Hindiston: Musulmonlarga qarshi nafratni jilovlashda qonun ish beradimi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Imron Qurayshiy
- O'qilish vaqti: 4 daq
Hindistonda qonun yordamida nafrat nutqini jilovlash mumkinmi? Janubiy Karnataka shtati shunga umid qilmoqda.
O‘tgan oyda qonun chiqaruvchilar jamiyatda keskinlikni oshiradigan, shaxs va guruhlarga qarshi nafrat nutqi va nafrat jinoyatlari oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini qabul qildi.
Nafrat nutqi Hindiston uchun yangilik emas. Ammo so‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlarning keng ommalashuvi va telekanallarda munosabatlar bildirish ko‘payishi bilan u yanada kuchayib bormoqda. O‘tgan yilgi hisobotga ko‘ra, ozchilik millatlar, ayniqsa, musulmonlarga nisbatan nafrat nutqlari 2024 yilda 74 foizga oshgan, milliy saylovlar paytida bu eng yuqori nuqtaga yetgan.
Shuning uchun Kongress partiyasi boshchiligidagi Karnataka hukumati nafrat nutqi real hayotda zo‘ravonlikka olib kelishi mumkinligini ta’kidlab, chora ko‘rish zarurligini aytmoqda. Biroq tanqidchilar bu choralar fuqaroviy erkinliklar va so‘z erkinligiga putur yetkazishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Karnataka shtatining 2025-yilgi "Nafrat nutqi va nafrat jinoyatlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasi (qonun bo‘lishi uchun hali shtat gubernatorining imzosi kerak) nafrat nutqi qanday tergov qilinishi va jinoiy javobgarlikka tortilishi kerakligini belgilaydi.
Mazkur loyiha nafrat nutqini og‘zaki, matbuot, televidenie yoki ijtimoiy tarmoqlarda "ommaviy ko‘rinishda qilingan, nashr etilgan yoki tarqatilgan har qanday ifoda" deb ta’riflaydi. Biroq, u nafrat jinoyatini zo‘ravonlikka olib kelgan yoki yo‘qligidan qat’i nazar, "nafrat nutqini tarqatish" sifatida belgilaydi.
Qonun loyihasi shtat hukumatiga ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalarga nafrat nutqi deb hisoblangan mazmunni o‘chirib tashlashni buyurish vakolatini beradi, hozircha bu huquq faqat federal hukumatda mavjud.
Hindistonda nafrat nutqiga qarshi federal qonun yo‘q. Ammo qonunlardagi bir qator qoidalar gapirish, yozish va harakatlarning ayrim shakllarini so‘z erkinligiga istisno sifatida taqiqlaydi.
Qonun "diniy sabablarga ko‘ra turli guruhlar o‘rtasida adovat" qo‘zg‘ashi mumkin bo‘lgan harakatlarni jinoiy javobgarlikka tortadi va "har qanday toifaning diniy his-tuyg‘ularini qo‘zg‘ashga qaratilgan ifodalar, uning dini yoki diniy e’tiqodini qasddan haqorat qilish"ni taqiqlaydi.

Surat manbasi, DIPR, Karnataka
Federal hukumatni boshqarayotgan, ammo Karnataka shtatida muxolifatda bo‘lgan BJP partiyasi alohida qonun qabul qilishga hojat yo‘qligini aytmoqda.
Ammo Karnataka ichki ishlar vaziri G. Parameshvara parlamentga qonun loyihasi mavjud qonunlardagi bo‘shliqni to‘ldirishini, nafrat nutqi va nafrat jinoyatlarini jazoga tortish uchun shtatga kengroq vakolatlar berishini aytdi.
U jazolarni ham kuchaytiradi. Agar qonun qabul qilinsa, nafrat bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlanganlar bir yildan yetti yilgacha qamalishi, 50 000 rupiy (550 dollar) jarimaga tortilishi mumkin, takroriy huquqbuzarlar uchun esa qattiqroq jazolar belgilanadi.
Kongress boshqaradigan qo‘shni Telangana shtati bosh vaziri ham shunga o‘xshash qonun loyihasini kiritishini aytdi.
Ko‘pincha federal darajada va o‘zi boshqaradigan shtatlarda norozilikni keskin bostirishda ayblangan BJP partiyasi qonun loyihasiga qarshi chiqib, u so‘z erkinligini cheklashi mumkinligini aytmoqda.
Bir partiyaning nafrat qo‘zg‘ashi boshqa bir insonning siyosiy targ‘iboti bo‘lishi mumkin. Biror nutqni yoqtirmaganingiz uchungina u nafrat qo‘zg‘ashga aylanib qolmaydi.
"Ushbu qonun orqali shtat hukumati odamlarning konstitutsiya bilan kafolatlangan so‘z erkinligi huquqini tortib olmoqchi, muxolifat yetakchilari va ommaviy axborot vositalarini qamamoqchi", dedi muxolifat yetakchisi R. Ashoka parlamentda.
