Qishloq xo‘jaligi yerlarini o‘zlashtirish cho‘qqisiga chiqdi - Endi nima bo‘ladi?

dala

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Jozef Pur, Hanna Ritchi va Charlz Godfrey
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Barqarorlik va oziq-ovqat sohasi tadqiqotchilari Jozef Pur, Hanna Ritchi va Charlz Godfrey qishloq xo‘jaligi yerlari qisqarishi natijasida tabiat uchun bo‘shagan maydonlarni o‘rganib, bu tendentsiya bundan buyon qanchalik davom etishi mumkinligini tahlil qildi.

XX asr davomida insoniyatning yerga ehtiyoji ortib bordi, bu esa keng tabiiy o‘rmonlar va o‘tloqlar yo‘qolishiga olib keldi. Bugungi kunda dunyodagi yerlarning qariyb yarmi dehqonchilik uchun ajratilgan bo‘lib, ularga ekin ekiladi yoki chorva mollari boqiladi.

Biroq, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, global qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish 2000-yillar boshlarida cho‘qqiga yetgan va o‘shandan beri asta-sekin pasaymoqda. Dunyo bo‘ylab ekin maydonlari o‘rnini o‘tloqlar, daraxtlar va butalar egallamoqda. Yovvoyi hayvonlar bir paytlar o‘zlari hukmronlik qilgan hududlardagi tashlandiq yaylovlarga qaytmoqda.

Aloqador mavzular:

"Qishloq xo‘jaligi yerlari kengayishi o‘z cho‘qqisi"ga yetgani o‘rmonlarni kesish muammosi hal etildi degani emas. Mol go‘shti, soya, kakao va palma yog‘i kabi mahsulotlarga bo‘lgan talab o‘sishi Janubiy Amerika, Janubi-Sharqiy Osiyo va Afrikadagi yerlarga bosimni kuchaytirmoqda. So‘nggi o‘n yillikda dunyo Ispaniya hududidan ikki baravar katta tropik o‘rmon maydonini yo‘qotdi.

Shunga qaramay, Yevropa va Shimoliy Amerikada o‘rmonlarning qayta tiklanishi, Avstraliya va Markaziy Osiyoda yaylovlarni tark etishlar ko‘paygani tufayli butun dunyo bo‘ylab qishloq xo‘jaligi yerlarini tashlab ketish holatlari ko‘paymoqda.

Kapalak

Surat manbasi, Alamy

Buning bir necha sababi bor. Birinchidan, dehqonchilik avvalgidan samaraliroq bo‘ldi. Takomillashtirilgan urug‘lar, o‘g‘itlar, pestitsidlar va sug‘orish usullaridan foydalanish so‘nggi o‘n yilliklarda yerlar unumdorligini sezilarli oshirdi, ekin turi va mamlakatga qarab hosildorlikni ikki, uch va hatto to‘rt baravargacha ko‘paytirdi. 1961 yildan beri FAO ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, hosildorlik oshishi 1,8 milliard gektar (taxminan 35 ta Ispaniya hududi) yerni o‘zlashtirishdan saqlab qoldi.

Shuningdek, biz intensiv dehqonchilik, mahsuldor hayvon zotlari va maqbul oziqlantirish rejimlari tufayli chorvachilikda samaradorlikni oshirishga erishdik. Bu tizimlar rivojlanar ekan, ko‘p mamlakatlarda unumdorligi past yerlar tashlab ketildi.

Lekin gap faqat intensivlashtirishda emas. Biz ko‘p yer talab qiladigan ba’zi ekinlarni muqobil mahsulotlar bilan almashtirdik: jun va paxta asosan sintetik tolalar bilan almashtirildi; tamaki tezda sintetik nikotin bilan almashtirilmoqda; vanil kabi oziq-ovqatlardagi ta’m beruvchi moddalar endi asosan sintetik; global kafein (qahva emas) bozorida sun’iy ishlab chiqarish ustunlik qilmoqda; sintetik shirinlashtiruvchi moddalar katta miqdordagi shakarqamish va qand lavlagi o‘rnini egalladi. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, ushbu sintetik o‘rinbosarlar 110 million gektardan ortiq (ikki Ispaniya hududi) yerni fermerlikdan saqlab qoldi.

