Toshkent havosi nega iflos va uni tozalab bo‘ladimi?

Toshkent ko‘chasidagi chang va mashinalar.

Surat manbasi, kun.uz

    • Author, Asadbek Komilov
    • Role, Mustaqil jurnalist
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Toshkentda kech kuz. Odatda bu palla sovuq tushishi, yog‘ingarchilik va rutubatli hamda bulutli havosi bilan ajralib turardi.

Ammo so‘nggi yillari O‘zbekiston poytaxtida ayni davrda boshqacha o‘zgarish ham kechmoqda. Havoni tutun, tuman va changga o‘xshash nimadir qoplab oladi. Ko‘pchilik niqob taqib ko‘chaga chiqadi.

Xalqaro hisobotlar esa oxirgi yillari bir necha bor Toshkentni dunyodagi eng havosi ifloslangan shaharlar sirasiga kiritdi.

Poytaxt havosining ifloslanishiga sabab nima? Issiqlik markazlarimi, avtomobillarmi, mazut yoqishmi, qurilish ishlarimi yo boshqa omillar bormi?

So‘nggi yillarda poytaxt havosining ifloslanish darajasi keskin oshgani haqida nafaqat mutaxassislar va hisobotlar e’tiboriga tushmoqda, balki Toshkentda odamlar eng ko‘p gapiradigan mavzulardan biriga ham aylangan.

Odamlar nima deydi?

Toshkent ko‘chasida ketayotgan odamlar.

Surat manbasi, kun.uz

"Oxirgi paytda tokchamiz har kuni chang yig‘adi. Avvallari bir haftada, uch kunda bir artib qo‘yish yetardi" - deydi toshkentlik Umida ismli ayol.

"Bolam bilan ochiq havoda sayr qilishga cho‘chiyman. Nailoj, faqat uyda o‘tirib bo‘lmaydi. Avval kechqurunn chiqardik. Endi esa havo tozaligiga qarab chiqadigan bo‘ldim".

U avtomobillar chiqarayotgan zararli gazlar ham atrof-muhitni ifloslantirishini aytib, ularning o‘rniga elektromobillardan foydalanish kerakligi haqida so‘z yuritadi.

Oxirgi paytlarda nafas olishi qiyinlashganini aytgan chilonzorlik 58 yoshli Shohida opa havo ifloslanishiga asosiy sabab sifatida daraxtlarning kesilayotgani hamda qurilishlarning ortayotganini ko‘rsatadi.

"Shaharda yerlarni hadeb kavlashni to‘xtatish kerak. Bugun kelib u joyni, ertaga boshqa joyni kovlashadi. Bu yaxshi emas. Chang ana shundan ham ko‘tarilyapti. Daraxtlar kamayib ketmoqda. Yashillik yo‘q. Yaproqlar yozda ham oppoq chang. Kislorod beradigan daraxtlar chang bilan qoplanib turadi" - deydi u.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Suhbatdoshimiz o‘tgan sentyabrda kuzatilgan havo ifoslanishi ortidan shifoxonada davolanib chiqqanini aytaadi va aynan nafas olishida muammolar ko‘pligini aytadi.

"Bilasiz, bevaqt kasallanish - ortiqcha chiqim" - kuladi suhbatdoshim.

"Muammolar haqida aytsam, meni qamab qo‘yishmaydimi?" - xavotir aralash qo‘shib qo‘yadi.

Sergelida yashovchi Javohir esa agar poytaxt havosining ifloslanishi shu tarzda davom etsa, yaqin 10-15 yilda yaqinlari bilan shahardan chiqib ketishini aytadi .

"Ammo hozirgi kunda havo har doim ham iflos emas, ba’zan qo‘rqinchli statistikalar chiqib turadi, yilda bir necha marotaba chang bo‘ronlari kuzatiladi, o‘sha paytda odam o‘zi va yaqinlaridan xavotirga tushadi ".

Javohirning fikricha, poytaxt atrofida va ichida yashillikni, daraxtlarni yanada ko‘paytirish kerak.