Huquqshunoslar va so‘z erkinligi faollari ham xavotir bildirmoqda.
Oliy sud advokati Sanjay Xegde bu qonunni barcha turdagi siyosiy partiyalar suiiste’mol qilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
"Bir partiyaning nafrat nutqi boshqa bir insonning siyosiy targ‘iboti bo‘lishi mumkin. Biror nutqni yoqtirmaganingiz uchungina u nafrat nutqiga aylanib qolmaydi", dedi u.
Vidhi huquqiy siyosat markazi advokati va hammuassisi Alok Prasanna Kumarning aytishicha, qonun ortidagi niyat yaxshi bo‘lishi mumkin, ammo "uni noto‘g‘ri qo‘llash uchun keng imkoniyatlar mavjud."
Shuningdek, munozaralar nafrat nutqi va jinoyatchilikni qonunda qanday ta’riflash kerakligi haqida yanada muhim masalani ko‘tardi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
"Bu shtatning adovat qo‘zg‘ash va diniy his-tuyg‘ularni haqoratlash bo‘yicha qonunda belgilangan mavjud qoidalarga qo‘shimcha, kasta, din va boshqa shaxsiy belgilarga qaratilgan nutqni ham nafrat nutqi sifatida belgilashga urinishidir", dedi Hindiston Milliy yuridik universiteti dotsenti Siddxart Narrayn.
Biroq, uning aytishicha, mazkur qonun loyihasi nafrat nutqi va nafrat jinoyati o‘rtasidagi chegarani olib tashlaydi. Uning ta’kidlashicha, nafrat nutqi jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak, chunki u zo‘ravonlikka olib kelishi mumkin, ammo hozirgi tahrirda zo‘ravonlik bo‘lmasa ham, shunchaki muloqotning o‘ziga nafrat jinoyati sifatida qaraladi.
Mutaxassislar, shuningdek, Oliy sudning nutqni jinoiylashtiruvchi qonunlar mavhum yoki haddan tashqari keng bo‘lmasligi, aniq bo‘lishi kerakligi haqidagi 2015 yilgi qarorini keltiradi, aks holda, odamlar ta’qibdan qo‘rqib, o‘z-o‘zini senzura qila boshlaydi.

Surat manbasi, Getty Images
BJP yetakchilari va ba’zi faollar gubernatorni qonun loyihasini qabul qilmaslikka, balki ko‘rib chiqish uchun Hindiston prezidentiga yuborishga chaqirdi.
Gubernatorga xat yozgan advokat va ijtimoiy faol Girish Bxardvajning aytishicha, qonun loyihasi nafrat nutqini emas, balki fuqarolarni tartibga soladi.
Uning ta’kidlashicha, bu "ijroiya idoralari"ga – politsiya va rasmiylarga qaysi nutq qonun doirasiga tushishini hal qilish uchun haddan tashqari katta erkinlik beradi, bu esa manfaatlar to‘qnashuvi xavfini oshiradi, ayniqsa, hukumat tanqid qilinayotgan paytda.
Biroq Karnataka hukumatining yuqori lavozimli amaldori Bi-bi-siga ismi oshkor qilinmaslik sharti bilan aytishicha, qonun loyihasi politsiyaga ayblov xulosalarini topshirish uchun hukumat ruxsatini olish zaruriyatini bekor qiladi, bu esa hokimiyatni suiiste’mol qilish imkoniyatini cheklaydi.
"Politsiya bevosita sudga murojaat qilishi va harakatsizlik yoki xatoliklari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi kerak bo‘ladi", dedi amaldor.
Bu ayblanuvchini siyosiy mansubligidan qat’i nazar, sud qilish mumkinligini anglatadi, deya qo‘shimcha qiladi u.
"Hozirgi holatda agar partiya a’zosi nafrat nutqi yoki nafrat jinoyatini sodir etsa, hukmron partiya tergovga ruxsat bermasligi mumkin. Bu qonunga ko‘ra esa, hukumat aralasha olmaydi", deydi u.
Biroq, tanqidchilar ta’kidlashicha, birinchi harakat nuqtasi politsiya bo‘lgani sababli, ular nimani nafratga undovchi nutq deb hisoblash borasida kengroq vakolatga ega bo‘lib qoladi.
"Birinchi qadam – politsiya, sud esa jarayonga ancha keyinroq qo‘shiladi", deydi Kumar va qonunning qamrovi kengligi hamda qattiq jazo choralari politsiya mustaqil qaror qabul qilish o‘rniga siyosiy ko‘rsatmalarga quloq tutishiga yo‘l ochishi mumkinligini ta’kidladi.
"Shuning uchun bu qonun loyihasi ko‘zlangan maqsadga erishishiga ishonchim komil emas," deya qo‘shimcha qildi u.












