Eron harbiy salohiyati qanchaga yetadi? Bu va boshqa savollarga BBC javob izlaydi. Video

Surat manbasi, Getty Images. ВВС
Erondagi maktabga kim hujum qilgandi? Oddiy xalq hayoti hujumlar ostida qanday kechmoqda? Eron harbiy salohiyati ne qadar? BBC Uzbek Ijtimoiy tarmoqlardagi muxlislardan kelib tushgan ana shu savollarga BBC Fors xizmati muharriri Layli Abulhasani bilan suhbatda javob izladi.
(Izoh: suhbat Minobdagi maktabga hujum borasidagi tekshiruv xulosalari e’lon qilinmasdan avval yozib olingan.)
Suhbatni to‘liq shaklda quyidagi link orqali tomosha qilishingiz mumkin:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Minobdagi maktabga hujum borasida da’volar va mavhumlik

Surat manbasi, Getty Images
AQSh bilan Isrolning Eronga qarshi urushi hozirda shubhasiz hammaning e’tibor markazida. Raketa va bombalar nafaqat Eron uzra, balki Isroil doxil Yaqin Sharqdagi ko‘plab mamlakatlarda portlamoqda, qurbonlar berilmoqda.
Albatta qurbonlarning aksari Eronda. Hujumlarning ilk kuni Minobdagi qizlar maktabiga qilingan birgina hujumda o‘quvchi qizlar doxil qariyb 170 inson halok bo‘lgan. Bu hujum borasida noaniqliklar hanuz ko‘p va BBC Uzbek muxlislarining ko‘plaridan bu borada savollar kelib tushmoqda.
Bi-bi-si O‘zbek xizmati: Eng avval ana shu maktabga hujum haqidagi savoldan boshlaylik. Nima uchun bu borada hanuz aniq javoblar yo‘q?
Layli Abulhasaniy, Bi-Bi-Si Fors xizmati: Eron tomoni hujumni Isroil va AQSh amalga oshirgan, deya aytishdi. Lekin hukumatga muxolif manbalar bu hujum Eronning o‘zi tomonidan xato tufayli yoki hatto ataylab qilingan bo‘lishi mumkin, deb aytishdi. Lekin bir necha kun mobaynida Isroil va AQSh bu hujumni tekshirayotganlari va aniq ma’lumotlar yo‘qligini aytib kelishdi.
Bi-Bi-Si muxbirlari AQSh Davlat kotibi va Mudofaa vazirlaridan bu borada savol so‘rashganda, ular AQSh fuqaro ob’ektlarini nishonga olmaslik uchun barcha ehtiyot choralari ko‘rishi va ataylab hujum qilmasligini aytishdi. Bu kabi savollar bir necha kun davomida ularga berildi va ular tekshiruvlar davom etayotganini bildirib kelishdi. Shu orada bu maktabga hujumda halok bo‘lganlar dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Tasvirlar dahshatli edi. Chunki mitti tobutlar juda ko‘p edi…
Bi-bi-si O‘zbek xizmati: Hujumda kim mas’ul ekanligi kunlar o‘tib mavhum qolayotgani har ikki tomonga nisbatan ham turli shubhalarni uyg‘otgan. Siz Eron tomonidan xatolik tufayli qilingan hujum bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlar yangraganini tilga oldingiz. Bu taxminda asos bormi?
Layli Abulhasaniy, Bi-Bi-Si Fors xizmati: Bu savolga ham aniq javob yo‘q. Eron AQSh-Isroil demoqda. Ular esa bir harbiy bo‘lmagan ob’ektlarni nishonga olmaymiz, deyishmoqda.
VVSning jurnalistik tadqiqotlar bo‘limi "Verify" o‘tkazgan tekshiruvlar ushbu maktab yaqinida bironta harbiy bo‘linma borligini aniqlamadi. Shu yaqin orada Inqilob qo‘riqchilari gavrdiyasi askarlari uchun madaniy markaz borligi aniqlangan. Maktab yaqinida bir klinika borligi ham aniqlangan. AQSh u yerda harbiy kompleks bo‘lganligini aytgan. Ammo bizning tekshiruvlarmiz bunday kompleks u yerda yo‘qligini ko‘rsatmoqda.
