Volodimir Zelenskiy Kiev Rossiya va AQSh o‘rtasida Ukraina ishtirokisiz kelishilgan har qanday tinchlik bitimini qabul qilmasligini aytdi

Ukraina "mamlakat ishtirokisiz tuzilgan har qanday kelishuvlarni qabul qila olmaydi", dedi Zelenskiy

Surat manbasi, EPA

O'qilish vaqti: 3 daq

Prezident Volodimir Zelenskiy Kiev Rossiya va AQSh o‘rtasida Ukraina ishtirokisiz kelishilgan har qanday tinchlik bitimini qabul qilmasligini aytdi.

• Ukraina "mamlakat ishtirokisiz tuzilgan har qanday kelishuvlarni qabul qila olmaydi", dedi Zelenskiy. Unga ko‘ra,"Ukraina haqida Ukrainasiz gap bo‘lishi mumkin emas" va "evropaliklar ham muzokaralar stolida bo‘lishlari kerak"

• Zelenskiy Trampga uning mamlakati uchun ustuvor vazifa "xavfsizlik kafolatlari" ekani, AQShning qo‘llab-quvvatlashisiz bunga erishib bo‘lmasligini aytgan.

Avvalroq, yetti Yevropa davlati, jumladan, Britaniya, Frantsiya va Germaniya Ukraina-Rossiya muzokaralarida Ukrainani qudratli mavqeda ushlab turishga bel bog‘lashganini aytishgandi. NATO mudofaa vazirlari Bryusselda uchrashishgan.

NATOning Bosh kotibi General Mark Rutte barcha NATO a’zolari muzokaralarda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi.

"NATO Putinga kelajakda Ukrainaning bir kvadrat kilometrini, bir kvadrat milyasini ham bosib olishiga yo‘l qo‘ya olmaydi", - dedi Rutte.

Ularning bu bayonotida sal avval Donald Tramp Vladimir Putin bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni "zudlik bilan" boshlashga kelishib olganini e’lon qildi.

Kremldan bildirishlaricha, Tramp va Putin o‘rtasidagi telefon suhbati 1,5 soat davom etgan va ikkovlon yuzma-yuz ko‘rishishga kelishib olganlar.

Suhbatdan so‘ng Tramp darhol Vladimir Zelenskiyga sim qoqqan.

Trampning o‘z ijtimoiy tarmog‘i Trust Social da yozishicha, Putin bilan u Ukraina, Yaqin Sharq, energetika, sun’iy aql, "dollarning kuchi va ko‘plab boshqa mavzular"ni muhokama qilgan.

Kreml so‘zchisi Dmitriy Peskov ikki tomon mahbuslar alishuvi, Eron yadroviy dasturi va AQSh-Rossiya hamkorligi haqida ham gaplashishganini bildirdi.

Pete Hegseth
Getty
[Украинанинг НАТОга қўшилиш истаги] музокара келишувининг реалистик натижаси эмас.
Пит Хегсет
АҚШ Мудофаа вазири (bbc.com/uzbek)

Trampning aytishicha, Putin bilan ilk uchrashuvi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi.

Zelenskiy ham Tramp bilan suhbatlashgani haqida e’lon qildi.

"Ukraina hamma narsadan ham tinchlikni ko‘proq istaydi. Rossiya tajovuzini to‘xtatish va ishonchli, davomli tinchlikni kafolatlash uchun bizning Amerika bilan birga qo‘yadigan qadamlarimizni aniqlayapmiz", - deb yozdi Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda.

Tramp ham, Zelenskiy ham tinchlik muzokaralarining qandaydir shartlari yoki kelishuvlar haqida ma’lum qilishmadi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Ammo, Trampning shu paytgacha bildirgan fikrlariga tayanilsa, tinchlik Ukraina uchun o‘z hududlaridan voz kechishga yetaklaydi.

Chorshanba kuni AQSh Mudofaa vaziri Pit Xegset Ukraina o‘zining 2014 yildan avvalgi chegaralariga qaytishi "ehtimoli kam"ligini aytdi.

Xegsetga ko‘ra, Ukrainaning NATOga qo‘shilish istagi "muzokara kelishuvining realistik natijasi emas", lekin Yevropa Ukraina xavfsizligini ta’minlashi kerak.

Tramp shu paytgacha Putinga xayrixohligini izhor qilib kelgan.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Tramp shu paytgacha Putinga xayrixohligini izhor qilib kelgan.

Avvalroq Zelenskiy Rossiya bilan yer almashishga tayyor ekanini aytdi.Zelenskiy bu haqida Britaniyaning the Guardian gazetasiga bergan intervyusida bildirgan.

Uning aytishicha, Ukraina olti oy avval hujum qilib bir qismini egallab olgan Kursk viloyatini Moskva ishg‘oli ostidagi ukrain yerlariga almashish mumkin.

Ukraina avval hech qachon Rossiyaning Kursk viloyatida egallab olgan yuzlab kilometrlik yerlarni abadiy ishg‘ol qilish haqida gapirmagan.

Rossiya Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev Zelenskiyning fikrlarini "safsata" deb ta’rifladi.