Gitler armiyasidagi o‘zbeklar: Turkiston legioni, AQSh boshpanasi va SSSRga qarshi josuslik - video

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Ibrat Safo
- O'qilish vaqti: 20 daq
Turk beshigi - Turkiston
Yeri oltin, tog‘lari kon
Bolalari qahramon
Vatan uchun berar jon.
Turkistonlik - shonimiz, turonlik - unvonimiz
Vatan - bizning jonimiz, fido o‘lsun qonimiz.
Abdulhamid Cho‘lpon, 1917 yil
Bu misralar Turkiston legioni a’zolariga ham taalluqlimi? Ular turkistonlik qahramonlar edilarmi yoki vatanni sotgan xoinlar? Vatan nima edi o‘zi – Sovet Ittifoqimi yo Turkiston?
Marg‘ilonlik Ro‘zi Nazar va jizzaxlik Isoqjon Narziqullar bilan suhbatlar asosida yozilgan kitoblar: ular tirik qolish uchun bosib o‘tgan yo‘l va ummonning narigi chekkasida kechgan umr inson nimalarga qodir ekanidan darak.
Ikkinchi jahon urushida avvaliga Qizil armiya safida, so‘ngra esa natsist Germaniya harbiylari bilan yelkama-elka Sovet Ittifoqiga qarshi jang qilgan bu ikki o‘qimishli zobit, o‘n minglab turkistonliklar qatori, misli ko‘rilmagan dahshatlarga guvoh bo‘ldilar. Aslida, aftidan, ularda jang qilmaslik tanlovi ham yo‘q edi. Yoki, bor edimi? Ularning aksari urushning ilk yillarida texnik jihatdan ancha ilg‘or nemislarga asir tushib lagerlarga tashlangandilar. Isoqjon Narziqulga ko‘ra, Polshadagi bir lagerda 28 ming turkistonlik o‘ldirilgan.
Hujjatli filmimizni tomosha qiling.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Sattorali (Bobozoda) xotirlaydi
"Nemislar lagerida hayot, o-o, qiyin edi. Yerni kavlab, yerto‘la qilib, yerning tagida bir necha hafta yotganmiz. Yog‘in yog‘adi, kechasi sovuq. U vaqtda yoshmiz, o‘lmay qoldik. Keyin u yerdan chiqarib boshqa lagerga olib ketdi. Endi bunisi kazarma edi, ilgari katta ombor bo‘lgan ekan. Poli, atrofi beton, panjarani ochmaydi. Bir-ikkita darvozadan asirlarni kiritadi, hayvon kabi zo‘rlab ichkariga tiqib, to‘lgandan keyin yotishga ham, o‘tirishga ham imkon yo‘q. Bir mahal ovqatga parad bo‘lib boramiz. Yetib borguncha miltiqning qo‘ndog‘i bilan uradi, azob beradi. Tualet deb katta bachoklarni qo‘ygan. Har kuni qancha odam o‘ladi, ertalab o‘zimiz qo‘l-oyog‘idan ushlab zambilga solib, bir yog‘och uyga ustma-ust taxlab qo‘yamiz. Chunki yer muzlagan, qazib bo‘lmaydi. Havo biroz isigach, tashqariga chiqishga ruxsat berdi. Unda ham sababsiz kelib uradi.
Bir kuni butun lagerni qator qildi. "Kim olmon askari bo‘lishni istaydi,"-dedi. Hech kim chiqmadi. Ikkinchi bor chaqirdi, ba’zilar qo‘rqib chiqishdi. Olti ming kishidan bir 500-400ta odam chiqdi. Keyin: "Yana kim istaydi,"-dedi. Yana o‘rtada gapirdi, o‘ldirish, lagerdagi hayotni yomon qilish bilan qo‘rqitdi. So‘ngra yana bir 200-300 odam chiqdi. Keyin to‘rtinchi marotaba yana chaqirdi. Oxirida: "Kim askar bulishni istamaydi," -deb, o‘ngacha sanab, har o‘ninchi odam o‘rtaga chiqsin, dedi. O‘ninchi, yigirmanchi, o‘ttizinchi, qirqinchi, elliginchi odam chiqdi. Ko‘zimizning oldida otdi, ko‘rib turibmiz, ko‘zimizning oldida otdi hammasini, yiqildi. "Yana kim istamaydi," - dedi. Hammamiz yosh, soglom yigitlar: "O‘tsakmikan?"-deyishdi, -"Marsh!" - dedi, oldiniga solib, olib ketdi askarlikka. Keyin kiyimlarniyam shu eskisini, eskiki, olmon askarlaridan qolgan kiyimlarni berdi."

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Akbarjon Oxunjonov xotirlaydi
"Temir yo‘l tarafga haydadi. Bilmayman, necha kun yurdik, necha kun turdik, o‘lgani o‘lib, qolgani qolib bir joyga bordik. Polsha ekan. Polyaklar o‘z voenniy formalarini kiydirib, yuvintirib, hammomga solib, bizni soldat qilib olib yurdi. Uch oydan keyin tag‘in vagonga qamab jo‘natdi. Tushsak, u joyda nemislar ekan. Bizga endi nemis voenniy formasini kiydirishdi. Shundan keyin, nemis soldati bo‘lib qoldik endi.. Shu mahalda bir odam chiqib gapirib qoldi. U: "Biz kelajakda Turkistonni ozod qilamiz. Sizlar Turkiston armiyasi bo‘lib hisoblandilaring, endi shu yerda armiyada bo‘lasizlar," – dedi. U odam Vali Qayum-Xon degan kishi ekan. U 1927 yilda Toshkentdan Germaniyaga o‘qishga jo‘natilgan ekan."

