat Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari qiziqtirishini ta’kidlaydi.

Ammo yuqorida tilga olingan "sizdirilgan" ma’lumotlarda Van I agar Pekin chindan ham Moskvaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yordam berganida, urush allaqachon tugagan va bu, shubhasiz, Kiev foydasiga bo‘lmasdi, deb ishora qilgan.

Xitoy siyosatchilarining Rossiyaning bunday istalmagan mag‘lubiyati haqidagi oshkor etilgan ma’lumotlari Xitoyni Rossiya-Ukraina urushiga jalb qilishning uchta stsenariysini ochib beradi: Xitoyning rossiyaliklarni qo‘llab-quvvatlovi kuchayishi, mavjud holatni saqlab qolish va Moskvaga yordamni to‘xtatish.

Xo‘sh, bu stsenariylarning har biri ortida nima turibdi va ulardan qay biri haqiqatga yaqin?

Eskalatsiya

"Xitoyning maqsadi AQSh rolini kamaytirish orqali global yetakchilikka erishish. Rossiya-Ukraina urushi xitoyliklar tomonidan faqat shu nuqtai nazardan ko‘rib chiqilmoqda – u AQShni zaiflashtiradi yoki kuchaytiradi. Rossiyadan esa harbiy vosita sifatida foydalanilmoqda," deydi Bi-bi-siga New Geopolitics Research Network direktori Mixail Samus.

Xitoy artilleriya qurilmalari

Surat manbasi, China Military Online

Surat tagso‘zi, Xitoy artilleriya qurilmalari

Shuning uchun, uning aytishicha, Xitoyning Rossiyani harbiy qo‘llab-quvvatlovi qanchalik oshishi faqat Pekin buni Vashingtonga qarshi kurashda zarur va samarali deb hisoblashiga bog‘liq.

"Agar Xitoy bundan aniq naf ko‘rsa, shunday bo‘lishi mumkin. Agar Xitoy ruslarga berayotgan ta’minoti qandaydir tarzda AQShning global qulashini tazlashtiradi deb hisoblasa, shunday qilgan bo‘lardi," deb hisoblaydi Samus.

2022 yildan beri Xitoyning rossiyaliklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri keng ko‘lamli harbiy yordami xavfi Ukraina uchun eng jiddiy tahdidlardan biri sifatida baholanmoqda.

"Kreml KXDR yoki Erondan qurol sotib olishi haqida gap ketganda, uning tanlov imkoniyati unchalik keng emas edi – snaryadlar, dronlar va raketalar. Ammo Xitoy mudofaa sanoati barcha turdagi qurollarning "qaynoq" ishlab chiqarish liniyalari bo‘lib, ularning bir qismi sovet va Rossiya tizimlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mos keladi," deb yozgan edi o‘tgan yili Ukrainaning Defense Express sayti.

XX asr ikkinchi yarmida XXR sovet qurollarining nusxalari yoki yaqin analoglari bo‘lgan ko‘plab qurollarni ishlab chiqardi.

Masalan, Xitoyning 152 millimetrli Type 66 tirkama gaubitsasi 1950-yillarda ishlab chiqarilgan sovet D-20 gaubitsasi nusxasi bo‘lib, hozirda ham rossiyaliklar (va ba’zi Ukraina bo‘linmalari) tomonidan faol qo‘llanmoqda.

Xitoyning 152 millimetrli Type 66 tirkama gaubitsasi

Surat manbasi, China Military Online/Russian Defense Ministry

Surat tagso‘zi, Xitoyning 152 millimetrli Type 66 tirkama gaubitsasi

Xitoyning yana bir tirkama gaubitsasi – 122 mm Type 96 – sovet D-30 gaubitsasining litsenziyalangan versiyasidir.

Xitoyning Type 96 va sovetlarning D-30 deyarli o‘xshash

Surat manbasi, China Military Online/Russian Defense Ministry

Surat tagso‘zi, Xitoyning Type 96 va sovetlarning D-30 deyarli o‘xshash

1990-yillar boshida 122 mm Type 89 o‘ziyurar gaubitsasi Sovet Ittifoqining 2S1 "Gvozdika" o‘ziyurar artilleriya tizimining xitoycha muqobiliga aylandi.

Xitoyning 122 mm Type 89 o‘ziyurar gaubitsasi va Sovet Ittifoqining 2S1 "Gvozdika" o‘ziyurar artilleriya tizimi

Surat manbasi, China Military Online/Russian Defense Ministry

Surat tagso‘zi, Xitoyning 122 mm Type 89 o‘ziyurar gaubitsasi va Sovet Ittifoqining 2S1 "Gvozdika" o‘ziyurar artilleriya tizimi

Nihoyat, Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasining Type 81 ko‘potar raketa tizimi 1979-yilgi Xitoy-Vьetnam urushi paytida Vьetnamdan to‘plangan BM-21 "Grad" tizimlaridan so‘ng yaratilgan.

U 40ta 122 mm.li raketalarni yo‘naltiruvchi quroldan iborat bo‘lib, turli shassilarda joylashtirilgan bo‘lsa-da, asosiy texnik xususiyatlar bo‘yicha sovet modellariga yaqin.

Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasining Type 81 ko‘potar raketa tizimi va sovetlarning Uralga o‘rnatilgan BM-21 "Grad" tizimlari

Surat manbasi, China Military Online/Russian Defense Ministry

Surat tagso‘zi, Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasining Type 81 ko‘potar raketa tizimi va sovetlarning Uralga o‘rnatilgan BM-21 "Grad" tizimlari

Shu kabi Xitoy-Rossiya qurollariga oid misollar yana ko‘plab keltirilishi mumkin.

Bunday vaziyat Rossiya armiyasining Shimoliy Koreya armiyasi bilan texnologik yaqinligini eslatadi. Ular ham sovet modellari asosida o‘z mudofaa sanoatini rivojlantirgan. Ammo farq shundaki, ikki millionlik Xitoy qurolli kuchlari ancha katta zaxiraga ega. Kamiga o‘q-dorilarni tezda ishlab chiqarishi mumkin.

Shu sababli, Xitoy qurollarining rossiyaliklarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berilishi, ayniqsa zamonaviy modellar bilan, (Shimoliy Koreya misolida bo‘lgani kabi) mojaroni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.

"Ukraina bilan urushda xitoyliklarning bevosita ishtiroki Rossiyaga sezilarli ustunlik berishi mumkin. Xitoyliklar so‘nggi bir necha o‘n yillikda quruqlik qo‘shinlari, dengiz va havo kuchlarini juda rivojlantirdi", deydi Bi-bi-si'ga "XXI asr strategiyasi" xavfsizlik dasturlari rahbari Pavel Lakiychuk.

Shu bilan birga, aksariyat tahlilchilar fikricha, Xitoyning urushdagi ehtimoliy ishtiroki yashirin shaklda bo‘lishi mumkin.

Defense Express nashri ta’kidlashicha, 1980-yillardagi Eron-Iroq urushi vaqtida Xitoy rasman betaraf pozitsiyani egallab, norasmiy ravishda Eronga qurol yetkazib bergan. Bu yetkazib berishlar "Shimoliy Koreya orqali" amalga oshirilgan edi.

1980-yillarda amerikalik tadqiqotchi Kennet Timmerman yozishicha, Xitoy KXDRdan foydalanib, o‘z qurollarini Eronga logistik jihatdan qulay usulda yetkazib bergan. Buning sababi – Shimoliy Koreyaning Xitoy shimoli-sharqidagi harbiy zavodlarga yaqinligi edi.

Lakiychuk ham bunday "yashirin" stsenariyni ehtimolga yaqin deb hisoblaydi: "Haqiqatan ham, Xitoyning vositachi orqali, xususan KXDR orqali ishtirok etishi ehtimoli katta. Balki bu jarayon allaqachon boshlangan. Shimoliy Koreyaning Rossiyaga yordami Xitoyning iqtisodiy qudrati va ehtimoliy kafolatlariga bog‘liq bo‘lishi mumkin."

Pushka D-74

Surat manbasi, Russian Defense Ministry

Hatto "bu biz emasmiz" degan rasmiy pozitsiya Xitoyning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirokini to‘liq yashira olmasa ham, uning izlari logistika, texnika va qurol ta’minotida, oxir-oqibat esa jang maydonida ham sezilishi mumkin.

"Tasavvur qiling: AQSh va Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qanday yordam ko‘rsatmoqda – agar shu darajadagi yordamni Xitoy Rossiyaga bersa, bu ulkan o‘zgarish bo‘lardi va uni inkor etib bo‘lmasdi," deya ogohlantiradi Leyptsig universiteti xitoyshunosi Aleksey Chigadaev.

Biroq qaror qabul qilingan taqdirda, yetkazib berishlarning oshkora "ko‘rinishi" Xitoyni bu ishdan to‘xtatishi ehtimoldan yiroq.

Status-kvo

Shu bilan birga, hozirgi paytda eng ehtimoliy stsenariy – Xitoyning hozirgi "dozalangan" yordamini saqlab qolishidir, bu esa Rossiyaga Ukrainadagi urushni davom ettirish va sekinroq sur’atda hujum qilish imkonini beradi.

