O‘zbekiston: OITSga chalinganlar soni 50 mingga yaqinlashdi

Surat manbasi, Getty Images
O‘zbekistonda 15-49 yoshli ayollarning 76 foizi OITS bilan og‘rigan fuqarolardan kundalik mahsulotlar sotib olishni va ular bilan muloqotga kirishishni xohlashmaydi. O‘zbekiston va jahondagi OITS ga nazar.
OITS va O‘zbekiston
OITS (OIV) jahon bo‘ylab eng og‘riqli sog‘liqni saqlash muammolaridan biri o‘laroq, O‘zbekiston uchun ham yangi kashfiyot emas.
Mamlakatda kasallik bilan og‘rinish holati ilk marotaba 1987 yilda qayd etilgan bo‘lsada, yillar davomida u yoki bu sabablar bilan uning tarqalish ko‘lami anchayin sekin yoki ko‘rimsiz edi. Xususan, 1998 yilga qadar O‘zbekiston miqyosida OITS bilan kasallanish holatlarining atigi 51 tasigina ro‘yxatga olingan edi.
Bir tomondan aholi orasida tarqalgan noto‘g‘ri mulohazalardan qo‘rquvchi ko‘pchilik o‘zidagi kasallik simptomlarini yashirib kelgan bo‘lsa, boshqa tomondan tibbiy tekshiruv jarayonlarining chekka hududlarga qadar yetib bormaganligi ba’zilar o‘zlari og‘rigan darddan butkul bexabar yashashidagi birlamchi omili edi.
Biroq, so‘nggi o‘n yillikda ayniqsa, yoshlar va zaif ijtimoiy qatlam orasida OITS bilan kasallanish holatlari vaqt o‘tgan sayin ortib bordi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 3,5 ming - 4 ming odam ayni shu dard bilan davlat qaramog‘iga olinadi.
Hukumat va xalqaro tashkilotlar tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlarga qaramay, aholi orasida kasallikdan xabardorlikning yetishmasligi va sog‘liqni saqlash infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolar sabab OITS Markaziy Osiyodagi eng ko‘p aholiga ega O‘zbekiston uchun hanuz dolzarb mavzuligicha qolmoqda.
Birgina 2022 yilning o‘zida 3,889 ta yaqin yangi holatlar qayd etilib, Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, OITS bilan yashovchi fuqarolar soni 45 mingga yaqinlashgan. Bu 2016 yildagi 31 mingta ro‘yxatga olingan OITS bilan og‘rish holatlariga taqqoslaganda olti yil ichida qariyb 44 foiz o‘sish degani.
So‘nggi ma’lumotlar esa hozirda O‘zbekistonda OITS bilan kasallangan fuqarolar soni 50 mingga yaqinlashganini ko‘rsatadi.
Ushbu raqamlar kuzatish orqali O‘zbekiston uchun OITS nafaqat e’tiborga molik tibbiy va iqtisodiy muammo ekanligini, balki alohida yondashuv talab qiluvchi ijtimoiy masala o‘laroq ham yetilib ulgurganligini payqash mumkin.
Yoshlar orasida OITS bilan og‘rishning ortishi
So‘nggi yillarda qayd etilyotgan OITS bilan og‘rish holatlarining aksar qismini yoshlar tashkil etadi. Jumladan, 2022 yil fevralida e’lon qilgan hisobotda yangi qayd etilyotgan OIV bilan kasallanish holatlarining 25 foizi 18-30 yoshlilarga to‘g‘ri kelyotganligi ta’kidladi.
Mutaxassislarga ko‘ra, salbiy yo‘sinda o‘sib boryotgan ushbu tendentsiyaning birlamchi sababi bu yoshlar orasida keng qamrovli jinsiy ta’limning yo‘qligidir. Vazirlik ma’lumotlariga tayanib aytish mumkinki, 2020 yilda respublikada ro‘yxatga olingan 2817 nafar OIV infektsiyali shaxsdan 2110 nafariga, ya’ni qariyb 75 foiziga kasallik jinsiy aloqa yo‘li orqali yuqqan.
