Rossiya Qozog‘iston va O‘zbekistondan ham pastda, Ukraina va Afg‘oniston-chi?

Postsovet davlatlari prezidentlari

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Postsovet makonida kim baxtli?
O'qilish vaqti: 3 daq

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro Baxt kuni munosabati bilan yangi yillik hisoboti e’lon qilindi.

Dunyoning 150 ga yaqin davlatida yana odamlardan o‘zlarining bugungi hayotlariga baho berishlari so‘raldi, qanchalik baxtli ekanliklari darajasi belgilandi.

Ularning orasida O‘zbekiston ilova aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari, uch yildirki, o‘zaro urush ichidagi Rossiya va Ukraina, yangi prezidenti ikkovlonga vositachilik qilishga urinayotgan AQSh, halokatli yangi havo hujumlari ortidan G‘azoda endi quruqlikdagi amaliyotlarini kengaytirayotgan Isroil va Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston ham bor.

Yangi hisobot o‘zining kutilmagan natijalari bilan allaqachon gap bo‘lishga ulgurdi.

Aloqador mavzular:

Dunyoda kim eng baxtli?

Xursand yuzlar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Kosta-Rika va Meksika o‘z tarixlarida ilk bor dunyoning eng baxtli davlatlari o‘ntaligiga kirishga muvaffaq bo‘lishdi, qanday qilib, degan savollarga ham zamin yaratishdi.

Bu gal ham Finlandiya dunyoning eng baxtli davlati bo‘lib chiqdi.

Reytingda ketma-ket sakkizinchi bor o‘zining peshqadam mavqeini saqlab qoldi.

Daniya va Islandiya yuqori uchlikni to‘ldirgan bo‘lishsa, Isroil 8-o‘rin bilan top o‘ntalikdan joy oldi.

Kosta-Rika va Meksika esa, o‘z tarixlarida ilk bor dunyoning eng baxtli davlatlari o‘ntaligiga kirishga muvaffaq bo‘lishdi, qanday qilib, degan savollarga ham zamin yaratishdi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari 24-o‘ringa tushib ketdi, mazkur reytingda shu paytgacha ko‘rilmagan eng yomon natijasini qayd etdi.

Dunyoning eng yirik harbiy va iqtisodiy qudrati emasmi, Amerikaning bu kabi natijasi ham yangi hisobot manzarasida o‘ziga e’tibor tortgan, alohida urg‘u berilgan nuqtalardan biri bo‘ldi.

Musulmon davlatlari orasidan 21-o‘rin bilan Birlashgan Arab Amirliklari eng yaxshi natijani qayd etdi.

Undan keyingi o‘rinlarni Islom olamida Quvayt (30-o‘rin) va Saudiya Arabistoni (32-o‘rin) egallashdi.

Turkiya 94-o‘rin, Eron esa, 99-o‘rinda keldi.

Postsovet makonida-chi?

Kreml

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Rossiya dunyoning eng baxtli davlatlari reytingida bu gal 66-o‘rinni egalladi. Uning yangi hisobotda ham yana hatto Qozog‘iston va O‘zbekistondan ancha keyinda ekani ko‘rildi.

Sobiq Sovet davlatlari orasidan eng baxtlisi Litva bo‘lib chiqdi.

Litva yangi hisobotda 150 ga yaqin davlat orasidan 16-o‘rinni egalladi.

O‘zining bu natijasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada va Birlashgan Arab Amirliklarini ham ortda qoldirdi.

Estoniya (39-o‘rin) va Latviya ham (51-o‘rin) bilan bu gal ham Rossiyadan ancha o‘zib ketishdi.

Rossiya dunyoning eng baxtli davlatlari reytingida bu gal 66-o‘rinni egalladi.

Olti pog‘ona yuqorilagan esa-da, uning yangi hisobotda ham yana hatto Qozog‘iston va O‘zbekistondan ancha keyinda ekani ko‘rildi.

Yaqin ittifoqchisi Xitoy Rossiyadan ikki pog‘ona past o‘rindan joy oldi.

Ozarbayjon 106-o‘rin bilan qator Afrika davlatlaridan ham baxtsizroq bo‘lib chiqdi.

Ukrainadan bor-yo‘g‘i 4 pog‘ona yuqori keldi.

