"Yer yuzidagi do‘zax" — Tailandda saqlanayotgan uyg‘urlar Xitoyga deportatsiya qilinish arafasida. Ularning oilasi nima deydi?

nilufar

Surat manbasi, Niluper

Surat tagso‘zi, Nilufar 3 farzandi bilan Turkiyada yashamoqda.
O'qilish vaqti: 5 daq

Avvalroq Tailandda hibsda saqlanayotgan bir guruh erkaklar Xitoyga deportatsiya qilinayotgani ma’lum bo‘lgan edi. BBC hayoti xavf ostida ekanidan bong urilayotgan bu insonlarning yaqinlari bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘z uyidan quvilib, qatag‘onlikdan aziyat chekayotgan uyg‘ur qochqinlari taqdiri Tailanddagi nihoyatda ayanchli va dahshatli haqiqatni ko‘rsatmoqda.

Nilufar (ism o‘zgartirilgan) o‘n yillik mashaqqatni boshdan kechirgan va doimiy azobda yashab kelayotganini aytadi.

Hozir uch farzandi bilan Turkiyada yashayotgan qochqinlikdagi bu uyg‘ur ayol Tailandda qamalib qolgan turmush o‘rtog‘i taqdiridan qattiq xavotirda.

O‘n kun avval u Tailand rasmiylari immigratsiya hibsxonasida saqlanayotgan uyg‘ur erkaklarini ularning Xitoyga topshirilishiga oid hujjatlarga qo‘l qo‘yishga ko‘ndirishga uringanidan xabar topgan.

Mahbuslar imzo chekishdan bosh tortgan.

Tailand hukumati uyg‘ur mahbuslarni tez orada ortga qaytarish rejasida emasligini ta’kidlayotgan esada, inson haqlari faollari o‘tmish takrorlanishi va deportatsiya istalgan paytda amalga oshishi mumkinligidan bong urmoqda.

"Bu holatni o‘g‘illarimga qanday tushuntirishni bilmayman," deydi Nilufar BBC'ga.

"Men doimiy azob va qo‘rquvda yashayapman, har qanday lahzada erimning deportatsiya qilinganligi haqida xabar kelishi mumkin."

Parokanda bo‘lgan oila

Nilufarning oilasi 2014 yilda Xitoy hukumati bosimidan qutilish ilinjida boshqa ko‘plab uyg‘urlar qatori Shinjon viloyatidagi o‘z uyini tashlab chiqqan.

Nilufar turmush o‘rtog‘i diniy e’tiqodi tufayli Xitoy rasmiylari bilan ziddiyatga borganini eslaydi.

Juftlik o‘zi bilgan boshqa odamlar hibs etilayotgani yoki g‘oyib bo‘layotgani ortidan 2014 yil boshida Shinjondan ketishga qaror qilgan.

Ular o‘sha vaqtda Shinjondan qochgan 350 ga yaqin uyg‘urlar orasida edi.

Tailand Malayziya chegarasiga yaqin yerda hibs etilgan bu uyg‘urlarning 109 nafarini 2015 yil iyulida biror ogohlantirishsiz ortga deportatsiya qilgan. Bu amal xalqaro maydonda jiddiy tanqidlarga sabab bo‘lgan edi.

Deportatsiya qilingan bu uyg‘urlarning keyingi taqdiri haqida ko‘p narsa ma’lum emas. Boshqa davlatlardan Xitoy qo‘liga topshirilgan uyg‘urlar esa uzoq yillik qamoq jazolari olgan.

uyg'ur

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Uyg‘urlar 2022 yil Istanbulda o‘tgan matbuot anjumani chog‘ida Xitoyda hibs etilgan yaqinlari suratlarini namoyish etmoqda.

2015 yil yozida Nilufarning 170 nafar ayol-bolalar qatori Turkiyaga ketishiga ruxsat berilgan.

U o‘shandan beri turmush o‘rtog‘i bilan na ko‘rishmagani, na gaplashmaganini ta’kidlaydi.

Nilufarning eri hali ham Tailanddagi hibsxonasida qolayotgan 48 uyg‘ur erkakning biri.

Bu erkaklarning besh nafari hibsxonadan qochishga urinishi ortidan qamoq jazosi olgan bo‘lsa, Tailand hukumati qolgan 43 erkakni Xitoy qo‘liga topshirishga tayyorlanayotgani aytilmoqda.

"Yerdagi do‘zax"

Bangkokdagi Immigratsiya hibs markazi inson huquqlari faollari tomonidan "er yuzidagi do‘zax" deb ta’riflangan.

Hozirda 900 ga yaqin mahbus, jumladan, 43 uyg‘ur erkak saqlanayotgan bu markazda sharoit nihoyatda abgor ekani aytiladi.

Markaz oziq-ovqat yetarli emasligi, suv iflosligi, shamollatish tizimi yomonligi va tibbiy yordam deyarli ko‘rsatilmasligi bilan ma’lum.

Jurnalistlar ichkariga kiritilmaydi, advokatlar esa, odatda, o‘z mijozlarini bu yerga tushib qolmaslik uchun qo‘ldan kelgan bor ishni qilishga undaydilar.

"Eng yomon narsa – bu mavhumlik," deydi uyg‘urlarga ko‘mak berishga harakat qilib kelayotgan nodavlat tashkilotlardan biri direktori Chalida Tajaroensuk.