Ro‘zi Nazarga ko‘ra, Parijda quvg‘inda yashab kelgan Turkiston muxtoriyatining sobiq bosh vaziri Mustafo Cho‘qaydan turkistonliklardan batalon tuzish so‘ralganida, u natsizmdan nafratlangani uchun buni avvaliga rad etgan va bir hafta qamoqda ushlab turilgan. Nihoyat, deyiladi "Ozodlikkacha bo‘lgan qorong‘u yo‘l: Ro‘zi Nazar, Qizil armiyadan Markaziy josuslik agentligigacha" kitobida, Cho‘qay turkistonlik asirlarning ahvolini borib ko‘rgach, nemislar qo‘li ostidagi ozodlik harakatiga yetakchilik qilishga rozi bo‘ladi. Uning 1941 yil dekabrida bevaqt vafot etishidan so‘ng Vali Qayumxon Turkiston legioniga siyosiy rahbarlik, Boymirza Hayit esa harbiy rahbarlik qilishdi. 1943 yilga kelib turkistonlik legionchilar soni 200 ming atrofida edi.
Berlindan Turkiston Milliy birligi qo‘mitasi askarlar orasida radioeshittirishlar, jurnallar va sovetlar lagerlaridan ozod qilingan mullalar yordamida ozodlik uchun targ‘ibot ishlarini olib bordi. Minglab turkistonliklar Sovet Ittifoqi hududlarida, Boltiqbo‘yi, Ukraina, Qofqoz va Rossiyada Qizil armiyaga qarshi janglarda qatnashdi. Ularning ustboshidagi belgiga "Olloh biz bilan" deb yozilgandi.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
1945 yilda urush Germaniyaning mag‘lubiyati bilan tugar ekan, turkistonlik askarlar arosatda qolishdi. Vatanga endi yo‘l yo‘q edi. 1945 yil fevralida AQSh Prezidenti Franklin Ruzvelt, Britaniya Bosh vaziri Uinston Cherchill va SSSR rahbari Iosif Stalin Yaltada bir narsaga kelishib oldilar – 1939 yil 1 yanvaridan keyin SSSRni tark etgan har bir kishi SSSRga qaytarilishi kerak.
Bu Turkiston legioni a’zolari uchun yo o‘lim, yo uzoq yillik surgunni anglatardi. Urush tugaganida Germaniyaning Rozenhaym shahrida sherigi bilan nemis oilaning bedaxonasida yashiringan Ro‘zi Nazarning eslashicha, g‘olib taraf – rus, amerikalik, frantsuz va britan askarlaridan tashkil topgan to‘rt kishilik guruhlar shahar va qishloqlarni kezib, turkistonlik askarlarni qidirishdi. Minglab askarlar qo‘lga tushib, Sovet Ittifoqiga qaytarildilar.
Legionning bir qancha ziyoli a’zolari, xususan, Ro‘zi Nazar, Isoqjon Narziqul, Maqsudbek Mahmud, Ergash Shermat, Husayn Ikrom, Sharifjon Alibek va boshqalar Germaniyada yashirinishga muvaffaq bo‘lishgan va urushdan bir necha yil o‘tib AQShga ko‘chib o‘tganlar.
Lekin, nega AQSh? Ularning u yerdagi hayoti so‘ngra qanday kechdi? Bularni bilish uchun men Amerikaga safarga chiqdim.

Bugungi Amerika Qo‘shma Shtatlari men avvallari kelgan AQShdan farq qiladi. Unga ikkinchi marta prezident bo‘lib saylangan Donald Tramp yakkahokimlikni hush ko‘radi. Uning, radikal immigratsion siyosati, sud qarorlarisiz kelgindilarni Amerikadan chiqarib yuborish bo‘yicha olayotgan qattiqo‘l qarorlari, tanqidchi matbuotga toqatsizligi, G‘azoni qo‘llab-quvvatlagan universitetlardan moliyani qisishi kabi amallari shu vaqtgacha dunyoga demokratiyani eksport qilganini da’vo qiladigan AQSh uchun misli ko‘rilmagan holat.
Nemis fashizmi yakun topganidan 80 yil o‘tib, AQShda endi fashizm so‘zi tez-tez yangramoqda. Vashingtondagi prezident qarorgohiga yaqinlashar ekanman, yana shunday xavotirga duch keldim. Oq Uy qarshisidagi yosh namoyishchining qo‘lidagi qog‘ozga "Biz o‘z mamlakatini fashizmga boy bergan avlod bo‘lmaymiz" deb yozilgan. Undan nega fashizmdan xavotirda ekanini so‘rayman.
- Men 36 kundirki AQShda fashizmning bosh ko‘tarishiga qarshi namoyish qilyapman. Men matbuot xodimlarining, o‘zimga o‘xshagan ko‘chadagi namoyishchilarning, AQSh bo‘ylab hukumat lavozimlaridagi odamlarning ovozlarini o‘chirish uchun armiyani, kuch ishlatar tizimlarni ishga solish tahdidlaridan xavotirdaman.
- Siz buni fashizmning alomatlari deb bilasizmi?
- Bu ko‘plab alomatlardan ba’zilari. Boshqalari – muayyan guruhni irqiy kelib chiqishi tufayli nishonga oluvchi populizm. Buni AQShga ham noqonuniy, va ham qonuniy kelgan odamlar misolida ko‘ryapmiz. Bu ma’muriyat ularni nishonga olyapti.
Ammo, Tramp demokratik saylov orqali davlat tepasiga kelgan. U «Amerika – birinchi» shiori bilan har doim millat manfaatini ustun qo‘yayotganini aytadi.

Surat manbasi, Reuters
Vest Virjiniya shtatida meni Halil kutib oldi. Bu mallasoch amerikalik bir qarashda Marg‘ilonga qarindoshdek ko‘rinmasligi mumkin. U - Ro‘zi Nazarning nevarasi, uning o‘g‘li Erkinning o‘g‘li. Halilning buvisi – nemis, onasi esa ukrain. Turkiston legioni tarixi bugunda yosh avlod ongida qanchalar yashab qolayotganini bilish uchun legionchilarning nabiralari buni qanchalar bilishlari menga qiziq. Halil meni o‘rmon qa’rida o‘z bobosi va buvisidan me’ros qolgan uyga taklif qildi. Undan marhum bobosini qanday eslashini so‘rayman.
- U hayotimdagi sirli bir shaxs edi, buni keyinchalik tushunib yettim. Bolaligimda esa, bobom men uchun xarizmatik odam edi, ancha jiddiy bo‘lish bilan birga, o‘yinqaroq qitmir tomoni ham bor edi. O‘zim ham shundayman. Uning uyida o‘tgan bolaligimda ko‘p vaqtni birga o‘tkazganmiz. U har doim davraning yulduzi edi. Esimda, uyga elchilar, siyosatchilar, Vashingtondagi yuqori doiralar mehmonga kelardi, u o‘ziga tortardi ularni. Men ham unga o‘xshayman, ikkimizda ham qattiq ishla, qattiq o‘yna degan hayotiy yondoshuv bor.
- Sirli shaxs edi deganingizda, nimani nazarda tutdingiz?
- Men u kechirayotgan rasmiy hayotdan bexabar edim. Uning boshidan nimalar kechgani, Sovet Ittifoqidagi O‘zbekistonda qanday katta bo‘lgani, Ikkinchi jahon urushidagi roli, so‘ng Amerikaga kelishi va bu yerda hukumatga ishlashi. Yosh bola uchun bu narsalarning farqi bo‘lmaydi-ku. Faqat katta bo‘lganimdan keyin tushundim, va o‘z bobom bosib o‘tgan yo‘lga qoyil qoldim.

