Isroil-Eron hujumlari: Eng yomon oqibat nima bo‘lishi mumkin? Tahlil

Isroil va Eron o‘rtasidagi hujumlar

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Agar, AQSh bevosita jangovar tarafga aylansa, bu mojaroning keskin kengayishiga, uzoq davom etuvchi va halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
    • Author, Jeyms Lendeyl
    • Role, Bi-bi-sining Diplomatik masalalar bo‘yicha muxbiri
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Hozircha Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuv ikki davlat doirasidagina kechmoqda. BMT va boshqa xalqaro maydonlarda zudlik bilan vaziyatni bosiqlik bilan hal etishga chaqiriqlar kuchaygan.

Ammo bu chaqiriqlar e’tiborga olinmasa-chi? To‘qnashuv kuchayib, mintaqaviy yoki global mojaroga aylanib ketsa-chi?

Quyida eng xavotirli, eng salbiy stsenariylarning ba’zilari keltirilgan:

Amerika urushga tortiladi

Xarita

AQShning ishtirok etmayotgani haqidagi ochiq bayonotlariga qaramay, Eron Amerika kuchlari Isroil hujumlarini kamida bilvosita qo‘llab-quvvatlamoqda, deb hisoblayapti.

Shu bois Eron AQShning Yaqin Sharqdagi nishonlariga – Iroqdagi maxsus kuchlar lagerlari, Fors ko‘rfazidagi harbiy bazalar, mintaqadagi diplomatik vakolatxonalarga zarba berishi mumkin. Eronning prksi kuchlari Hamas va Hizbulloh zaiflashgan bo‘lishi mumkin, biroq Iroqdagi qurolli tarafdorlari hanuz faol.

AQSh bunday ehtimoldan cho‘chib, ayrim xodimlarini mintaqadan evakuatsiya qilgan. Rasmiy bayonotlarida esa Eronni ogohlantirib, AQSh nishonlariga har qanday hujum jiddiy oqibatlarga olib kelishini bildirgan.

Agar, masalan, Tel-Avivda yoki boshqa bir hududda amerikalik fuqaro halok bo‘lsa, nima yuz beradi?

Donald Tramp bu holatda harakat qilishga majbur bo‘lishi mumkin. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu allaqachon AQShni Eronga qarshi urushga tortmoqchi bo‘layotganlikda ayblanib kelgan.

Harbiy tahlilchilarga ko‘ra, Eronning eng chuqur yadroviy inshootlarini – xususan, Fordou majmuasini – faqat AQShga tegishli bunker-buster bombalar va strategik bombardimonchi samolyotlar yo‘q qila oladi.

Tramp saylovchilariga Yaqin Sharqda yana bir "abadiy urush"ni boshlamaslikka va’da bergan edi. Biroq Respublikachilarning ko‘pchiligi Isroil hukumatini va uning "Tehronda rejimni o‘zgartirish vaqti keldi" degan qarashini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ammo, agar, AQSh bevosita jangovar tarafga aylansa, bu mojaroning keskin kengayishiga, uzoq davom etuvchi va halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Эрон Олий руҳоний раҳбари
reuters
Netanyaxu aytishicha, uning asosiy maqsadi – Eronning yadroviy salohiyatini yo‘q qilish. Biroq u kecha qilgan bayonotida rejimni almashtirish niyati borligini ham ochiq bildirdi.
Jeyms Lendeyl
BBC ning diplomatik masalalar bo‘yicha muxbiri (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Fors ko‘rfazi davlatlari qo‘shiladi

Agar Eron Isroilning harbiy yoki boshqa muhim ob’ektlariga yetarli zarar yetkaza olmasa, u holda nisbatan zaifroq nishonlarni – Fors ko‘rfazidagi ayrim davlatlarni – nishonga olishi mumkin. Ayniqsa, Eron ularni o‘z dushmanlariga yillar davomida yordam bergan deb hisoblayotgan bir vaqtda.

Mintaqada energetika va infratuzilmaviy ahamiyati yuqori bo‘lgan ko‘plab nishonlar mavjud. 2019 yilda Eron Saudiya Arabistonidagi neftь ob’ektlariga hujum qilganlikda ayblangan. 2022 yilda esa Eron bilan aloqador husiylar BAAdagi nishonlarga zarba bergan.

Shundan buyon Eron va ayrim mintaqa davlatlari o‘rtasida muayyan darajada yarashuv yuz bergan bo‘lsa-da, bu davlatlarning ayrimlari AQSh harbiy bazalariga mezbonlik qiladi. Ba’zilari o‘tgan yili Isroilni Eron raketa hujumlaridan himoya qilishda yordam bergani taxmin qilinadi.