Bi-bi-si O‘zbek xizmati: Eron bu hujum AQSh va Isroil tomonidan qilingan, deya da’vo qilar ekan, buning biron dalillarini taqdim qilganmi?
Layli Abulhasaniy, Bi-Bi-Si Fors xizmati: Yo‘q, Eron bu hujum AQSh-Isroil tomonidan qilingani dalillarini taqdim etmagan. Lekin ular Isroilning avvallari fuqaro ob’ektlariga qilingan hujumlariga ishora qilishmoqda.
Masalan ular Isroilning G‘azada shifoxona yoki maktablarga u yerda "Hamas" jangarilari yashiringani sababini ko‘rsatib, hujum qilganligini aytishmoqda. Eron ana shu hodisalarni dalil belgisi sifatida ko‘rmoqda.
Eronda Internet o‘chirib qo‘yilgan bo‘lsa-da, biz mamlakat ichidan ba’zi ma’lumot va dalillarni olishga muvaffaq bo‘lmoqdamiz. Ammo bu hujum Eron tomonidan qilingan bo‘lishi mumkinligi haqida biron ma’lumot qo‘limizga yetib kelmagan.

Surat manbasi, Getty Images
Eronda hujumlarga munosabat
Bi-bi-si O‘zbek xizmati: Ijtimoiy tarmoqlardagi muxlislarimiz AQSh-Isroil hujumlariga Eron ichkarisida odamlar qanday munosabat bildirayotganlari haqida ham so‘rashgan.
Layli Abulhasaniy, Bi-Bi-Si Fors xizmati: Eronda ko‘plar bu hujumlarni kutishgandi. Chunki mamlakatda yanvar oyida keng ko‘lamli norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgandi va prezident Tarmp o‘shanda "sizlarga yordam keladi", deya aytgandi. O‘shanda ko‘plar bu kabi yordam yetib kelishini juda kutishgandi. Lekin o‘shanda havo hujumlari amalga oshirilmadi va hozirda hujumlar boshlangan vaqti odamlar " mana o‘sha va’da amalga oshmoqda", degan fikrga borishdi.
Ba’zilari hatto bu hujumlarni olqishlashdi. Lekin hujumlardan deyarli bir hafta o‘tib, biz odamlar bilan suhbatlashganimizda dastlab hujumlarni olqishlaganlar orasida bu kabi xushbinlik yo‘qolib borayotganini ko‘rdik. Ular hanuz bu hujumlar Islomiy tuzumning nihoya topishiga olib keladi, deya umidvorlar. Lekin ko‘rinishicha ular havo hujumlari bu qadar qaqshatqich va keng miqyosli urushga aylanib ketishi, vayronagarchilik bu qadar keng bo‘lishini kutishmagan. Tehron shu kunlarda muttasil havo hujumlariga tutilmoqda…
Eronliklar orasida fikrlar turlicha. Hamma ham hujumlarni olqishlamayapti. Islomiy tuzumni qo‘llovchilar hanuz ko‘p. O‘tgan prezidentlik saylovlarida qattiqqo‘l an’anador nomzodga ovoz berganlar juda ko‘p edi. "Basij" guruhi, Inqilob qo‘riqchilari -ularning Islomiy tuzumga qo‘llovi hanuz kuchli. Ular tuzumni saqlab qolish uchun hayotlarini qurbon qilishga tayyorlar. Tuzumga qarshi bo‘lganlar orasida esa hamma ham bu kurash yo‘lida hayotlarini qurbon qilishga tayyor emaslar.
Islomiy tuzum va marhum Oyatulloh Xomanaiy tarafdorlari u o‘ldirilganda chuqur qayg‘u va motamga tushishdi. Ya’ni Islomiy tuzumni chin qalbdan qo‘llovchilar ham ko‘p. Ana shu omil Islomiy tuzum hanuz omon qolayotganiga asosiy sabablardan biridir.