Surat manbasi, Khalil Nazar
1951 yilning sovuq dekabrida Ro‘zi Nazarni eltgan kema Nyu York bandargohiga yaqinlashar ekan, uzoqdan ko‘ringan osmono‘par binolar Manxettenda joy talashardi. Azim chinorlar va mevali daraxtlar, ko‘hna masjidlar va jin ko‘chalari bilan yodida qolgan Marg‘ilonni Ro‘zi Manxettenga qiyosladi. Bunisi unga fantastik asarlardagi shahardek tuyuldi. U Germaniyada qolgan nemis ayoli Linda va qizalog‘i Zulfiya bilan Marg‘ilonda ota-onasining yonida bo‘lishni, do‘stlari bilan choyxonada osh yeyishini orzu qilib g‘amga botti.
U Amerikaga CIA (Markaziy josuslik agentligi)ning taklifi bilan yetib keldi.
Ro‘zini bu zaminda butkul yangi hayot kutayotgandi. Ko‘p o‘tmay, u Kolumbiya universitetida ochilgan Yaqin Sharq institutining Turkiston bo‘limida va legionchi sherigi Maqsudbek Mahmud bilan Amerika ovozi radiosida ishlay boshladi. Sovuq urush kuchayib borar ekan, Sovet ittifoqini yaxshi tushunadigan mutaxassis Ro‘zi Nazarga CIA turli missiyalarni topshirardi. U 1957 yilda Qohirada Afrika va Osiyolik xalqlarning birdamlik tashkiloti yig‘iniga borar ekan, Sovet Ittifoqidan kelgan Sharof Rashidov u bilan ko‘rishishdan bosh tortgani, ammo Zulfiya rozi bo‘lganini eslaydi. Unga ko‘ra, Zulfiya Turkiston mustaqilligi g‘oyasiga xayrixoh ko‘ringan. Yevropadagi ilk missiyasi esa 1959 yilda Venada o‘tgan xalqaro yoshlar anjumani bo‘ldi. Ro‘zi unga o‘zi yollagan ikki yoshni olib bordi, ulardan biri sobiq legionchi Isoqjon Narziqul edi. Ro‘zi Nazarning so‘ng Turkiyadagi 11 yillik josuslik faoliyati ham Sovet Ittifoqini zaiflashtirishni maqsad qilgandi.

Surat manbasi, Рўзи Назарнинг оиласи
Bulardan uning oilasi qanchalar xabardor edi? Yana Halildan so‘rayman.
- Bolalikda maktabda Ikkinchi Jahon urushini o‘qiyotgan bo‘lgansiz. Men ham maktabda o‘qiganman, lekin boshqa rakursdan. Bizga Sovet Ittifoqi nemis fashistlar ustidan g‘alaba qozongan davlat, dunyo haloskori deb o‘rgatilgan. Amerikada ham sizlarga urushni tugatishda asosiy rolni AQSh o‘ynagani, bo‘lmasa butun Yevropa bugun nemischa gapirayotgan bo‘lardi deya o‘qitiladi. Sovet Ittifoqida ham, AQShda ham bu urushda qatnashgan odamlar qahramonlar deb ko‘riladi. Lekin, ayni damda, o‘zingizning bobongiz aslida dushman tarafida, nemislar tarafida bo‘lganini bilganingizdan keyin, o‘zingizni qanday his qilgansiz?
- Ha, avvaliga, birinchi qarashda, bu shok bo‘lgan. Butun kontekstni tushunmay turib buni bilsang, o‘zingni noqulay his qilasan. Lekin, tarixni va geopolitikani yaxshiroq tushunish, huddi mustamlakachilar qilganidek, bir taraf boshqa tarafga qarshi jang qilish uchun boshqa odamlarni ishga solishini bilish, va bularga xolisona yondoshish bilan bobom omon qolish uchun bu ishni qilganini tushunganman. Lekin, aniq bilmayman, hatto oilamiz ham to‘liq haqiqatni biladi deb o‘ylamayman. Uni o‘sha harbiy kiyimda ko‘rish, juda g‘alati. Ikkinchi jahon urushida osiyolik odam nemis harbiy formasida… Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Balki, bu borada qandaydir fikrga ega bo‘lishim ham kerak emasdir deb o‘ylayman. Bobomga bu kontekstda qaray olmayman. Unga o‘zim bilgan jiddiy va o‘yinqaroq bobom sifatida qarayman. Tarixning u qismi, nimalar qilgani haqida men keyin bildim. Qanday fikrda bo‘lishim kerakligini bilmayman.
- Chamasi buni hech kim bilmaydi. Biz Turkiston legioni haqida gapirganimizda, ko‘p qarama-qarshi fikrlarga guvoh bo‘lamiz, kim uchundir ular xoin, kim uchundir qahramon. Shu sabab menga qiziq bo‘ldi, uni tanigan odam sifatida nima deb o‘ylashingiz.
- O‘ylashimcha, hozirga kelib, u dunyoni butkul vayron qilgan zolim rejimning bir qismi bo‘lganini tan olishimiz kerak. Dunyo hanuz o‘sha qilmishning oqibatlari bilan yashayapti. Hatto bilmasdan turib shu rejimga qo‘shilgan bo‘lsa-da, buni tan olishimiz kerak. Lekin, o‘sha vaqtdagi geopolitikani ham tan olishimiz kerakmasmi? Ikki qudrat o‘sha muhitni nazorat qilayotgandi. Afsuski, men undan uning o‘zi bu borada qanday hissiyotlarga ega ekanini so‘rash imkoniga ega bo‘lmaganman. Qanday edi? O‘zingiz qanday fikrdasiz? Buni hech qachon bilmayman. Men shunchaki uning genlari mahsuliman, xunrezliklar haqida mening fikrimdan ko‘ra uning fikrini bilish qiziqroq bo‘lardi.
- Uning nemis harbiy kiyimidagi suratini ko‘rganingizda bobongiz hali tirik edimi, necha yoshda edingiz?
- Menimcha, kollejda o‘qiyotganimda ko‘rganman. Qiziqib qolgandim. Ro‘zi Nazar haqida vikipediya sahifasi borligini ham o‘shanda bilganman. Uni o‘qib o‘sha suratni ko‘rganman. Nima bu o‘zi, deganman. O‘shanda Turkiston Legioni nima ekanini bildim va ular nemislar tomonidan Sovet Ittifoqiga qarshi jang uchun yollangan askarlar bo‘lganini o‘qiganman. Shu asno tushunib yetdimki, ular siyosiy manfaatlar yo‘lida ishlatilgan. Ular nemislarning mafkurasiga ishonganmi? Kim bilsin? Men bilmayman. Unda dunyo boshqacha edi. Lekin, men bobom haqida hech u kontekstda o‘ylamayman, uni hech qachon nafratga to‘la shaxsdek ko‘rmaganman. Balki Sovet Ittifoqiga nisbatan bo‘lishi mumkin…