Aholida OIV bilan infektsiyalanishning oldini olish usullari haqida to‘liq bilim yetishmasligi bilan bir qatorda, ushbu trendning xavotirli sabablaridan yana biri shundaki, yoshlarning ko‘pchiligida xavfsiz jinsiy amallarni bajarish bilan bog‘liq anchayin keng tarqalgan, biroq hech bir asosga ega bo‘lmagam yanglish tushunchalar mavjud.
Kasalligimdan xabar topganimda deyarli tamom bo‘lgandim. Bu haqida do‘stlarim va boshqalarga aytishga qo‘rqardim. Agar yaxshi qiz bo‘lganingda edi, OITS bo‘lmasding, derdi odamlar.
Yillardirki jinsiy ta’limning oshkora yo‘lga qo‘yilish-qo‘yilmasligi xususida murosaga kelmaydigan o‘zbek jamiyati uchun bu xabarlar kechagina kashf etilgan muhokama mavzusi emas. Biroq, o‘quv dargohlarida jinsiy tarbiyaning yo‘lga qo‘yilishi tugul, hatto jinsiy salomatlik haqida gapirishni ham tabu o‘laroq tasniflovchi madaniy qatlaming mavjudligi vaziyatga yanada xavotirli tus beradi.
Modomiki, odamlar ushbu mavzulardan masofa saqlashga urinar ekan, bu borada hukumat tomonidan ilgari surilishi mumkin bo‘lgan o‘quv dasturlari va tashabbuslarning samaradorligi ham o‘z navbatida savol ostida qoladi.
O‘rganishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda OIV bilan infektsiyalanish holatlarida yana bir mavjud omil bu narkotik mahsulotlarining iste’molidir. 2010 yilga qadar OITS bilan og‘rish holatlarining asosiy qismi narkotik mahsulotlar iste’molidan kelib chiqqan. Xususan, 2011 yilda qayd etilgan infektsiyalanish holatlarining 44.6 foizi ayni shu yo‘l bilan yuqqan.
Keyingi yillarda esa, bu trend sekinlashishni boshlagan.
Biroq, narkotik qabul qiluvchilarning asosiy qismini yoshlar tashkil etishini hisobga olsak, bu mavzu atrofidagi tashvishlar hamon o‘z o‘rnida qolaveradi. Sababi, ko‘plab yoshlarda narkotik vositalari haqida umuman bilim vayokim ko‘nikma mavjud emas.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Mamlakatga noqununiy olib kiriluvchi rohatbaxsh mahsulotlar esa yoshlar orasida bu trendning yanada oshishini ta’minlash bilan birga ularning sog‘ligi bilan bog‘liq muammolarni ham jiddiylashtiradi.
Qo‘lbola tayyorlangan va inson sog‘ligiga ta’sir etish ko‘lami bo‘yicha hech bir qo‘llanmaga ega bo‘lmagan ushbu mahsulotlar iste’moli o‘z-o‘zidan nafaqat tana organlari bilan bog‘liq muammolarni, balki, shu qatorda, OITS va u kabi boshqa uzoq davom etuvchi yoki irsiy kasalliklarni ham keltirib chiqarishi mumkin.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda narko mahsulotlari bilan birgalikda ishlatiladigan ignalar orqali OITS tarqalishiga olib keladigan jarayonlar yoshlar orasida keng yoyilmoqda. Bu oxirgi paytlarda dunyo bo‘ylab OITS tarqalish miqyosi naqadar tez kechyotganligini yana bir bora dastaklaydi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda ko‘plab yoshlar infratuzilma yaxshi rivojlanmagan chekka qishloq hududlarida yashaydi. Shahardan tashqarida tibbiy xizmatlarning sezilarli darajada cheklanganligi kasallikni o‘z vaqtida aniqlash va davolash imkoniyatlarini kamaytiradi.
OITSga qarshi harakatlar

Surat manbasi, Getty Images
O‘zbekiston hukumati va xalqaro tashkilotlar OIV bilan infektsiyalanish xavfini kamaytirish uchun yillardan buyon harakat qilib keladi. 2018 yildan keyin hukumat OITS va unga aloqador jabhalar uchun ajratildagina mablag‘ miqdorini sezilarli darajada oshirgan. Jumladan, birgina 2022 yil uchun 8,54 million dollar OIV bilan infektsiyalanishga qarshi harakatlarda sarflash uchun ajratilgan.