"Agar xitoyliklar uchun Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘p miqdorda qurol yetkazib berish foydali bo‘lganida, ular bu ishni bosqinning birinchi kuniyoq, balki undan ham oldin boshlagan bo‘lardi. Lekin ular bunday yo‘l tutayotgani yo‘q," deydi Samus.

parad

Surat manbasi, China Foreign Ministry

Oxir-oqibat, Xitoy Ukrainadagi urushning hozirgi formatidan eng katta manfaat olayotgan davlat hisoblanadi.

Xitoy mojaroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashmagan va urushdan jiddiy iqtisodiy zarar ko‘rmayapti. Hech bo‘lmaganda hozircha shunday.

Aynan shu orqali Xitoy tobora qaram bo‘lib borayotgan Rossiyadan arzon xomashyo va energiya resurslari olyapti, hamda AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarda qo‘shimcha geosiyosiy bosim dastagiga ega bo‘lyapti.

"Xitoy uchun Rossiya ulardan kuchli bo‘lmasligi va Ukrainadagi urushda zaiflashib borishi muhim. Shuning uchun Pekin "hammasiga Rossiya javob bersin, biz esa uning resurslaridan foydalanaveramiz" qabilidagi taktikani tanladi", deydi Lakiychuk.

"Xitoy nuqtai nazaridan, Rossiyaning mag‘lubiyati – uning parchalanishi, g‘alabasi esa Ukrainaga ta’sirni saqlab qolish", deya qo‘shimcha qiladi u.

Yana bir harbiy tahlilchi – Ukraina mudofaa vazirining sobiq maslahatchisi Aleksey Kopitko ta’kidlashicha, mavjud status-kvo xitoyliklar uchun juda manfaatli.

"9 may kuni imperator Si Szinpin Moskvada harbiy paradni qabul qilganini eslaylik. Bir men emas, boshqalar ham shunday fikr bildirgan: hozir urush taqdirini aynan Xitoy hal etadi. Ma’lum sharoitlarda Pekin uni tezda to‘xtatishi mumkin. Ammo bu gap Xitoy hozirgi vaziyatdan qoniqayotganiga ishora qiladi", deb yozadi u.

Qisqarish

Shu bilan birga, Ukraina uchun nisbatan optimistik stsenariy – Xitoyning Rossiyaga ko‘rsatayotgan yordamini qisqartirishi ehtimoli ham yo‘q emas. Bu borada ikki asosiy omil muhim rol o‘ynashi mumkin.

Van I i Sergey Lavrov

Surat manbasi, Russian Foreign Ministry

Surat tagso‘zi, Van I i Sergey Lavrov

Birinchisi – Yevropa Ittifoqining pozitsiyasi. Chunki Xitoy Donald Tramp bilan ta’rif nizolari sharoitida Yevropa bilan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga intilmoqda.

Mixail Samus ta’kidlaganidek:

"Yevropa – Xitoy uchun kelajakdagi texnologik va iqtisodiy rivojlanish maydoni. Bu nafaqat tovar yetkazib berish, balki Yevropa texnologiyalari va investitsiyalariga kirish imkoniyatidir."

Xitoyning bu yerdagi asosiy maqsadlaridan biri – o‘z elektromobillarini Yevropa bozoriga keng miqyosda kiritish.

Ayni paytda, Van I aynan Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas bilan uchrashuvda Rossiyaning mag‘lubiyatga uchrashini istamasligini bildirgan. Ko‘pchilik bu so‘zlarni so‘zma-so‘z emas, balki Tramp uslubida yevropaliklar bilan savdolashish va "qo‘lidagi kartalarni" ko‘rsatish deb baholadi.

Yevropa buni jim o‘tirib kuzatmadi. Ursula fon der Lyayen 8 iyul kuni Yevroparlamentdagi muhokamada shunday dedi:

"Xitoy amalda Rossiyaning harbiy iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlayapti. Biz buni qabul qila olmaymiz."

U yana qo‘shimcha qildi:

"Xitoyning Putin urushiga munosabati YeI va Xitoy o‘rtasidagi kelajak munosabatlarni belgilaydi."

Samusning fikricha:

"Agar Rossiyaga harbiy yordam va Yevropa bozori o‘rtasida tanlov bo‘lsa, Xitoy uchun bu mutlaqo taqqoslab bo‘lmaydigan masala."

Rossiya dronlaridagi Xitoy qismlari

Surat manbasi, Security Service of Ukraine

Surat tagso‘zi, Rossiya dronlaridagi Xitoy qismlari

Ikkinchi ta’sir qiluvchi omil – Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan "50 kunlik yoz" ultimatumi. U Rossiyadan neftь va gaz sotib olayotgan davlatlarga qarshi ikkilamchi sanksiyalarni nazarda tutadi. Nazariy jihatdan, bu nafaqat Xitoy, balki Hindiston, Braziliya, Turkiya va boshqa savdo hamkorlari uchun ham jiddiy tahdiddir.