- Bobongiz haqida Anvar Altayli yozgan kitob haqida, u yerda bobongiz qanday taqdim etilgani borasida qanda fikrdasiz?
- Uni o‘qimadim, shu sabab sharhlay olmayman. Bilishimcha, unda bobomning Sovet vaqtida O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sishidan boshlab Ikkinchi Jahon urushida jang qilishi va AQShga kelishigacha yozilgan. Umid qilamanki, u yaxshi taqdim qilingan, lekin ayni damda uning muvaffaqiyatlari bilan bir qatorda nimalarga aloqasi bo‘lgani xolisona yoritilgan. Lekin, aytganimdek, uni o‘qimadim.
- Unda bobongizning CIA, ya’ni AQSh Markaziy josuslik agentligi josusi rolidagi faoliyati ko‘p yoritilgan. Qohira, Tehron, Vena kabi joylarda turli maxfiy vazifalarni bajargani, 11 yil davomida Turkiyadagi AQSh elchixonasida josuslik agenti bo‘lgani haqida batafsil yozilgan. Bunga qanday qaraysiz?
- Bu mening hayotimning bir qismi bo‘lmagan, bilmaganman. Va uning o‘zi endi yo‘q. Buni tasavvur qilish ham qiyin. Balki u buni yashirishi kerak bo‘lgandir, chunki talab shunaqa. Hech birimiz buni bilmaganmiz. Faxrlanadiganim va hurmat qiladiganim shuki, bu odam jon saqlab qoldi, u uchta rejim ichra yashab, davom etaverdi. Men bilganim, bobom O‘zbekiston va Turkistonning vatanparvari edi. Bu uning asosiy motivatsiyasi edi. Balki shu tufayli u shuncha ishlarga aralashgan.
Adana, Bruklin va sirli qora zaytun
Vatanga qaytmagan askarlar izi meni Vest Virjiniyadan Nyu-Yorkka olib keldi. Bu shaharning Bruklin tumani o‘zbekistonliklarga begona emas. Ko‘chalarni kezar ekanman, oshxonalardan chiqayotgan tanish palov va kabob hidi ishtahamni qitiqlaydi. Yonimdan arava sudrab o‘tgan o‘zbek yigitni ko‘rib, o‘zimni Chorsu bozoridagidek his qilaman.
«Mana bu restoranlarni ko‘ryapsizmi? "Karavan". Bu tarafda ham o‘zbek supermarketlari bor. Mana bu «Shashlik» restorani ham tarmoq oshxona, ular ham o‘zbek», - deydi Mine.
- Bu yerlar aslida yahudiylar mavzesi bo‘lganmidi?
- Ha, hanuz yahudiylar ko‘p bu yerda, bu asosan yahudiylarning rayoni. Yahudiylar turli mavzelar bilan yaxshi aralashib ketadilar. Yahudiylar bu rayonda ko‘p bo‘lsa-da, ayni mahallalarda ko‘p o‘zbeklar ham yashaydi. Bruklinning bir qismi bor, unda asosan afrikan-amerikaliklar yashaydi, lekin bir qismida hasidiy yahudiylar yashashini ko‘rasiz.

Bruklinning qizi Mine Qiyat - ikki o‘zbek boboning nevarasi. Ularning ikkovi ham urushda nemislarga asir tushgach, vatanga qaytishmagan. Biri AQShda vafot etgan, ikkinchisi esa Turkiyada. Bugun Mine direktor bo‘lib ishlaydigan bog‘chada asosan uning Amerikaga kelib joylashgan bobosi Yusuf Qiyot haqida suhbatlashyapmiz. U Xorazmning Xonqa tumanidagi Qiyot qishlog‘idan edi.
- Bobom Polshada askarlar safidan qochib, harbiy ustboshini yechib, yerga ko‘mgan. Shu asnosi u qochoq bo‘lgan. So‘ng nemislar qo‘liga tushgan. Ikkala bobom ham birga formalarini ko‘mib, qo‘lga tushganlar. So‘ngra ularni kontsentratsion lagerga joylab, raqamlar berishgan. Keyin esa urush tugagani sababli, ozod qilinganlar. Uylariga qaytishsa, o‘ldirilgan bo‘lishardi deb o‘ylaymiz, shuning uchun vatanlariga qaytishmagan. Yusuf dadamning Xorazmdagi oilasi uni urushda o‘lgan deb o‘ylagan va hatto janozasini o‘qishgan. U keyin Qiyot degan familiyani tanlagan.
- Nega unday qilgan?
- Ular majbur bo‘lishgan. Qiyot esa uning qishlog‘ining nomi bo‘lgan.
- Asir tushgach, ular yana jang qilgan deb o‘ylamaysizmi?
- Yo‘q, ular qo‘lga tushgach, jang qilishga majburlangani haqida bizga gapirilmagan, masalan, Turkiston legioni safida. Bu haqida hikoyalar yo‘q. Yagona hikoya shuki, ikkala bobom ham so‘ng kemada bo‘lganlar va kemada ularga qora zaytun berilgan. Ular qora zaytun nimaligini bilishmagan va uni qo‘yning qumalog‘i deb o‘ylab dengizga otishgan. Urushdan so‘ng ular, aniq bilmayman, 1 yo 2 yil Germaniyada qolishgan, so‘ng u yerdan Adanaga borishgan.
Turkiston legioni a’zolari tarixini o‘rganganda Turkiya, ayniqsa Adana ko‘p uchraydi. Urush davomida betaraflikni saqlagan Turkiya nihoyat 1945-yil fevralida Germaniyaga qarshi rasman urush e’lon qildi. Yirik qudratlar o‘rtasidagi Yalta bitimiga bo‘ysunishi va ko‘p jihatdan Rossiyadan qo‘rqqani uchun ayni yil avgustida u 200ga yaqin sobiq sovet askarlarini Turkiyada ushlab ruslar qo‘liga topshirdi. Ammo, Turkiyadagi arxiv materiallariga ko‘ra, Rossiya ham turk asirlarini qaytarish va’dasini turmagach, bu almashinuvlar muntazam bo‘lmadi. G‘arb va Sovet Ittifoqi o‘rtasida tushgan sovuqlikni Cherchill 1946 yil martidagi nutqida "Temir parda» deya ilk marta ta’riflar ekan, Turkiya pardaning G‘arbiy tarafini tanladi. 1952 yilda u NATOga a’zo bo‘ldi.