Tuproq

Surat manbasi, Getty Images

Eng yorqin misollardan biri jahon jun sanoati qisqarganidir. Ishlab chiqarish 1990 yildagi eng yuqori darajadan taxminan 50 foizga kamaydi. Avstraliya, Yangi Zelandiya va Argentinadagi yaylovlar 25 foizga qisqardi. Yaylovlarning katta maydonlari tabiatga qaytarildi, ularning ba’zilari faol muhofaza qilinmoqda va noyob turlarning yashash joyiga aylandi. Masalan, Avstraliyadagi 70 ming gektarlik ulkan "White Wells" qo‘y fermasi hozirda Charlz Darvin qo‘riqxonasiga aylangan va unda 700 turdagi o‘simlik va 230 turdagi hayvon mavjud. Argentinadagi yana 70 ming gektarlik hudud, ilgari Chakabuko ranchosi bo‘lgan, hozirda qo‘riqxonaga aylanib, tuyaqushlar va emuga qarindosh bo‘lgan noyob qush – rea yoki nandu uchun uyga aylandi. Dunyoda bunga o‘xshash misollar ko‘p.

Sun’iy muqobillardan foydalanish yerga bo‘lgan bosimni kamaytirgan bo‘lsa-da, boshqa muammolarni, xususan, plastikdan ifloslanish va qazilma yoqilg‘iga qaramlikni kuchaytirdi. Biroq, bu yangi muammolar yechimsiz emas, masalan, zamburug‘ mitseliysi yoki mikrobga asoslangan bioparchalanuvchi bioplastiklar keng tarqalmoqda. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish kamaygan bo‘lsa-da, ularning barchasi tabiiy o‘rmonlar bilan almashtirilmadi; butun dunyo bo‘ylab yog‘och uchun plantatsiya o‘rmonchiligi keskin o‘smoqda. Plantatsiya o‘rmonlari odatda tabiiy o‘rmonlarga qaraganda kamroq bioxilma-xil bo‘ladi.

Getty Images
Umuman olganda, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishning asta-sekin kamayib borayotgani quvonarli hol. Biroq, bu jarayonning davom etishiga kafolat yo‘q.
Batafsil: bbc.com/uzbek

Umuman olganda, qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanishning asta-sekin kamayib borayotgani quvonarli hol. Biroq, bu jarayonning davom etishiga kafolat yo‘q va u global iqlim yoki bioxilma-xillikka erishish uchun yerdan foydalanishni o‘zgartirish uchun yetarlicha tez emas. Global harorat ko‘tarilishini 2°C dan past ushlab turish uchun atmosferadagi uglerodni yutadigan tabiiy ekotizimlarimizning ulkan salohiyatidan foydalanishimiz kerak bo‘ladi.

Kelajakda nima bo‘ladi? Fikrimizcha, hozirgi tendentsiyalar davom etadi, butun dunyo bo‘ylab qishloq xo‘jaligi yerlari tobora ko‘proq bo‘shab borishi mumkin. Ammo bu jarayon oziq-ovqat tizimlarimizni tubdan o‘zgartiradigan, oziq-ovqat yetishtiriladigan yerlarni yanada kamaytiradigan bir qator istiqbolli texnologiyalar tufayli yanada tezlashishi mumkin. Ularning ba’zilari tijoriylashtirilmoqda, boshqalari hali ham tadqiqot laboratoriyalaridagi g‘oyalar darajasida.

Nimani kutsak bo‘ladi?

Tarixiy o‘zgarishlar va kelajak prognozlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha o‘rtacha hosildorlik o‘sishi davom etishi ehtimoli yuqori. 1961 yilda har gektardan bir tonnadan sal ko‘proq don yetishtirgan bo‘lsak, hozir har gektardan to‘rt tonnadan ziyod mahsulot olmoqdamiz.

Ko‘plab ekinlar va mamlakatlarda hosildorlik hamon oshib bormoqda, har yili bir xil yerda ko‘proq oziq-ovqat yetishtirilmoqda, yerning uzoq vaqt bo‘sh qolib ketishi kamayib bormoqda. Biroq, eng muhim noma’lum omil – iqlim o‘zgarishi: iqlimga qanchalik ta’sir ko‘rsatishimizga qarab, issiqroq, namroq va ekstremal iqlim sharoitlari hosil o‘sishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ayniqsa, o‘zgarishga chidamli ekinlarni rivojlantirmasak va moslashtirmasak.

Tuyaqush

Surat manbasi, Getty Images

Dunyoda go‘sht iste’moli tez sur’atda o‘sib, yerga bo‘lgan talab ortib borayotgan bir paytda, iste’molchilarning har kilogramm uchun katta yer talab qiladigan mol va qo‘y go‘shtidan ancha kam yer talab etadigan cho‘chqa va parranda go‘shtiga o‘tayotganini kuzatyapmiz. Yevropada 2000 yildan buyon qoramol va qo‘y go‘shti 20 foizga qisqargani, parranda va cho‘chqa go‘shti 20 foizga ko‘paygani, natijada 20 million gektar (taxminan Ispaniya maydonicha) yer tejab qolinganiga guvoh bo‘ldik.