O‘zbekistonda OITS bo‘yicha test topshirish tekin bo‘lib, Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli ko‘rsatmalariga asosan ixtiyoriy yoki majburiy shaklda o‘tkaziladi. Xususan, turmush qurmoqchi bo‘lgan jufliklar, qon beruvchi donorlar, kasallik bilan og‘rigan onadan tug‘ilgan bolalar va ehtimoliy dori vositalarini qabul qiluvchilar majburiy ravishda test topshirishlari kerakligi belgilangan.
Mamlakat 2030 yilga qadar OIV bilan infektsiyalanish xavfiga to‘liq barham berishni maqsal qilgan. Biroq, bunga berishish uchun O‘zbekiston 2025 yilga qadar JSSTning “95-95-95” strategiyasiga erishishi zarur.
“95-95-95” tamoyiliga ko‘ra, OIV yuqtirgan bemorlarning 95 foizi o‘z statusini bilishi, bemorlarning 95 foizi maxsus terapiya bilan qamrab olinishi, bemorlarning 95 foizida virus yuklamasi past darajaga tushishiga erishilishi lozim.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotlarda so‘nggi 5 yilda OIV infektsiyasiga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoxud 5 baravarga oshgani ta’kidlanadi. Hukumat tomonidan dori vositalarini moloyalashtirish esa hozirgi kunda 80 foizni tashkil qiladi.
O‘zbekiston uchun bu borada katta yutuq deya ta’riflash mumkin bo‘lgan yana bir jihat borki, bu respublikada OIV bilan og‘rigan onalardan 99,7 foiz holatlarda sog‘lom bolalarning dunyoga kelishidir. O‘zbekistonda yiliga taxminan 600 ming homilador ayollar OIV uchun test topshirishadi. Shulardan o‘rtacha 600 nafar chaqaloqlar OIV bilan og‘rigan onalardan tug‘iladi.
Biroq, hukumat kasallik va uning tarqalishiga qarshi yillardirki muttasil ravishda kurashib kelyotganiga qaramay, O‘zbekistonda hanuz taxminan 14 foiz OIV bilan infektsiyalangan fuqarolar o‘zlarining statuslaridan bexabar yashab kelmoqda. Bunga esa ko‘pchilik holatlarda aholi orasida OIV bilan kasallanganlarga nisbatan shakllangan salbiy munosabatlar sabab bo‘ladi.
Jamiyat bosimi
MICS (Multiple Indictor Cluster Survey) tomonidan olib borilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, O‘zbekistonda 15-49 yoshli ayollarning 76 foizi OITS bilan og‘rigan fuqarolardan kundalik mahsulotlar sotib olishni va ular bilan muloqotga kirishishni xohlashmaydi. Bu esa o‘z-o‘zidan OIV bilan infektsiyalanganlarning jamiyatdan ajratib qo‘yilishiga olib keladi.
Elina Kruglova ham jamiyatda shakllangan asossiz qarashlar qurboni. U O‘zbekistonda OITS tashxisi qo‘yilgan ilk chaqaloq bo‘lgan. Ota-onasi esa ayni shu sababdan uni mehribonlik uyiga berib yuborishgan.
Hozirda u Toshkent Davlat Agrar Universitetida ta’lim oladi. Bolalik travmalari va ijtimoiy bosimlarga qaramay, u bugun mamlakatda OITSga qarshi harakatning faol a’zolaridan biri.
Elina bugungi kunda o‘z Instagram sahifasida kundalik hayoti haqida blog yuritib boradi. Obunachilarining aksar qismini esa OITS bilan og‘riganlar tashkil qiladi. Elina nafaqat O‘zbekistonda, balki qo‘shni davlatlarda ham OIV bilan infekisiyalangan odamlar uchun rag‘bat manbaiga aylangan.