Surat manbasi, TAA
Urush davomida ham Turkiya bo‘ylab asirlar uchun qator qochqinlik lagerlari ochilgandi. Ulardan biri Adanada bo‘lgan. Ro‘zi Nazar xotiralarida Yevropadan Sovet Ittifoqiga qaytarilayotgan turkistonliklar Bosfor bo‘g‘ozida kemadan suvga o‘zlarini tashlab qochganlari ham aytiladi. Germaniyadagi turkistonlik legionchilar orasida Turkiyaga mehr shu qadar kuchli ediki, ular agar natsistlar Turkiyaga hujum qilsa, turklar tomoniga o‘tishga ahd qilishgan.
- Ikkovi ham yangi hayotni boshlagan, Yusuf dadam oilasi va vatani haqida ko‘p gapirgan, katta ammalarim buni ko‘p eshitganlar – u oilasi, hovlisi o‘rtasidagi katta daraxt, akasi Yunus haqida gapirgan. U 1989 yilda olamdan o‘tdi, O‘zbekiston esa 1991 yilda mustaqil bo‘ldi. Agar vafot etmaganida, ishonchim komil, u vataniga borgan bo‘lardi. U Turkiyaga joylashsa ham, qayerdanligini unutadigan odam emasdi. U kelgan joyi bilan juda faxrlanardi, urf-odatlar haqida gapirardi. U bu urf-odatlarni o‘z oilasida ham tatbiq qilgan va bu hozirgacha yashab kelyapti.
- Oilangizdagi ba’zi urf-odatlarni hatto Turk madaniyatida ham ko‘rmaganman dedingiz.
- Ha, katta bo‘lgunimgacha, buvim turk ekanini bilmaganman. Chunki u o‘zbek an’analariga sodiq edi, ovqatlar qilsa ham, osh yo somsa… Shu sabab u ham o‘zbek bo‘lsa kerak deb o‘ylaganman. U yosh turmushga chiqqani uchun, hammasini bobomdan o‘rgangan. Oilada kattaga hurmat juda muhim bo‘lgan. Masalan, bugungidek, otangning oldida divanda cho‘zilib yotolmaysan, kattaga joy berish, mehmon kelsa yonida o‘tirmaslik, mehmon kattalar bilan o‘tiradi, bolalar hech nimaga tegmaydi va hokazo. Shu ikki madaniyat bilan o‘sdik. Lekin, aslida, o‘zbekligimiz haqida ko‘p narsa bilmaymiz, men o‘zbek tilida gaplashmayman, bir ikki so‘zlarni tanishim mumkin.

Ikkinchi jahon urushida nemislarga asir tushgan turkistonliklarning, ular xoh legionchi bo‘lsin, xoh bo‘lmasin, Amerika Qo‘shma Shtatlariga kelishi oson emasdi. 1917 yilda AQSh Kongressi Osiyodan immigratsiyani cheklovchi qonunni qabul qilgan va cheklov Rus Turkistonini ham o‘z ichiga olgan. 1921-yildan AQSh yevropaliklarni qabul qila boshladi.
Urushdan keyingi yillarda AQShga ko‘chgan ilk turkistonlik, 1949 yilda, Maqsudbek Mahmud bo‘ldi – u Turkiston Legionining a’zosi bo‘lgan, uning ayoli esa slavyan bo‘lgani, xotinining tog‘asi AQShda yashayotgani unga immigratsion cheklovlarni aylanib o‘tish imkonini bergan. Maqsudbek Mahmud o‘z emigratsion kartasida tug‘ilgan joyini Qo‘qon deya ko‘rsatsa-da, o‘zida hech qanday davlat fuqaroligi yo‘qligini aytgan va ko‘p yil Anqarada yashab, Latviyaga qarindoshlarini ko‘rgani kelganida nemislar qo‘liga tushganini bildirgan. Hujjatda Turkiya uni o‘z fuqarosi emasligini aytib rad qilganini o‘qish mumkin.
Ayni yili urushdan so‘ng Slovakiyalik ayolga uylangan Sobiq SS zobiti Isoqjon Narziqul Chexoslovakiya pasporti bilan AQShga ko‘chib keldi. 1951 yilda esa Myunxenda yashayotgan Ro‘zi Nazar AQShga kelib joylashdi. Shu tariqa AQShga urushdan so‘ng ko‘chgan ilk turkistonliklar Legion a’zolari edi.
1965 yilda AQSh immigratsion siyosati o‘zgarishi oqibatida, yevropalik bo‘lmagan muhojirlarga ham yo‘l ochildi va Turkiyadan o‘zbeklar AQShga ko‘chib kela boshlashdi. Ularga ko‘p hollarda Amerikada yashayotgan ilk legionchilar kafillik qilib, yetib kelishlariga va Amerikada joylashishlariga yordam qilishdi.

Surat manbasi, TAA
- Yusuf dadam 1971 yilda Amerikaga ko‘chib kelgan. U buvim bilan 12ta farzand ko‘rgan, lekin faqat 9 nafari omon qolgan. Ko‘chib kelishganida eng katta qizlari 18 yoshida bo‘lgan. Bobom avvaliga o‘zi Nyu-Jersiga ko‘chib kelgan va bir yil o‘tgach oilasini olib kelgan va Bruklinga ko‘chishgan. U bir binoda super, ya’ni binoga qarovchi bo‘lib ishlay boshlagan. Boshqa ishlarni ham qilgan, chunki u juda mehnatkash, juda aqlli edi. Tasavvur qiling, 70-yillarda buni qilish osonmas, u esa ikki marta ikki begona davlatda joylashib yangi hayotni boshlashga muvaffaq bo‘lgan. U juda oilaparvar odam edi, katta hurmatga ega. Bironta ham farzandi begona millatlar bilan turmush qurmadi. Bu yomon narsa demoqchimasman, lekin uning uchun oilasi turkiy bo‘lishi muhim edi. Onamning dadasi Saribay Laqay esa Yusuf dadamdan farqli o‘laroq, ancha sokin, yumshoq odam edi. U Turkiyada qoldi. Onamning aytishicha, u kontslagerda ko‘rgan kechirganlari tufayli o‘limining oxirigacha chiroqni o‘chirmay uxladi. Eshikni yopishga ham ruxsat bermasdi. Chunki urushda qulf ostida ushlanganidan travma qolgan.
- Sizning familiyangiz Qiyot. Bu Xorazmdagi bir qishloqning nomi. Bu ism sizga nimani anglatadi, qandaydir muhim ma’nosi bormi siz uchun?
- Bobomning o‘tmishi tufayli, bu ism men uchun yanada qadrli. U o‘shanda har qanday soxta ismni tanlashi, yo kashf qilishi mumkin edi. Lekin Qiyot uning yuragi to‘rida yashagan. U qaytib bora olmasligini bilgan, lekin qishlog‘i nomini o‘zi bilan olib ketgan. U bu nomni o‘z familiyasiga aylantirish bilan, oilasi uchun abadiylashtirdi. Endi jiyanlarim ham - Qiyat. Men ham o‘z familiyamni o‘zgartirmadim. U juda muhim va qadrli.
Turkistonliklar jamiyati
Legionchilar izi meni yana bir asl marg‘ilonlik bilan uchrashuvga olib keldi. Nyu-Jersi shtatining Dover shahrida Amerikalik turkistonliklar jamiyati joylashgan. Avvaliga Bruklinda ijara uyda turgan bu tashkilot uchun bu yerdagi yangi imoratni olib berishda asosiy rolni turkistonliklar orasidagi ilk millioner legionchi Isoqjon Narziqul o‘ynagan.
Jamiatga anchadan beri Abdulla Xo‘ja raislik qiladi. Abdulla Xo‘janing badavlat bobosi va yosh dadasi 1927 yilda Marg‘ilondan qochishgan, Abdulla aka esa Kobulda tug‘ilgan. 1970-yillar oxirida AQShga ko‘chganidan beri u Turkiston ozodligi uchun namoyishlarda qatnashib kelgan. U legionchilar bilan ham yaqindan tanish bo‘lgan.
Jamiyatni tuzish g‘oyasi 1958-yilda Turkiston Legioni a’zolari orasidan chiqdi. Xo‘sh, Abdulla aka o‘z jamiyati asoschilarining Ikkinchi jahon urushidagi roliga qanday baho beradi?

