Vampirlar qayerdan kelgan va ularning turklarga nima aloqasi bor?

Vampir - tirik odamning qoni bilan oziqlanadigan afsonaviy mavjudot.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Vampir - tirik odamning qoni bilan oziqlanadigan afsonaviy mavjudot.
O'qilish vaqti: 4 daq

XVIII asr boshlarida Serbiyada o‘nlab odamlar sirli tarzda vafot eta boshladi. Go‘yoki ularni o‘lgan qo‘shnilari ta’qib qilgan, o‘limdan oldin bo‘g‘ilish hissi yoki nafas qisishini boshdan kechirishgan.

Bu mish-mishlar markazida ikkita kichik qishloq – Serbiya janubidagi Medvedja va shimoli-sharqidagi Kisilevo turardi. Qishloqlar bir-biridan 200 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lsa-da, o‘n yil ichida o‘xshash g‘alati hodisalar haqida xabar berishdi.

Bu o‘limlarning sababini o‘rganish uchun Avstriyalik shifokorlar yuborildi va ular topgan barcha ma’lumotlar bo‘yicha batafsil hisobotlar tuzishdi. Bu natijalar tez orada Avstriya matbuotiga, keyinchalik esa ilmiy doiralarga yetib bordi.

"Vampirlar: Yevropa afsonasining kelib chiqishi" kitobi muallifi, nemis tarixchisi Tomas M. Bon aytishicha, "vampir" so‘zi birinchi marta 1725 yilda Avstriyaning "WienerischesDiarium" nomli kundalik gazetasida paydo bo‘lgan.

Vampir – tiriklarning qoni bilan oziqlanib yashaydi deb tasavvur qilinadigan afsonaviy mavjudot.

Vampirlarning paydo bo‘lishi haqidagi rivoyatlar dunyo bo‘ylab turli madaniyatlarda qayd etilgan, ammo "vampir" atamasi G‘arbiy Yevropada XVIII asrdagi shunday xabarlardan so‘ng ommalashgan.

"Shayton ishi"

1725 yilda Kisilevoda ikki kun ichida to‘qqiz kishi vafot etdi. Aytishlaricha, ularning barchasi o‘limidan oldin ma’lum bir qo‘shnisi haqida gapirgan.

Ular allaqachon vafot etgan Petar Blagoevich ismli odam tushlariga kirib, ularni bo‘g‘ayotganini aytishgan.

Bram Stokerning Drakula haqidagi romani ko‘plab filmlarni ilhomlantirgan, jumladan mana bu 1931 yilda suratga olingan "Drakula" filmini.

Surat manbasi, Universal Pictures

Surat tagso‘zi, Bram Stokerning Drakula haqidagi romani ko‘plab filmlarni ilhomlantirgan, jumladan mana bu 1931 yilda suratga olingan "Drakula" filmini.

Bunga javoban mahalliy aholi Blagoevichning qabrini ochib, yaxshi saqlangan jasadni topdi. Bu "shayton ishining dalili" sifatida qabul qilindi.

Eksgumatsiyada qatnashgan avstriyalik amaldor shunday yozgan: "Yuzi, qo‘llari va oyoqlari, umuman, butun tanasi xuddi tirikdek saqlanib qolgan edi".

"Uning og‘zidan, meni hayratga solib, u o‘ldirgan odamlardan so‘rib olgan yangi qonni topdim."

Dublindagi Triniti kollejidan professor Klemens Rutnerning fikricha, "vampir" so‘zi avstriyalik shifokorlar qabrlarni ochib, sodir bo‘lgan voqealarni tushunish uchun mahalliy tarjimonlar bilan suhbatlashgan paytda paydo bo‘lgan.

"Tarjimon, ehtimol, "upir" degan so‘zni g‘o‘ldiragan bo‘lishi mumkin. Bu slovencha jin ma’nosini anglatadi va shu tushunmovchilik natijasida "vampir" so‘zi tug‘ilgan," deydi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘zlarini "ma’rifatli" deb hisoblagan Avstriya amaldorlari va avstriyaliklar tomonidan "ibtidoiy" deb qabul qilingan mahalliy qishloq aholisi o‘rtasidagi muloqot natijasida yangi mavjudot paydo bo‘ldi.

Petarni to‘xtatish uchun qishloq aholisi uning yuragiga qoziq qoqib, keyin jasadini yoqib yuborishgan. Shu bilan qishloqda vampirlar haqidagi xabarlar to‘xtagan.

Garchi bu voqealar e’tiborni tortgan bo‘lsa-da, professor Bonning so‘zlariga ko‘ra, "vampirizm", ya’ni vampirlarga ishonish keng jamoatchilik tasavvurini egallash uchun hali vaqt yetilmagan edi.

O‘sha davrdagi ma’rifatparvarlik ruhi mantiqan tushuntirib bo‘lmaydigan hech narsani qabul qilmasdi.

Vampirmi yoki aybsiz "gunohkor"mi?

Yetti yil o‘tib, 1732 yil yanvarida Medvedja qishlog‘ini vahima qamrab oldi.

Uch oy ichida 17 kishi, ularning ba’zilari yosh va sog‘lom bo‘lishiga qaramay, hech qanday sababsiz vafot etdi.

Kisilevodagi voqealar kabi vafot etganlarning ba’zilari o‘limdan oldin kuchli bo‘g‘ilish va ko‘krakdagi qattiq og‘riqlardan shikoyat qilishgan.

Qabrlarni ochish haqidagi buyruqdan so‘ng, doktor Yohannes Flyukinger hisobot yozdi. Unda u "vampirlik" holatlarida asosiy aybdor sifatida bir harbiyni tilga oldi.

