O‘zbekiston: "Xuddi shunaqa odamlarni o‘ldirlaring, degan..." – Rasmiy idoralar nima uchun bu so‘zlarni jiddiy qabul qilmayapti?

Siyosatshunos Hamid Sodiq va diniy faol Abror Muxtor Aliy

Surat manbasi, @Hamid_Sodiq va Facebook/abror.muhtor.alij

Surat tagso‘zi, Siyosatshunos Hamid Sodiq va diniy faol Abror Muxtor Aliy
O'qilish vaqti: 4 daq

Faollar siyosatshunos Hamid Sodiq shaxsiga nisbatan diniy faol Abror Muxtor Aliy (Abror Abduazimov) tomonidan go‘yo "o‘lim hukmi" yangraganiga huquqiy baho berishni so‘rab qilgan murojaatlari e’tiborsiz qolayotganini aytmoqda.

BBC bu borada rasmiy idoralarga murojaat qildi. Ammo O‘zbekistonda biz murojaat qilgan biror bir idora yoki tashkilot hozirga qadar munosabat bildirgani yo‘q.

6 noyabr kuni bir guruh faollar O‘zbekiston huquq tartibot idoralariga ochiq murojaat yo‘llab, siyosatshunos Hamid Sodiq shaxsi va faoliyatiga nisbatan bildirilgan fikrlardan xavotir izhor etishgandi.

"Biz Abror Muxtor Aliyning chiqishlarida siyosatshunos Hamid Sodiq shaxsiyatiga nisbatan chuqur adovat, dushmanchilik kayfiyatini ko‘rmoqdamiz. Siyosatshunosga nisbatan din nomi bilan obro‘sizlantirish, tahqirlash, diniy qatlam ko‘z o‘ngida yomon otliq qilishga qaratilgan harakatlar ketma-ketligini, axborot kampaniyasini kuzatmoqdamiz", deyiladi unda.

Murojaatda aytilishicha, Abror Muxtor Aliy, o‘zining shogirdlari savollariga javob berar ekan, siyosatshunos Hamid Sodiqni tashqi razvedka uchun maydon tayyorlashda ayblaydi, va bu ayblovni o‘zining shaxsiy fikri sifatida emas, diniy asosli pozitsiya sifatida taqdim qiladi.

"Eng xavotirlisi, Abror Muxtor Aliy Hamid Sodiq kabi fikrlaydigan va faoliyat yuritadigan insonlar, diniy hukmlarga ko‘ra "qatl qilinishi kerak" degan qarashni asoslaydi va keng jamoatchilikka, eng avvalo, diniy qatlamga taklif qiladi. Bu – haqiqatda dahshatli qarash, haqiqatda qo‘rqinchli da’vat, chaqiriq, mafkura", deyiladi murojaatda.

Aloqador mavzular:

Faollarga ko‘ra, siyosatshunos Hamid Sodiqqa nisbatan "o‘lim hukmi"ni din nomi bilan asoslashi – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, DXX, Ichki ishlar vazirligi ushbu materiallarni huquqiy ekspertiza qilishi, diniy voiz Abror Muxtor Aliy fikrlariga, faoliyatiga huquqiy baho berishi kerak.

Ushbu murojaat chiqqanidan 5 kun o‘tsa-da, unga rasmiylar tomonidan ochiq munosabat bildirilgani yo‘q.

BBC O‘zbek xizmati murojaat yuzasidan O‘zbekiston respublikasi Bosh prokuraturasi va Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlar bo‘yicha qo‘mitaga murojaat qildi.

Murojaatni imzolaganlardan Inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov holat yuzasidan hozircha ularga ham rasmiy munosabat bildirilmagani aytdi.

"Lekin afsuski, shu paytgacha, davlat idoralari yoki huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning birortasidan biron sas ham chiqqani yo‘q, munosabat ham bildirilgani yo‘q. Menimcha, masalani ignor qilish, O‘zbekistondagi huquq tartibot organlari uchun odatiy hol bo‘lib qoldi. Ayniqsa, biz faollarning murojaatlari, hatto yozma murojaatlariga ham shu paytga qadar biror marta javob qaytarilgani yo‘q", deydi Tashanov.

Kuzatuvchilar O‘zbekistonda blogerlarning ijtimoiy tarmoqlarda diniy fikr bildirishi tegishli idoralar tomonidan qattiq nazoratga olinganini, diniy kontent qo‘ygan yoki bo‘lishgan blogerlar huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga chaqirtirilib ogohlantirilishi va ikkinchi safar mahkamaga tortilishini aytishadi.

kun.uz
Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida qonun talablari bor. Har qanday murojaatlarga javob qaytarilishi kerak, lekin afsuski, mana shu narsa keyingi davrda to‘liq buzilib kelyapti.
Abdurahmon Tashanov
"Ezgulik" raisi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

So‘nggi vaqtlarda Musulmonlar idorasiga tegishli imomlarning masjidlardan onlayn uzatiladigan ilmiy darslariga taqiq qo‘yilgani, imomlar ijtimoiy tarmoqlarda sust bo‘lib qolgani aytiladi.

"Juda ko‘p dindorlarga, diniy faollarga ruxsat berilmay turganda, Abror Muxtor Aliyga o‘xshagan alohida shaxslar diniy targ‘ibot olib borishi, masalalarni tushuntirishga harakat qilishi ikki xil standartga o‘xshagan narsa. Shuning uchun men bu narsalarning hammasi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va davlat hokimiyati idoralarining xohishlari bilan bog‘lanib ketgan, deb o‘ylayman. Bu yerda hech qanday qonuniy me’yorlar yo‘q. Qonun talabi boshqacharoq. Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida qonun talablari bor. Har qanday murojaatlarga javob qaytarilishi kerak, lekin afsuski, mana shu narsa keyingi davrda to‘liq buzilib kelyapti", deydi Abdurahmon Tashanov.