"Ob-havo uchun hamma birdek mas’ul. O‘zgarishni birinchi o‘zimizdan boshlashimiz kerak. Uyimizda turli hil daraxtlar sonini ko‘paytirish orqali ham chang zararlarini kamaytira olarmiz, balki. Chunki shu havodan o‘zimiz nafas olamiz!"

Xullas, poytaxtliklar xavotirda.

Mutaxassislar fikri

Prezident Mirziyoyev ko‘chatga suv quymoqda.

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Prezident Mirziyoyev ham mamlakatdagi ekologik holatga alohida e’tibor qaratadi.

"Atmosfera havosining sifati masalasi global miqyosdagi ekologik muammolardan biri sifatida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda" - deydi ekolog Nargis Qosimova. .

"Havo harorati, shamol tezligi, atmosfera bosimi va iqlim o‘zgarishi haqidagi ma’lumotlar bilan bir qatorda, PM10 va PM2.5 ko‘rsatkichlari ham havo ifloslanish darajasini baholashning muhim ko‘rsatkichlari hisoblanadi".

Uning aytishicha, bu tushunchalar nimani anglatishi bilan ko‘pchilik yetarlicha tanish emas.

  • PM10 – diametri o‘n mikrometr yoki undan kichik bo‘lgan zarrachalar.
  • PM2,5 – diametri 2,5 mikrometr yoki undan kichik zarrachalar.

Nargis Qosimovaga ko‘ra, bu ko‘rsatkichlar havoda mavjud bo‘lgan nozik zarrachalarni anglatadi va ular inson salomatligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi.

"Oddiygina misol, bitta soch kesimiga taxminan 40ta PM2.5 zarracha joylashishi mumkin. Bu o‘ta jiddiy".

"Bu zarrachalar nafaqat havo changining asosiy qismini tashkil etadi, balki ularning xavfi shundaki – ular burun, tomoqdan o‘tib, o‘pkaning chuqur qismiga kirib boradi" - tasvirlaydi u.

Suhbatdoshimizning aytishicha, katta shaharlarda, jumladan, Toshkentda nozik zarrachalarning asosiy manbalari – mashinalar harakati, qurilish ishlari, sanoat korxonalari faoliyati va yo‘llarning yemirilishi.

"Avtomobil shinasi asfaltga ishqalanganda, mayda rezina zarrachalari ajralib chiqadi, asfalt qatlami esa vaqt o‘tishi bilan yemiriladi. Bu zarrachalar shamol ta’sirida uzoq masofalarga tarqalishi mumkin.

Qurilish maydonlaridagi chang ham katta ekologik xavf tug‘diradi. Asbest va sement tarkibidagi moddalar havoga aralashib, odamlar nafasi orqali organizmga kirib boradi" - deydi ekolog.

Toshkentda yashab, tahsil olayotgan qoraqalpog‘istonlik ekofaol Dilfuza Seytimova Toshkent va Nukusdagi havo sifatini solishtiradi.

Qizil do'ppi kiygan qiz jilmayib turibdi
Shaxsiy arxiv
Toshkent bilan solishtirganda tug‘ilib o‘sgan ovulimda havo sifati hozir ancha yaxshi
Dilfuza Seytimova
Qoraqalpog‘istonlik ekofaol

"Keyingi vaqtlarda Nukus toza hududga kirmoqda, bu quvonarli holat" - deydi Dilfuza.

"Biz taraflarda havo sho‘r, tuzli. Ammo endi yomg‘irlar ko‘proq yog‘ib, daraxtlar ko‘paygan va shu boismi havo havo ham ancha tiniqlashyapti. Zararli mashinalar va sanoat korxonalari kam. Toshkent bilan solishtirganda tug‘ilib o‘sgan ovulimda havo sifati hozir ancha yaxshi" - deydi Dilfuza Seytimova.

"Ekolog" jamoat birlashmasi mutaxassislari havo ifloslanishi omillarini foizlarga bo‘lib, tushintiradilar.

