Hindiston Kashmirda Boburiylar ekkan chinorlarni kesib tashlamoqchimi? - Video

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Cherilan Mollan
- Role, BBC News, Mumbay
- O'qilish vaqti: 4 daq
Butashmi yoki kesib tashlash?
Hindiston boshqaruvida bo‘lgan Kashmirda ko‘p asrlik chinor daraxtlarini kesib tashlash deb taxmin qilinayotgan voqea noroziliklar uyg‘otmoqda.
Mahalliy aholi so‘zlari va fotosuratlar daraxtlar butunlay kesib tashlanganini ko‘rsatmoqda, hukumat esa bu shunchaki oddiy butash deyapti.
Ushbu bahs yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan daraxtlar va ularni saqlash bo‘yicha sa’y-harakatlarga yana bir bor e’tibor qaratdi.
Chinor Kashmir vodiysining ramziy timsoli va sayyohlarning asosiy diqqatga sazovor joyi hisoblanadi, ayniqsa kuzda daraxtlarning barglari qizg‘ish olovrangdan to‘q qizil ranggacha tovlanadi.
Bu daraxtlar Markaziy Osiyoda tabiiy o‘sadi, ammo bir necha asr oldin Boburiy podshohlar va mahalliy hukmdorlar ularni Kashmirga olib kelganlar. Yillar davomida ular Kashmir madaniyatining uzviy bo‘lagiga aylangan.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Biroq, tez shaharlashtirish, noqonuniy o‘rmon kesish va iqlim o‘zgarishi ularga tahdid solmoqda. Bu esa hukumatni ularni saqlash choralarini ko‘rishga majbur qilmoqda.
Jammu va Kashmir hukumati chinor daraxtlarini kuzatib borish maqsadida joylashuvi bo‘yicha hisobga kiritmoqda. Loyihada har bir daraxtga uning joylashuvi, yoshi va boshqa jismoniy xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan QR-kod biriktiriladi.
"Biz chinorlarni 'raqamli himoya qilyapmiz'," deydi loyihaga rahbarlik qilayotgan olim Said Tariq. Uning aytishicha, QR-kod mahalliy aholi va sayyohlarga daraxt haqida ko‘proq bilishga yordam beradi, shuningdek, daraxtlarni noqonuniy yoki shoshilinch kesish kabi muammolarga qarshi kurashishga ham ko‘maklashadi.

Surat manbasi, Getty Images
Loyiha doirasida hozirgacha 29 mingga yaqin chinor daraxti geoteglandi, yana 6-7 mingta daraxtni xaritaga tushirish kerak.
Janob Said ta’kidlashicha, meros qiymatiga qaramay, bu daraxtlarning aniq hisobi yo‘q edi. Hukumat ma’lumotlarida 40 ming deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, u bu raqamni bahsli deb hisoblaydi, ammo ularning soni kamayganiga ishonadi.
Bu muammo, chunki daraxtning voyaga yetishi uchun kamida 50 yil kerak bo‘ladi. Ekologlarning aytishicha, yangi plantatsiyalar maydonning qisqarishi kabi muammolarga duch kelmoqda. Bundan tashqari, chinor daraxtlari omon qolishi uchun salqin iqlim kerak, ammo so‘nggi paytlarda mintaqada yoz issiqroq, qish esa qorsiz bo‘lib kelmoqda.
Ammo ijobiy tomoni shundaki, bu daraxtlar yuzlab yillar yashashi mumkin – mintaqadagi eng qadimgi chinor taxminan 700 yoshda ekanligi taxmin qilinmoqda. Daraxtlarning aksariyati kamida bir necha asrlik.

