"Rustam bobo fuqarolikdan chiqdimi?" – O‘zbekistonliklar sobiq MXX raisi Rustam Inoyatovning "Vanuatu pasporti" xabari haqida nima demoqda?

Surat manbasi, Gazeta.uz
Sobiq Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov va uning bir qancha oila a’zolari investitsiya kiritish evaziga Vanuatu pasportini olgani aytilgan xabar chiqdi. Bu xabar zumda o‘zbekistonliklar e’tiboriga tushgan, haftaning qizg‘in muhokama mavzusiga aylangan.
Frantsiyada asoslangan Intelligence Online nashri sarmoya kiritish evaziga Vanuatu davlati fuqaroligini olgan shaxslar bo‘yicha surishtiruv natijalarini e’lon qilgan.
Nashr jurnalistlarining qayd etishicha, 2022-2023 yillarda oligarxlar, biznesmenlar, milliarderlardan iborat ikki mingga yaqin inson Tinch okeani janubida joylashgan bu orol davlat fuqaroligini olgan va ular orasida Inoyatov ham mavjud.
Intelligence Online mazkur ro‘yxat rasmiy ma’lumotlar asosida shakllantirilganini ta’kidlagan.
Vanuatu ma’lum miqdordagi investitsiya kiritish evaziga xorijliklarga mamlakat fuqaroligini rasman sotadi.

Surat manbasi, Screenshot/Intelligence Online
"Oltin pasport" nomi bilan ham mashhur mazkur hujjatni qo‘lga kiritgan shaxslar, turli davlatlar pasportlari kuchini "o‘lchab boruvchi" Passport Index ma’lumotlariga ko‘ra – 2025 yil fevral oyi holatida – 47 mamlakatga vizasiz borish va 46 davlatga chegarada viza olgan holda kirish huquqiga ega.
"Bir nechta markaziy osiyolik taniqli shaxslar ham ushbu "oltin pasport"larga ega bo‘lib, ular orasida 1995 yildan 2018 yilgacha O‘zbekiston SNB (Milliy xavfsizlik xizmati)ni boshqargan Rustam Inoyatov ham bor. Sobiq maxfiy xizmat rahbari va uning bir necha oila a’zolari 2023 yilda Vanuatu pasportini olishgan. Jumladan, O‘zbekiston va Rossiyada qishloq xo‘jaligi hamda ko‘chmas mulk sohalariga asoslangan imperiyani boshqarayotgan uning [Rustam Inoyatovning – tahr.] o‘g‘li Sharif Inoyatov ham", deyiladi 25 fevral kuni e’lon qilingan Intelligence Online surishtiruvida.
Eslatib o‘tamiz, BBC Rustam Inoyatov va uning oila a’zolariga oid mazkur xabarni mustaqil tasdiqlatish yoki rad etish imkoniga ega emas.
Shu bilan birga BBC bu mavzuda barcha tomonlar munosabati uchun ochiqligini yana bir bor eslatib o‘tadi.
"Bir vaqtlar bizga OVIR bermagan edi"

