Putin Rossiyadagi oxirgi yillardagi eng yirik harbiy safarbarlikni e’lon qildi

Surat manbasi, Kremlin.ru
Prezident Vladimir Putin Rossiyaning 2011 yildan buyon eng yirik harbiy safarbarligini e’lon qildi.
Bahorgi safarbarlikda yoshi 18 dan 30 gacha bo‘lgan 160 ming erkak harbiy xizmatga chaqiriladi.
Bu Rossiya o‘z armiyasi sonini oshirishni rejalayotgan vaqtda kuzatilmoqda.
Bundan oldin Prezident Putin Rossiya armiyasidagi harbiylar sonini 2 million 390 mingga yetkazishi kerak, jangovar shay harbiylarning soni 1,5 millionga yetishi kerak deb aytgandi.
2011 yili Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy xizmatga chaqiriladiganlarning sonini ikki baravar qisqartirishga qaror qilgan edi.
Rossiya rasmiylariga ko‘ra, 2024 yili bahorgi safarbarlik payti harbiy xizmatga 150 ming erkak chaqirilgan edi.
Rossiya rahbariyatiga ko‘ra, keyingi uch yilda har safarbarlikda 180 ming kishi armiyaga chaqiriladi.
Shu yil fevralida Rossiyada harbiy xizmatga chaqirilish qonunchiligi yanada qattiqlashtirildi.
O‘tgan yil boshidan harbiy xizmatga chaqiriladiganlarning yoshi ham oshirildi: avval yoshi 27 gacha bo‘lgan erkaklar armiyaga chaqirilgan bo‘lsalar, hozir chaqiruv yoshi 30 chiqarildi.
O‘zining yashash joyi manzilini rasmiylarga ma’lum qilmagan erkaklar uchun jarima miqdori ko‘paytirildi.
Endi harbiy xizmatga chaqiruv qog‘ozi nafaqat pochta orqali, balki yoshi 30 gacha bo‘lgan rossiyaliklarga "Gosuslugi" deb nomlanadigan davlat xizmatlari veb-sayti orqali ham xabar yetkaziladigan bo‘lgan.
Poytaxt Moskva shahrida chaqiruv xatlari 1 aprel kunidan shaharning mos.ru saytib orqali jo‘natilgan.
Rossiya Ukrainaga urush boshlaganidan keyin vatanini tashlab chiqqanlar ko‘p bo‘ldi, Rossiyaning o‘zida qolgan yosh erkaklar urushga tushib qolmaslik yo‘llarini izlay boshlaganlar, armiyaga borishdan ko‘ra "muqobil fuqarolik xizmati"ni tanlaydiganlarning soni ortgan.
Biroq mustaqil Rossiya matbuotiga gapirgan rossiyalik inson huquqlari faoli Timofey Vaskin so‘zlariga ko‘ra, urush boshlanganidan keyin harbiy xizmatga chaqiruv lotereyaga o‘xshab qolgan:
"Rasmiylar armiyani to‘ldirishning yangidan-yangi shakllarini o‘ylab topayaptilar".

Surat manbasi, .
Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, hozir harbiy xizmatga chaqirilayotgan erkaklar Rossiya bosib olgan Ukraina yerlari - Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporojiya viloyatlariga yuborilmaydilar.
Ammo Rossiya Ukrainaga qarshi to‘laqonli bosqin boshlagan dastlabki oylarda Rossiyaning Ukrainaga chegaradosh hududlarida endigina harbiy xizmatga chaqirilgan yosh yigitlar halok bo‘lgani xabarlari tarqalgan edi.
Ushbu bahorgi harbiy safarbarlik aprel va iyul oylarini qamrab oladi, u AQSh Prezidenti Tramp Rossiya bilan Ukraina o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishga erishishga harakat qilayotgan kunlarda boshlanmoqda.
Yilda ikki - bahorgi va kuzgi harbiy xizmatga chaqiruvdan tashqari Rossiya katta sondagi kontraktdagi askarlar va minglab Shimoliy Koreya harbiylarini jalb qilib Ukrainaga qarshi urushmoqda.
Moskva turli yo‘llar bilan Ukraina bilan urushdagi talofatlarini to‘ldirishga harakat qilmoqda.
Shu vaqtgacha Bi-bi-si Rus xizmati va "Mediazona" veb nashri urushda o‘ldirilgani tasdiqlangan 100 mingdan ortiq insonning shaxsini aniqladi.
Talofatlarning haqiqiy raqami bundan kamida ikki baravar ortiq bo‘lishi mumkin.
2022 yil fevralida Ukrainani bosib olish farmonini berganidan buyon Putin harbiylari sonini uch marta ko‘paytirdi.
2023 yil dekabrida Rossiya Mudofaa vazirligi harbiylar soni ko‘paytirilishini Ukraina bilan bo‘layotgan urush va "NATOning davom etayotgan kengayishi" munosabati bilan "tahdidlar ortib borayotgani" bilan tushuntirdi.
Rossiya Ukrainaga bosqin boshlaganidan keyin NATO safiga Finlandiya va Shvetsiya ham qo‘shildi.
Finlandiyaning Rossiya bilan umumiy chegarasi 1343 kmni tashkil etadi.
Shu kunlarda Finlandiya Bosh vaziri Petteri Orpo mamlakati Rossiyaga qo‘shni boshqa mamlakatlar qilganidek piyodalarga qarshi minalarni taqiqlaydigan Ottava Konventsiyasidan chiqishini e’lon qildi.
Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlari ham Rossiyadan o‘zlariga nisbatan harbiy tahdid oshib borayapti deb hisoblaydilar, shu sabab ikki hafta oldin Ottava konventsiyasidan chiqishga qaror qilgan edilar.
AQSh Prezidenti Donald Tramp hali ilk prezidentligi payti Yevropa mamlakatlarini harbiy maqsadlarga yetarli mablag‘ ajratmayotganlikda ayblagan, AQShni NATOdan olib chiqib ketish bilan tahdid qilgan.
2025 yil yanvarida ikkinchi prezidentlik muddatini boshlaganidan keyin Tramp "AQSh Ukrainaga 350 milliard dollar harbiy yordam berdi, evaziga hech narsa talab qilmadi" degan da’voni ilgari surib kelayapti, Ukrainadan noyob qazilma boyliklari bo‘yicha shartnoma tuzish talabini qo‘ygan.
Bunday sharoitda Yevropa mamlakatlari Ukrainaga harbiy yordamni o‘z zimmalariga olishi kerak degan to‘xtamga keldilar, Parijda Ukrainaga yordamni istovchilar sammiti bo‘lib o‘tdi.
Unda milliy byudjetlarda ko‘zda tutilgan mudofaa xarajatlarini oshirish, Ukraina xavfsizligi kafolati zarurligi ta’kidlandi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya mudofaa byudjeti 2024 yili 41 foiz oshib, 146 milliard dollarga yetgan.
Bu yil esa Rossiya harbiy maqsadlariga 162 milliard dollariga teng mablag‘ sarflashni maqsad qilgan, bu mamlakat YaIMning 7,5 foizini tashkil etadi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating












