Tramp va Rossiya-Ukraina: "Qo‘lingda hech qanday kartang yo‘q" dan, "g‘alaba qozonasan" ga o‘zgargan siyosat

Zelenskiy va Tramp

Surat manbasi, Reuters

O'qilish vaqti: 4 daq

AQSh Prezidenti Donald Tramp Kiev "butun Ukrainani o‘zining asl ko‘rinishida qaytarib olishi" mumkinligini aytdi. Bu uning Rossiya bilan urush borasidagi pozitsiyasida katta o‘zgarish ekanligini anglatadi.

O‘zining Truth Social platformasidagi postida Tramp, Yevropa va NATO yordami hamda Rossiya iqtisodiyotiga bo‘layotgan bosim tufayli Ukraina " urush boshlangan vaqtdagi asl chegaralarni qaytarib olishi" mumkinligini aytdi.

Ushbu izohlar Trampning seshanba kuni Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlaganidan so‘ng, Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan muzokaralardan keyin yangradi.

Tramp urushni tugatish istagini bir necha bor bildirgan, biroq avvalroq bu jarayon Ukrainaning ayrim hududlardan voz kechishini talab qilishi mumkinligini aytgandi. Zelenskiy esa bu shartga doimiy ravishda qarshi chiqib kelgan.

O‘z postida Tramp Ukraina "bundan ham uzoqroqqa borishi mumkin"ligini qo‘shimcha qildi, ammo bu bilan nimani nazarda tutganiga aniqlik kiritmadi.

U 2014 yilda Rossiya bosib olib, o‘ziga qo‘shib olgan Qrim haqida hech qanday ma’lumot bermadi. Rossiya Ukrainaga to‘laqonli bosqinni esa 2022 yilda boshlagan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Trampning fikri o‘zgarishiga sabab uning Ukraina prezidenti bilan yaqinda o‘tkazgan suhbati bo‘lishi mumkinligini aytdi. Jurnalistlar bilan suhbatda Peskovning aytishicha, AQSh prezidenti bu izohlarni "Zelenskiyning nuqtai nazari ta’sirida" bergan va bu nuqtai nazar "bizning hozirgi vaziya borasidagi qarashlarimizga mutlaqo zid" dedi.

Rossiya - "yo‘lbars emas, ayiq"

Peskovning aytishicha, Ukraina frontda yo‘qotgan yerlarini qaytarib olishi mumkin, degan fikr noto‘g‘ri. Uning so‘zlariga ko‘ra, frontdagi hozirgi vaziyat buning aksini ko‘rsatmoqda."

Tramp o‘z pozitsiyasi Ukraina/Rossiya harbiy va iqtisodiy vaziyatini bilib olganidan va to‘liq tushunganidan keyin o‘zgarganini aytdi.

"Putin va Rossiya katta Iqtisodiy muammolarga duch kelishmoqda va hozir Ukraina harakat qilish vaqti", deya qo‘shimcha qildi u va Rossiyani "qog‘oz yo‘lbars" deb atadi.

Kreml matbuot kotibi bunga javoban "Rossiya hech qanday yo‘lbars emas"ligini ta’kidladi. "U ko‘proq ayiq bilan bog‘liq va qog‘oz ayiq degan narsa yo‘q", dedi u Rossiyaning RBK radiosiga. U, shuningdek, Rossiya iqtisodiy muammolarga duch kelganini inkor qildi, biroq global sanksiyalar bilan bog‘liq ayrim sohalarda "keskinlik nuqtalari" mavjudligini tan oldi.

Zelenskiy Tramp pozitsiyasidagi "katta o‘zgarish"ni olqishladi va BMT binosida jurnalistlarga bergan intervyusida AQShning "urush tugagach" Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyorligini tushunganini aytdi.

Bu qanday ko‘rinishda bo‘lishi haqidagi savolga u: "Yolg‘on gapirishni istamayman, bizda aniq tafsilotlar yo‘q", dedi, biroq ko‘proq qurol, havo mudofaasi tizimlari va dronlar olish imkoniyati haqida gapirdi.

Keyinroq Fox News telekanaliga bergan intervyusida Zelenskiy Trampning Ukraina pozitsiyasi haqidagi Truth Social postidan hayratda qolganini, va buni Tramp va AQSh "urush oxirigacha biz bilan bo‘lishi"ning "ijobiy signali" sifatida qabul qilganini aytdi.

"Menimcha, Putinning Prezident Trampga shuncha marta yolg‘on gapirganligi ham bizlarning oramizda farq yaratdi", dedi u Fox boshlovchisi Bret Baerga.

Ukraina prezidenti, shuningdek, Xitoy Rossiyaga urushni to‘xtatishi uchun bosim o‘tkazishi mumkinligini aytdi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, "Xitoysiz Putin Rossiyasi — hech narsa emas".

Seshanba kuni, BMTdagi nutqidan so‘ng, Tramp NATO davlatlari Rossiyaning havo hududiga kirgan samolyotlarini urib tushirishi kerakligini aytdi. Bu Rossiya qiruvchi samolyotlari va dronlarining yaqinda sodir bo‘lgan bir qator buzilishlaridan keyin yangradi.

Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorski ijtimoiy tarmoqda qisqa xabar bilan bunga roziligini bildirdi.

Zelenskiy
Reuters
Xitoy Rossiyaga urushni to‘xtatishi uchun bosim o‘tkazishi mumkin. Xitoysiz Putin Rossiyasi — hech narsa emas.
Volodimir Zelenskiy
Batafsil: BBC.COM/UZBEK

NATO dan Rossiyaga ogohlantirish: "Biz sodda emasmiz"

Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorski ijtimoiy tarmoqda qisqa xabar bilan bunga roziligini bildirdi.

O‘tgan hafta Estoniya va Polsha mamlakatlari Rossiya ularning havo chegaralarini buzganligi sababli NATOning boshqa a’zolari bilan bu masalada maslahatlashishni so‘rashgan edi. Yana bir NATO a’zosi bo‘lgan Ruminiya ham Rossiya dronlari o‘z havo hududini buzganini aytdi.

Seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng, NATO Rossiyaning xatti-harakatlarini keskin qoralovchi bayonot berdi va o‘zini himoya qilish maqsadida "barcha zaruriy harbiy hamda harbiy bo‘lmagan choralar"ni qo‘llashga tayyorligini ma’lum qildi.

Bayonotda aytilishicha, "Vaziyatni keskinlashtiradigan, noto‘g‘ri xatti-harakatlarga sabab bo‘lishi va insonlar hayotini xavf

Alyans Moskvaning harakatlari "tobora mas’uliyatsiz" xatti-harakatlar namunasining bir qismi ekanligini qo‘shimcha qildi.

NATO Bosh kotibi Mark Rutte: "Biz mudofaa alyansimiz, ha, lekin biz sodda emasmiz, shuning uchun nima bo‘layotganini ko‘rib turibmiz", dedi.

BMTda so‘zlagan Polsha Prezidenti Karol Navrotski ham bu fikrlarni takrorlab, o‘z mamlakati "o‘z hududini himoya qilishga" va "adekvat javob berishga" tayyorligini aytdi.

"Polsha xalqi, shuningdek, Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari Rossiya dronlaridan qo‘rqmaydi", dedi u.

Rossiya Estoniya havo hududini buzganini rad etdi, Polshadagi esa qasddan sodir etilmaganini ta’kidladi va Ruminiya hodisasi haqida izoh bermadi.

AQSh NATO ittifoqchilarini Rossiya samolyotlarini urib tushirsa qo‘llab-quvvatlaydimi degan savolga, Tramp "vaziyatga bog‘liq" ekanligini aytdi va mudofaa xarajatlarini oshirayotgani uchun harbiy alyansni maqtadi.

"NATO o‘z mavqeini mustahkamladi", dedi u. Pahbarlarning 2035 yilga qadar mamlakatlarning yalpi ichki mahsulotining 5%i miqdorida mudofaa xarajatlarini oshirish bo‘yicha kelishuviga ishora qildi.

Bir necha soat oldin o‘z nutqida Tramp ba’zi NATO a’zolarini Rossiya energiyasini sotib olishni to‘xtatmagani uchun tanqid qilib, ular "o‘zlariga qarshi urushni moliyalashtirmoqda" dedi.

Tramp seshanba kuni BMTda Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula Fon Der Leen bilan ham uchrashdi va u Yevropa Ittifoqi Rossiya neftь va gaz eksportiga bosimni kuchaytirayotganini aniq aytdi. "2027 yilga kelib, Yevropa Rossiyaning qazilma yoqilg‘ilari sahifasini butunlay yopadi", deb yozdi u "X " da.

O‘zgaruvchan Tramp

Seshanba kungi Truth Social posti Trampning yil davomida Ukrainaning ahvoli og‘ir ekanligini ta’kidlab kelganidan keyin keskin o‘zgarishni anglatadi.

Fevral oyida Tramp Oq uyda Zelenskiy bilan o‘rtasida bo‘lib o‘tgan qizg‘in suhbatda, u demografik jihatdan katta va aholisi ko‘p bo‘lgan davlatga qarshi "hozirda qo‘lida hech qanday kartalar yo‘qligini" aytgan edi.

Avgust oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Alyaskada o‘tkazilgan muzokaralar oldidan, Tramp Ukraina uchun ba’zi hududlarni qaytarib olishga harakat qilishini aytgan, ammo "er almashinuvlari va o‘zgarishlar" bo‘lishi haqida ogohlantirgandi.

Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, u Zelenskiyni Ukrainaning sharqiy hududlaridagi Donetsk va Lugansk viloyatlarining butunligidan voz kechishga majburlashni rejalashtirgan, evaziga esa Rossiya front chizig‘ining qolgan qismini muzlatib qo‘yishi ko‘zda tutilgan. Bu taklif Putin tomonidan Alyaskada ilgari surilgan edi.

Tramp Rossiyaga nisbatan yanada qattiqroq choralar ko‘rish bilan bir necha bor tahdid qilgan, biroq Kreml uning qo‘ygan muddatlari va sanksiya tahdidlarini e’tiborsiz qoldirganida, u hozirgacha hech qanday chora ko‘rmadi.

Oldindan aytib bo‘lmaydigan siyosat uzoq vaqtdan beri AQSh prezidentining tashqi siyosatining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri bo‘lib kelgan. Shuning uchun, ehtimol, uning so‘nggi harakati Tramp Alyaskada Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni qabul qilganidan keyin bir oydan ortiq vaqt davomida turg‘unlikda bo‘lgan tinchlik muzokaralarini jonlantirishga urinishdir.

Trampning postidagi eng e’tiborga molik qism, ehtimol, uning yakuni bo‘ldi. Unda AQSh NATOga qurol sotishni davom ettirishi va keyin ular orqali qurollarni Ukrainaga yetkazishi kafolatlangan.

Bu Bayden ma’muriyati urushga deyarli cheksiz sodiqlik ko‘rsatganidek bo‘lmasada, Tramp shu yil davomida taklif qilganlaridan salmoqliroqdir.