Uch yildirki, Rossiyaga qarshi urushayotgan Ukrainaning o‘zi esa, baxtlilik bobida dunyoning 150 ga yaqin davlati orasidan bor-yo‘g‘i 111-o‘rinni egalladi.

Postsovet makonida eng yomon natija qayd etgan davlatga aylandi.

Armanistonning natijasi Ozarbayjonnikidan 20 pog‘onacha yaxshiroq bo‘ldi.

Belarusning qanchalik baxtli yoki baxtsiz ekani ma’lum emas, uning ro‘yxatga tushmagan postsovet davlatlaridan biri ekani ko‘rildi.

Mintaqadagi baxtli va baxtsizlar

Xarita

Yangi hisobotda baxtiyorlik bobida Qozog‘iston peshqadam mavqe’ni egalladi, 43-o‘rindan joy oldi, o‘tgan yilgisi bilan qiyoslanganda, o‘zining natijasini 6 pog‘ona yaxshiladi.

Xitoy bo‘ladimi, Yaponiya yoki Janubiy Koreya – baxtiyorlik bobida Osiyoning manaman degan davlatlarini ham ortda qoldirdi.

O‘zbekiston esa, bu gal 53-o‘rin bilan mintaqadagi eng baxtiyor ikkita davlatdan bittasi bo‘lib chiqdi.

Uning yangi hisobotda olti pog‘ona pastlagani allaqachon O‘zbekistondagi ayrim yetakchi mahalliy nashrlarning e’tiborini o‘ziga tortib ham ulgurdi.

Xuddi shu manzarada O‘zbekiston o‘tgan yilgi reytingda o‘z mavqeini yetti pog‘ona yaxshilab, 47-o‘rin bilan MDH davlatlari orasida eng yuqori natija qayd etgani ham eslatildi.

Qirg‘izistonning o‘rni (75) o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa, Tojikistonniki (90) ikki pog‘ona yomonlashgani ko‘rildi.

Turkmaniston esa, ro‘yxatda yo‘q.

Markaziy Osiyoga chegaradosh Afg‘oniston 147-o‘rin bilan dunyoning eng baxtsiz davlati, deb topildi.

Aksariyati Afrika davlatlaridan iborat eng baxtsiz davlatlar beshligida eng quyi o‘rinni egalladi.

Afg‘oniston, uch yildirki, Tolibon nazorati ostida, uning muvaqqat hukumati esa, hali-hanuz dunyoning biror bir davlati tomonidan rasman tan olinmagan.

Afg‘onistonning bu natijasiga ularning munosabati hozircha ko‘zga tashlanmaydi.

Qolgan aksar aholisi musulmon yoki islomiy davlatlar orasidan faqat Yaman eng baxtsiz davlatlar o‘ntaligiga kirgan, biror bir postsovet mamlakati esa, bu qadar yomon natija qayd etmagan.

Yangi hisobot va xulosalar

Shashlikpaz
bbc.com/uzbek/illyustrativ
Tadqiqot natijalari baxtning ildizi ishonch, mehr va ijtimoiy aloqalarda ekanligini yana bir bor tasdiqladi.
Jeffri D.Saks
BMT Barqaror rivojlanish yechimlarini izlash tarmog‘i prezidenti (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Oksford universitetining Farovonlik tadqiqot markazi tomonidan e’lon qilingan tadqiqotda odamlardan hayotlarining yaxshi-yomonligini 0 dan 10 gacha bo‘lgan shkalada baholashlari so‘ralgan.

Reytingni belgilashda ijtimoiy qo‘llov, aholi jon boshiga hisoblangan yalpi ichki mahsulot hajmi, sog‘lom umr ko‘rish davomiyligi, erkinlik, saxiylik, korruptsiya haqida tasavvurlar, ijobiy va salbiy his-tuyg‘ular ham inobatga olingan.

BMT Barqaror rivojlanish yechimlarini izlash tarmog‘i prezidenti Jeffri D.Saksning aytishicha, tadqiqot natijalari "baxtning ildizi ishonch, mehr va ijtimoiy aloqalarda" ekanligini yana bir bor tasdiqlagan.

"Ushbu hayotiy haqiqatni ijobiy amallarga aylantirish, shu orqali butun dunyo bo‘ylab jamiyatlarda tinchlik, madaniyat va farovonlikni mustahkamlash biz, yaxshi fazilatli insonlar va fuqarolarga bog‘liq", dedi u.