Ularga ko‘ra, poytaxtda tabiiy chang manbalari taxminan 30-36 foiz.

Bu turdagi chang asosan yoz va bahor fasllarida kuzatiladi.

Shamol orqali Qizilqum va boshqa qo‘shni hududlardan chang kelishi, shuningdek, qurilish ishlari va qurg‘oqchilik tufayli havoda zarralar ko‘payishi – havo ifloslanishining muhim sababi.

Isitish tizimi va yonilg‘i yoqish taxminan 25-30 foizni tashkil etadi.

Qishda isitish uchun ko‘mir, mazut yoki gaz yoqilishi oqibatida ham katta miqdorda zararli moddalar chiqadi.

Avtotransport vositalari taxminan 15-20 foiz ifloslanishu uchun mas’ul.

Eski avtomobillar, dizel yonilg‘isi ishlatiladigan texnikalar, yo‘llardagi tirbandlik va noto‘g‘ri texnik xizmat ko‘rsatish ham havo ifloslanishiga katta hissa qo‘shishi aytiladi.

Sanoat va energiya ishlab chiqarish ob’ektlari taxminan 10-15 foiz ifloslanishga sabab bo‘ladi.

Bu toifaga zavodlar, elektrostantsiyalar va boshqa ishlab chiqarish korxonalari kiradi.

Qishloq xo‘jaligi va maishiy chiqindilarni yoqish ham ayrim hollarda qo‘shimcha sabab bo‘ladi. Masalan, maydonlarni tozalash yoki chiqindilarni yoqish jarayonlarida ko‘p miqdorda tutun chiqadi.

Havo qaysi faslda yomonlashadi?

Qishda havo ifloslanishi eng yuqori darajaga yetishi bildiriladi.

Sovuq tushishi bilan isitish mavsumi boshlanadi hamda uylar va binolarni isitish uchun yonilg‘i yoqiladi.

Mutaxassislarga ko‘ra, sovuq havo sharoitida atmosferaning "inversiya" holati vujudga keladi, ya’ni iflos moddalar yuqoriga ko‘tarilmay, yer yuziga yaqin joyda to‘planib qoladi.

Oqibatda havo sifatining keskin yomonlashishi kuzatiladi.

Bahorda shamollar kuchayadi, qurg‘oqchilik va yer yuzasidagi loy hamda tuproqning qurishi ortidan chang ko‘payib, havo tozaligi pasayadi.

Shuningdek, aksar so‘l va sahrolardan iborat mintaqaning boshqa hududlaridan ko‘tariladigan chang to‘fonlari ham Toshkentga yetib keladi.

Yozda o‘rta me’yordagi ifloslanish kuzatiladi.

Yozdagi asosiy sabablari - qurilish maydonlaridagi chang va avtotransport chiqindilari.

Shamolning yo‘nalishiga qarab, ba’zi kunlarda havo nisbatan toza bo‘ladi, lekin qurg‘oqchilik kuchayganda, changning ta’siri yana ortishi mumkin.

Kuzda yomg‘ir yog‘ishi havoni biroz tozalaydi, ammo isitish mavsumi boshlanishi bilan ifloslanish yana ortishi mumkin.

Shu bilan birga, havo ifloslanishiga atmosfera sharoiti, ya’ni shamol tezligi, yomg‘ir yog‘ishi, namlik va haroratning o‘zgarishi bevosita ta’sir qiladi.

Oxirgi chang bo‘ronlari

Toshkentda chang bo‘roniga o‘ralgan bank binosi va ko‘tarma kran.

Surat manbasi, kun.uz

O‘tgan 22 sentyabr kuni ham Toshkent shahri dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha oldingi o‘rinlarga chiqqani aytildi.

Toshkent havosida mayda PM2.5 zarralari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan o‘rtacha havo sifati ko‘rsatkichidan qariyb yigirma baravarga ko‘pligi bildirildi.

Keyinroq, 6 oktyabr kuni ham Toshkent havosi ifloslangani urg‘ulandi.