Surat manbasi, Getty Images
Daraxtlar 1500 yillar boshidan 1800 yillar o‘rtalarigacha davom etgan Boburiylar davrida eng ko‘p e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rgan. Janob Saidning aytishicha, vodiydagi bugun mavjud ko‘plab daraxtlar aynan o‘sha davrda ekilgan.
Sobiq Hindistonning ko‘p hududlarida hukmronlik qilgan Boburiy podshohlar Kashmirning salqin iqlimi va go‘zal manzaralari tufayli uni yozgi dam olish maskaniga aylantirishgan. Shuningdek, ular dam olish va ko‘ngil yozish uchun simmetriyasi va yashilligi bilan mashhur bo‘lgan ko‘kalamzorlashtirilgan bog‘lar – "rohat bog‘lari"ni barpo etishgan.
Chinor bu bog‘larda alohida o‘rin egallagan va daraxtlar odatda joyning go‘zalligini oshirish uchun suv kanallari bo‘ylab ekilgan. Bu bog‘larning ko‘pi hozir ham bor.

Surat manbasi, .
Hukumat manbalariga ko‘ra, XVI asrda Boburiylar imperatori Akbar Shrinagardagi mashhur Dal ko‘li yaqinidagi shunday ko‘ngilochar bog‘lardan biriga 1100 ga yaqin daraxt ekkan, ammo yo‘l kengaytirish loyihalari va zararkunandalar keltirib chiqargan kasalliklar tufayli yillar davomida 400 ga yaqin daraxt nobud bo‘lgan.
Aytishlaricha, Akbarning o‘g‘li imperator Jahongir Dal ko‘lidagi kichik orolga to‘rtta chinor daraxtini ekib, unga Chor Chinor (To‘rt chinor) nomini bergan. Vaqt o‘tishi bilan ikkita daraxt qarish va kasallik tufayli yo‘qolgan, hukumat ularni 2022 yilda ko‘chirib o‘tkazilgan katta yoshli daraxtlar bilan almashtirgan.
Chinor 1969 yildagi Jammu va Kashmirda belgilangan daraxtlarni saqlash to‘g‘risidagi qonun bilan himoyalangan bo‘lib, u daraxtlarni kesish va eksport qilishni tartibga soladi, kesish uchun ham rasmiy ruxsat talab qiladi. Qonun 2019 yilda mintaqa shtat maqomini yo‘qotgan bo‘lsa-da, o‘z kuchida qolmoqda.

Surat manbasi, Getty Images
Ammo ekofaol Raja Muzaffar Bhatning aytishicha, hokimiyat organlari ko‘pincha chinor daraxtlarini kesish uchun qonundagi bo‘shliqlardan foydalanadi.
"Butash niqobi ostida butun daraxtlar kesib tashlanadi," deydi u yaqinda Anantnag tumanida sodir bo‘lgan va noroziliklarga sabab bo‘lgan kesishga ishora qilib.
"Hukumat daraxtlarni bir tomondan geoteg qilsa, ikkinchi tomondan kesyapti," deydi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, hokimiyat shahar loyihalari uchun daraxtlarni olib tashlagan bo‘lsa, mahalliy aholi ularni noqonuniy ravishda kesib tashlagan.
Chinor daraxtlarining mustahkam yog‘ochi o‘ymakorlik, mebel va turli buyumlar yasashga juda mos. Mahalliy aholi undan o‘tin uchun va dorivor vositalar tayyorlashda ham foydalanadi.
Janob Bhatning aytishicha, geotegging kabi davlat loyihalari bu borada xabardorlikni oshirmoqda. Chinorni o‘z merosining ajralmas qismi deb biladigan kashmirliklar endi ularni kesish yoki zararlashga qarshi ovoz ko‘tarmoqdalar.
Yaqinda ko‘pchilik X ijtimoiy tarmog‘ida Anantnagda kesilgan deb aytilgan chinor daraxtlari suratlarini joylashtirdi. Muxolifat yetakchilari esa hukumatdan tergov o‘tkazishni va aybdorlarga qarshi chora ko‘rishni talab qildi.
"Hukumat chinor daraxtlarini so‘zda ham, amalda ham himoya qilishi kerak," deydi janob Bhat.
"Chunki chinorsiz Kashmir o‘z uyidek tuyulmaydi."