Bu o‘zgarish axloqiy muammolarni keltirib chiqaradi, chunki qora moldan olinadigan go‘sht miqdorini olish uchun ko‘plab tovuqlarni so‘yishga to‘g‘ri keladi. Shunga qaramay, odamlar arzonroq va kamroq yer talab qiladigan hayvon mahsulotlariga o‘tishda davom etishi ehtimoli yuqori.

Laboratoriya mahsulotlari

Keyingi o‘n yilliklarda qishloq xo‘jaligi uchun yerdan foydalanishni kamaytirishi mumkin bo‘lgan yana bir yo‘l – sintetik va laboratoriyada yetishtirilgan oziq-ovqatlardan foydalanish ortishidir.

Sun’iy vanil va sun’iy tolalar kabi ekinlarning bir nechta yersiz muqobillari keng tarqalgan bo‘lsa-da, yana ko‘plari ishlab chiqilgan va sinovdan o‘tkazilgan. Masalan, yog‘ va moylarning sintetik o‘rinbosarlari 1940-yillarda, urush davrida Germaniyada qazilma yoqilg‘idan birinchi marta margarin sintez qilinganidan beri mavjud. Biz ming yillar davomida kichik miqyosdagi mikrobial fermentatsiya mahsulotlarini (masalan, yogurt va pivo) iste’mol qilib kelganmiz, ammo zamonaviy ommaviy fermentatsiya, ayniqsa, yer talab qilmaydigan xomashyolardan (masalan, chiqindi, qo‘shimcha mahsulotlar yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri elementar azot, kislorod va vodoroddan foydalanish orqali) foydalanilsa, katta o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, qahva va kakao o‘rnini bosuvchi laboratoriya mahsulotlari ham bor. Hozirgi vaqtda ular xomashyo sifatida shakarni ishlatsalar-da, ammo bu an’anaviy usulga qaraganda ancha kam yer talab qilishi mumkin.

Bu mahsulotlarni keng qo‘llash uchun yo narxlar o‘zgarishi (bu ko‘proq iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq) kerak yo savdo siyosati o‘zgarishi yoki neftь, qahva va kakao tufayli o‘rmonlarning yo‘q qilinishidan xavotir kuchayishi kabi tashqi omillar kerak.

Hayvonlar ozuqasiga laboratoriyada o‘stirilgan yoki sintetik muqobillarni qo‘llash ehtimoli ham mavjud. Yaylovlar va hayvonlarni boqish uchun yetishtiriladigan ekin maydonlari dunyodagi qishloq xo‘jaligi yerlarining taxminan 80 foizini tashkil qilgani bois, bu ozuqalarni almashtirish jiddiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Biroq asosiy muammo – xarajatlar. Laboratoriyada yetishtirilgan bakterial ozuqalar muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan, ammo hali ham juda qimmat. Shunga qaramay, laboratoriyada yetishtirilgan muqobil mahsulotlar narxi tez pasaymoqda va ular yaqin kelajakda xarajatlar bo‘yicha raqobatbardosh bo‘lishi mumkin.

Ochiq savol

Biz sodir bo‘lishiga kamroq ishongan, ammo hali ham ehtimoli mavjud boshqa imkoniyatlar ham bor.

Shulardan biri – inson iste’moli uchun laboratoriyada yetishtirilgan oziq-ovqatlardan foydalanish ko‘payishi. Laboratoriya sharoitida yetishtirilgan go‘sht, sut mahsulotlari va tuxum tannarxi arzonlashmoqda. 2013 yilda laboratoriyada yetishtirilgan birinchi go‘shtning narxi 1 kg uchun 1 million dollardan oshgan bo‘lsa, 2030 yilga kelib, uning narxi bir kg uchun 6 dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda, bu esa mol go‘shti narxiga yaqinlashadi.

Ovqat

Surat manbasi, Getty Images

Biroq, uni inson oziq-ovqatida ishlatish uchun laboratoriyada yetishtirilgan mahsulotlarning ta’mi yaxshi bo‘lishi va iste’molchilar qabul qilishi kerak. Bu ancha uzoq jarayon, ba’zi tashqi ta’sirlar yoki jamiyatdagi qarashlar o‘zgarishini talab qilishi mumkin. Balki oziq-ovqat uchun hayvonlarni so‘yishga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishi mumkin. Ehtimol, chorva mollaridan keladigan pandemiya xavfiga ko‘proq e’tibor qaratilar. Hozircha bu noaniq.