Surat manbasi, Getty Images
Bi-bi-si O‘zbek xizmati: Havo hujumlarini olqishlagan va Islomiy tuzumning qulashdan umidvor bo‘lganlar orasida ayollar ko‘pmi?
Layli Abulhasaniy, Bi-Bi-Si Fors xizmati: Islomiy tuzum davrida eronlik ayollar erkaklarga qaraganda anchayin qattiq tazyiq va kamsitishlarga yuz tutib kelishgan. Masalan, majburiy hijobni olsak. Ayollarning ko‘pchiligi hijob o‘rashga qarshi bo‘lsalar ham bunday qilishga majburlar. Lekin shunday bo‘lsa ham hozirgi hujumlarni olqishlovchilar orasida ayollar ko‘proq, deb ayta olmaymiz.
Uch yil avvalgi noroziliklarda ayollar aksariyatni tashkil qilib, asosiy tashabbuskor bo‘lishgandi. Ular o‘z talablarining ba’zilariga erishishdi. Masalan, hijob talabi bir qadar yumshatildi.
Bir misol keltiray, yaqinda Tehronda hukumatparast namoyishi vaqtida ishtirok etgan ayollarning ba’zilari ham hijobsiz edilar. Ya’ni ular hukumat tomonidan uyushtirilgan bo‘lib, "ayollar erkinliklari ta’minlanmoqda", deb ko‘rsatmoqchi edilar.
Lekin o‘tgan yili boshlanib, bu yil ham davom etgan norozilik chiqishlarida ham erkak va ham ayollar ishtirok etishdi. Noroziliklarga turtki bergan asosiy sabab ayollar haqlari emas, iqtisodiy muammolar edi.
Hujumlar ostida va Internetsiz hayot
Bi-bi-si O‘zbek xizmati: Shundoq ham iqtisodiy muammolar iskanjasida bo‘lgan mamlakatda havo hujumlari boshlanganidan so‘ng, osmondan yog‘ilayotgan bombalar manzarasida odamlarning kundalik hayoti qanday o‘tmoqda?
Layli Abulhasaniy, Bi-Bi-Si Fors xizmati: Albatta oddiy eronliklar bilan aloqamiz Internet o‘chirilgani sababli juda cheklangan. Lekin ba’zilar bilan gaplashgan vaqtimiz hayot bir qadar davom etayotganini aytishmoqda.
Bu suhbatga kelishdan avval men Tehrondagi ukam bilan juda qisqa, 2 daqiqacha gaplashishga muvaffaq bo‘ldim. Qanday qilyapsizlar, oziq-ovqat, non olish imkoni bormi, deb so‘raganimda, "Ha, hozircha hamma narsa bor va do‘konlar ochilyapti", deb aytdi.
Lekin Tehronda avvalgiga qaraganda odamlar kamaygan. Borishga joylari bo‘lganlar shahardan chiqib ketishga harakat qilishgan. Urushning ilk kuniyoq hukumatning o‘zi odamlarni shahardan ketishlariga da’vat qilgandi.
Hozirda odamlarning dastlabki ehtiyoj mollari bordek, lekin urush uzoqroq davom etsa, nima bo‘lishini hech kim bilmaydi.
Bi-bi-si O‘zbek xizmati: Internetning mamlakat bo‘ylab mutlaq o‘chirib qo‘yilgani kundalik hayotga qanday ta’sir qilgan?
Layli Abulhasaniy, Bi-Bi-Si Fors xizmati: Internet jahonning boshqa yerlarida bo‘lganidek oddiy odamlarning kundalik hayotlarining ajralmas qismi, albatta. Ular VPN paketlarini sotib olib, Internetga ulanishga harakat qilishmoqda. Qora bozorda turli VPN paketlari bor, lekin ular juda qimmat. Bundan tashqari xarid qilingan VPN paketida "bir oyga yetadi", deb aytilgan bo‘lsa ham bir necha daqiqadan keyinoq tamom bo‘lib qolayotganini aytishmoqda.
