Vashingtonda bortida 64 inson bo‘lgan samolyot quladi. Ular ichida rossiyaliklar ham bo‘lishi mumkin. 2009 yildan beri kuzatilmagan halokat qanday sodir bo‘ldi?

Surat manbasi, Getty Images
Vashingtonda bortida 64 yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bo‘lgan samolyot AQSh armiyasiga tegishli vertolyot bilan to‘qnashib, daryoga qulab tushdi. Shu vaqtgacha 19 jasad suvdan chiqarib olingani xabar qilinmoqda.
Vashingtonda AQSh armiyasining vertolyoti bilan havoda to‘qnashib ketgan yo‘lovchi samolyot Potomak daryosiga qulab tushgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, qutqaruvchilar muzlagan suvda va zimistonda qidiruv ishlarini olib borayotgan bir paytda, hozirgacha 19 jasad suvdan chiqarilgan.
Hodisa yuzasidan tergov olib borilmoqda, halokatga yaqin yerda joylashgan Ronald Reygan nomidagi Vashington Milliy aeroportida barcha reyslar to‘xtatilgan.
Bu AQShda 2009 yildan beri kuzatilayotgan birinchi yo‘lovchi samolyot halokati.
Halokat qanday yuz berdi?
Federal aviatsiya boshqarmasi (FAA) ma’lumotlariga ko‘ra, chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 21:00 (Toshkent vaqti bilan 7:00) da American Airlines aviakompaniyasiga qarashli yo‘lovchi uchoq Ronald Reygan aeroportiga yaqinlashayotganida AQSh armiyasining vertolyoti bilan to‘qnashgan.
Uchoq bortida 60 nafar yo‘lovchi va 4 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Virjiniyadagi havo bazasidan ko‘tarilgan vertolyot o‘quv parvozini amalga oshirayotgan bo‘lgan – uning bortida uch nafar harbiy bo‘lgani aytilmoqda.
To‘qnashuv ortidan har ikki havo kemasi ham Potomak daryosiga qulagan.
Voqea guvohlari to‘qnashuv vaqtida osmonda kuchli chaqnash ko‘ringani haqida gapirgan.
CNN e’lon qilgan, ammo BBC tomonidan hali tasdiqlanmagan audio yozuvda, havo harakati boshqaruvchisi vertolyot ekipajini yaqinlashayotgan samolyot haqida ogohlantirgani, biroq javob olmagani eshitiladi.
FAA ushbu halokat yuzasidan allaqachon tergov boshlagan.
Hodisa qurbonlari bormi?
Vashington rasmiylari hali qurbonlar sonini rasman tasdiqlamadi va asosiy e’tibor qutqaruv ishlariga qaratilganini ma’lum qildi.
Biroq, hodisa joyida bo‘lgan politsiya rasmiysi CBS telekanaliga 19 jasad suvdan chiqarilgani haqida gapirgan.
Politsiyaning aytishicha esa, kechasi davom etayotgan qutqaruv operatsiyasi murakkab sharoitlarda olib borilmoqda.
Potomak daryosida harorat -1 darajaga qadar tushib ketgani, qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilayotgan hudud deyarli zimiston ekani aytilmoqda.
AQSh figurali uchish federatsiyasi ushbu reys bortida bir nechta figurali uchish sportchilari, murabbiylari va ularning oila a’zolari bo‘lganini tasdiqladi.
Ular Kanzasda o‘tkazilgan sport yig‘inidan uyga qaytayotgan bo‘lgan.
AQSh matbuotida chiqqan xabarlarga ko‘ra, yo‘lovchi samolyot Potomak daryosida ikki qismga ajralgan, vertolyot esa teskari ag‘darilgan holda suvda suzib turgani ko‘ringan.
Rasmiylar 300 dan ortiq qutqaruvchi rezina qayiqlarda suvga tushib, tirik qolganlarni izlayotganini ma’lum qilgan.
"Biz uchun asosiy muammo—qiyin sharoitlar: shamol, muz bo‘laklari, sovuq suv. Ishlash xavfli va juda murakkab," degan Vashington Yong‘in va favqulodda xizmatlar boshqarmasi boshlig‘i Jon Donnelli.
Rossiyaning TASS agentligi anonim manbalar ma’lumotiga tayanib, samolyot bortida figurali uchish bo‘yicha chempionlar Yevgeniya Shishkova va Vadim Naumov ham bo‘lgani haqida yozgan.
Bu ma’lumot hozircha tasdiqlanmagan. Shishkova va Naumov Rossiya terma jamoasi tarkibida 1994 yilda juftlikda figurali uchish bo‘yicha jahon chempionligini qo‘lga kiritishgan edi.
Prezident Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, bortda yana boshqa rossiyaliklar ham bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
"Afsuski, bu qayg‘uli ma’lumotlar tasdiqlanayotganini ko‘ryapmiz. U yerda boshqa vatandoshlarimiz ham bo‘lgan", degan Peskov jurnalistlar bilan muloqotda.
U, shuningdek, hozircha AQSh va Rossiya prezidentlari o‘rtasida telefon muloqoti o‘tkazish rejalanmaganini qo‘shimcha qilgan.
AQSh rasmiylari nima deyapti?
AQSh prezidenti Donald Tramp hodisadan to‘liq xabardor ekanligini va voqeani diqqat bilan kuzatayotganini bildirgan.
"Xudo ularning jonlariga rahm qilsin. Qutqaruvchilar olib borayotgan ulkan ish uchun minnatdorman," deyiladi uning bayonotida.
Shuningdek, Tramp o‘zining TruthSocial platformasida ushbu hodisa oldini olish mumkin bo‘lganiga ishora qilgan.
"Bu juda yomon holat! Bunday voqea yuz bermasligi kerak edi! YaXShI EMAS!!!"
Endigina vazifasiga kirishgan mudofaa vaziri Pit Xegset va transport vaziri Shon Daffi ham vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganliklarini ma’lum qilgan.
Aeroport atrofidagi parvoz yo‘nalishlari o‘zgartiriladimi, degan savolga transport vaziri Daffi "Zarurat tug‘ilsa, tegishli choralar ko‘ramiz" deya javob bergan.
American Airlines bosh direktori Robert Isom hodisani "chuqur qayg‘u bilan qabul qilayotganini" ma’lum qilgan.












