Qul qilingan ukrainalik kanizak, italyan zodagon ayol yoki "rus jodugari": Usmoniylar tarixidagi eng qudratli ayol Xurram Sulton kim bo‘lgan?

Xurram Sultonning ushbu portreti 16-asr oxiri yoki 17-asr boshlariga to‘g‘ri keladi va 2021-yilda Londondagi Sotbis auktsion uyida namoyish etilgan.

Surat manbasi, Michael Bowles/Getty Images

Surat tagso‘zi, Xurram Sultonning ushbu portreti XVI-asr oxiri yoki XVII-asr boshlariga to‘g‘ri keladi va 2021-yilda Londondagi Sotbis auktsion uyida namoyish etilgan.
    • Author, Hilken Doach Boran
    • Role, BBC Turk xizmati
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Usmoniylar imperiyasidagi eng ta’sirli ayol, eng qudratli hukmdorlardan biri Sulaymon Qonuniyning sevimli rafiqasi, u haqda hali ham yozilayotgan, qayta talqin qilinayotgan sirli shaxs Xurram Sulton 1558 yilgi vafotidan keyin to‘rt asrdan ortiq vaqt o‘tib ham tarix ixlosmandlarini maftun etmoqda.

Xurram Sulton, shuningdek Roksolana nomi bilan tanilgan, oddiy kanizak yoki rafiqa emas edi. U qullikdan imperiya cho‘qqisigacha bo‘lgan g‘ayrioddiy yo‘lni bosib o‘tib, XVI asr Usmonli saroyining siyosiy manzarasini o‘zgartirgan muhim shaxsga aylandi.

Usmoniylar imperiyasi XIV asrdan XX asr boshlarigacha Janubi-Sharqiy Yevropa, G‘arbiy Osiyo va Shimoliy Afrikada hukmronlik qilgan. U tarixdagi eng yirik va uzoq davom etgan imperiyalardan biri hisoblanadi.

Ko‘plab tarixchilar fikricha, "ayollar sultonligi" – saroy ayollari Usmoniylar boshqaruviga misli ko‘rilmagan ta’sir ko‘rsatgan davr – Xurramning yuksalishi bilan boshlangan.

Uning Usmonli haramida, ya’ni sultonning xotinlari, kanizaklari, ayol oila a’zolari va xizmatkor ayollar yashaydigan sulton saroyidagi maxsus xonalarda o‘tkazgan vaqti va undan keyingi davrlari yaxshi hujjatlashtirilgan.

Biroq, asrlar o‘tsa-da, uning kelib chiqishi haqidagi sir hanuzgacha bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. U hozirgi Ukrainadan bo‘lgan asira, pravoslav ruhoniyning qizi yoki – kutilmagan nazariyaga ko‘ra – qaroqchilar tomonidan o‘g‘irlangan italiyalik zodagon ayolmi?

Asirlikdan saroyga

Ko‘pchilik tarixchilar fikricha, Xurram Sulton 1500 yillar boshlarida hozirgi Ukraina, Polsha va Belarus hududlarini o‘z ichiga olgan tarixiy Ruteniya mintaqasida tug‘ilgan.

Xurramning tug‘ilganda berilgan ismi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Ba’zi Ukraina manbalari uni Aleksandra Lisovska yoki Anastasiya deb atashsa, boshqalar uning G‘arbiy Yevropada La Rossa (qizil), Rozanna (nafis atirgul), Roksolan (Ruteniya ayoli), Roksana yoki Rokselana kabi nomlar bilan tanilganini ta’kidlashadi.

Rasmiy Usmonli hujjatlarida esa u Haseki Hurram Sulton deb nomlanadi. "Xurram" forscha "quvnoq" degan ma’noni anglatadi, "haseki" esa sulton farzandining onasiga beriladigan faxriy unvondir.

"Muhtasham yuz yil"

Surat manbasi, Tims Productions

Surat tagso‘zi, Xurram Sulton Turkiyada Sulaymon Sulton hukmronligi haqidagi serial namoyish etilgandan so‘ng mashhur bo‘ldi. "Muhtasham yuz yil" xalqaro miqyosda katta hit bo‘ldi

Ba’zi manbalarga ko‘ra, Xurram pravoslav ruhoniyning qizi bo‘lgan, boshqalari esa uning dehqon oilasida tug‘ilganini ta’kidlashadi.