Shuning uchun uzluksiz Internet xizmati bo‘lmagani sababli ko‘plarning ishiga putur yetgan. Mening ukamning do‘koni bor, Internet bo‘lmagani tufayli har 2-3 kunda do‘konni bir ochyapman, deb aytdi.
Lekin biz aniqladikki, alohida tanlangan shaxslarga Internetga ulanish imkonini beruvchi maxsus sim -kartalar berilgan ekan. Ular asosan hukumat doiralaridagi rasmiylar. Ularning Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari ham faol yuritilmoqda.
Bizning jurnalistik faoliyatimiz uchun bu bir ma’noda yaxshi, chunki ularning sahifalari biz uchun axborot manbasi sifatida xizmat qilmoqda.

Surat manbasi, Getty Images
Bi-bi-si O‘zbek xizmati: Demak Internetning o‘chirilishi Eronda aslida nimalar bo‘layotgani haqida jurnalistlar uchun ma’lumot yig‘ishni juda qiyinlashtirgan?
Layli Abulhasaniy, Bi-Bi-Si Fors xizmati: Ha, ishonchli ma’lumot yig‘ish hozirda juda-juda mushkul. Men BBC da 24 yildan beri ishlayman. Ish faoliyatimda hozirgidek mushkulliklarga yuz tutmagandik.
Oddiy odamlarda Internet bo‘lmagani sababli foydalanuvchilar tomonidan oladigan ma’lumotlarimiz deyarli yo‘qqa chiqdi. Avvallari ulardan juda ko‘p ma’lumotlar olardik.
Davlat matbuot xizmatlari hanuz faol va urush davrida ayniqsa o‘ta faollashdilar. Targ‘ibot ishlarini kengaytirishdi. Eron rasmiylarining ham Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari faol. Masalan, Favqulodda holatlar vazirligi, Parlament spikeri muttasil xabarlar chop etib kelishmoqda.
Bi-bi-si O‘zbek xizmati: Lekin ularning xabarlari hodislarni bir tomonlama taqdim etayotgan bo‘lishi mumkin. Jurnalist sifatida biz ularning qayta-qayta tekshirib, tasdiqlashimiz lozim. Bunga qanday erishmoqdasiz?
Layli Abulhasaniy, Bi-Bi-Si Fors xizmati: Albatta BBC uchun xabarlarning haqqoniy, to‘g‘ri va ishonchli ekanligini tekshirish eng asosiy tamoyillardan biri.
Biz bu rasmiy xabarlardan nimalar ro‘y berayotgani haqida bilib, keyin albatta mavjud imkoniyatlar, mustaqil xabar agentliklari, mintaqadagi muxbirlarimiz orqali albatta tekshirib, tasdiqlashga urinmoqdamiz.
VVS Fors xizmatida xabarlarni tasdiqlash maxsus guruhi «Verify» jamoasi bor. Ular ba’zida kuniga 24 soat ishlashmoqda. Bundan tashqari BBC umumiy yangiliklar bo‘limida ham shunday jamoa bor.
Tehronning harbiy salohiyati qanchaga yetadi?

Surat manbasi, Getty Images
Bi-bi-si O‘zbek xizmati: Eronning harbiy salohiyati, AQSh-Isroil hujumlariga ne qadar bardosh bera olishi haqida savollar bor.
Layli Abulhasaniy, Bi-Bi-Si Fors xizmati: Eron ko‘p yillar davomida xalqaro jazo choralari ostida bo‘lgani uchun havo hujumlaridan himoya qilishning samaralitizmiga ega emas.
Lekin raketalar ishlab chiqarish sohasida anchayin kuchli. Dronlar ishlab chiqarishda ham ilg‘or. Hatto Rossiyani dronlar bilan ta’minlab kelgan.
Men harbiy sohada mutaxassis emasman, ammo harbiy ekspertlarga quloq tutsak, ular Eron 2-3 oy hujumlarga dosh bera olishini aytishmoqda.
