Ashula ayting: Qo‘shiq dard va og‘riqlardan xalos qiladimi?

Surat manbasi, Маданият вазирлиги
- Author, David Koks
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 5 daq
Yilning shunday kunlari keladiki, har joyda quvnoq qo‘shiqlar, Iso mavludi madhlari yangraydi, bayram kayfiyatini yaratadi, ko‘chalar, savdo markazlari, vokzallar va keksalar uylarini to‘ldiradi. Ammo bizga ana shunday kayfiyat ulashayotganlar nimanidir bilsalar kerak yoki bilmagan hollarida ham qo‘shiq orqali o‘z sog‘liqlarini mustahkamlaydilar. Tadqiqotlar ko‘rsatishicha, ashula aytish, ayniqsa, jo‘r bo‘lib kuylash organizmni kasalliklarga qarshi kurashga sozlaydi va hatto og‘riqni ham bosadi.
"Qo‘shiq kuylash zehniy, jismoniy, hissiy va ijtimoiy harakatdir," deydi Kembrij musiqa terapiyasi instituti tadqiqotchisi Aleks Strit. U musiqa bolalar va kattalarga miya shikastlanishidan keyin tiklanishga qanday yordam berishi mumkinligini o‘rganmoqda.
Psixologlar allaqachon birgalikda qo‘shiq kuylayotgan odamlarda birdamlik hissi paydo bo‘lishini payqagan: hatto eng o‘ziga ishonmaydigan xonandalarda ham bemalol jo‘r bo‘lib ketish kuzatiladi. Tadqiqotlarga ko‘ra, hatto bir-birini mutlaqo tanimaydigan odamlar ham bir soat birga qo‘shiq aytgandan so‘ng yaxshi kirishib ketishlari mumkin.
Qo‘shiq aytishning o‘pka va nafas tizimiga ham aniq foydasi bor. Ba’zi tadqiqotchilar, masalan, o‘pka kasalligi borlarga yordam berish uchun qo‘shiq ayttiradilar.

Surat manbasi, Getty Images
Ehtimol, odamlar gapirishdan oldin qo‘shiq aytishni o‘rgangan bo‘lsa kerak.
Qo‘shiq kuylash yurak urishini yaxshilashi, qon bosimini me’yorlashtirishi aniqlangan. Guruh bo‘lib, jo‘rlikda qo‘shiq aytish hatto immunitetni ham ko‘taradi – oddiy musiqa tinglash bunday ta’sir ko‘rsatmaydi.
Ushbu hodisa turlicha tushuntiriladi. Biologik nuqtai nazardan qo‘shiq aytish ovoz paylari va tomoqning orqa qismidagi mushaklar bilan bevosita bog‘liq sayyor nervni faollashtiradi. Uzoq va nazorat ostida nafas olish lazzat, yaxshi kayfiyat uyg‘otadigan va og‘riqni bostiradigan endorfinlarni ajratadi.
Qo‘shiq aytayotganda miyaning har ikki yarim sharidagi neyronlarning keng tarmog‘i faollashadi, til, harakat va his-tuyg‘ular uchun mas’ul sohalar "yonadi." Bu qo‘shiq aytish uchun zarur bo‘lgan nafasni nazorat qilish bilan birga, uni stressga qarshi samarali vositaga aylantiradi.
Stritning aytishicha, inson qo‘shiq aytib, o‘zini yaxshi his qilganda, uning ovozi jarangdorlashadi, yuz ifodasi va qomati o‘zgaradi.
Ba’zi antropologlar fikricha, bizning gominid ajdodlarimiz gapirishni o‘rganishdan oldin ham qo‘shiq aytib, tabiat tovushlariga taqlid qilish yoki his-tuyg‘ularni ifodalash uchun ovozdan foydalangan. Bu murakkab ijtimoiy munosabatlar, hissiy ifoda va marosimlar rivojlanishida hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin edi. Stritning ta’kidlashicha, musiqiy iste’dodning bor-yo‘qligidan qat’i nazar, qo‘shiq aytish har bir inson hayotining muhim qismidir: bizning miyamiz va tanamiz tug‘ilganimizdan boshlab qo‘shiqlarga ijobiy reaktsiya qilishga moyil.