“Men inson o‘z-o‘zini qabul qila bilishi qanchalik muhimligini bilaman. OITS bilan og‘riganlarni qo‘llab-quvvatlash va odamlarda ushbu kasallik haqida to‘g‘ri qarashlarni shakllantirishga harakat qilarkanman, men to‘g‘ri yo‘ldaligimni his qilaman. O‘zimda kuch va marhamatni tuyaman,” deydi u BMTning Barqaror Rivojlanish Guruhi loyihasiga bergan intervyusida.
UN Women loyihasi qahramoni Azimabonu Jumabekova ham yillardirki OITS bilan kurashib keladi. Unga bu kasallik noto‘g‘ri qon quyish amaliyoti orqali o‘tgan.
“Men kasalligimdan xabar topganimda deyarli tamom bo‘lgandim. Bu haqida do‘stlarimga va mahalladagi boshqa odamlarga aytishga qo‘rqardim. Sababi, ular men kabilarni qattiq ajratishar va ularda bu haqida noto‘g‘ri fikrlar bor edi,” deydi Azimabonu bolalik xotiralarini eslab.
Azimabonu kasallikning ilk davri haqida eslar ekan, xatto ko‘chaga chiqish uchun ham yuzini yopishiga to‘g‘ri kelganligini aytadi. Boshqa OIV bilan infektsiyalanganlar kabi u ham jamiyatda tarqalgan stereotiplar va yanglish qarashlardan aziyat chekkan.
“Agar yaxshi qiz bo‘lganingda edi, OITS bo‘lmasding,” deya odamlar unga tez-tez gapirishganini aytadi Azimabonu.
OITS va dunyo

Surat manbasi, Getty Images
UNAIDS ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda dunyoda 39,9 million kishi OITS bilan yashaydi, ularning taxminan yarmi Janubiy va Sharqiy Afrikada istiqomat qiladi.
2010 yildan buyon OIVga chalinish holatlari 39 foizga, OITS sababli yuz bergan o‘limlar esa 50 foizga kamaygan. Biroq 2010 yildan 2023 yilgacha Afg‘oniston, Misr, Fidji, Filippin, Papua-Yangi Gvineya va Saudiya Arabistonida OIV holatlari bilan bog‘liq 100 foizdan ortiq darajada o‘sish qayd etilgan.
Keniyada, Malavida, Zimbabveda va Nepalda esa OIVga chalinish holatlari 2010 yildan buyon 75 foizga kamaytirildi. Bugungi kunda Afrika OITSga qarshi kurashda yetakchilik qilmoqda.
Yana 18 davlat, asosan, Sahroi Kabirdan janubda joylashgan Lesoto, Esvatini, Benin, Efiopiya, Ruanda, Botsvana, Eritreya, Liberiya, Burkina-Faso, Togo, Zambiya, Burundi, Gvineya-Bisau va Uganda, shuningdek, Tojikiston, Portugaliya, Belarus va Italiyada yangi OIV infektsiyalari soni yillik ko‘rsatkich bo‘yicha 60 foizdan ortiqqa kamaygan.
Dunyo bo‘ylab OIV bilan yashayotganlarning 77 foizi antiretrovirus terapiyasini olmoqda. Sahroi Kabirdan janubdagi Afrikada esa bu ko‘rsatkich 82 foizni tashkil etadi.
Hayot davomiyligi o‘rtacha besh yilga oshib, 2010 yildagi 56 yoshdan 2023 yilda 61 yoshga yetdi. Bu OIV inqiroziga qarshi kurashda erishilgan yutuqlar natijasidir.
“OITSga qarshi kurashda, ayniqsa, Sahroi Kabirdan janubdagi Afrikada erishilgan yutuqlar jamoatchilikni safarbar qilish, milliy yetakchilik va xalqaro birdamlikning qanday natija berishini ko‘rsatdi,” deydi UNAIDS ijrochi direktorining o‘rinbosari Kristin Stegling.
Biroq, bular hali yetarli emasligini ta’kidlaydi u.
“Dunyo hali ham OITSni jamoat salomatligi uchun tahdid sifatida yo‘q qilish yo‘lida kutilgan natijalarga erishmayapti, chunki xizmatlardan foydalanishda chekka hududlardagilar uchun katta bo‘shliqlar mavjud. OIVning oldini olish borasida inqiroz hali ham davom etmoqda.”