Deylik, agarda Eron raketalarni otuvchi moslamalarni hujumlardan vaqtida yashirib, samarali ishlata olsa, Yaqin Sharq mintaqasi doxil mamlakatlarga hujumlarini ana shu muddat davom ettira olishini taxmin qilishmoqda. Lekin raketa otuvchi moslamalar nishonga olinib, ishdan chiqarilsa natija boshqacha bo‘lishi mumkin.

Surat manbasi, Getty Images
Bi-bi-si O‘zbek xizmati: Hujumlar boshlanganini eshitganingizda bir eronlik, ayol, inson sifatida qanday hislarni tuydingiz? Hayolingizdan qanday fikrlar o‘tdi?
Layli Abulhasaniy, Bi-Bi-Si Fors xizmati: Albatta bu juda og‘ir damlar edi. BBC da 25 yil ishlagan bo‘lsam AQShdagi 11 sentyabr hujumlaridan boshlab, juda ko‘p hujum va urush hodisalarini yoritishni boshimdan kechirganman. Lekin hamisha hozirda ro‘y berayotgan hodisalar bir kun kelib amalga oshishidan xavotirda bo‘lganman.
Jurnalist sifatida bosiq va sovuqqon bo‘lib qolishimiz kerakligini bilaman, lekin bu gal bunday qilish juda-juda mushkul bo‘ldi…
Bi-bi-si O‘zbek xizmati: Eronga hujumlar borasida AQSh, ayniqsa prezident Tramp tomonidan ogohlar bir muncha muddatdan beri yangrab kelmoqda edi. Lekin shunday bo‘lsa ham, hujumlar bo‘lmaydi, degan umid bormidi sizda?
Layli Abulhasaniy, Bi-Bi-Si Fors xizmati: Yanvar oyidagi noroziliklarda minglab namoyishchilar o‘ldirilgan vaqti janob Tramp hujumlar bilan tahdid qilganidan beri, Eronda ko‘plar hatto bu hujumlarni istagani tufayli albatta bir ma’noda bu hujumlar kutilgandi.
Lekin men hujumlar bo‘lmasa kerak, deb umid qilgandim. Chunki Eron "bizga hujum qilinsa, butun mintaqaga hujum bilan javom beramiz", deb o‘z navbatida tahdid qilgandi. Muzokaralar ham davom etmoqda edi. Shuning uchun umidim bor edi.
Bi-bi-si O‘zbek xizmati: Tehronda, Eronda yaqinlarim bor dedingiz. Ularning hayotlaridan xavotirdamisiz?
Layli Abulhasaniy, Bi-Bi-Si Fors xizmati: Juda kuchli xavotirdaman.
Nafaqat men, Fors xizmatidagi hamma hamkasblarim xavotirdamiz. 2-3 kun bog‘lana olmasak eng dahshatli fikrlar hayolimizni chulg‘ab oladi. Inson shuuri hamisha eng dahshatli manzarani chiza boshlaydi…
Oilamizda talaba bo‘lgan va hukumatga o‘ta muxolif yoshlar bor. Ular ko‘chaga chiqib, norozilik bildirishlari, xavfsizlik kuchlarining o‘qlariga yuz tutishlaridan qo‘rqamiz.
Professional jurnalist bo‘lib, hissiyotlarimiz ishimizga xalaqit bermasligiga harakat qilyapmiz.
Raketa kelib tushaganini eshitishim bilan yaqinlarim ko‘z oldimga kelaveradi. Ularning ko‘plari bilan aloqa uzilgan. Whatsapp da juda ko‘p guruhlarimiz bor edi. Qarindoshlar bilan, do‘stlar, sobiq sinfdoshlar bilan. Hammalaridan xabarlar uzilgan. Ba’zida javob bo‘lmasa ham o‘sha guruhlarga xabarlar yozib turaman. Javob kelmaydi….
Juda qayg‘uli holat.





