Hindiston allaqachon Rossiya neftiga muqobil izlashga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

"AQSh bilan iqtisodiy urush – Xitoy uchun eng sezilarli xavf. Chunki ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi katta. Shuning uchun Pekin Rossiya tufayli iqtisodiy zarar ko‘rishni xohlamaydi", deb ta’kidlaydi Samus.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Agar Tramp aytgandek Xitoy mahsulotlariga 100%lik tariflar joriy etilsa, u holda Pekinning Moskvaga ko‘rsatayotgan yordami mantiqiy jihatdan foydasiz bo‘lib qoladi va Xitoy o‘z yordamini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Shu ma’noda, 3 sentyabrь – Trampning tarif ultimatumi amalga kirish kuni – Rossiya uchun ham, Xitoy uchun ham ramziy ahamiyat kasb etishi mumkin. Bu sana Mixail Shufutinskiyning mashhur qo‘shig‘idagi kabi qayg‘uli to‘xtalish nuqtasiga aylanishi ehtimoli bor.

Ammo muammo shundaki, Tramp o‘z tahdidlarini qay darajada amalga oshirishga tayyor? Bu nafaqat Xitoy bilan munosabatlarga, balki neftь narxi oshishi va uning Amerikadagi inflyatsiyaga ta’siriga ham bog‘liq.

"Tahlilchilar fikricha, Tramp dunyoning ikkinchi yirik iqtisodiyoti bilan ochiq to‘qnashuvga borishga jur’at etmasligi mumkin. Chunki uning fikricha, Ukraina Qo‘shma Shtatlar uchun hayotiy ahamiyatga ega emas", deb yozdi The New York Times.

Keyin nima bo‘ladi?

Rossiya-Ukraina urushi yangi hal qiluvchi bosqichga kirmoqda. Bu safar hal qiluvchi davr – 2025 yil avgust.

Shu davr mobaynida Putin yozgi hujumni davom ettiradi, AQSh va Xitoy esa Yevropa Ittifoqi ishtirokida qandaydir kelishuvga erishishga urinishi mumkin.

Si Szinьpin

Surat manbasi, China Military Online

Aleksey Kopitko "AQSh – Xitoy – Yevropa Ittifoqi uchburchagidagi har qanday o‘zgarishni diqqat bilan kuzatish"ni maslahat beradi

"Van Ining bayonoti amalda Rossiyaning 'engilmasligi' deb atalib kelgan tushunchaga aniq chegara qo‘yishga xizmat qilishi mumkin. Katta o‘yinchilar bu chegarani muhokama qilib, Moskvaga yetkazadi. Agar Rossiyada buni o‘zgartirish uchun 'jang maydonidagi real imkoniyatlar' bo‘lmasa, ular buni qabul qiladi. Bu esa Xitoyga yangi imkoniyat yaratadi – urushni davom ettirish yoki to‘xtatishni qandaydir siyosiy yoki iqtisodiy foydaga almashtirish", deb yozdi u.

Lakiychuk ta’kidlashicha, Xitoyning Rossiyani hozirgi yashirin qo‘llab-quvvatlash usuli Vashington va Pekin o‘rtasida jiddiy o‘zgarishlar yuz bermaguncha o‘zgarmaydi.

Agar AQSh-Xitoy munosabatlari ilisa, Pekin Rossiyani qurbon qilishga tayyor bo‘lishi mumkin. Agar aksincha bo‘lsa – Xitoy Rossiyani AQShga bosim o‘tkazish vositasi sifatida faolroq ishlata boshlaydi.

Publitsist Vitaliy Portnikov esa Xitoy yetakchisi Si Szinpin shaxsiyatiga e’tibor qaratadi:

"U Mao Szedunning siyosiy qat’iyati va Den Syaopinning pragmatik islohotlarini birlashtirgan noyob shaxs. Shu sabab, u istalgan yo‘nalishda kutilmagan harakatlar qilishi mumkin."

Shu bilan birga, Britaniyaning nufuzli The Times nashri ma’lum qilishicha, 3 sentyabrь kuni Pekinda Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 80 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkaziladigan harbiy paradda Si Szinpin, Vladimir Putin va ehtimol, Donald Tramp o‘rtasida muhim, hali tasdiqlanmagan uchrashuv bo‘lishi mumkin.

Tasodifmi yoki yo‘q – bu ham aynan 3 sentyabrь kuniga to‘g‘ri kelmoqda.