Diniy faol Abror Muxtor Aliy nima degandi?

Abror Muxtor Aliy (Abror Abduazimov)ga tegishli ekanligi da’vo qilinayotgan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan audio faylda ikki kishi o‘rtasida suhbat bor. Keyinchalik bu borada munosabat bildirgan Abror Muxtor Aliy ushbu ovozlar unga tegishli ekanligini rad qilmadi.

"Lekin aqli raso odam, ziyoli odam ko‘rib bilib turibdi-ki, Hamid Sodiq tashqi razvedka uchun maydon tayyorlayotgan fikr odami. Ja fikri ham chuqur emas, hech kim tushunmaydigan gaplarni gapirsa, Hamid Sodiq zo‘r gapirdi, deydi. Nima gapirdi, ma’nosi nima mana shu gapni desangiz men uncha ko‘p o‘qimaganman-da, deydi", deydi Abror Muxtor Aliy.

"Ustoz, rahmat, bu shaxsiy fikringiz, deb qabul qilaman. Chunki bu haqiqatda ham shaxsiy fikringiz-a, to‘g‘rimi ustoz", deydi ikkinchi suhbatdosh.

"Yo‘q, shaxsiy fikrimmas. Meni aqidamga suyangan fikrim bu. Bizda, aqidada mana shunaqangi fikrlarni, mavjud jamiyatda, musulmonlar Islom ruknlariga amal qilayotgan jamiyatda bu gaplarni gapirishlik, hadis shariflarda kelishicha, qatlga mahkum qilinadi. Uqtiluhu kainan man kana degan matn kelgan. Xuddi shunaqa odamlarni o‘ldirlaring, degan. Payg‘ambar alayhissalomdan shunaqa rivoyatda kelgan. Nimaga desa, chunki jamiyatni buzadi bular. Ittifoqqa ta’sir qiladi. Jamiyat bir tomonga rivojlanishga qarab ketyapti. Oramizda ixtilof yo‘q, hamma imomlarga quloq solyapti. Dinini yashayapti, tijoratini rivojlantiryapti. Birdan bittasi chiqyapti-da, imomlar undoq, palonchilar bundoq, siyosat bundoq deyapti. Nima qilish kerak, desa uqtiluhu kainan man kana, degan. Yo‘qotinglar buni deganlar. Nimaga? Amerikaning siyosati mana shundan o‘rgangan. Amerika ichki ixtiloflarning hammasiga barham beradi. Birorta ixtilofni ko‘tarmalaring, ichki ixtilofni deydi. Tashqarida ixtilofni esa rivojlantirlaring, deydi. Pul berlaring Hamid Sodiq zo‘r gapiryapti, pul berlaring deydi. Ana sobiq deputat xotin boru, ha, zino qildi boshqa bilan, darrov, qo‘llab quvvatlalaring deydi. Darrov, o‘shalarni qo‘llab-quvvatla, deydi. Patinkasini ko‘tarib chiqdimi bittasi, deydi. Davay, uni siyosiylashtir, deydi. Kerak ularga. Biz nima ularga rahmimiz kelmayaptimi, biz qilmayapmizmi shu ishni?", deya yakunlanadi audio fayl parchasi.

Faollar nima dedi?

"Eng xavotirli jihati, shu keys sabab mamlakatda shundoq ham tarang diniy vaziyat, muhit, davlatning dindorlarga bo‘lgan munosabati yanada taranglashish ehtimoli ortadi.

O‘zi jamiyatni turli toifalarga bo‘lib yuboruvchi va o‘zaro tarafkashlik olovini yoqish orqali mamlakat xalqini parokanda qilishga olib boruvchi bu kabi xatti-harakatlar avvalboshdan nazoratga olinishi kerakmasmidi? Yoki maqsadli, ongli ravishda qo‘yib berilyaptimi? Savollar ko‘p, ammo ayrim omillar sukutga majbur qiladi…" deb yozadi Azon Global loyihalari bosh direktori No‘’mon Abdulmajid.

Jamiyatshunos olima Dilsora Fozilovaning ta’kidlashicha, ta’sirli ovoz egalari muqaddas vakolat nomidan kimnidir ochiq yoki yashirin tarzda qoralasa, bu ba’zan diniy bilimdan ko‘ra hissiyot bilan harakat qiluvchi izdoshlar uchun zo‘ravonlikni "axloqiy ruxsat" sifatida talqin etilishiga turtki bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

"Diniy identitet chuqur hissiy ahamiyatga ega jamiyatlarda bunday ritorika ijtimoiy jihatdan xavfli bo‘lib, "dinni himoya qilish" nomi bilan tahdid yoki zarar keltiruvchi jamoaviy harakatlarga sabab bo‘lishi mumkin", deydi u.

2024 yilning 6 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudi qarori bilan Abror Muxtor Aliy (Abror Abduazimov) qamoqqa olingandi.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-modda (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 195-moddasi (ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish)da ifoda qilingan huquqbuzarlikni sodir etishda aybli deb topilgan.

Abduazimovga tayinlangan 15 sutka qamoq jazosi taftish tartibida qayta ko‘rilib, tayinlangan jazo o‘zgartirilgan va u ozodlikka chiqarilgandi.