Agar Fors ko‘rfazi mamlakatlari hujumga uchrasa, ular ham AQShdan – Isroil singari – harbiy yordam talab qilishi ehtimoldan xoli emas.

Urushga qarshi banner

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Namoyishchi Nyu-Yorkda Isroilning Eronga bergan zarbalariga qarshi namoyish chog‘ida urushga qarshi plakat ushlab turibdi.

Isroil Eronning yadroviy salohiyatini yo‘q qila olmaydi

Agar Isroil hujumi kutilgan natijani bermasa-chi? Eronning yadroviy inshootlari nihoyatda chuqurda joylashgan va kuchli himoyalangan. 60 foiz darajada boyitilgan 400 kg uran – o‘nlab yadroviy bombalar tayyorlashga yetadigan yoqilg‘i yo‘q qilinmasa-chi?

Bu uran ehtimol chuqur konlarda, sirli joylarda yashirilgan. Isroil ayrim yadroviy olimlarni o‘ldirgandir, biroq hech qanday bomba Eronning ilmiy salohiyati va tajribasini yo‘q qila olmaydi.

Agar ushbu hujum Eron rahbariyatini shunday xulosaga keltirsa: "faqat to‘liq yadroviy qudratgina bizni kelgusi hujumlardan himoya qila oladi" – u holda nima bo‘ladi?

Yangi harbiy yetakchilar avvalgilariga qaraganda qat’iyroq va xavf solishga tayyorroq bo‘lishi mumkin.

Bu esa Isroilni takroriy hujumlarga undaydi. Mintaqa esa uzluksiz zarba va qarshi zarbalar doirasiga tushib qoladi. Isroilliklar bu strategiyani shafqatsizlarcha "maysani o‘rish" deb ataydilar.

Jahon iqtisodiy inqirozi yuzaga keladi

Neftь narxlari allaqachon keskin ko‘tarilmoqda.

Agar Eron Hurmuz bo‘g‘ozini yopishga urinsa, bu global neftь ta’minotini jiddiy to‘sib qo‘yadi.

Agar Arabiston yarimoroli narigi tomonida, Eronning eng so‘nggi proksi kuchi sanalgan va oldindan aytib bo‘lmaydigan husiylar Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarini kuchaytira boshlasa-chi?

Bugungi kunda ko‘plab davlatlar allaqachon yashash xarajatlarining ortishi bilan bog‘liq inqirozdan aziyat chekmoqda. Neftь narxining keskin oshishi global inflyatsiyani yanada kuchaytiradi, ayniqsa, Tramp boshlab bergan tarif urushi natijasida shundoq ham zo‘rg‘a turgan iqtisodiy tizimga og‘ir zarba beradi.

Eng muhimi: neftь narxining ko‘tarilishidan eng ko‘p foyda ko‘radigan shaxs – Rossiya prezidenti Vladimir Putin. Neftdan tushgan milliardlab dollarlar Kremlga oqib kiradi va bu mablag‘lar Ukrainadagi urushni davom ettirish uchun ishlatiladi.

Eron rejimi qulasa, qanday bo‘shliq yuzaga keladi?

Agar Isroil o‘zining uzoq muddatli maqsadiga erishib, Eronning islomiy inqilobiy rejimini ag‘darishga muvaffaq bo‘lsa, natija qanday bo‘ladi?

Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning aytishicha, uning asosiy maqsadi – Eronning yadroviy salohiyatini yo‘q qilish. Biroq u kecha qilgan bayonotida rejimni almashtirish niyati borligini ham ochiq bildirdi.

U "Eronning g‘ururli xalqi"ga murojaat qilib, hujumlarni ularni "yovuz va zolim rejimdan ozod qilish yo‘lini ochish" deb ta’rifladi.

Eron hukumatining qulashini ayrim mintaqa davlatlari, ayniqsa, ba’zi isroilliklar quvonch bilan qabul qilishi mumkin. Ammo bunday ag‘darilish qanday bo‘shliq qoldiradi? U qanday kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin? Eron ichida yuzaga keladigan fuqarolik nizolari qanday ko‘rinishga ega bo‘ladi?

Ko‘pchilik eslaydi: Iroq yoki Liviyada kuchli, markazlashgan hokimiyat qulaganida nima bo‘lganini.

Shu sababli, mojaroning keyingi kunlarda qanday yo‘nalishda davom etishi nihoyatda muhim.

Eron qanday javob beradi? Qancha darajada va qanchalik keskinlik bilan?

AQSh Isroilga ta’sir o‘tkaza oladimi? Umuman, bunga urinadimi?

Bu ikki savolga qanday javob bo‘lishi – butun mintaqa kelajagini belgilashi mumkin.

Xarita