Surat manbasi, TAA
- Ular noto‘g‘ri ish qilishmagan. Ular vatanning mustaqilligi uchun, vatan ozodligi uchun harakat qilishgan. Tarixda hamma vaqt vatanda harakat bo‘lgan. Qo‘rboshilar bo‘lsin, jadidchilar bo‘lsin, legionchilar bo‘lsin. Legionchilar asir tushgach, harakat qilishgan. Mumkin bir askar tuzsak, Yevropa va Germaniya bizga yordam beradi, vatanimiz ozodligi uchun nimadir qilishimiz mumkin deb imkoniyatdan foydalanishgan. Mustafo Cho‘qay bo‘lsin, Vali Qayumxon ota bo‘lsin, Boymirza Hayit, Husayn Ikrom, Ro‘zi Nazar, hammasi – gaplashsangiz, vatanparvar odamlar edi. Chetga kelib yashaganda ko‘rishganki, vatanimizni Sovetlar bosib olgan. Qaytib olib ketayotganda ko‘p turkistonliklar poezdlarda o‘z tomirlarini kesib o‘zini halok qilishgan, yo o‘zlarini poezddan tashlashgan. Qaytsam, nafaqat men, oilamni ham jazolaydi deb o‘ylashgan.
Abdulla Xo‘janing aytishicha, hozir ham Rossiyaning ta’siri kuchli ekanligi sabab, «haqiqiy tarix» yozilgani yo‘q. Uning ishonishicha, bu xolis ko‘rib chiqilsa, Turkiston legioni a’zolari taqdirlanadi.
- Rossiya bizni qo‘yib yuborgani yo‘q. Jug‘rofiy vaziyatimiz ham shundayki, bizga yordam qiladigan do‘st ham yo‘q. Mana, Ukrainaga Yevropa yordam qilyapti. Bizlarga kim yordam qiladi?
- Ro‘zi aka sizga urush haqida nimalarnidir gapirib berganmi?
- Ha, u kishi aytganlarki, juda og‘ir holatlarda yurganmiz, yerto‘lalarda bekinib, och qolganmiz, yerlarni kavlab qurt-qumursqalarni yeganmiz, hatto sichqonlarni yegan vaqtimiz ham bo‘lgan. Bekinishgan. Topishsa, sovetlarga topshirishardi. Bekinib tirik qolishgan ular.
- Men kecha uchrashgan Yusuf Qiyotning nabirasi ham o‘z bobolari sovet harbiy formalarini yerga ko‘mib, bekinganlari, so‘ng nemislarga asir tushganlarini aytib berdi.. Yusuf Qiyotning ismi ham jamiyatingiz a’zolari orasida turganini ko‘rdim. U ham Legion a’zosi bo‘lganmi?
- Bo‘lishi kerak. Askar bo‘lgan. Ko‘pi qo‘shilgan, chunki boshqa chora yo‘q bo‘lgan. Umid bo‘lgan, Legion tuzilganidan keyin.

Xolokost – insoniyat tarixidagi eng yirik qora tang‘alardan biri. 1941 yildan 1945 yilgacha Natsistlar va ularning sheriklari Germaniya bosib olgan Yevropa hududlarida 6 million yahudiyni muntazam ravishda qirishgan. Bu qirg‘in Osventsim, Treblinka, Beljets, Sobibor kabi o‘lim lagerlarida yoppasiga otish yoki gaz kameralariga qamab o‘ldirish usullari bilan amalga oshirilgan. Ular bilan birga urush asirlari, nogironlar, lo‘lilar va o‘zga din vakillari ham vahshiylarcha qirilgan.
Xo‘sh, Natsistlar qo‘li ostida jang qilgan Turkiston Legioni a’zolari buni bilganmi?
- Yo‘q, bilmagan bo‘lsa kerak. Yahudiylarning o‘zlari ham aytib beradi, biznikilar allaqancha yahudiylarni saqlab ham qolishgan. Qanchasini "o‘zbek" deya bekitishgan. "Mana bu yahudiy" deb ko‘rsatib berishmagan.
Ro‘zi Nazar xotiralari asosida yozilgan kitobga ko‘ra, Vali Qayumxonning haydovchisi va oshpazi turkistonlik yahudiylar bo‘lishgan va u bu ikkovlonni "tojik" deya ro‘yxatdan o‘tkazib, omon qolishlarini ta’minlagan.
AQShga urush ortidan kelib joylashgan turkistonliklarning qanchasi Turkiston Legioni a’zosi bo‘lgani noma’lum. Bu borada AQShning o‘zida hech qanday ro‘yxat yo‘q. Ularning hammasi ham hayotlari davomida o‘z o‘tmishlari haqida ochiq gapirishni istashmagan.
- Yahudiylar tashkiloti Legionda bo‘lganlarni axtarib yurardi. Hatto bizning to‘plamlarimizga kelib, odam yuborib, suratlar olishgan. Nechtalarini ushlab olib ketishdi, mahkama qilishdi. Shu sababdan ko‘plari qo‘rqar edi. Ularning orqasida yahudiy tashkilot tekshirib yurardi. Dog‘iston, qorachoyliklarning ham nechtalarini olib ketishdi. Bir-ikkitalari shunday yo‘q bo‘lib qolgan.