"Bolalarga alla aytiladi, dafn marosimlarida qo‘shiqlar yangraydi, – deydi u. – Biz ko‘paytirish jadvalini ritmik talaffuz orqali, alifboni esa ritmik va ohangdor tuzilish orqali o‘rganamiz".
Agar sizda nafas yo‘llari infeksiyasi bo‘lsa, boshqalarni xavf ostiga qo‘ymaslik uchun shu haftadagi xor mashg‘ulotini o‘tkazib yuborgan ma’qul.
Birga qo‘shiq aytish foydaliroq
Biroq qo‘shiq aytishning hamma turlari ham birdek foydali emas. Masalan, jo‘rlikda, guruh bo‘lib qo‘shiq aytish yakka qo‘shiq aytishga qaraganda ruhiy salomatlik uchun foydaliroq ekani aniqlangan. Shu sababli, pedagoglar qo‘shiq aytishdan bolalarda hamkorlik, til ko‘nikmalari va hissiy boshqaruvni rivojlantirish vositasi sifatida foydalanadi.
Qo‘shiq kuylash turli kasalliklarga chalingan odamlarning hayot sifatini yaxshilaydi. Butun dunyo bo‘ylab tadqiqotchilar saratonni yengib o‘tganlar yoki insultni boshdan kechirganlar, Parkinson kasalligi va dementsiya bilan yashayotganlar hamda ularning parvarishchilari maxsus xorlarda qo‘shiq aytayotganini kuzatmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Parkinson kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda qo‘shiq aytish tufayli artikulyatsiya yaxshilanadi – kasallik rivojlanib borgan sari, odatda, u bilan bog‘liq qiyinchiliklar paydo bo‘ladi.
Qo‘shiq aytish – bu yetarlicha baholanmagan jismoniy mashqdir. Tadqiqotlardan biri shuni ko‘rsatdiki, professional xonandalar qo‘llaydigan ovoz mashqlari yurak va o‘pkaga o‘rtacha tezlikda yugurishga teng yuk beradi.
"Qo‘shiq kuylash jismoniy faollik bo‘lib, jismoniy mashqlar kabi foyda keltirishi mumkin", deydi Sauthempton universiteti nafas fizioterapiyasi kafedrasi dotsenti Adam Lyuis.
Surunkali kasalliklarga chalingan odamlar uchun jamoa bo‘lib kuylashning psixologik foydasi ham yetarlicha baholanmagan. Stritning tushuntirishicha, ashula aytish bunday odamlarga o‘zlari qila olmaydigan narsalarga emas, balki qila oladigan narsalarga e’tibor qaratishga yordam beradi.
"To‘satdan hamma tenglashadi: parvarishchilar parvarishchi bo‘lishni to‘xtatadi va tibbiyot xodimlari ham xuddi shunday qo‘shiqni kuylaydi, – deydi Strit. – Bunga qodir bo‘lgan boshqa narsa kam topiladi".
Nafas olish va zehn uchun foydalari
Qo‘shiq aytishning eng katta foydasi surunkali nafas olish kasalliklari bor odamlarda aniqlangan. Bu London Imperial kollejining nafas olish tibbiyoti o‘qituvchisi Kir Filipning tadqiqotlari mavzusiga aylandi. Filip qo‘shiq aytish bu kasalliklarni davolamaydi, ammo an’anaviy davolash samarasini oshirishga yordam beradi deydi.
Masalan, nafas qisishi bor odamlarda nafas olish o‘zgarishi mumkin: u tartibsiz va samarasiz bo‘lib qoladi.
"Ba’zi vokal usullar bu borada yordam beradi – ma’lum mushaklarning ishlashi, nafas olish ritmi va chuqurligi tufayli simptomlar yengillashishi mumkin", deb tushuntiradi tadqiqotchi.
Eng e’tiborga loyiq tadqiqotlardan birida u Ingliz milliy operasi xonandalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan nafas olish uslubini sinovdan o‘tkazdi. Bu tasodifiy tanlov asosida nazorat qilinadigan tadqiqot bo‘lib, unda "uzun kovid"dan aziyat chekkan bemorlar ishtirok etdi. Olti hafta ichida nafas olishdagi og‘irlik kamaydi, hayot sifati yaxshilandi.