Turkiyalik professor Feridun Emecen aytishicha, uning o‘sha paytda Polsha qirolligi tarkibiga kirgan va hozirgi G‘arbiy Ukrainadagi Rohatin shahrida qrim-tatar bosqinchilari tomonidan asirga olingani haqida ma’lumotlar mavjud.

Boshqa turk professori Zeynep Tarim fikricha, keyin u qullikka sotilgan, o‘smirlik chog‘ida Usmonli imperiyasiga keltirilgan va keyinchalik Sulaymon Qonuniy nomi bilan tanilgan shahzoda Sulaymonning onasiga tortiq qilingan.

Xurrem Sulton libosida aktrisa Meryem Uzerli

Surat manbasi, Tims Productions

Surat tagso‘zi, Mashhur "Muhtasham yuz yil" serialida Xurram Sulton rolini aktrisa Merem Uzerli ijro etgan.

Tarixchining aytishicha, juftlikning birinchi farzandi shahzoda Mehmed keyingi yili tug‘ilganini hisobga olsak, u 1520 yilga kelib haramga qo‘shilgan bo‘lishi mumkin.

Ko‘p asrlik an’anani buzib, Sulaymon keyinchalik unga uylandi – bu harakat saroyni larzaga keltirdi va Xurramning mavqeini misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tardi. Ilgari hech bir Usmoniy sulton kaniziga uylanmagan edi.

Italyancha burilishmi?

Uning ruten ildizlari haqidagi keng tarqalgan fikrga qaramay, Xurramning kelib chiqishi haqida muqobil nazariyalar ham mavjud.

Ayniqsa, munozarali da’volardan biri tadqiqotchi doktor Rinaldo Marmaraga tegishli.

U Vatikan arxivlarida Xurram aslida Sienadagi Marsigli oilasidan bo‘lgan Margarita ismli italiyalik zodagon ayol ekanligini ko‘rsatuvchi qo‘lyozma topganini aytadi.

Vatikan arxividagi hujjatda Xurram Sultonning shajarasi tasvirlangani taxmin qilinmoqda

Surat manbasi, Rinaldo Marmara

Surat tagso‘zi, Ushbu qo‘lyozma Xurram Sultonning ruteniyligiga shubha uyg‘otadi va yashirin zodagon nasl-nasabini ko‘rsatadi.

Ushbu hujjatga ko‘ra, u va akasi qaroqchilar tomonidan qo‘lga olingan va Usmonli saroyiga qul qilib sotilgan.

Marmara yana davom etib, qo‘lyozmada Xurramning avlodi Sulton Mehmed IV va Rim papasi Aleksandr VII o‘rtasida qarindoshlik aloqalari borligini ta’kidlaydi. Bu esa uning rutenlik ekanligiga shubha tug‘diradi va zodagon nasl-nasabiga ishora qiladi.

Biroq tarixchilar bu da’voga shubha bilan qarashmoqda. Professor Tarim bu da’voning chinligini tasdiqlash uchun ko‘proq dalillar kerakligini ta’kidlaydi.

U o‘sha davrdagi saroy mish-mishlari va diplomatik munosabatlarning eng ishonchli manbalaridan biri bo‘lgan Venetsiya elchilarining batafsil qaydlarida bu haqda hech qanday ma’lumot yo‘qligiga e’tibor qaratadi.

"Agar shunday narsa bo‘lganida, [qaydlar] bizga bu haqda xabar bergan bo‘lardi, biz bu haqda ancha oldin bilgan bo‘lardik," deydi u.

Professor Emecen ham bu shubhaga qo‘shiladi. U Xurram Polsha qirollik oilasi bilan yozishmalar olib borgan bo‘lsa-da, bu ehtimol zodagon kelib chiqishining isboti emas, balki rasmiy diplomatiyaning bir qismi bo‘lganini ta’kidlaydi.

"Rus jodugari"

Xurram Sultonning turli manbalarda qanday tilga olingani chalkashlikni yanada kuchaytiradi.

Usmonli davri hujjatlari va she’riyatida ba’zan uni "rus jodugari" deb atashgan.

Bu uning tanqidchilari tomonidan qo‘llaniladigan kamsituvchi laqab edi, ayniqsa Sulaymonning boshqa ayoldan tug‘ilgan to‘ng‘ich o‘g‘li, Usmonli taxtining birinchi merosxo‘ri bo‘lgan shahzoda Mustafo qatl etilganidan keyin.