Surat manbasi, Getty Images
"Natsistlar ovchilari» nomini olgan alohida shaxslar, Isroil xavfsizlik agentligi Mossad va yahudiy tashkilotlar pul mukofotlari taklif qilish, G‘arb davlatlaridagi immigratsion ro‘yxatlarni tekshirish va sud ishlari orqali yahudiylar qirg‘iniga aloqador sobiq fashist zobitlari va kollaborantlarni 20 asr oxirlarigacha izlaganlar va ko‘p hollarda topganlar.
Mossad yahudiylarni lagerlarda qirishda ayblangan SS zobiti Adolf Ayxmanni 1960 yilda Argentinadan o‘g‘irlab ketib, Isroilda sud qilgan va osib o‘ldirgandi. 1965 yilda esa Mossad Latviyada yahudiylarni qirishda ayblangan "Riga qassobi" laqabli Gerbert Sukursni Urugvayda o‘ldirib ketgan. 1970-yillar boshida Amerika matbuotida sobiq fashistlar AQShda ham qo‘nim topgani haqida xabarlar tarqala boshladi. Erik Lixtblau "Qo‘shni natsist" nomli kitobida yozishicha, urushdan so‘ng minglab natsistlar, ko‘p hollarda, Amerika xafvsizlik rasmiylari ularni sovuq urushda Sovet Ittifoqiga qarshi agent qilib ishlatishlariga kelishilgach, AQShga joylashganlar. Josuslik agentliklari ularning delolarini jinoyatlardan tozalagan, deyiladi kitobda.
1964 yilda Natsistlar ovchilari Nyu-Yorkning Kuins tumanida uy bekasi bo‘lib yashab kelayotgan SS zobiti Hermine Braunshtaynerni topdilar. U Maydanek kontslagerida o‘ta shafqatsizlarcha yahudiylarni qirgani aniqlandi va 1973 yilda Germaniyaga ekstraditsiya qilindi. Bu xabarlar 1979-yilda Maxsus tergovlar idorasi (OSI) tuzilishiga sababchi bo‘ldi. U urushdan so‘ng AQShga ko‘chib fuqarolikni olgan sobiq natsist zobitlarni topish, pasportini bekor qilish va deportatsiya bilan shug‘ullandi. 1988-yilda Ogayo shtatida tinchgina yashab kelayotgan Ivan Demyanyuk Isroilga topshirildi. Asli ukrain sovet askari Demyanyuk urushda nemislarga asir tushgach, Polshadagi Treblinka lagerida yahudiylarni qirishda qatnashgani aniqlandi.
OSI ayniqsa kontslagerь va o‘lim lagerlarida qo‘riqchilik qilgan SS askarlariga e’tiborni qaratardi. SS, ya’ni shutsshtaffel Gitlerga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qasamyod qilgan, uning irqiy soflik siyosatini amalga oshirish uchun o‘lim lagerlarini yuritgan dahshatli harbiy qo‘riqchilik tuzilmasi edi. Urush o‘rtalariga kelib nemis armiyasi oqsay boshlar ekan, SS janglarga jalb qilindi va 1943 yilda o‘zi irqiy nomaqbul deb ko‘rgan osiyoliklardan ilk turkistonliklar batalonini tashkil qildi.
1944 yilda Ikkinchi turkiston SS bataloniga kapitan etib tayinlanganida Isoqjon Narziqul atigi 21 yoshida edi. Birinchi turkiston SS bataloyinga esa 23 yashar Kamol Alimov qo‘mondonlik qilardi. Ularning qora formasida «Biz Olloh bilan» yozuvi o‘rnini bosh suyak ramzi egallagandi. Urush yakun topayotganida bu batalonlar Slovakiyada edilar. Ularning kontslagerlarda qo‘riqchilik qilganlari haqida ma’lumot yo‘q. Isoqjon Narziqul bilan suhbatlar asosida yozilgan kitobda uning faqat janglardagi ishtiroki yoritilgan.
Tarixdan nimani o‘rganish mumkin?
Marg‘ilonlik Ro‘zi Nazarning izidan tushib kelgan bu safarimda, tasodifni qarangki, menga asosan marg‘ilonliklar hamroh bo‘ldi. Navbatdagi suhbatdoshim, O‘rxon Boboqurbon Bruklinda tug‘ilib o‘sgan, lekin uning ham bobosi inqilobdan keyin Turkistonni tark etgan marg‘ilonliklardan. O‘rxon aka moliya sohasida ishlasa-da, Turkiston tarixi va Turkiston legionchilari haqida ko‘p ilmiy tadqiqotlar qilgan odam. U ko‘p legionchilar bilan shaxsan ko‘rishgan ham.

Surat manbasi, Getty Images
- Dadam bir hikoyani eslatdi menga. Aytishicha, «birinchi marta Turkiston jamiyatiga borsam, Isoqjon Narziqul ham keldi. Shunda hamma legionchilar oyoqqa turib, unga salom berdilar. Xuddi harbiylardek.» Hayron bo‘lib qoldim, deydilar. Chunki mening dadam ham Turkiyada o‘sgan, armiyada xizmat qilgan, rasmiy salom berish nizomlarining hammasini bilgani uchun, hayratda bo‘ldim, deydilar. Amerikada ularning ba’zilari legionda bo‘lganlarini yashirishgan. Ayam, dadamlar ular bilan ko‘p bordi-keldi qilishgani uchun, so‘rardik, biz ham qiziqardik Legiondagi qiyin ahvol haqida, lagerlar haqida ayting, deb. Ular esa, «e qo‘ysangiz-chi o‘tgan kunlarni» deb, gapirishni xohlamasdilar.
Dahshatli jinoyatlarni, qirg‘inni amalga oshirgan natsistlar mafkurasiga legionchilar naqadar rozi bo‘lishgani, unga qo‘shilgan yo qo‘shilmaganlari haqida O‘rxon akadan ham so‘rayman.
- Bunga boshqa savol bilan javob berish mumkin. Sovet Ittifoqi armiyasiga xizmat qilgan bir million turkistonliklarning qanchasi kommunizmga ishongani uchun jang qilgan? U tarafda ham majbur bo‘lishgan. Ular ham kommunizmga sodiq bo‘lmaganlar, bular ham nemislarning natsist mafkurasiga sodiq bo‘lmaganlar.
Ro‘zi Nazar xotiralarida yozilishicha, vodiydan vagonlarga qamab urushga yuborilar ekanlar, ahvol og‘ir edi: o‘smir va yigitlarga hatto hojatini chiqarish uchun eshiklar ochilmagan. Unga ko‘ra, bundan norozi bo‘lgan etnik rus askarlar «bu o‘zbeklar hayvondan ham yomon, shuning uchun vagonimizni tashqaridan qulflab qo‘yishgan» deya norozi bo‘lishgan. So‘ngra Odessaga kelib joylashganida, Ro‘zi boshqa o‘zbeklar unga ruslar tomonidan «natsmen» (natsionalnыe menьshinstva – milliy ozchiliklar) va «qorabosh» deya kamsitilganlari, hamda oziq-ovqatlari o‘g‘irlanganini aytib arz qilganlarini aytgan.

