Toshkent masjidlarida Ollohdan yomg‘ir so‘rab namoz o‘qilishi e’lon qilindi

- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 1 daq
So‘nggi vaqtlarda poytaxt Toshkentda havoning keskin ifloslanishi ortidan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ollohdan yomg‘ir so‘rab namoz o‘qilishini e’lon qildi.
"Dinimiz ta’limotida umummanfaatiga xizmat qiladigan ishlarga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, Islom tarixida qurg‘oqchilik kuzatilgan paytlarda istisqo namozi o‘qilgani va uning samarasi ko‘rilgani keltirilgan", deyiladi rasmiy bayonotda.
"Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yomg‘ir yog‘may, suvsizlik bo‘lgan davrlarda jamoat bilan qiblaga yuzlanib duo qilganlari, keyin o‘zlari imom bo‘lib namoz o‘qiganlari rivoyat qilingan. Alloh taolodan suv-yomg‘ir so‘raladigan istisqo namozi fazilati hadis kitoblarida bayon qilingan."
Musulmonlar idorasi bildirishicha, kuz fasli yomg‘irsiz o‘tayotgani, kelgusi kunlarda ham yog‘ingarchilik kutilmayotgani e’tiboridan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan 2025 yil 28 noyabrь kuni juma namozidan keyin O‘zbekistondagi "barcha masjidlarda Alloh taolodan tavba-tazarru, istig‘for ila yomg‘ir so‘rab, jamoat bilan ikki rakat istisqo namozi o‘qiladi."
Imom Buxoriyning “Sahih”lari qurg‘oqchilikda o‘qilganda, Alloh taoloning irodasi ila yomg‘ir yoqqani tarix kitoblarida yozilgan.
Rasmiy bayonotda, shuningdek, Umra ziyoratida bo‘lib turgan ellikboshi imom-domlalar Harami shariflarda o‘z guruhlari ishtirokida istisqo namozini o‘qishlari tavsiya etiladi.
Oxirgi kunlarda Toshkent shahrida havoning ifloslanishi keskin oshishi ortidan Ekologiya va huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan Toshkent shahri va viloyatida havo ifloslanishiga qarshi keng ko‘lamli reydlar kuchaytirilgani aytiladi.

Hukumat choralaridan biriga ko‘ra, endilikda issiqxonalarga gaz beriladi va shina, mazut, bitum kabi mahsulotlar yoqqan issiqxonalar jazolanadi.
Ayni damda Prezident Shavkat Mirziyoyev «Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, Toshkentda ekologik muammolarni hal etish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.
Havoning ifloslanishi oxirgi kunlarda nafaqat Toshkent va uning atrofi, balki O‘zbekistonning ko‘plab shaharlarida qayd etildi. Biroq, bu shaharlarda qanday chora-tadbirlar ishlab chiqilayotgani hozircha noma’lum.