Havo sifati faqat ekologlarning emas, tibbiyot xodimlarining ham e’tiborida.

Ular iflos havo odamlar sog‘lig‘iga asta-sekin, lekin jiddiy zarar yetkazayotganini ta’kidlashadi.

Xususan, LOR shifokori Hikmatulla Madirimov Toshkent havosi nafas yo‘llari, o‘pka va yurak-qon tomir tizimiga zarar yetkazib, organizmdagi kislorod almashinuvini buzishini aytadi.

U iflos havo eng avvalo bolalargata’sir qilishini ta’kidlaydi.

"Bolalarning nafas yo‘llari tor va himoya tizimi hali to‘liq shakllanmagan" - deydi shifokor - "Qariyalar, yoshi kattalar ham shular qatorida. Negaki, inson ulg‘aygani sari immuniteti pasayadi, o‘pka va yurak faoliyati zaiflashadi".

"Nafas yetishmovchiligi yoki allergiyasi bor bemorlarda esa havodagi kimyoviy moddalarga nisbatan sezgirlik yuqori bo‘ladi".

Shifokor havo ifloslanishi oqibatida eng ko‘p uchraydigan kasalliklar va ularning belgilarini sanab o‘tdi:

  • Burun bitishi, oqishi, hid sezishning pasayishi;
  • Tomoq qurishi, og‘riq, ovoz bo‘g‘ilishi;
  • Uzoq davom etuvchi yo‘tal, nafas qisilishi, xirillash;
  • Aksirish, ko‘z yoshlanishi, terida toshmalar.

"Bemorlarimiz yo‘tal va tomoq og‘rig‘i, nafas qisilishi yoki xirillash, burun bitishi yoki oqishi, ko‘z qichishishi va yosh oqishi, allergik toshmalar bilan og‘riyotganini aytishadi. Ko‘pchilik bemorlar buni oddiy shamollash deb o‘ylab, kech murojaat qilishadi" - deydi shifokor Hikmatulla Madirimov.

U esa hozirgi paytda O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash tizimi ma’lum darajada tayyorligini, ammo profilaktik choralar yetarli emasligini aytadi.

Shifokorga ko‘ra, har bir klinikada havo ifloslanishi bilan bog‘liq kasalliklar bo‘yicha maxsus monitoring tizimi joriy etilishi lozim.

"O‘zim Sergelida yashayman. Bu yerda sanoat korxonalari va transport harakati ko‘pligi sababli havo sifati qoniqarli emas. Kechqurun va ertalab chang va og‘ir hidni sezaman. O‘zim ham nafas olishda qiynalaman. Bolalarimda ham burun bitishi va yo‘tal tez-tez kuzatiladi".

Nima qilish kerak?

Toshkentning chang qoplagan ko‘chasidagi odamlar va mashinalar.

Surat manbasi, kun.uz

Ekolog Nargis Qosimova ayni paytda O‘zbekistonda PM10, PM2.5 va ultranozik zarrachalarning havoga tarqalishini tartibga soluvchi aniq me’yoriy hujjatlar mavjud emasligidan afsus chekadi.

Uning fikricha, bunday andazalarni joriy etish nafaqat inson salomatligini muhofaza qilish, balki sanoat va qurilish sohalarida ekologik javobgarlik madaniyatini shakllantirish uchun ham muhim.

Ekolog havo sifatini yaxshilash uchun ko‘p daraxt ekish, mashinalardan chiqadigan tutun, gaz va boshqa zararli moddalarga chek qo‘yish, shuningdek, qurilish maydonlarida changga qarshi choralarni kuchaytirish zarur, deb hisoblaydi.

"Shahar hududlarida yashil maydonlar va daraxtzorlarni ko‘paytirish ham ifloslanishni tabiiy ravishda kamaytiradi" - deydi ekolog.

Hozircha esa mutaxassislar poytaxtliklarga niqob taqib yurish va havo ifloslanishi bo‘yicha ma’lumotlarni kuzatib borishni tavsiya etadilar.