Surat manbasi, Screenshot/Google Trends
Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti bu xabarga zudlikda e’tibor qaratgan.
O‘zbekistonliklar 2018 yilga qadar mamlakatdagi eng qudratli siyosiy shaxslardan biri o‘laroq ko‘rilgan Inoyatov borasidagi xabarni keskin tanqid, kinoya ham hazil-mutoyiba o‘laroq qabul qilgan.
Ayrim mahalliy nashrlar ham buni yoritgan, ammo ular orasida eng nomi chiqqanlaridan biri – Kun.uz keyinroq o‘z maqolasini o‘chirib tashlagan.
Rustam Inoyatov bilan bog‘liq bu xabar ortidan "Vanuatu" 27-28 fevral kunlarida O‘zbekistonda turib internetda eng ko‘p qidirilgan kalit so‘zga aylangan.
Google Trends ma’lumotlariga tayanilsa, o‘zbekistonliklarning "Vanuatu" so‘ziga bo‘lgan qiziqishi bir sutka ichida ming foizdan ziyodga o‘sgan.
Ko‘plab foydalanuvchilar bu davlat haqida birinchi bor eshitayotganini bildirgan.
"Kun.uz'dan maqola o‘chirildi, zato bahonada Vanuatu degan davlat borligini bilib oldik", hazil qilgan Facebook foydalanuvchisi.
Taniqli inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov ushbu xabarni "Rustam bobo O‘zbekiston fuqaroligidan chiqdimi?" deya savol bilan qarshilagan.
"2007 yili SSSR Oliy sovetining sobiq deputati, muxolifatchi Po‘lat Oxun Shvetsiya fuqaroligiga ega, degan vaj bilan O‘zbekiston fuqaroligidan chiqarilgan edi. O‘shanda Po‘lat akaning manfaatlarini sudda himoya qilganman".
"Bilishimcha, 2007 yildan beri O‘zbekiston Respublikasining "O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risi" dagi Qonuni o‘zgargani yo‘q. Ya’ni, O‘zbekiston o‘zga mamlakat vatandoshligini tan olmaydi yoki o‘zga mamlakatdan fuqarolik olgan shaxs vatanimiz fuqarosi hisoblanmaydi. Shunda Rustam Rasulovich O‘zbekiston vatandoshligini yo‘qotgan bo‘ladimi yoki Po‘lat Oxunga qonun boshqacharoq ishlaganmidi?", o‘rtaga savol tashlagan Tashanov Facebookʼdagi o‘z sahifasida.
(Ma’lumot o‘rnida: "O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi Qonunning 25-moddasi "D" bandiga ko‘ra, "..agar shaxs ixtiyoriy ravishda chet davlatning fuqaroligini olgan bo‘lsa", bu O‘zbekiston fuqaroligining yo‘qotilishiga asos bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi vakili, konsul Davron Aliakbarovning Gashtak podkastida qilgan chiqishida tushuntirishicha, bunday holatda fuqarolikdan chiqish shaxsning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish uchun o‘rnatilgan tartibda qilgan murojaati asosida amalga oshiriladi.
Qonunchilikda boshqa davlat fuqaroligini olishga qarshilik mavjud emas, ammo O‘zbekiston o‘z fuqarosining ikkinchi davlat tomonidan berilgan fuqaroligini tan olmaydi ham.)
Vanuatulik akalarga xizmat qilayotganlar bilib olishi kerakki, siz Oʻzbekistonga xizmat qilmayapsiz. Siz oʻzbek xalqining manfaatlari uchun xizmat qilmayapsiz.
Turli guruhlardagi muhokamalar ostida qoldirilgan izohlarda foydalanuvchilar turli taxmin-farazlarni ilgari surgan.
"Surishga tayyorgarlik", deyiladi mahalliy nashrlardan birining posti ostida qoldirilgan izohda.
Shuningdek, "siyosatchilarning qo‘shfuqaroligi ajablanarli emas"ligini ta’kidlaganlar ham ko‘p bo‘lgan.
"Bu odam O‘zbekistondagi eng qudratli odam. Bu odamga prezidentni ham kuchi yetmaydi deb bir birini qulog‘iga pichirlayotganlarni eshitganman. Manimcha, O‘zbekiston hukumatidagilarni xar birida va ularning oila a’zolarida chet eldagi birorta davlat fuqaroligi bor. Hech bo‘lmasa Rossiya fuqaroligi bor", o‘z farazini o‘rtaga tashlagan boshqa bir foydalanuvchi.
Bir vaqtning o‘zida, keskin tanqidiy qarashlar ilgari surilgan fikr-izohlar ham ko‘p uchragan.
"Vanuatulik akalarga xizmat qilayotganlar bilib olishi kerakki, siz O‘zbekistonga xizmat qilmayapsiz. Siz o‘zbek xalqining manfaatlari uchun xizmat qilmayapsiz. Siz shu yurt, shu vatan uchun xizmat qilmayapsiz", yozgan taniqli tarmoq faoli Obidjon Latipov.
Jasur Mavlyanov ismli foydalanuvchi esa ushbu xabar manzarasida o‘zbekistonliklar xorijga chiqish uchun olishga majbur bo‘lgan va 2019 yil 1 yanvariga qadar amalda bo‘lgan maxsus ruxsatnoma – OVIRni yodga olgan.
"Bilasizmi nima alam qiladi? Shu Vanuatuning pasportini olgan odamlar bizga vaqtida OVIR berishni ham istamagan. Aynan shularni deb biz tarqalib ketdik. ******, *****larni deb. OVIR uchun suhbatga kirgandim bir marta, ko‘z oldimda ikkita o‘qimagan pogonlik, stolida turgan pasportlarni kelajagini shunchaki osmondan olib "bunga beramiz, bunga bermaymiz" qilib belgilab turgandi. Hech esimdan chiqmaydi…", yozgan tarmoq foydalanuvchisi.
Taniqli iqtisodchi Otabek Bakirov esa Vanuatu pasporti bilan dunyo bo‘ylab harakatlanish nisbatan erkinroq degan qarashga u qadar qo‘shilmasligini bildirgan.
"Vanuatu fuqarolariga Yevropa ittifoqi vizasiz rejimni bekor qilgan, qiziqib, 130 mingga pasport olib yurmanglar. Rossiya, Eron va Belarusga vizasiz borish uchun O‘zbekiston pasportiyam kifoya qiladi :)", yozgan u X'dagi sahifasida.
Vanuatu qanday davlat o‘zi?
Avstraliyaning shimoliy-sharqida joylashgan va 80 dan ziyod orollar yig‘indisidan iborat Vanuatuning umumiy maydoni Toshkent viloyati hududidan ham kichikroq – 12,1 ming kvadrat kilometr.
Mamlakat 1980 yilda Britaniya va Frantsiya mustamlakasidan ozod bo‘lgan.
300 mingdan ko‘proq aholining katta qismi qishloq hududlarda yashaydi va qishloq xo‘jaligi bilan band.
Vanuatuliklar turli so‘rovnomalarda tez-tez "jahondagi eng baxtli aholi" ekani qayd etib turiladi. Shuningdek, mamlakat ekologik jihatdan yashash uchun eng qulay hududlardan biri sanaladi.