Surat manbasi, Getty Images
Shu bilan birga, har qanday kasallikda ham qo‘shiq aytish mumkin emas. Kovid-19 pandemiyasining dastlabki bosqichlarida infektsiyaning ommaviy tarqalishi guruh bo‘lib qo‘shiq aytish bilan bog‘liq edi, chunki kuylayotganda havoga ko‘p miqdorda virus zarralari chiqadi.
"Agar sizda nafas yo‘llari infektsiyasi bo‘lsa, boshqalarni xavf ostiga qo‘ymaslik uchun shu haftadagi xor mashg‘ulotini o‘tkazib yuborgan ma’qul", deydi Filip.
Ehtimol, qo‘shiq aytishning eng ajoyib xususiyati u shikastlanishdan keyin miyani tiklashda rol o‘ynaydi.
Bunga misol tariqasida AQShning sobiq kongressmeni Gabriel Giffordsning 2011 yilda o‘ziga suiqasd uyushtirilganda boshidan olgan o‘q jarohatidan omon qolganini keltirish mumkin. Ko‘p yillar davomida Giffords yurish, gapirish, o‘qish va yozishni qayta o‘rgandi va nutq ravonligini tiklash uchun shifokorlar unga bolaligidan tanish bo‘lgan qo‘shiqlardan foydalanishdi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
Shunga o‘xshash usullar insultni boshdan kechirganlarga ham nutqni tiklashga yordam beradi. Insult ko‘pincha miyaning ikki yarim shari o‘rtasidagi aloqalarni buzadi va yangi aloqalarni shakllantirish uchun bir materialni soatlab takrorlash kerak bo‘ladi. Qo‘shiq aytish bunga imkon beradi. Bundan tashqari, u miyaning neyroplastikligini kuchaytiradi, unga o‘zini qayta sozlash va yangi neyron tarmoqlarini yaratish imkonini beradi.
Qo‘shiq kuylash zehni asta-sekin pasayib borayotgan keksalarga ham yordam berishi mumkin degan nazariyalar mavjud. U miyaga katta yuklama beradi, chunki uzoq vaqt diqqatni jamlashni talab qiladi hamda so‘zlarni tanlash va og‘zaki xotirani rag‘batlantiradi.
"Qo‘shiq aytishning keksalarning zehni uchun foydasi haqidagi dalillar ko‘payib bormoqda, – deydi Helsinki universiteti neyropsixologiya professori Teppo Syarkyamyo. – Biroq qo‘shiq kuylash kognitiv funktsiyalarning pasayishini haqiqatan ham sekinlashtirishi yoki oldini olishi mumkinligi haqida hali ham ma’lumotimiz kam, chunki bu ko‘p yillik kuzatuvlar bilan keng ko‘lamli tadqiqotlarni talab qiladi."

Surat manbasi, Getty Images
Stritning aytishicha, qo‘shiq aytish ta’siri bo‘yicha barcha tadqiqotlar – ijtimoiy yoki neyrokimyoviy darajada bo‘lishidan qat’i nazar – qo‘shiqning inson hayotining universal qismi sifatidagi ahamiyatini ta’kidlaydi. Odamlar bevosita emas, ko‘proq texnologiyalar orqali muloqot qilayotgani, jumladan, qo‘shiq aytish kabi mashg‘ulotlar kamayib borayotgani tashvishli, deydi u.
"Hozir juda ko‘p kashfiyotlar, ayniqsa miya shikastlanishidan keyingi reabilitatsiya sohasida qilinmoqda, – deydi u. – Qo‘shiq aytish hatto jiddiy jarohat olgan odamlarga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida tadqiqotlar paydo bo‘lmoqda. Qo‘shiq aytish juda foydali ekani bejiz emas, chunki u doim jamoalarni birlashtirishda katta rol o‘ynagan."
Ehtimol, bu archa atrofida Mavlud yoki Yangi yil bayramiga bag‘ishlab qo‘shiq aytish uchun yana bir sababdir.



