Dehqonchilikdagi yangi texnologiyalar ham oziq-ovqat ishlab chiqarish samarasini oshirishi mumkin. Masalan, dunyoda issiqxonalarda yetishtiriladigan oziq-ovqat miqdori tez sur’atda oshib bormoqda. Issiqxonalar ochiq dalalarga qaraganda ancha ko‘p oziq-ovqat yetishtirishi mumkin: masalan, Gollandiya issiqxonalari har gektardan 500 tonna atrofida pomidor yetishtirishi mumkin, ochiq dalalarda esa bu ko‘rsatkich atigi 30 tonnani tashkil etadi.

Vertikal dehqonchilik ekinlarni ustma-ust joylashtirish va faqat sun’iy energiya manbalaridan foydalanish orqali bu samaradorlikni yanada oshiradi. Bugungi kunda vertikal fermer xo‘jaliklarida aksariyat ekinlarni yetishtirish juda qimmatga tushadi va ular faqat o‘tlar va ko‘katlar kabi yuqori qiymatli ekinlar uchun samarali. Ularni keng miqyosda qo‘llash uchun energiya narxi keskin tushishi kerak, iqlim o‘zgarishini yomonlashtirmaslik uchun esa energiya manbalari kam uglerodli qayta tiklanadigan manbalar bo‘lishi lozim.

Katta o‘zgarish

Ushbu o‘zgarishlarning bir nechtasi amalga oshsa ham ekologik naf keltirishi, tabiiy ekotizimlarni qayta tiklash, biologik xilma-xillikni saqlash va uglerod to‘planishi uchun katta maydonlarni bo‘shatish mumkin. Ularning ko‘pchiligi, shuningdek, iqlim o‘zgarishi sharoitida tobora muhim ahamiyat kasb etadigan oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashga yordam beradi.

Biroq yerlarni bo‘shatganimizda, ularning o‘rnini boshqa raqobatdosh yer turlari egallashi mumkin. Shahar yerlari global maydonning taxminan 1 foizini tashkil etadi va bu qishloq xo‘jaligi yerlarini keng miqyosda egallashi ehtimoldan yiroq (uy-joy va infratuzilmaga talab yuqori bo‘lgan hududlarda shunday bo‘lsa ham). Biroq, asosiy xavf plantatsiya o‘rmonchiligi va bioyoqilg‘i maydonlari yanada kengayishidir. Ilgarigi ekologik siyosat barqaror muqobillar sifatida bioyoqilg‘i va yog‘ochga asoslangan mahsulotlarga talabni shakllantirgan, ammo ko‘plab ilmiy tadqiqotlar yaxshiroq yechim talab qilmoqda.

Shuningdek, bu o‘zgarishlarning salbiy tomonlari haqida ham ochiq gapirish lozim. Ko‘plab mamlakatlarda fermerlar bozorning ma’lum qismi yo‘qolishi sababli jiddiy qiyinchiliklarga duch keladi, shuning uchun ularga yangi daromad manbalarini yaratishda yordam berish juda muhim. Hayvonlar ahvoli ham (garchi muqarrar bo‘lmasa-da) yuqori intensiv ishlab chiqarishga o‘tish natijasida yanada yomonlashishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

Bu yangiliklar kam ta’minlangan aholi uchun ham arzon bo‘lsagina oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilaydi. Aks holda, ular global oziq-ovqat tengsizligini kamaytirish o‘rniga, uni kuchaytirishi mumkin.

Bu o‘zgarishlarning hech biri muqarrar emas. Aslida, vaziyat teskari yo‘nalishda rivojlanib, qishloq xo‘jaligi yerlari yana kengayishi ehtimoldan xoli emas. Aviatsiya yoki dengiz transporti uchun bioyoqilg‘i ishlab chiqarish maqsadida yer uchun kurash boshlanishi mumkin. Zararli qayta ishlangan oziq-ovqatlarga qarshi harakat, ozuqaviy qiymatni oshiradigan va hozirgi oziq-ovqat mahsulotlariga sog‘lomroq muqobillarni taklif etadigan qayta ishlash texnologiyalari rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotganini ko‘rishimiz mumkin. Shu bilan birga, tabiiy hududlarni himoya qiluvchi ekologik siyosat bekor qilinishi, ekin maydonlari va yaylovlarning bioxilma-xillik uchun muhim bo‘lgan hududlarga kirib borishiga olib kelishi mumkin.

Ammo agar biz tobora ko‘proq yersiz qishloq xo‘jaligi tizimiga o‘tishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olsak, bu XXI asrni insoniyat tarixidagi burilish nuqtasiga aylantirishi mumkin. Aslida, biz yaqin tarixda sayyoramizni avvalgidan ko‘ra ko‘proq tabiiy holatda qoldiradigan birinchi asrda yashayotgan bo‘lishimiz mumkin.