Xurram o‘z o‘g‘illarining taxtga chiqishi uchun yo‘l ochib, Mustafoning qulashini uyushtirgan degan keng tarqalgan fikr mavjud edi.

Xurram Sulton portreti

Surat manbasi, Pictures From History/Universal Images Group

Surat tagso‘zi, G‘arb sayohatchilari va o‘sha davrdagi venetsiyalik diplomatlar Xurram Sultonni rus deb atashgan, ammo olimlar bu uning etnik kelib chiqishidan ko‘ra ko‘proq geografik kelib chiqishini aks ettirganini ta’kidlaydilar.

Professor Emetsen aniqlik kiritishicha, Usmonlilar kontekstida "rus" atamasi faqat etnik ruslarga nisbatan ishlatilmagan. Aksincha, bu shimoldan kelgan har qanday odam, jumladan, hozirgi ukrainlar va beloruslarni ham o‘z ichiga olgan geografik nom edi.

O‘sha paytdagi g‘arblik sayyohlar va venetsiyalik diplomatlar ham Xurramni rus deb atashgan, ammo olimlar fikricha, bu uning etnik kelib chiqishidan ko‘ra ko‘proq geografik kelib chiqishini aks ettirgan.

"O‘sha paytda bugungi chegaralardagi Rossiya mavjud emasdi. [Davr yozishmalarida] ular rus deganda "Rossiya geografiyasidan" degan ma’noni nazarda tutishgan," deydi professor Yemesen.

"XVI asrda Polshada ukrainlar yashaydigan hududlar «Ruske’ viloyati» deb atalgan va Rohatin uning bir qismi bo‘lgan," deya qo‘shimcha qiladi Bi-bi-si Ukraina xizmatidan Vitaliy Chervonenko.

"O‘sha paytda ukrainaliklarni "rusinlar" deb atashgan, ammo buning Rossiya bilan hech qanday aloqasi yo‘q edi," deydi u.

So‘nggi yillarda Xurram Sultonning shaxsiyati, ayniqsa Ukrainada, yangi siyosiy ahamiyat kasb etdi. Mamlakatda u milliy qahramon sifatida ulug‘lanmoqda.

Uning tug‘ilgan shahri deb taxmin qilingan Rohatinda uning sharafiga haykallar o‘rnatilgan va hozir Rossiya tomonidan bosib olingan Mariupol shahridagi masjid Sulaymon nomi bilan bir qatorda uning nomi bilan atalgan.

2019 yili Ukrainaning Anqaradagi elchixonasi iltimosiga ko‘ra, Istanbuldagi Sulaymoniya masjidi majmuasidagi qabr yozuvidan uning "kelib chiqishi rossiyalik" degan so‘zlar olib tashlangan.

Yangilangan yozuv endi uning Ukraina ildizini ta’kidlab, zamonaviy geosiyosat sharoitida uning merosi qanday davom etayotganini ko‘rsatadi.

Xayriya ishlari

Xurramning ta’siri haram devorlaridan ancha tashqariga yoyildi, ammo uning xayriya ishlari, ehtimol, uzoqroq davom etmoqda.

U Usmonli imperiyasining bir qismi bo‘lgan Istanbul va Quddusda masjidlar, oshxonalar va vaqflar barpo etdi.

Istanbuldagi Haseki tumani hozir ham uning nomi bilan ataladi.

Hurram Sulton qabri
Surat tagso‘zi, Xurram Sulton Sulaymoniya masjidida dafn etilgan, keyinroq Sulton Sulaymonning buyrug‘i bilan uning qabri ustida maqbara barpo etilgan.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xurram Sulton 1558 yil 15 aprelda Istanbulda tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgan va Sulaymoniya masjidiga dafn etilgan.

Keyinchalik Sulton Sulaymonning buyrug‘i bilan uning qabri joylashgan yerda maqbara qurilgan.

Uning o‘limi g‘ayrioddiy hayotiga nihoya bo‘ldi, ammo uni o‘rab turgan savollarning oxiri bo‘lmadi.

Xurram Sulton rutenlik asira, italiyalik zodagon yoki noto‘g‘ri tushunilgan hokimiyat ayoli bo‘lishidan qat’i nazar, Usmonli va jahon tarixidagi eng jozibali va bahsli shaxslardan biri bo‘lib qolmoqda.