"Ular qachon Xitoyga jo‘natilishini bilmagan holda yashamoqda va qattiq jazolanishdan qo‘rqmoqda".

hibsxona

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Bangkokdagi Immigratsiya hibs markazi inson huquqlari faollari tomonidan "er yuzidagi do‘zax" deb ta’riflangan.

Nilufarning o‘zi ham Tailanddagi hibsxonada eri va katta o‘g‘lidan vaqtincha ajralib qolgan holda og‘ir kunlarni boshdan kechirganini aytadi.

U sanitariya sharoitlari yomon bo‘lgan joyda – vannaxonada ko‘zi yorgani, o‘sha paytda endi ikki yashar bo‘lgan to‘ng‘ich o‘g‘li esa qo‘riqchilar tomonidan zo‘ravonlikka guvoh bo‘lganini xotirlaydi.

"Turkiyaga kelganimizdan keyin u yana xavfsiz joyda ekanini his qilishi uchun juda uzoq vaqt talab qilindi".

Qatag‘ondagi millat

hibsxona

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tailanddagi Immigratsiya hibs markazida saqlanayotgan chet ellik mahbuslar. 2019 yil yanvarь.

Xitoyning uyg‘urlarga nisbatan qatag‘on siyosati xalqaro miqyosda keng qoralangan.

Bir millionga yaqin uyg‘urlar "qayta tarbiyalash lagerlari"da saqlanayotgani taxmin qilinadi.

Bu lagerlardan asosiy maqsad uyg‘ur madaniyati, milliy va diniy o‘zligini yo‘q qilishga qaratilgan, deb hisoblanadi.

Shuningdek, qiynoqlar va izsiz yo‘qolishlar haqida ko‘plab ma’lumotlar bor, ammo Xitoy bularni inkor etib keladi.

Pekin bosimi

Tailand hibsda saqlanayotgan bu 43 uyg‘ur erkakning ham boshqalar kabi Turkiyaga ketishiga nega ruxsat bermayotgani sababini hech qachon izohlamagan.

Ammo bu Xitoy ko‘rsatayotgan bosim tufayli ekani deyarli oydin.

Bangkokda saqlanayotgan bu uyg‘urlar taqdiri boshqa mahbuslar kabi Immigratsiya departamenti emas, balki mamlakat Bosh vaziriga to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘ysunuvchi Milliy xavfsizlik kengashi qo‘lida.

AQShning mamlakatga bo‘lgan ta’siri asta-sekin so‘nar ekan, Xitoyniki oshib bormoqda – rasmiy Bangkok iqtisodiyotini jonlantirib olish yo‘lida Pekin bilan aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor.

BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha agentligi uyg‘urlar masalasiga nisbatan sust yondashuvda ayblanmoqda.

Tailand qochqin maqomini tan olmaydi, bu esa hibsdagi erkaklarning ozod qilinishini qiyinlashtiradi.

Biroq mazkur masalada faqat Xitoy manfaatiga yon bosish Tailand uchun tavakkal ish.

2015 yildagi majburiy deportatsiya ortidan mamlakatning xalqaro imijiga jiddiy putur yetgan.

Bundan tashqari 2015 yil avgustida — deportatsiyadan bir oy o‘tib, Bangkokdagi xitoylik turistlar orasida mashhur ziyoratgohda kuchli portlash sodir bo‘lgan va, oqibatda, 20 inson hayotdan ko‘z yumgan.

Bu portlash uyg‘ur jangarilarining qasos harakati bo‘lgan, deb hisoblanadi, ammo yillardan beri Tailand hukumati bu ikki voqea o‘rtasida bog‘liqlik mavjud, degan farazni aritishga zo‘r berib keladi.

Ozodlikdagi tutqunlik

hasan imom

Surat manbasi, Hassan Imam

Surat tagso‘zi, Hasam Imom Tailanddagi hibsxonadan qochib, Turkiyaga kelishga muvaffaq bo‘lgan.

Hatto Tailanddagi hibsdan qochib qutilganlar ham noaniqlik bilan yuzma-yuz kelmoqda.

Hasan Imom hozirda Turkiyada yashayotgan uyg‘ur qochqinlaridan biri.

U 2014 yilda chegarada qo‘lga olingan Nilufar bilan bir guruhda bo‘lgan.

109 uyg‘ur Xitoyga topshirilganidan xabar topgan Hasan qattiq qo‘rquvga tushgan.

"Bu qo‘rquv chidab bo‘lmas darajada edi," eslaydi u.

Shundan so‘ng Hasan doxil 20 mahbus qochishga qaror qiladi – ular oddiy mix bilan devorni teshishga muvaffaq bo‘ladilar.

Qochoqlarning 11 nafari qo‘lga tushadi, Hasan esa o‘rmonga orqali Malayziyaga o‘tib olib, u yerdan Turkiyaga yetib oladi.

Joni omon qolgan bo‘lsada, Hasan ruhi hamon tutqunlikda ekanini ta’kidlaydi.

"Onam bilan so‘zlashmaganimga 10 yil bo‘ldi", deydi u.

Shinjonni tashlab chiqqan ko‘plab qochqinlar yaqinlari bilan aloqadan mahrum bo‘lgan.

"Ortda qolgan ota-onamning bugungi ahvolidan bexabarman. Lekin Tailanddagi mahbuslarimiz ahvoli juda yomon ekani aniq", so‘zlaydi Hasan.