Surat manbasi, Stephen Lee Crane
- Umuman tayyorgarchilik ko‘rmaganlar. Bitta miltiqqa uch o‘rta osiyolik. Yuz o‘q berilishi kerak bo‘lsa, 20ta o‘q beryapti. Tayyorgarlik taxtadan qilingan miltiqda qilingan. Bu legionchilarning xotiralari, Husayn Ikrom kitobida ham aytilgan. Yot deydi, qot deydi, miltiq esa miltiq emas-ku, taxtadan. Undan so‘ng sizni frontga yuboryapti. Buni ichidan juda ko‘p turkistonliklar rus tilini ham bilmagan. Ofitserlar ko‘pi rus, siz rus tilini umuman tushunmaysiz. Ularga past ko‘z bilan qarashgan. Bu millatchilik emas, barcha millatlarni hurmat qilamiz, men arxivda bor gaplarni aytyapman.
O‘rxon aka turkistonliklarning o‘sha urushdagi qismatini bir misol bilan bugungi zamonga bog‘laydi.
- Yaqinda bir podkastda eshitdim. Rossiyaning Ukrainadagi urushida Yakutiya va Buryatiya kabi etnik ozchilik o‘lkalar vakillarini frontga yuboryaptilar. Xuddi o‘sha davrdagidek. Oldinga turkistonliklar surilgan, ortda esa yaxshi tayyorlangan Rossiya soldatlari. Turkistonliklar ortga qaytsa, otinglar degan. Hozirda O‘rta Osiyodan, vatanimizdan Rossiyaga tirikchilik uchun borgan ishchilar haqida xabarlar kelyapti: Rossiya bu muhojirlarni olib, ularga aytyapti: «Ikki yil ichida sizga Rossiya pasportini beramiz, lekin urushga borishingiz kerak.» Xuddi Turkiston legionida haq-huquqi bo‘lmagan kishilar kabi. Ular muhtoj. O‘shanda ham aytgan: «Sizga oziq-ovqat beramiz, kiyim-kechak beramiz, bitta lekini bor – Sovetlarga qarshi kurashasiz».
- Ro‘zi Nazarning xotiralariga ko‘ra, u Venada turk-polyak shoiri Nazim Hikmet bilan uchrashganida, shoir unga katta qudratlar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lmaslikni maslahat bergan. Ammo, turkistonlik legionchilar hayotini o‘rganar ekansan, ular muntazam katta qudratlar qo‘lida bo‘lgandek namoyon bo‘ladi. Urush oxiriga qarab, Germaniyaning ham turkistonliklarni mustaqil vatan bilan taqdirlash va’dasi yolg‘on bo‘lgani ayon bo‘ldi. Urushdan so‘ng esa Legionning ziyoli a’zolari AQSh hukumatiga, Ro‘zi Nazar CIA va Davlat departamenti, Ergash Shermat Mudofaa vazirligida ishladilar. Xo‘sh, ular butun umri davomida o‘zgalar qo‘lida o‘yinchoq edilarmi?
O‘rxon aka bunday xulosaga kelishdan avval, Turkiston tarixida ozodlik uchun bo‘lgan tinimsiz harakatlarga nazar tashlashni tavsiya qiladi. Uning aytishicha, rus ishg‘olidan boshlab Ikkinchi jahon urushigacha Turkistonda hamisha ozodlik uchun kurash davom etgan, bu kurashni qo‘llaganlar: Germaniyada o‘qib qaytgan yoshlardan tortib jadidlar, qo‘rboshilardan tortib ziyolilargacha, barchasi yo‘q qilingan. Taqdirni qarangki, Fitrat Germaniyaga o‘qishga yo‘llagan talabalardan Vali Qayumxon so‘ngra Turkiston Legioniga boshchilik qildi.
- Bu bizga nimani o‘rgatyapti? Turkiston xalqi har doim shaxmat taxtasidagi piyoda bo‘ldi. Bu siyosat. Buni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Shuning uchun Legionning a’zolari ham siyosiy, ham akademik, ham ilmiy yo‘l bilan kurashni davom ettirdilar. Chunki variantlarga qaraysiz. Karta o‘ynaganingizda, qo‘lingizga qaysi karta kelsa, shunga qarab harakat qilasiz. Bundan chiqaradigan sabog‘imiz shuki, mustaqil bo‘lishi kerak. Boshqalarning qo‘lida o‘yinchoq bo‘lmasligimiz uchun, iqtisodiy va siyosiy jihatdan mustaqil bo‘lishimiz kerak. Iqtisod juda muhim.

AQShni tark etishdan avval yana Halilnikida mehmon bo‘ldim.
U bilan Turkiston Legioni a’zolari suratlari tushirilgan kitobni varaqlayapmiz.
- Buni miyaga sig‘dirish qiyin. Chunki oddiy odamlar bu haqida bilishmaydi. Ular bu kishilar SS qanoti bo‘lganini bilmaydilar. Ular - oriy bo‘lmagan askarlar. Shuning o‘zi nemislarning o‘zlari ham qanchalar ikkiyuzlamachi bo‘lganini ko‘rsatadi.
- Bobongiz bilan faxrlanasizmi?
- Men uning o‘z hayotini saqlab qolish yo‘lidagi chidamliligi va tirishqoqligini, va boshqalarni o‘ziga ishontira olish qobiliyatlarini hurmat qilaman. Uning shu taqdirni o‘z boshidan kechirganini… U kim uchun kurashganiga kelsak, bundan faxrlanaman demagan bo‘lardim. Men uni va unga o‘xshab Turkiston legioniga kirgan musulmonlarni zolim qudratlar qo‘lida bo‘lgan shaxmat taxtasidagi piyodalar va proksilar deb ko‘raman. Bu bilan ularni farishta deb bo‘lmaydi. Lekin qaysidir ma’noda ularga ijobiy qarashimga yordam beradi, guruh sifatida, ularning individual dunyoqarashini bilmay turib... Aksar odamlar uchun bu mavzuga oq va qora, yaxshi va yomon deb qarash osondir. Lekin, o‘zimiz shu holga tushganda nima qilgan bo‘lardik?