Xabarlarga ko‘ra, uning tanasi hali chirimagan bo‘lib, ko‘zlari, burni, og‘zi va quloqlaridan yangi qon oqayotgan edi.

Medvedja aholisi buni uning haqiqatan ham vampir ekanligi tasdig‘i deb bildi. Shuning uchun ular uning yuragiga qoziq qoqib, keyin jasadini yoqib yuborishdi.

Angliyadagi tarixiy Uitbi Abbey Bam Stokerning Drakula obrazini ilhomlantirgani ishoniladi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Angliyadagi tarixiy Uitbi Abbey Bam Stokerning Drakula obrazini ilhomlantirgani ishoniladi.

"Yiqilib vafot etgan va qishloq aholisi tomonidan gunohkor deb topilgan bu odamning hayoti va taqdiri haqida ko‘p narsa ma’lum emas," deb yozadi Tomas Bon o‘z kitobida.

U bu odamni Kosovodan kelgan alban Arnaut Pavle bo‘lgan deb taxmin qiladi.

"Kisilevodagi Petar Blagoevich va Medvedjadagi Arnaut Pavle vampir turining birinchi ma’lum vakillari edi," deydi u.

Ilmiy izoh

Qishloq aholisi parchalanmagan jasadlardan qo‘rqsa-da, zamonaviy patologlar marhumlarning topilgan holati g‘ayritabiiy emasligini ta’kidlaydi.

"Venaning mashhur patologi Kristian Rayterning fikricha, bu hodisalarning barchasi o‘tmishda urushlar paytida va undan keyingi davrlarda keng tarqalgan kuydirgi epidemiyasi bilan bog‘liq," deydi professor Rutner.

Kuydirgi – kasallangan hayvonlardan odamlarga yuqadigan va ko‘pincha o‘limga olib keladigan bakterial kasallikdir.

Rutner, shuningdek, o‘limdan oldingi bo‘g‘ilish haqidagi ma’lumotlar pnevmoniya bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi.

"Agar hisobotlarni diqqat bilan o‘qib chiqsangiz, hech kim vampirlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaganini payqaysiz. Ular qon so‘rgan degan fikr avstriyalik shifokorlarning talqini edi," deydi u.

Tomas Bon ham qon so‘rish g‘arb jamoatchiligi tomonidan yaratilgan afsona deb hisoblaydi.

Ruminiyadagi Bran qasrini har yili minglab sayyohlar kelib ko‘radi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ruminiyadagi Bran qasrini har yili minglab sayyohlar kelib ko‘radi.

Medvedjalik mahalliy tarixchi Ivan Nesichning aytishicha, vampirlarga bo‘lgan ishonch va qo‘rquv hali ham odamlar ongida saqlanib qolgan.

U Petar Blagoevich va Arnaut Pavle vafot etganidan ancha vaqt o‘tgach ham, mahalliy aholi o‘z uylarini vampirlardan himoya qilishga uringanligini ta’kidlaydi.

"Serb vampiri qon bilan to‘ldirilgan shishgan teri pufagiga o‘xshaydi," deydi u.

"Ular vampirni biror joyidan teshilsa, xuddi havo sharidek puchayib qoladi deb o‘ylashgan. Shuning uchun odamlar himoya maqsadida darvozalar, derazalar yoki eshiklarga do‘lana shoxlarini qo‘yishgan."

"Turk tahdidi"ga muqobil

Kisilevo ham, Medvedja ham XVIII asrda, asrlar davomida Usmonlilar hukmronligidan so‘ng Habsburg monarxiyasi hokimiyati ostiga o‘tgan chegara hududlarida joylashgan edi.

Professor Rutnerning fikricha, vampirlarning paydo bo‘lishi e’tiborni tortgan, chunki bu hodisalar shunday nizoli hududlarda sodir bo‘lgani xabar qilingan edi.

"Usmoniylar imperiyasi va G‘arb o‘rtasidagi katta mojaro bu voqealarning muhim zamini hisoblanadi," deydi u.

Professor Bon, shuningdek, 1683 yilda Usmonlilarning ikkinchi muvaffaqiyatsiz Vena qamalidan so‘ng, vampirlar nasroniylik uchun "turk tahdidi"ga muqobil bo‘lib xizmat qilganini ta’kidlaydi.

XVIII asr o‘rtalarida Habsburg monarxiyasida "vampirlar"ning yangi to‘lqini paydo bo‘ldi, ammo xurofiy e’tiqodlarni jilovlash uchun xayoliy mavjudotlarga qarshi har qanday kurash taqiqlandi.

"Vampir bilan suhbat" filmidagi Brad Pittning oq terili va kelishgan obrazi vampirlar haqidagi yangicha tasavvurni uyg‘otdi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, "Vampir bilan suhbat" filmidagi Brad Pittning oq terili va kelishgan obrazi vampirlar haqidagi yangicha tasavvurni uyg‘otdi.

Biroq vampirlar tez orada boshqa qiyofada qayta paydo bo‘ldi.

"Romantika davridagi vampirlar qizil yuzli serb qishloq aholisi emas, balki kelishgan, oq tanli zodagonlar edi," deydi Rutner.

Zamonaviy badiiy adabiyotdagi xarizmatik va murakkab vampir obrazi 1819 yilda ingliz yozuvchisi Jon Polidorining "Vampir" asari nashr etilishi bilan paydo bo‘ldi.

Bram Stokerning 1897-yilgi "Drakula" romani eng muhim vampir romani sifatida e’tirof etiladi va bugungi kungacha zamonaviy vampir afsonasi asosini tashkil etadi.